Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Dekabr, 2024   |   24 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
25 Dekabr, 2024, 24 Jumadul soni, 1446

Qalb qanday ro‘za tutishi mumkin? (Tanlovga)

12.05.2020   2355   9 min.
Qalb qanday ro‘za tutishi mumkin? (Tanlovga)

 

Alloh taolo marhamat qiladi:

﴿ وَمَن يُؤۡمِنۢ بِٱللَّهِ يَهۡدِ قَلۡبَهُۥۚ وَٱللَّهُ بِكُلِّ شَيۡءٍ عَلِيمٞ﴾

  “Kimki imon keltirsa, u uning qalbini to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur. Alloh har narsani biluvchidir” (Tag‘obun surasi, 11-oyat).

Qalbning hidoyatlanishi bu barcha hidoyatning poydevori, barcha muvaffaqiyatning asosi, barcha umrning tayanchi hamda barcha ishning negizi hisoblanadi.

No‘mon ibn Bashir roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisning oxirida Nabiy alayhis salom:

 أَلا وَإِنَّ فِي الْجَسَدِ مُضْغَةً إِذَا صَلَحَتْ صَلَحَ الْجَسَدُ كُلُّهُ وَإِذَا فَسَدَتْ فَسَدَ الْجَسَدُ كُلُّهُ أَلا وَهِيَ الْقَلْبُ

  “Ogoh bo‘linglar! Hammaning jismida bir bo‘lak go‘sht bo‘ladi. Agar u salohiyatli bo‘lsa, butun jasad salohiyatli bo‘ladi. Agar u fasod (aynisa, yaroqsiz) bo‘lib qolsa, butun jasad fasod bo‘ladi. Ogoh bo‘ling, u qalbdir”, dedilar. 

Qalbingizni salohiyatli bo‘lishi bu dunyo va oxiratda sizning saodatingizdir. Uning fasod bo‘lishi aniq halokat bo‘lib, uning qay darajada halokatga yuz tutishini yolg‘iz Alloh biladi. Alloh taolo aytadi:

إِنَّ فِي ذَٰلِكَ لَذِكۡرَىٰ لِمَن كَانَ لَهُۥ قَلۡبٌ أَوۡ أَلۡقَى ٱلسَّمۡعَ وَهُوَ شَهِيدٞ٣٧

 “Albatta, bunda (uyg‘oq) qalb egasi bo‘lgan yoki o‘zi hozir bo‘lib, quloq tutgan kishi uchun eslatma bordir” (Qof surasi, 37-oyat).

Barcha maxluqning yolg‘iz qalbi bo‘ladi. Lekin u ikki xil:

  1. Nur ila urib turuvchi, iymon ila yorishadigan, ishonchga to‘la hamda taqvo ila tirik qalb;
  2. O‘lik, butunlay so‘ngan, unda barcha xarobalik, halokatlik bor bo‘lgan kasal qalb.

Alloh subhanahu va taolo imondan yuz o‘giruvchilarning qalblari haqida bir oyatda quyidagi mazmunda marhamat qiladi:

فِي قُلُوبِهِم مَّرَضٌ فَزَادَهُمُ اللّهُ مَرَضاً (البقرة 10)

 “Ularning dillarida xastalik (shubha va kibr kasali) bor. Alloh ularga (shu) xastalikni ziyoda qildi” (Baqara surasi, 10-oyat).

Yana boshqa bir oyati karimada Alloh taolo bunday deydi:

(وَقَالُوا قُلُوبُنَا غُلْفٌ بَلْ لَعَنَهُم الله بكُفْرِهِم فَقَلِيلاً مَا يُؤمِنُون) (سورة البقرة: الآية 88)

 "Qalblarimiz (islom uchun) berk", - deydilar. Yo‘q, balki kufrlari sababli ularni Alloh la’natlagan. Binobarin, ularning ozchilik qismigina imon keltiradilar (Baqara surasi, 88-oyat).

Alloh taolo aytadi:

أَفَلَا يَتَدَبَّرُونَ الْقُرْآنَ أَمْ عَلَى قُلُوبٍ أَقْفَالُهَا? (محمد 24)

 “Axir, ular Qur’on (oyatlari) haqida fikr yuritmaydilarmi?! Balki dillarda qulflari bordir?!” (Muhammad surasi, 24-oyat).

Yana boshqa bir oyati karima quyidagi mazmunda kelgan:

وَقَالُوا قُلُوبُنَا فِي أَكِنَّةٍ مِمَّا تَدْعُونَا إِلَيْهِ وَفِي آذَانِنَا وَقْرٌ? [فصلت: 5]

  “Ular dedilar: “Dillarimiz sen bizlarni da’vat qilayotgan narsadan to‘silgan, quloqlarimizda esa  og‘irlik (karlik) bordir” (Fussilat surasi, 5-oyat).

Demak, qalblar kasal bo‘lishi, muhrlanib qolishi, qulflanishi hamda o‘lishi ham mumkin ekan.

To‘g‘ri, islomdan bosh tortadiganlarning ko‘ksilarida qalblari bor. Lekin u qanaqa qalb? Bu haqda quyidagi mazmundagi oyati karima mavjud: 

وَلَقَدْ ذَرَأْنَا لِجَهَنَّمَ كَثِيرًا مِنَ الْجِنِّ وَالْإِنْسِ لَهُمْ قُلُوبٌ لَا يَفْقَهُونَ بِهَا وَلَهُمْ أَعْيُنٌ لَا يُبْصِرُونَ بِهَا وَلَهُمْ آذَانٌ لَا يَسْمَعُونَ بِهَا أُولَئِكَ كَالْأَنْعَامِ بَلْ هُمْ أَضَلُّ أُولَئِكَ هُمُ الْغَافِلُونَ [الأعراف/179]

 “Jinlar va insonlarning ko‘pchiligini jahannam uchun yaratganmiz. Ularda qalblar bor, (lekin) ular bilan "anglamaydilar". Ularda ko‘zlar bor, (lekin) ular bilan "ko‘rmaydilar". Ularda quloqlar bor, (lekin) ular bilan "eshitmaydilar". Ular hayvonlar kabidirlar. Balki, ular (yanada) adashganroqdirlar. Ana o‘shalar g‘ofillardir” (A’rof surasi, 179-oyat).

Ushbu oyati karimada Alloh taoloning marhamati, hidoyatidan benasib bo‘lgan haqiqiy g‘ofil bandalar haqida aytilyapti. Ularning ham qalblari bor. Lekin bu qalblari bilan ular haqiqatni anglay olmaydilar.

Imom Buxoriyning al-Adab al-Mufrad nomli kitoblarining 683-sonli hadisda:

 حدثنا الحسن بن الربيع قال حدثنا أبو الأحوص عن الأعمش عن أبي سفيان ويزيد عن أنس قال : كان النبي صلى الله عليه و سلم يكثر أن يقول اللهم يا مقلب القلوب ثبت قلبي على دينك.

 Anas roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey qalblarni aylantiruvchi Zot, qalbimni O‘z diningda sobit qil”, deb ko‘p duo qilardilar”(Imom Buxoriy rivoyati).

Mo‘minning qalbi nafaqat ramazon oyida, balki boshqa oylarda ham ro‘za tutadi.

Qalbning ro‘za tutishi bu – qalbning halok qiluvchi shirk amallardan, buzuq e’tiqoddan, yomon vasvasadan, yovuz, jirkanchli niyatlardan hamda g‘amga botgan lahzalardan forig‘ bo‘lishidir.

Mo‘minning qalbi doimo Alloh taologa bo‘lgan muhabbat ila tirik turadi. Alloh taolo Qur’oni karimda qanday O‘zini sifatlagan bo‘lsa, bu qalb Robbisini, xuddi shunday ismi-sifatlari bilan taniydi. Bu qalb aql ko‘zi bilan Robbisining ismi-sifatlari satrlarini, U Zotning bu borliqdagi qudrati sahifalarini mutolaa qiladi. Hamda maxluqotlarni yaratishi haqidagi daftarlarni o‘qiydi.

Mo‘minning qalbida zulmatlik qoldirmaydigan yorqin nuri bo‘ladi. Bu nur Payg‘ambardan, samoviy ta’limotlardan hamda Rabboniy shari’atdan bo‘lgan nurdir. Ushbu nur Alloh taolo bandasiga ato qilgan fitrat nuriga qo‘shilish natijasida ikkita ulkan nurga aylanadi. Qur’oni karimda ushbu mazmunda oyat bor:

 نُورٌ عَلَى نُورٍ يَهْدِي اللَّهُ لِنُورِهِ مَنْ يَشَاءُ وَيَضْرِبُ اللَّهُ الأَمْثَالَ لِلنَّاسِ وَاللَّهُ بِكُلِّ شَيْءٍ عَلِيمٌ النور

   “Nur ustiga nur (bo‘lur). Alloh o‘zining (bu) nuriga o‘zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur. Alloh odamlar (ibrat olishlari) uchun (mana shunday) masallarni keltirur. Alloh barcha narsani biluvchidir” (Nur surasi, 35-oyat).

Mo‘minning qalbi chiroq kabi charaqlaydi, quyosh kabi nur sochadi, tong kabi yaraqlaydi. Mo‘min qalbining Qur’oni karimni eshitishi ila imon nuri, tafakkur qilishi ila ishonchi hamda atrof-muhitga ibrat nazari bilan boqishi ila hidoyati ziyodalashadi.

Mo‘minning qalbi kibr qilishdan ro‘za tutadi. Chunki kibr – qalb ro‘zasini buzadi. Shuning uchun ham kibr mo‘minning qalbidan joy olmaydi. Chunki kibrlanish insonga xos emas. Aslida kibrning joylashadigan o‘rni qalb hisoblanadi. Mabodo kibr qalbdan joy olsa, bu qalb egasi esi past ahmoqqa, vahshiy hayvonga aylanadi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi qudsiyda Alloh subhanahu va taolo bunday deydi:

قَالَ اللَّهُ عَزَّ وَجَلَّ الْكِبْرِيَاءُ رِدَائِى وَالْعَظَمَةُ إِزَارِى فَمَنْ نَازَعَنِى وَاحِدًا مِنْهُمَا قَذَفْتُهُ فِى النَّارِ

 “Kibrlilik mening ridomdir. Ulug‘vorlik mening izorimdir. Kim shulardan birortasini mendan tortib olmoqchi bo‘lsa, uni jahannamga uloqtiraman”.

Mo‘minning qalbi ujubdan ro‘za tutadi. Ujub – inson o‘z nafsini komil bo‘ldi, deb tasavvur qilishi, o‘zini boshqalardan afzal ko‘rishi va o‘zida boshqalarda bo‘lmagan yaxshiliklar bor deb o‘ylashi. Bu esa ayni halokatning o‘zidir. Anas ibn Molikdan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:

 عن انس بن مالك عن النبي صلى الله عليه و سلم ثلاث مهلكات شح مطاع وهوى متبع واعجاب المرء بنفسه من الخيلاء.

 “Uchta halok qiladigan narsa bor: Itoat qilinadigan baxillik. Ergashiladigan havoyi nafs. Insonning kibr tufayli o‘z-o‘zidan ajablanishi”. Bu ujublanish kasalligining da’vosi – inson o‘z aybiga, ko‘plab kamchiliklariga, unutib qo‘ygan minglab yomonliklari-yu xatolariga nazar tashlamog‘i. Shuningdek, bu narsalarning Robbisi huzuridagi hech ham yozishlikda adashmaydigan va unutib ham qo‘ymaydigan kitobda saqlanib turganini his qilmog‘i.  

Mo‘minning qalbi hasad qilishdan ro‘za tutadi. Chunki hasad insonning solih amallarini behudaga sovuradi. Uning qalbidagi nurini o‘chiradi. Hamda doimo Alloh sari qiladigan sa’y-harakatlarini puchga chiqaradi. Alloh taolo “Niso” surasining 54-oyatida bunday mazmunda marhamat qiladi:

أَمْ يَحْسُدُونَ النَّاسَ عَلَى مَا آتَاهُمُ اللَّهُ مِنْ فَضْلِهِ (54)

 “Yoki Alloh O‘z fazlidan bergan ne’matlari uchun odamlarga hasad qiladilarmi?”.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom:

 عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ ، أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم ، قَالَ : لا تَحَاسَدُوا وَلا تَبَاغَضُوا ، وَلا تَنَاجَشُوا وَلا تَدَابَرُوا ، وَلا يَبِيعُ بَعْضُكُمْ عَلَى بَعْضٍ   ...    

 “Bir-biringizga hasad qilmanglar. Bir-biringizni yomon ko‘rmang. O‘zaro tortishmanglar. Bir-biringizga dushmanchilik qilmang. Birlaringiz boshqa birlaringizning savdosi ustidan savdo qilmasin”, deb aytdilar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sahobaridan bir kishini uch marta jannat ahlidan ekanining xabarini berdilar. Shunda ana shu kishidan “Jannatga kirish baxtiga nima bilan erishdingiz”, deb so‘ralganida u kishi: “Men qalbimda biror musulmonga nisbatan hasad yo gina-adovat yo g‘illi-g‘ashlik bo‘lmagan holimda tunayman”, deb javob bergan ekan.

 

Manbalar asosida

Muhammad al-Beruniy o‘rta maxsus

islom bilim yurti mudarrisi

G‘iyosiddin HABIBULLOH

tayyorladi.

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Misrdagi qo‘zg‘alon

24.12.2024   793   3 min.
Misrdagi qo‘zg‘alon

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Xorijiylar
(hijriy 38, milodiy 658 yil)

Hazrati Aliy roziyallohu anhuning askarlari ichidan keyinchalik xorijiylar (xavorij) deb nomlangan alohida guruh ajralib chiqdi. Aslida «xorijiy» so‘zi «xuruj», ya’ni «qarshi chiqish» so‘zidan olingan bo‘lib, ular hazrati Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga qarshi chiqqanlari uchun shu nom bilan atalgan edilar. Ular Aliy hakamlikni (Allohning hukmi o‘rniga bandaning hakamligini) qabul qilgani uchun u zotni kofir bo‘ldi deb fatvo chiqarishdi. Ularga hazrati Aliyning hakamlikni qabul qilganlari yoqmagan edi. Aslida hazrati Aliy roziyallohu anhuni hakamlikni qabul qilishga xorijiylarning o‘zlari ‎ majburlashgan edi. Endi esa Muoviyaga qarshi urushga qaytishni talab qila boshlashdi. Hazrati Aliy roziyallohu anhu ularning talabini qabul qilmadilar.

Hazrati Aliy roziyallohu anhu hakamlik ishlarida xiyonat bo‘lganini e’lon qilib, katta lashkar bilan Shom tomon yurdilar. Ammo u kishi yo‘lda ketayotganlarida, orqadan xunuk va o‘ta tashvishli xabar keldi. Xorijiylar paytni g‘animat bilib, yer yuzidagi eng katta fasod ishlarga qo‘l urishgandi. Ular Alloh harom qilgan ishlarni o‘zlari uchun halol hisoblab, musulmonlarning qonlarini nohaq to‘kish, yo‘lto‘sarlik qilishga qo‘l urishayotgan edi. Ular o‘ldirgan kishilar ichida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari Abdulloh ibn Xabbob ibn Arat roziyallohu anhumo va u kishining homilador ayoli ham bor edi.

Hazrati Aliy roziyallohu anhu ortga qaytishga majbur bo‘ldilar. Borib ularga va’z-nasihat qildilar va ogohlantirdilar. Ammo xorijiylarga bu narsalar ta’sir qilmadi. Ular sulhni istamay, bir-birlarini jangga hozirlik ko‘rishga targ‘ib qila boshlashdi.

Xorijiylar birinchi bo‘lib urush boshlashdi. Urushda ularning deyarli barchalari qirilib bitdi. Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning odamlaridan yetti kishi shahid bo‘ldi, xolos.

Xorijiylardan juda kamchilik odam qutulib qoldi. Ushbu jangning natijalari juda ham xatarli bo‘ldi. O‘lmay qolgan oz sonli xorijiylar har tarafga tarqalib ketishdi: ulardan ikkitasi Umonga, ikkitasi Kirmonga, ikkitasi Sijistonga, ikkitasi Arabiston yarimoroliga va bittasi Yamanga qochib ketdi. Ular borgan joylarida o‘z jamoalarini tuza boshlashdi.


Misrdagi qo‘zg‘alon

Yuqorida bo‘lib o‘tgan ishlar Shom ahliga shijoat bag‘ishladi. Ular bay’at qilmaslikda yana ham bardavom bo‘ldilar va o‘z ishlarini kengaytirdilar. Amr ibn Os roziyallohu anhu Misr tomon yurdi va u yerni egallab oldi. Hijriy 38, milodiy 658 yildan boshlab o‘sha yerda o‘z hukmini o‘rnatdi. Shu tariqa Muoviyaning hukmronligi kengaya boshladi. Muoviya ibn Abu Sufyon Madinai munavvarani, Makkani, Yamanni ham egallab oldi. Lekin hazrati Aliy roziyallohu anhuning askarlari u joylarni qaytarib olishdi. Shu orada hazrati Aliy roziyallohu anhu o‘ldirildilar.

«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi

Maqolalar