Ayol kishi ko‘chaga chiqib ishlashi mumkinmi yoki yo‘q? Odamlar bu savolga javob berishda uch toifaga bo‘linadilar.
1-toifa. Ayol kishini uyidan tashqarida ishlashi sal kam farz amal xisoblanadi. U ham erkak kishi kabi ishlashi kerak.
2-toifa. Ayol kishini ko‘chaga chiqib ishlashi mumkin emas.
3-toifa. Ayol kishini ko‘chaga chiqib ishlashi mumkin. Ammo sharti bor.
1-toifadagilar. Ayol kishi shaxs sifatida jamiyatni yarmi xisoblanadi. Faqat uyda o‘tirib , kiyimlarni yuvib, dazmollab, taom tayyorlab, uyni tozalab, bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullanib uyida o‘tiraverishi to‘g‘ri emas. Balki u ham jamiyat ishlarida faol qatnashib, o‘zini qobiliyatini, iqtidorini namoyon qilib, mehnat qilishi va o‘z mehnatini samarasini olishga haqli. Iqtisodiy jihatdan oilaga o‘z ulushini qo‘shishi kerak.
2-toifadagilar. Ayol kishining asosiy vazifasi uyida bo‘lishi kerak. Uy ishlarini idora qilishi, uy yumushlarini bajarishi, bolalar tarbiyasi, erini xizmati, o‘zini iffatini saqlab, erini molini himoya qilib, eriga bo‘yin toblamasdan, itoat qilishi kerak.Bu haqda Alloh ta’olo kalomi Qur’oni karimning Niso surasi 34-oyatida marhamat qiladi:
الرجال قوامون على النساء
Erkaklar ayollar ustidan rahbardurlar[1]
Ushbu oyatni nozil bo‘lishi xususida bir qancha mufassirlar va Hasanul Basriy quyidagi rivoyatni keltiradilar. Rosuli akram S.A.V ning oldilariga bir ayol kelib, eridan shikoyat qildi. Eri uni yuziga bir tarsaki urganini aytdi. Shunda Rosuli akram: “Sen ham qasos olishing mumkin. Ering qanday urgan bo‘lsa,shunday urasan dedilar.” Haligi ayol xuzurlaridan chiqib uyiga yetmasdanoq mazkur oyat nozil bo‘ldi. Shu onda xaligi ayolni ketidan odam yuborib, xuzurlariga qaytishini aytdilar. Ayol keldi. “Robbim bu haqda oyati karima nozil qildi va eringni senda haqqi bor ekan. Undan qasos olmaysan” dedilar.
Imom Ahmad Abdurohman ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payhambarimiz sallallohu alayhi va sallam : “Agar ayol kishi besh vaqt namozini o‘qisa, bir oy (Ramazon) ro‘zasini tutsa, farjini (haromdan) saqlasa, eriga itoat qilsa, unga “Jannatning qaysi eshigidan xohlasang kiraver”, deyiladi, deganlar”
Ayol kishi eriga itoatsizlik qilib, ishlayman deb turib olsa va ko‘chaga chiqib ketsa, endi uyidagi ishlarni to‘la-to‘kis nazorat qila olmay qoladi. Ishlari bilan ovora bo‘lib, bolalariga bir enagani bolalari tarbiyasi uchun tayinlaydi. Va bolalari tarbiyasini buzib tarbiyalagan o‘sha xizmatchiga topgan pulidan sarflaydi. Natijada qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqaradi. Oila isloh bo‘lishi o‘rniga, parokanda bo‘ladi. Bolalarini yoqotadi. Ko‘chadagi ishlari bilan mashg‘ul bo‘lib, ko‘pincha eriga ham to‘la-to‘kis risoladagidek xizmat qilaolmaydi. Ayrim erkaklar esa ayoli topayotgan pulga o‘rganib qolib, oila boqish masalasiga beetiborlik qilib, hamma yukni ayol kishi bo‘yniga yuklab qo‘yadi. Ayol kishi esa ko‘chada ishlab, charchab keladi va ayrim uy yumushlarini bajarishi kerak bo‘ladi. Ham ko‘chada, ham uyda ishlab qiynalib ketgandan keyin, ayrim ishlarda eriga itoat qilmay, bo‘yin tovlashga o‘tib, gap qaytarishni boshlaydi. O‘zini pul topib kelayotganini ta’na qiladi. Va oilada janjal paydo bo‘ladi. Endi ayol eri uni qadriga yetmayotganini anglagandek bo‘ladi. Unga nisbatan kundan-kunga nafrati kuchayib boradi. Uni tushinadigan, qadriga yetadigan, uni asrab-avaylaydigan boshqa bir erkakni istab qoladi. Oxir –oqibat ko‘p oilalardagi bunday yashash tarzi ularning ajrashib ketishlariga sabab bo‘ladi.
3-toifadagilar. Ayol kishi asosiy ishlarni uyida bajaradi. Shu bilan birga ko‘chaga chiqib ishlashga ham haqli bo‘ladi.Ammo bir sharti bilan. Ishlaganda ham ayollarga munosib sohalarda ishlashi kerak bo‘ladi. Qanday? Ya’ni axloqiga ziyon yetmaydigan, erkaklarga aralashib yurmaydigan, oilasini buzilishga olib kelmaydigan. Masalan tibbiyot sohasida, xamshiralik, bolalar shifokori yoki ta’lim sohasida ishlashi, o‘qituvchi, murabbiya yoki faqat ayol-qizlar ishlaydigan korxonada, yoki shunday soha bo‘lsinki – bu sohada erkaklarning ishlashi mumkin bo‘lmaydigan bo‘lishi kerak. Shunday bo‘lganda oila rahbarlari bo‘lgan ularning erlari ham ishlashlariga rozilik beradilar. Natijada oilaning moddiy holatini bir oz yaxshilanishiga xissa qo‘shgan bo‘ladilar. Va oilani gullab-yashnashiga o‘z mehnatlari bilan ko‘mak bergan bo‘ladilar.
Yuldashev Izzatulloh
Toshkent islom instituti “Tillar” kafedrasi o‘qituvchisi
[1]Abdulaziz Mansur.Qur’oni karim ma’nolar tarjima va tafsiri -Toshkent. 2009.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ba’zan birgina noto‘g‘ri qadam insonning butun hayotini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Afsuski, shunday xatolar borki, ularning og‘ir oqibatlari nafaqat insonning o‘ziga, balki uning oilasi, farzandlari va yaqinlariga ham ta’sir qiladi. Giyohvandlik ana shunday illatlardan biri bo‘lib, u insonni jismonan va ma’nan yemirib, jamiyat taraqqiyotiga jiddiy xavf soladi.
Bugun dunyo miqyosida giyohvandlikka qarshi kurash dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Chunki bu illat sabab minglab insonlar o‘z sog‘lig‘ini yo‘qotmoqda, oilalar parokanda bo‘lmoqda, yoshlarning orzu va maqsadlari barbod bo‘lmoqda. Bir qarashda shaxsiy muammodek ko‘ringan giyohvandlik aslida butun jamiyatning dardi hisoblanadi.
Dinimiz Islom inson hayoti, sog‘lig‘i va aqlini muhofaza qilishga alohida ahamiyat qaratadi. Alloh taolo Qur’oni karimda insonni halokatga olib boruvchi ishlardan qaytargan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom esa har qanday mast qiluvchi narsa man etilganini ta’kidlaganlar. Zero, aql insonga berilgan eng buyuk ne’matlardan biri bo‘lib, uni zaiflashtiruvchi yoki yo‘q qiluvchi har qanday vosita insonning o‘ziga ham, jamiyatga ham zarar keltiradi.
Giyohvandlikning eng og‘ir zarbasi inson salomatligiga tushadi. Bu illat asab tizimini izdan chiqaradi, ichki a’zolar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, ruhiy muammolarni keltirib chiqaradi. Vaqt o‘tishi bilan inson mehnat qilish qobiliyatini yo‘qotadi, hayotga bo‘lgan qiziqishi so‘nadi, o‘zining oilaviy va ijtimoiy mas’uliyatini anglashdan uzoqlasha boshlaydi.
Biroq masalaning yanada xavotirli tomoni shundaki, giyohvandlik faqat bir insonning emas, butun oilaning fojiasiga aylanadi. Ota-onalar farzand dog‘ida qolishi, turmush o‘rtoqlari orasida mehr-oqibat so‘nishi, farzandlar e’tibor va tarbiyadan mahrum bo‘lishi mumkin. Bunday muhitda voyaga yetayotgan bolalarning kelajagi ham xavf ostida qoladi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, giyohvand moddalar inson nasli va sog‘lig‘iga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa kelajak avlodning jismoniy va ruhiy kamolotiga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin. Shu ma’noda giyohvandlik nafaqat inson hayotini, balki millat kelajagini ham tahdid ostiga qo‘yadi. Zero, sog‘lom avlod har qanday mamlakatning eng katta boyligi hisoblanadi.
Bugungi kunda yoshlarni bu illatdan asrash har birimizning burchimizdir. Avvalo, oilada farzand tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratish lozim. Ota-ona farzandining do‘stlari, qiziqishlari va bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazayotganidan doimo xabardor bo‘lishi kerak. Shuningdek, ta’lim muassasalari, mahalla va keng jamoatchilik ham yoshlar tarbiyasida faol ishtirok etishi muhim ahamiyatga ega.
Yoshlar qalbida ezgulik, Vatanga muhabbat, halol mehnatga hurmat va ma’naviy qadriyatlarga sadoqat tuyg‘usini shakllantirish giyohvandlikka qarshi eng samarali choralardan biridir. Chunki ma’naviy bo‘shliq paydo bo‘lgan joyda turli yot g‘oyalar va zararli odatlar ildiz otishi oson kechadi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, giyohvandlik inson hayoti, oila farovonligi va jamiyat taraqqiyoti uchun jiddiy xavf tug‘diruvchi og‘ir ijtimoiy illatdir. Uning oqibatlari bir inson taqdiri bilan cheklanib qolmaydi, balki butun millat kelajagiga ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois har birimiz bu baloga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishimiz, farzandlarimizni ogohlik va sog‘lom turmush tarzi ruhida tarbiyalashimiz zarur. Zero, sog‘lom avlod yurtning tayanchi, millatning kelajagi va Vatan taraqqiyotining mustahkam poydevoridir.
Nurulloh MAHKAMOV,
Chust tumani bosh imom-xatibi.