Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Yanvar, 2025   |   6 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:34
Asr
15:28
Shom
17:12
Xufton
18:31
Bismillah
06 Yanvar, 2025, 6 Rajab, 1446

Yaxshilikning mukofoti

10.05.2020   2840   4 min.
Yaxshilikning mukofoti

Xayr-sahovat, mehr-oqibat, siylai-rahm kabi ulug‘ fazilatlar doimo sohibiga ziynat bo‘lib kelgan. Bunday oliyjanob xislatlarni o‘zida mujassam eta olgan insongina el-yurtning og‘irini yengil qila oladigan fazilatli shaxs hisoblanadi.

Xayr-ehsonning yaxshisi bu qiyinchilik va muhtojlik vaqtda qilinganidir.

Bugun yurtimizda karantin sababli ana shunday xayr-sahovat, yaxshilik va ehsonlarni ko‘paytirishning ayni vaqtidir. Qolaversa, sahovat oyi bo‘lgan Ramazoni sharifni kirib kelgani ham xayr-ehsonni ko‘paytirishimizga chorlaydi.

Alloh taolo kalomida shunday marhamat qiladi: “Kim bir yaxshilik qilsa, unga o‘n barobar qaytarilur. . .. (Anom surasi, 160-oyat)

Musulmonlarning qiladigan yaxshiliklari evaziga qilgan yomonliklari yopilib ketadi. Eng avvalo yaxshilikni, yaxshilik qilgan insonga emas, balki yaxshilik qilmagan insonga nisbatan amalga oshirilsa, fazilatli ishni amalga oshirgan bo‘ladi.

Agar yaxshilik qilgan insonga yaxshilik qilinsa, bu-vafodorlik, Agar yaxshilik qilmagan kishiga yaxshilik qilinsa, bu-sahovatdir. Agar yomonlik qilgan kishiga yaxshilik qilinsa bu-ayni musulmonchilikdir!

Tolha ibn Abdurrohman ibn Avf o‘z zamonasida Qurayshning eng sahovatli kishisi edi. Bir kuni unga xotini: “Sizning birodarlaringizdek pastkash insonlarni ko‘rmaganman”, dedi. U: “Nima uchun bunday deyapsan?”, dedi. Xotini: Agar siz boyib ketsangiz, ular sizdan ajralishmaydi, agar siz kambag‘al bo‘lib qolsangiz, (xabar olib) kelishmaydi”, dedi. U xotiniga qarab: “Allohga qasamki, bu ularning mukarram xulq sohiblari ekanidandir. Ularga sahovat ko‘rsatishga imkonimiz bor paytda kelishadi, agar ularning haqqini ado qilishdan ojiz bo‘lib qolsak, bizni bezovta qilib, xijolatga qo‘ymaslik uchun kelishmaydi”,  deb javob berdi.

Demak, sahovatli inson boy bo‘lsa ham, kambag‘al bo‘lsa ham sahovat qilishga oshiqadi. Shu bilan birga menga yaxshilik qilgani uchun yaxshilik qilaman deb kutib turmaydi. Jamiyatdagi har bir insonga nisbatan yordamga tayyor bo‘ladi.

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda: Rasulullox sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib aytadilarki:

Musulmon musulmon kishining birodaridir, unga zulm ham qilmaydi va birodarini dushmaniga topshirib ham qo‘ymaydi. Kim birodarining hojatida bo‘lsa, Alloh uning ham hojatida bo‘ladi.

Kimki musulmondan g‘am tashvishni ketkazsa, Alloh taolo qiyomat g‘am tashvishlaridan uni xalos etadi. Kimki musulmonning aybini berkitsa, Alloh taolo qiyomatda uning ham aybini berkitadi, dedilar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Musulmon kishi o‘zimning tashvishim yetarli, deya yonidagi birodarining tashvishini  yodidan chiqarmaslik kerak. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam as'hoblari va ummatlarining tashvishlarini o‘z holiga tashlab qo‘yganlari yo‘q, balki ularning tashvishlarini ham o‘zlarining tashvishlari deb bilganlar.

Qolaversa, sharoitim yo‘q, men boy emasman yoki men ehson qila olmayman, deya o‘ziga tasalli berayotgan kishilar olovni o‘chirmoqchi bo‘lgan chumolidan o‘rnak olsalar yaxshi bo‘lardi.

Aytishlaricha, Allohning payg‘ambari Ibrohim alayhissalomni olovda

yoqmoqchi bo‘lishganda chumolilardan biri og‘zida suv tashib, olovni o‘chirmoqchi bo‘libdi, shunda boshqa hayvonlar taajjub bilan: “Sen shu suving bilan olovni o‘chiraman deb o‘ylayapsanmi?”-deyishdi. Chumoli: “Yo‘q,   bunga ishonchim yo‘q, men umid ham qilmayman, lekin xarakat qilaman... Chunki, Allohning oldida javob bermog‘im bor...

Alloh: Mening payg‘ambarimni yoqishganida sen nima qilding?!”- deb so‘rasa nima deyman. Qolaversa, men kim tomonida ekanligimni bildirib qo‘yishim kerak,- degan ekan chumoli.

Payg‘ambar alayhissalom marhamat qiladilar: “Kim xayru sahovat ko‘rsatib, kiyimga muhtoj odamni kiyintirib, xursand qilsa, Alloh uni jannat kiyimlari bilan kiyintiradi. Kim bir kishini to‘ydirsa, ovqatlantirsa, jannatdagi taomlardan nasibador bo‘ladi”. Boshqa hadisda sadaqa haqida Payg‘ambarimiz bunday deganlar: “Har kuni tongda insonlar uyqudan uyg‘onganida yer yuziga ikkita farishta tushadi. Ulardan biri: “Ey, Alloh, infoq-ehson qilgan insonning moli o‘rnini to‘ldirgin” desa, ikkinchisi: “Ey, Alloh, ziqna odamning moliga talafot yetkazgin”, deb duo qiladi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

Demak, moddiy imkoniyatga ega bo‘lgan kishi sadaqa qilish, muhtojlarga yordam berishdan sira qo‘rqmasligi, balki xayru ehson bilan ulkan savoblarni qo‘lga kiritishga oshiqmog‘i zarur.

 

Abdulaziz Bobamirzayev

“Hidoya” o‘rta maxsusislom

bilim yurti mudiri

Maqolalar
Boshqa maqolalar

"Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishi" nima degani?

4.01.2025   3861   11 min.

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Rasululloh  sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimni  Alloh taoloning  huzurida qanday bo‘lsa shunday holida Jabroil alayhissalomdan qabul qilib olganlar. Qur’oni karim yetti harfda nozil bo‘lgan.

Turli yo‘llar bilan rivoyat qilingan sahih hadislarda Rasululloh  sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karim yetti harfda nozil bo‘lganini ochiq-oydin bayon qilganlarini ko‘ramiz.

عن ابن عباس رضي الله عنهما   عن النبي صلى الله عليه وسلم  قال  اقراني جبريل على حرف فراجعته فلم ازل استزيده و يزيدني حتى انتهى الى سبعة احرف

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Jabroil menga bir harfda qiroat qildirdi. Unga murojaat qilib, ziyoda qilishini so‘rayverdim, nihoyat yetti harfga yetdi ”, dedilar”.

Arab tilida “harf” so‘zining ma’nosi bir narsaning old yuz tarafi, bir narsaning burilishi, ya’ni buzilishi va bir narsaning miqdori, o‘lchovi singari ma’nolarini bildiradi.

Ibn Jazariy rahimahullohning so‘ziga ko‘ra, “harf” so‘zi “qiroat” ma’nosida ham kelgan: “Shomliklar Ibn Omirning harfida (ya’ni qiroatida) qiroat qiladilar”. Gohida “harf” so‘zi “ma’no” va “jihat” degan ma’nolarda ham ishlatiladi.

Biz so‘z yuritayotgan mavzuda esa bu so‘z o‘zining birinchi, ya’ni “old- yuz taraf” degan ma’nosida ishlatiladi. “Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishi” deganda, yetti vajh, ya’ni ko‘rinish degan ma’no tushuniladi.

Ulamolar jumhuri Usmoniy mus'hafning rasmi yetti harfni ko‘taradigan shaklda yozilgan degan fikrga moyil bo‘ladilar. Qozi Abu Bakr ibn Toyyib Boqilloniy ushbu fikrni ixtiyor qilib shunday deydi:

“Sahih gap shuki, darhaqiqat ushbu “yetti harf” dan tarqalgan va zohir bo‘lgan, imomlar u zotdan zabt qilishgan. Usmon va sahobalar “yetti harf” ni mus'hafda sobit qilganlar va uning sahihligi xabarini berganlar. Mutavotir darajada sobit bo‘lmaganlarini esa tushirib qoldirganlar ”.

Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lgani haqidagi mavzu eng nozik mavzulardan biridir. Bu mavzuning nozikligi bir necha omilga bog‘liq.

Avvalo Qur’oni karimning yetti harfda nozil bo‘lgani sahih va mutavotir hadisi shariflar bilan sobit bo‘lgan. Qolaversa, Qur’oni karimning yetti harfda nozil bo‘lishi nima ekanligini o‘sha hadisi shariflardan tushunib olishimiz mumkin. Buning ustiga, “yetti harf”dan aynan nima ko‘zda tutilganini ham mazkur hadisi shariflardan bilib olish mushkul. Tabiyki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotning davrlarida yashagan sahobai kiromlar bu narsalar haqida yaxshi bilganlar. Ular o‘sha o‘zlari yaxshi bilishlariga suyanib, o‘zaro muomala qilganlar.

Shu o‘rinda “o‘zlari tushungan bo‘lsalar yaxshi, ammo kelajak avlodlar uchun bu masalani bayon qilib qo‘ysalar bo‘lmasmidi?”, degan savol tug‘uladi. O‘zlari uchun oddiy bo‘lgan masalani kelajakda boshqalar tushunmay qolishini kim o‘ylabdi deysiz. Bundan ham muhimi, ular bunga o‘xshash oddiy narsalarga vaqt ham topmaganlar. U azizlar butun dunyoni islom hidoyatiga boshlashdek ulkan ishtiyoq bilan yashaganlar. Ular o‘zlari erishgan ulkan baxtga o‘zgalar ham tezroq erishishi haqida bosh qotirar edilar. Bunaqangi bahslarga vaqtlari ham xohishlari ham yo‘q edi. Xofiz abu Xotim ibn Hibbon Bustiy: “Odamlar bu masalada o‘ttiz besh xil fikr aytishgan”, deydi.

Imom Jaloliddin Suyutiy rahmatullohi alayh “Al-Itqon fi ulumil Qur’an” nomli kitoblarida bu masalada qirq xil fikr borligini bildirganlar. Lekin bu fikrlarning aksarini sahih naql hamda sog‘lom mantiq qo‘llab-quvvatlamaydi. Bu xususidagi xato “yetti harf” ning ma’nosini uzil-kesil tayin qilishni xohlash oqibatida kelib chiqqan. Biroq ibn A’robiy aytganidek yetti harfning ma’nosi xususida matn ham, asar ham kelmagan. Kishilarning ixtilofi uni tayin qilishdadir.

Shu yerda Qur’oni karimning yetti harfda nozil bo‘lishi nima ekanini tushunish uchun harakat qilib aytilgan fikrlardan ba’zilarini keltirib o‘tsak, foydadan holi bo‘lmasa kerak. Chunki, bizda ham ba’zi bir kishilar xuddi shu gaplarni gapirishga va yozishga o‘tmoqdalar.

“Yetti harf” dan murod nima ekanini bayon qilmoqchi bo‘lganlar o‘zlaricha tirli fikrlarni aytganlar. Ana shu fikrlardan ba’zilarini ko‘rib chiqamiz.

Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishi arab tilining yetti lahjasida nozil bo‘lishidir.  

Bu fikrni olg‘a surganlar o‘sha arab lahjalarini sanab ham o‘tadilar. Ba’zilar ularni quyidagi lahjalardan iborat, deyishadi:

1.​Quraysh;
2.​Huzayl;
3.​Tamim;
4.​Azd;
5.​Rabi’a;
6.​Havozin;
7.​Sa’d ibn Bakr.

Boshqalari esa avvalgilarga xilof ravishda quyidagi lahjalarni sanab o‘tadilar:

1.​Huzayl;
2.​Kinona;
3.​Qays;
4.​Zobba;
5.​Tayyimur-Ribob;
6.​Asad ibn Huzayma;
7.​Muzor.

Ammo Qur’oni karimda ushbu zikr qilib o‘tilgan qabilalardan boshqalarning ham lahjalari bordir. Ularning barchasi Quraysh lug‘atida o‘z aksini topgan. Abu Bakr Vositiy o‘zining “Al- Irshad fil-qiroatil-arsh” kitobida bu lahjalarni qirqtagacha yetkazgan.

Ko‘plab ulamolar “yetti harf” dan murod arablarning yetti lahjasidir, degan gap mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlaganlar. Avvalo, qaysi lahjalar ko‘zda tutilgani ma’lum emas. Qolaversa, Qur’oni karimning yetti harfda nozil bo‘lganligi haqidagi hadisi shariflarning birida Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Hishom ibn Hakam roziyallohu anhu bilan ixtilof qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga boradilar va u zot Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lganini aytadilar. Holbuki, ibn Xattob roziyallohu anhu ham Hishom ibn Hakam roziyallohu anhu ham arab tilining quraysh lahjasida so‘zlashadigan odam edilar. Agar gap lahjada bo‘lganida, ular ixtilof qilmas edilar.

1.​Qur’oni karimning yetti harfda nozil bo‘lishi yetti qiroatda nozil bo‘lishidir. Shuning  uchun ham Islom olamida yetti hil qiroat tarqalgan.

Xalil ibn Ahmaddan hikoya qilinganidek, “Yetti harfdan murod qiroatlardir”, degan fikr, xususan bu gapni aytuvchi mashhur yetti qiroatni nazarda tutayotgan bo‘lsa, shubhasiz, bu eng zaif fikrdir .

Bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan gap. Sababi yetti qiroat degan so‘z keyingi davrlarda paydo bo‘lgan. Nubuvvatdan keyingi davrlarda qiroatlar ko‘p bo‘lgan. Keyinchalik  ulomolar  qiroatlar ichidan eng mashhurlarini tanlab, yetti qiroatni ixtiyor qilganlar.  

2.​Qur’oni karimning yetti harfda nozil bo‘lishi muayyan adadni taqozo qilmaydi. Arablarda “yetti” so‘zi gohida cheklanmagan adadga nisbatan ishlatiladi.

Qur’oni karimning yetti harfda nozil bo‘lishi haqidagi hadisi shariflarda  aynan olti bilan sakkiz orasidagi yetti adadi xususidadir. Ba’zilar “yettidan  murod haqiqiy adad emas, balki osonlashtirish, yengillashtirish  hamda kenglikdir. Yetti so‘zi birliklarda “yetti”, o‘nliklarda “yetmish”, yuzliklarda “yetti yuz” shaklida mutlaq ko‘plikni ifoda qilish uchun ishlatiladi” deydilar. Suyutiy matnlarga suyanib, bu so‘zni kuchli tarzda rad qilgan.

Demak, “yetti” lafzidan ko‘plik emas, balki aksar ulamolar tushunganlaridek, aniq son maqsad qilingan.

Ibn Hibbon aytganidek, "Yetti – ko‘pchilikning nazdida aniq adaddagi sondir".

Qur’oni karim xususidagi “yetti harf”dan murod “yetti ilmdir”.

Ba’zilar “Qur’oni karim yetti harfda nozil qilingan, degani unda yetti katta ilm bayon qilinganidir”, deyishadi. Ular o‘zlaricha mazkur yetti ilm quyidagilardan iborat ekanini aytganlar:

1.​Ilmul-insha’ val-iyjad (mavjudotning paydo qilinishi, yaratilishiga doir ilm);
2.​Ilmut-tavhid vat-tanzih (Alloh taoloning tavhidi tanzihiga doir ilm);
3.​Ilmu sifatiz-zat (Alloh taoloning Zotiga doir ilm);
4.​Ilmu sifatil-fe’l (Alloh taoloning ishlariga doir ilm);
5.​Ilmu sifatil-afvu val-azab (Alloh taoloning kechiruvi va azobiga doir ilm);
6. Ilmul-hashr val-hisab (qiyomatda qayta tirilish va hisob-kitobga doir ilm);
7.​Ilmun-nubuvva (payg‘ambarlik haqidagi ilm).

Bu albatta, hadisi sharifni o‘zlaricha chuqur, botiniy tarzda tafsir qilishlaridir. Alloh taolo bu ma’noda hech qanday dalil nozil qilmagan.

3.​ Boshqa bir toifaning fikriga ko‘ra “yetti harf”- dan murod quyidagi yetti narsadir:

1.​Mutlaq va muqayyad;
2.​Om va xos;
3.​Nass va muavval;
4.​Nosix va mansux;
5.​Mujmal va mufassar;
6.​Istisno;
7.​Uning qismlari.

Albatta, bu gap ham hech qanday dalil va hujjatga asoslanmay, xayoldan aytilgan gapdan boshqa narsa emas. Mazkur istilohlar usuli fiqh atamalari bo‘lib, tafsiloti usuli fiqh kitoblarida keladi.    

4. ​“Yetti harf”- dan murod  bir hadisda zikri kelgan  yetti narsadir:

Bunday fikr egalari “yetti harfni” tushuntirib,ochib berishda zaif hadisga suyanadilar. Ibn Mas’ud  roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar va Nabiy sollallohu alayhi vasallamga ko‘taradilar.  

U zot Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Avvalgi kitob bir eshikdan bir vajhda nozil qilingan edi. Qur’on esa yetti eshikdan yetti harfda nozil qilindi: zojir,omir, halol, harom, muhkam, mutashobih, amsol. Halolni halol deng, haromni harom deng, masallardan ibrat oling, mutashobihlariga iymon keltiring,va “Unga iymon keltirdik, barchasi Robbimiz huzuridandir”, deng!”.

Yuqoridagi hadisdan shunday hulosa kelib chiqadi Qur’oni karimning  “yetti harfda” nozil bo‘lishi uning ichida quyidagi yetti narsaning borligidir:  

1.Zojir- zajr qiluvchi, ya’ni qaytariqlar borligi.
2.Omir- amr qiluvchi oyatlar borligi.
3.Halol- halolni bayon qiluvchi oyatlar borligi.
4.Harom- haromni bayon qiluvchi oyatlar borligi.
5.Muhkam- ma’nosi boshqasiga o‘hshamagan ochiq-oydin oyatlar borligi.
6.Mutashobih- ma’nosi boshqasiga o‘xshash, tushunish uchun urinish kerak bo‘ladigan oyatlar borligi.
7.Amsol- masallar, ibratli qissalar borligi.

Ibn Abdulbarr: “Ahli ilmlar nazdida ushbu hadis sobit emasdir, bu hadisning zaifligiga ijmo’ qilingan”, degan.

5. “Yetti harf”- dan murod   ma’nolari bir hil, lafzlari har xil bo‘lgan yetti ko‘rinishdir.

Masalan:

أقبِل, هَلُمَّ, تعال “oldinla”, “bu yoqqa”, “kel”;

“عجِّل, أسرع “shoshil”, “tezla”;

 “أنظر, أِّخِّر, أمهل” “shoshma”, “kechik”, “vaqt ber ”.

Bu yerda bir so‘zning ma’nosini anglatish uchun boshqa so‘zlar ishlatilmoqda. Shu va boshqa ma’lumotlarni sinchiklab o‘rgangan mutaxasis ulamolarimiz, Qur’oni karimning  yetti harfda nozil bo‘lishi Qur’oni karimning ba’zi so‘z va harflarini talaffuz qilishda ijozat berilgan yetti tur,  xilma-xillikdir, dedilar.

Rustam Nishonov