Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Yaxshilikning mukofoti

10.05.2020   2864   4 min.
Yaxshilikning mukofoti

Xayr-sahovat, mehr-oqibat, siylai-rahm kabi ulug‘ fazilatlar doimo sohibiga ziynat bo‘lib kelgan. Bunday oliyjanob xislatlarni o‘zida mujassam eta olgan insongina el-yurtning og‘irini yengil qila oladigan fazilatli shaxs hisoblanadi.

Xayr-ehsonning yaxshisi bu qiyinchilik va muhtojlik vaqtda qilinganidir.

Bugun yurtimizda karantin sababli ana shunday xayr-sahovat, yaxshilik va ehsonlarni ko‘paytirishning ayni vaqtidir. Qolaversa, sahovat oyi bo‘lgan Ramazoni sharifni kirib kelgani ham xayr-ehsonni ko‘paytirishimizga chorlaydi.

Alloh taolo kalomida shunday marhamat qiladi: “Kim bir yaxshilik qilsa, unga o‘n barobar qaytarilur. . .. (Anom surasi, 160-oyat)

Musulmonlarning qiladigan yaxshiliklari evaziga qilgan yomonliklari yopilib ketadi. Eng avvalo yaxshilikni, yaxshilik qilgan insonga emas, balki yaxshilik qilmagan insonga nisbatan amalga oshirilsa, fazilatli ishni amalga oshirgan bo‘ladi.

Agar yaxshilik qilgan insonga yaxshilik qilinsa, bu-vafodorlik, Agar yaxshilik qilmagan kishiga yaxshilik qilinsa, bu-sahovatdir. Agar yomonlik qilgan kishiga yaxshilik qilinsa bu-ayni musulmonchilikdir!

Tolha ibn Abdurrohman ibn Avf o‘z zamonasida Qurayshning eng sahovatli kishisi edi. Bir kuni unga xotini: “Sizning birodarlaringizdek pastkash insonlarni ko‘rmaganman”, dedi. U: “Nima uchun bunday deyapsan?”, dedi. Xotini: Agar siz boyib ketsangiz, ular sizdan ajralishmaydi, agar siz kambag‘al bo‘lib qolsangiz, (xabar olib) kelishmaydi”, dedi. U xotiniga qarab: “Allohga qasamki, bu ularning mukarram xulq sohiblari ekanidandir. Ularga sahovat ko‘rsatishga imkonimiz bor paytda kelishadi, agar ularning haqqini ado qilishdan ojiz bo‘lib qolsak, bizni bezovta qilib, xijolatga qo‘ymaslik uchun kelishmaydi”,  deb javob berdi.

Demak, sahovatli inson boy bo‘lsa ham, kambag‘al bo‘lsa ham sahovat qilishga oshiqadi. Shu bilan birga menga yaxshilik qilgani uchun yaxshilik qilaman deb kutib turmaydi. Jamiyatdagi har bir insonga nisbatan yordamga tayyor bo‘ladi.

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda: Rasulullox sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib aytadilarki:

Musulmon musulmon kishining birodaridir, unga zulm ham qilmaydi va birodarini dushmaniga topshirib ham qo‘ymaydi. Kim birodarining hojatida bo‘lsa, Alloh uning ham hojatida bo‘ladi.

Kimki musulmondan g‘am tashvishni ketkazsa, Alloh taolo qiyomat g‘am tashvishlaridan uni xalos etadi. Kimki musulmonning aybini berkitsa, Alloh taolo qiyomatda uning ham aybini berkitadi, dedilar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Musulmon kishi o‘zimning tashvishim yetarli, deya yonidagi birodarining tashvishini  yodidan chiqarmaslik kerak. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam as'hoblari va ummatlarining tashvishlarini o‘z holiga tashlab qo‘yganlari yo‘q, balki ularning tashvishlarini ham o‘zlarining tashvishlari deb bilganlar.

Qolaversa, sharoitim yo‘q, men boy emasman yoki men ehson qila olmayman, deya o‘ziga tasalli berayotgan kishilar olovni o‘chirmoqchi bo‘lgan chumolidan o‘rnak olsalar yaxshi bo‘lardi.

Aytishlaricha, Allohning payg‘ambari Ibrohim alayhissalomni olovda

yoqmoqchi bo‘lishganda chumolilardan biri og‘zida suv tashib, olovni o‘chirmoqchi bo‘libdi, shunda boshqa hayvonlar taajjub bilan: “Sen shu suving bilan olovni o‘chiraman deb o‘ylayapsanmi?”-deyishdi. Chumoli: “Yo‘q,   bunga ishonchim yo‘q, men umid ham qilmayman, lekin xarakat qilaman... Chunki, Allohning oldida javob bermog‘im bor...

Alloh: Mening payg‘ambarimni yoqishganida sen nima qilding?!”- deb so‘rasa nima deyman. Qolaversa, men kim tomonida ekanligimni bildirib qo‘yishim kerak,- degan ekan chumoli.

Payg‘ambar alayhissalom marhamat qiladilar: “Kim xayru sahovat ko‘rsatib, kiyimga muhtoj odamni kiyintirib, xursand qilsa, Alloh uni jannat kiyimlari bilan kiyintiradi. Kim bir kishini to‘ydirsa, ovqatlantirsa, jannatdagi taomlardan nasibador bo‘ladi”. Boshqa hadisda sadaqa haqida Payg‘ambarimiz bunday deganlar: “Har kuni tongda insonlar uyqudan uyg‘onganida yer yuziga ikkita farishta tushadi. Ulardan biri: “Ey, Alloh, infoq-ehson qilgan insonning moli o‘rnini to‘ldirgin” desa, ikkinchisi: “Ey, Alloh, ziqna odamning moliga talafot yetkazgin”, deb duo qiladi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

Demak, moddiy imkoniyatga ega bo‘lgan kishi sadaqa qilish, muhtojlarga yordam berishdan sira qo‘rqmasligi, balki xayru ehson bilan ulkan savoblarni qo‘lga kiritishga oshiqmog‘i zarur.

 

Abdulaziz Bobamirzayev

“Hidoya” o‘rta maxsusislom

bilim yurti mudiri

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imkoniyati cheklanganlarni qo‘llab-quvvatlash davom etadi

7.01.2025   5575   1 min.
Imkoniyati cheklanganlarni qo‘llab-quvvatlash davom etadi

O‘tgan 2024 yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbariyatining Qatar davlatining O‘zbekistondagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida xayriya yo‘nalishidagi bir qancha masalalar yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi. Xususan, Qatar davlatining favqulodda va muxtor elchisi kam ta’minlangan oilalarga yordam ajratish, imkoniyati cheklangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun kasb va bilimga o‘rgatish kurslarini tashkil etish, zaruriy jihoz-uskunalar (eshitish moslamalari, nogironlik aravachalari, qo‘ltiqtayoq va protez ortopediya-mahsulotlari) bilan ta’minlash kabi bir qancha yo‘nalishlar doirasida fond bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan edi.

Kecha ana shu muzokaralar natijasi o‘laroq, Qatar davlati mablag‘lari hisobiga xarid qilingan yuzdan oshiq nogironlik aravachalari va 80 ga yaqin qo‘ltiqtayoqlar “Vaqf” xayriya jamoat fondiga olib kelindi. Nogironligi bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash aksiyasi doirasida keltirilgan mazkur jihozlarni topshirish jarayonida Qatar davlatining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Fahad Ali al-Hammadiy ishtirok etib, fond bilan hamkorlikdan minnatdor ekanligini, o‘zgalar parvarishiga muhtoj insonlarga oz bo‘lsada yordam berayotganidan xursandligini bildirdi.

O‘z navbatida “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruvi rahbari Isoxon Abdullayev Qatar elchixonasi vakiliga minnatdorlik bildirib, bu hamkorlik har ikki tomon uchun ham xayrli bo‘layotganini, bu jihozlardan ko‘plab insonlarning mushkuli oson bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.

O‘zaro muloqot davomida ikki tomon ham bu kabi xayrli tashabbuslarni yanada ko‘paytirishni maqsad qilishdi.

Imkoniyati cheklanganlarni qo‘llab-quvvatlash davom etadi
O'zbekiston yangiliklari