Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar omonlikda bo'lsangiz o'zingizni xavfga tashlamang” degan ma'nodagi hadisni aytgandilar, sahobalar roziyallohu anhum: “Qanday qilib, yo Rasululloh?” deyishdi. Shunda Nabiy alayhissalom: “Qarz(olib)”, deb javob berdilar.
Qarz
Qarz inson halovatini va tinchini buzadi. Kechalari tashvishga, kunduzlari esa, xorlikka sabab bo'ladi. Shuning uchun musulmon banda imkon qadar qarz olishdan saqlanmog'i lozim. Qarzdorlik og'ir mas'uliyat va javobgarlikdir. Jobir roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zimmasida qarzi bo'la turib vafot etgan odamga janoza namozi o'qimas edilar. Bir mayyit olib kelindi. Shunda u zot alayhissalom:
“Uning zimmasida qarz bormi?” dedilar.
“Ha, ikki dinor”, deyishdi.
“Sohibingizga o'zingiz janoza o'qing. Zimmasida qarzi bor odamga janoza o'qimayman”, dedilar.
Bu ishdan sahobalar qattiq hayratlandilar. Shu payt sahobalardan biri: “O'sha ikki dinor mening zimmamga, yo Allohning Rasuli”. Keyin Nabiy sollallohu alayhi vasallam u(mayyit)ga janoza o'qidilar.
Alloh taolo fathlar ato etganidan keyin, musulmonlar boyliklarga ega bo'lishgach Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:“Men har bir mo'min uchun uning o'zidan ham yaqinman. Kim qarz qoldirsa, uni ado etish mening zimmamda”, deganlar.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ummatlarining qarzlarini to'lashda ham otamizdan ko'ra mehribonroq edilar.
Nabaviy ogohlantirish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har bir narsani o'z nomidan boshqa nom bilan atashdan qaytarganlar. Bugungi kunda ribo boshqa nom bilan, qarz esa bo'lib to'lash, yana qayndayir xayriya tashkilotlari kabi nomlar bilan atalmoqda. Lekin qanday atalmasin qarz bu – majburiyat, insonning zimmasidagi og'ir mas'uliyatdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qarzdorlikdan panoh so'rardilar
Aqlli inson imkon qadar agar o'ta muhtoj yoki zarur bo'lmasa qarz olmaydi. Afsuski bugungi kunda esa qarz olish odatiy holatga aylandi. Qarz berish osonlashdi, uning turlari ko'paydi. Har qadamda, ko'chalarda, OAV, hatto qo'l telefoningizda ham “Hashamatli uyga, yangi mashinaga ega bo'ling degan” qarz olishga targ'ib qiluvchi reklamalar to'lib-toshdi. Ammo unutmangki, qarz faqatgina muhtoj bo'lingan holatda olinadi. Lekin ba'zi odamlar ortiqcha narsalar, hattoki dam olish, sayyohatlar uchun ham qarz olishmoqda. Inson bularning barchasidan ehtiyot bo'lishi lozim.
Inson imkon qadar boriga qanoat qilmog'i lozim. Masalan, ehtiyojini qondiradigan mashinani haydasin. Qimmatbaho mashinani qarzga olish shart emas. Keyin zimmasidagi qarzlarni uzolmay qiynalib yuradi.
Agar qarzdor bo'lsangiz, uni uzishga shoshiling!
Agar bir inson qarz olishga o'ta majbur bo'lib qolsa, qarz olayotganida uzish niyatida bo'lishi shart. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki birovdan qaytarib berish niyatida qarz olsa, Alloh unga qarzini uzishga yordam beradi. Kimki moliga talofat etkazish maqsadida olsa, Alloh uning o'ziga talofat etkazadi”, deganlar. Shuning uchun, qarzdor qarzni yaxshi niyatda olishi lozim. Zimmasida qarzi bor odam Islomning rukni bo'lgan – haj amalini ado etishga qarz olib, e'tibor bering, hatto farz ibodatni bajarishga dinimiz buyurmagan. Balki qarzni uzish yoki qarz olgan odamdan ruxsat so'rash talab etiladi.
Boy odamning qarzni uzmasligi zulmdir
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Boy (qodir) bo'laturib qarzni kechiktirish zulmdir”, deganlar.
Kim qarzni qaytarishga imkoni bo'la turib, qarzini uzmasdan, qarz bergan odamni “Huda xohlasa beraman” deb sarson qilsa, unga zulm qilgan bo'ladi. Bunday holatlar bugungi kunda nafaqat insonlar, balki yirik tashkilot va muassasalar o'rtasida ham ko'p kuzatilmoqda.
Davron NURMUHAMMAD
Inson zimmasida bir nechta omonatlar borki, bularni qadrlash zarur hisoblanadi. O‘z joniga o‘zi qasd qilish esa ana shu omonatga xiyonat qilishdir. Binobarin, Quroni karim Niso surasi 29-oyatida Haq taolo xitob qilgan: "Bir-birlaringizni o‘ldirmangiz".
Jundab ibn Abdulloh roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Sizlardan ilgari o‘tganlardan bir kishi jarohatlandi. Besabrlik qilib pichoq oldi-da, qo‘lni kesib tashladi va ko‘p o‘tmay, qon yo‘qotib vafot etdi. Alloh: "Bandam joniga qasd etdi, unga jannatni harom qildim", dedi" (Muttafaqun alayh).
Yana bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kimki tog‘dan o‘zini tashlab, joniga qasd qilsa, u jahannam olovida abadulabad o‘zini pastga tashlaydi. Kimki zahar ichib joniga qasd qilsa, u qo‘lida zaharini tutib, jahannam olovida abadulabad o‘zini zaharlaydi. Kimki o‘zini temir bilan o‘ldirsa, u qo‘lida temirini tutib, jahannam olovida abadulabad u bilan o‘zini uradi" (Imom Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyati).
Mo‘tabar fatvo kitoblarimizdan “Fatavoi Sirojiya”da: “Qachon kema yona boshlasa, undagilarning agar o‘zlarini dengizga tashlashsa, suzish bilan xalos bo‘lib ketishga gumonlari g‘olib bo‘lsa, shunday qilishlari vojib bo‘ladi. Agar o‘zlarini dengizga tashlasalar ham g‘arq bo‘lishlari yoki tashlashmasa, kuyib ketishlari ehtimoli bo‘lsa, u holda kemada qolish va dengizga o‘zlarini otish orasida ixtiyorlidirlar. Kimki o‘zini o‘ldirsa, uning gunohi boshqa birovni qatl qilgandan ko‘ra qattiqroqdir!”
Yuqorida keltirilgan manbalardan ko‘rinib turibdiki dinimiz inson o‘z joniga qasd qilishga emas, balki bu omonatni asrashga qadrlashga chaqiradi. Lekin, jamiyatda ba’zi insonlar borki, o‘z joniga qasd qilishga, xudkushlikka rag‘bat qiladilar. Aslini olganda o‘zini-o‘zi o‘ldirish Alloh bergan ne’matni mutlaqo mensimaslikdir. Shu bilan birga bunday holat o‘sha jamiyatga ham musibat hisoblanadi.
O‘zini-o‘zi o‘ldirishning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq va kattaroq hisoblanadi. Endi, salgina hayot tashvishi deb, ozgina g‘am va alam deb o‘zini o‘ldirayotganlarning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq ekanligini bildik. Biroq, bundan ham eng achinarlisi, birovlarning yolg‘on-yashiq gaplariga uchib, “fatvo”lariga aldanib, begunoh mo‘min-musulmonlarni o‘ldirishga qasd qilib o‘zini o‘ldirishning gunohi bundan necha barobar og‘irroq hisoblanadi. Bu shahidlik emas, bu qahramonlik ham emas, balki xudkushlikdir.
Uychi tumani "Devona bobo" jome masjidi imom-xatibi
Abdufattoh Musaxanov
Manba: @Softalimotlar