Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Dekabr, 2024   |   23 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
24 Dekabr, 2024, 23 Jumadul soni, 1446

Ro‘zaning 9 fazilati (Tanlovga)

9.05.2020   2605   5 min.
Ro‘zaning 9 fazilati (Tanlovga)

Bandalarining ikki dunyo saodatini ko‘zlab, ro‘zani Islomning farz ibodatlari qatoriga qo‘shgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin!

Ummatlariga ro‘za tutmoqni barcha sir-asrorlari ila o‘rgatgan habib Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga abadul abad salavotu salomlar bo‘lsin!

Ro‘za arab tilida «siyom» deb atalib, lug‘atda bir narsadan o‘zini tiymoqlikni bildiradi. Istilohda esa, «tong otgandan to quyosh botguncha niyat bilan ro‘zani ochuvchi narsalardan o‘zni tiymoqlikdir».

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men - O‘zim beraman, dedi. Ro‘za saqlovchidir. Qachon qaysi biringiz ro‘zador bo‘lsa, fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa, men ro‘zadorman, desin. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan zot ila qasamki, albatta, ro‘zador og‘zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo‘yroqdir. Ro‘zadorga ikki xursandlik bordir. U ikkisini ham yashagay. Qachon iftor qilsa, xursand bo‘lgay va qachon Robbisiga muloqot bo‘lganda, ro‘zasi ila xursand bo‘lgay», dedilar» (Beshovlari rivoyat qilganlar).

Ro‘zaning fazilatlari haqida gapiradigan bo‘lsak, Alloh taolo bu ibodatni serfazilat qilib qo‘ygan. Mazkur fazilatlarni sanab adog‘iga yetish qiyin.

  1. Ro‘za tutgan kishining taqvodorligi oshadi. Allloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar, sizlarga ham, xuddi sizdan oldin o‘tganlarga farz qilinganidek ro‘za farz qilindi, shoyadki taqvo qilsangiz” (Baqara surasi, 183-oyat).

 

  1. Ro‘zaning foydalaridan navbatdagisi havoyi nafsni sindirishdir.

Ma’lumki, havoyi nafsning aytganini qilaverish insonni unga qul qilib qo‘yadi. Natijada, inson havoyi nafsi nima desa, shuni qiladigan bo‘ladi. Havoyi nafs insonni hech qachon yaxshi narsaga buyurmaydi. Ro‘za tutgan kishi esa, ishtahasi kelib turgan holda turli taom, ichimliklar, shahvoniy va boshqa nafsi tilab turgan narsalardan o‘zini tiyishi bilan havoyi nafsining xohishini sindiradi. Shu bilan ro‘zadorning irodasi kuchayib, havoyi nafsini jilovlab olishga erishadi.

 

  1. Ro‘zaning foydalaridan yana biri shaytonga qahr ko‘rsatishidir.

La’nati shayton inson bolasini yaxshilikdan qaytarib, yomonlikka boshlab turadi. Inson yomonlikka yursa, shayton alayhila’na xursand bo‘ladi. Yaxshilikka yurib, Allohning amrini bajo keltirsa, u la’in xafa bo‘ladi. Ro‘zador yomonliklardan qaytishi va Allohga taqvo qilishi bilan shaytonga qahr ko‘rsatgan bo‘ladi.

 

  1. Ro‘zaning foydalaridan yana biri ro‘zadorning qalbi musaffo bo‘lishi.

Ro‘za tutgan inson doimo Alloh taoloning kuzatib turganini his qilib yashaydi. Shuning uchun o‘zi yolg‘iz qolganida ham ro‘zasini ochishga jur’at etmaydi. Doimiy ravishda Allohni his etib turish esa, kishi qalbini musaffo qiladi. Uning qalbiga Alloh muhabbatidan boshqa narsa sig‘may qoladi. Ro‘zador kishi o‘z-o‘zidan yomonlik qila olmay qolishi ham shundan.

 

  1. Ro‘za tutgan kishining tutgan ro‘zasi sababidan gunohlari mag‘firat qilinadi.

 

  1. Ro‘za tutgan kishi o‘z ro‘zasi tufayli farishtalar sifati ila sifatlanadi.

Ma’lumki, yemaslik, ichmaslik va jinsiy yaqinlik qilmay, doimo toatda bo‘lish farishtalarga xos sifatdir. Ro‘za tutgan inson o‘zining ro‘zadorligi ila aynan o‘sha sifatlarga sohib bo‘ladi.

 

  1. Ro‘zaning foydalaridan yana biri ro‘zadorning sabr-bardoshli kishi sifatiga ega bo‘lishidir.

Bu esa har bir inson uchun juda ham zarur sifatdir. O‘z ixtiyori ila o‘ttiz kun o‘zini turli shahvatlardan tiygan kishi esa, keragicha sabr-bardoshga ega bo‘ladi.

 

  1. Ro‘za ro‘zadorda rahm-shafqat sifatini shakllantiradi.

Ro‘za tutgan kishi o‘z ixtiyori ila och qolib, chanqab, turli ko‘ngil xohlaydigan narsalardan vaqtincha mahrum bo‘lish bilan o‘z ixtiyoridan tashqari och qolib, chanqab, dunyo lazzatlaridan bebahra bo‘lib yurgan beva-bechora, kambag‘allarga nisbatan rahm-shafqatli bo‘lib qoladi. Doimo ularga yaxshilik qilib turish kerakligini tushunib yetadi.

Demak, kim o‘zida rahm-shafqat sifatini shakllantirish va mustahkamlashni istasa, ro‘za tutsin. Yuqorida zikr qilingan foydalar ro‘zaning bu dunyodagi ba’zi fazilatlari, xolos.

  1. Ro‘zaning hikmatlaridan yana biri u tufayli ro‘zador sog‘lig‘ini tiklab oladi. Ro‘za nafaqat sog‘liqni saqlash uchun, balki bemorliklarni davolash uchun ham o‘ta zarurligi endi oshkora aytilmoqda. Hozirgi kunda keng tarqalgan bemorliklarning aksariyatini musulmon bo‘lmagan yurtlar tabiblari ochlik, ya’ni, ro‘za tutish yo‘li bilan davolamoqdalar.

Ro‘za turli kasalliklardan xalos etish bilan birga, kishi badanida to‘planib qolgan turli keraksiz moddalar, yog‘lar, tuzlar va boshqa narsalarni ham ketkazadi. Natijada insonning jismi ham, ruhi ham yengillashadi, zehni o‘tkir, xotirasi kuchli, irodasi mustahkam bo‘ladi.

Eng muhimi ro‘zani kasalliklarga davo bo‘lgani uchun emas, balki Alloh taolo buyurgani, Uning roziligi uchun tutamiz! Haqiqiy mo‘min-musulmon bo‘lishni, oliy maqomlarga erishishni xohlasak, ro‘za tutib uning bu dunyoda hamda oxiratdagi manfaatlaridan bahramand bo‘laylik.

Jahongirxon ABROROV,

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot kotibi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Bu ishingni hech kimga aytma...

24.12.2024   918   1 min.
Bu ishingni hech kimga aytma...

Rivoyat qilinishicha, bir kuni sahroda bir otliq kishi ketib borardi. Cho‘lda sarson bo‘lib, adashib chanqoqdan tinkasi qurigan bir kishini uchratdi. Bu odam otliqdan suv so‘radi, otliq unga suv berdi. Yo‘lovchi biroz o‘ziga kelgach otliqdan uni o‘zi bilan olib ketishini iltimos qildi. Otliq rozi bo‘ldi va yo‘lovchini otiga minishiga izn berdi.

Ammo, yo‘lovchi ko‘p toliqqani uchun otga o‘zi mingasha olmadi va: "Men chavandoz emasman, oddiy dehqonman, shuning uchun otga minishga o‘rganmaganman. Iloji bo‘lsa menga otga minishimga yordamlashib yuborsangiz", deb iltimos qildi.

Otliq otdan tushib, unga yordam berdi. Biroq, yo‘lovchi otga mingach, mohir chavandoz kabi otni choptirib qochib qoldi.
Shunda otliq o‘zini aldanganini angladi va qochayotgan o‘g‘rining ortidan qichqirib: "Menga qilgan bu ishingni hech kimga aytma, iltimos! Yo‘qsa, odamlar bir-birlariga muruvvat qilmay qo‘yadilar", dedi.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV