Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyun, 2025   |   18 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
14 Iyun, 2025, 18 Zulhijja, 1446

Ro‘za hikmatlaridan bilishni istaysizmi? (Tanlovga)

09.05.2020   2608   4 min.
Ro‘za hikmatlaridan bilishni istaysizmi? (Tanlovga)
  1. Ro‘za tutgan kishining taqvodorligi ziyodalashadi. Alloh taolo Qur’oni karimda ro‘zani oldingi ummatlarga farz qilganidek, ushbu ummati Muhammadiyyaga ham farz qilganini aytib, oyatning so‘ngida albatta taqvodor bo‘lasizlar deb ta’kidladi. Ro‘za tufayli insonda Robbisini ko‘rib turganligini his qilish kuchi, U zotdan qo‘rqish hissi yanada ziyodalashadi. Ro‘za tutish bilan banda Robbisiga bo‘ysunib, buyrug‘iga “labbay”, deb itoat qilgan bo‘ladi.
  2. Ro‘za ko‘zni nomahramlarga nazar solishdan saqlovchi, yomonliklarga undovchi shaytoniy nafsini susaytiradigan asosiy omillardandir. Chunki uning yordamida inson nafsining har qanday xohish-istaklariga g‘olib keladi. Bu bilan insonning qiyinchilik, mashaqqatlarga bardosh berish, sabr qilish tajribasi oshadi. 
  3. Ro‘zaning yana bir hikmati nochor, miskin, faqirlarni holatini eslatishdir. Kishi och, chanqoq bo‘lmas ekan, faqirlar chekadigan qiyinchiliklarni qayerdan bilsin! Ro‘za tutgan inson ochlik, chanqoqlik alamini totib ko‘rib, bechora holdagilarni qanday kun kechirayotganini his etadi. Turmushimizda to‘kin-sochin, farovon hayot kechirar ekanmiz, ko‘p holatlarda, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni, atrofimizdagi insonlarning holati qay darajada kechayotganini, loaqal bir marotaba eslab qo‘yish yodimizdan ko‘tarilib qoladi. Ko‘cha-ko‘yda, avtobusda, metroga tushganimizda bozorga borganimizda, umuman olganda ko‘plab o‘rinlarda ibrat olishimiz kerak bo‘lgan holatlarga duch kelamiz-u, ammo e’tibor bermasdan o‘tib ketaveramiz. Shuning uchun ham xalqimizda “Qorni to‘qning qorni och bilan nima ishi bor” degan ibora bejiz aytilmaydi. Haqiqatdan ham ba’zida bechorahol kishilarning oldidan o‘tib ketadigan bo‘lsak, ular ham biz kabi inson, ular ham biz kabi farovon hayot kechirishni istashlarini, ularning oldilaridagi jajji farzandlari, bizning farzandlarimiz kabi ota-onaning mehriga, atrofdagilarning e’tiboriga loyiq ekanlarini unutib qo‘yamiz. Ha, inson unutuvchan va ba’zan noshukr bo‘ladi, chunki kecha yaqinda o‘zining holati ham shunday bo‘lganini, o‘zi ham boshqalarning ko‘magiga muhtoj bo‘lganida: “Men ham qachon o‘zgalarga o‘xshab ko‘nglim tusagan narsani yeyman”, deb Alloh taologa duo qilib yolvorganini esidan chiqaradi. Yoki bo‘lmasa, umri davomida to‘qchilikda yashab, taqdiri ilohiy bilan o‘zining boshiga ham shunday kunlar tushib qolishi mumkinligi haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi. Shuning uchun ham yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, ro‘za insonni muruvvatga, o‘zgalarga, xususan bechora hollarga e’tibor qaratishga undaydi. Kim o‘zida rahm-shavqat sifatini shakllantirish va mustahkamlashni xohlasa ro‘za tutsin! 
  4. Yana bir hikmati – uzoq-yaqindagi barcha musulmonlarni Ramozon oyida ro‘za tutishga birlashtirishdir. Bir vaqtda ro‘zani niyat qilib, bir vaqtda ro‘zalarini ochadilar. Shu bilan ham ma’nan, ham hissan barcha ummatning yakdilligi ro‘yobga chiqadi. 
  5. Ro‘zaning navbatdagi hikmati, ro‘za badan uchun sihat-salomatlik garovidir. Ro‘zador ro‘za tutishi sababli, o‘z sog‘lig‘ini tiklab oladi. Bugungi kunga kelib butun dunyoda ro‘za nafaqat sog‘liqni saqlash uchun, balki bemorlarni davolash uchun ham o‘ta zarur omil ekanligi oshkora aytilmoqda. Yaqinda Rossiya olimlari ro‘za tutish yo‘li bilan davolangan bemorlar ro‘yhatini e’lon qilishdi. Natija kishini hayratga soladigan darajada muvaffaqiyatli edi. Hatto saraton kasaliga mubtalo bo‘lganlar ham mana shu yo‘l bilan shifo topishibdi. Ro‘za turli kasalliklarga davo bo‘lishi bilan birga badandagi yomon, keraksiz yog‘larni, xolerik-safro, flagmatik-balg‘am, sangvinik-qon, melanxolik-qora o‘tlarni ketkazadi. Qonni musaffo qiladi, oshqozonni yaxshilaydi. Natijada ro‘zador ancha yengillashib qoladi, zehni o‘tkir, xotirasi kuchli, irodasi mustahkam bo‘ladi. Ko‘plab tibbiyot mutaxassislari: “Ro‘za tutish badanning sog‘lom va quvvatli bo‘lishiga sabab bo‘ladi”, deb ta’kidlaydilar.
  6. Ro‘za tutgan kishining gunohlari tutgan ro‘zasi sababli mag‘firat qilinadi. 
  7. Ro‘za tutgan kishi o‘z ro‘zasi sababli farishtalar sifati ila sifatlanadi. Ma’lumki, yemaslik, ichmaslik va jinsiy yaqinlik qilmay, doimo toatda bo‘lish farishtalarga xos sifatdir. Ro‘za tutgan inson o‘zining ro‘zadorligi bilan aynan ana shu sifatlarga sohib bo‘ladi.

 

G‘iyosiddin HABIBULLOH ,

Muhammad al-Beruniy o‘rta maxsus

islom bilim yurti mudarrisi.

 

Boshqa maqolalar

Masjiddagi mevalarni yeyishning hukmi

13.06.2025   2342   1 min.
Masjiddagi mevalarni yeyishning hukmi

Savol: Masjidimizda tut, olma kabi mevali daraxtlar bor. Ular pishgan paytda, namozga kelganlar ulardan olib yeyishadi. Shu ish joizmi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Masjid hovlisidagi mevali daraxtlar vaqf qiluvchi yoki daraxt ekkan shaxs tomonidan odamlarning umumiy foydalanishi uchun ekilgan bo‘lsa, odamlar bu daraxtlarning mevasini yeyishlari mumkin. Ammo agar bu daraxtlar masjid daromadi uchun ekilgan bo‘lsa, ya’ni ekkan odam “shu daraxtning mevalari mana shu masjid uchun daromad bo‘lsin” degan maqsadda ekkan bo‘lsa, yoki nima niyatda ekkani ma’lum bo‘lmasa, bu holatda ularni sotib, pulini masjid ehtiyojlariga sarflash zarur bo‘ladi. Shuning uchun, bu turdagi daraxtlarning mevalarini pulini to‘lamay yeyish joiz bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.