Ayni muborak Ramazon oyida dunyoning barcha mintaqalaridagi mo‘min-musulmonlar Islomning besh farzidan biri – ro‘za amalini ado etmoqda.
Erta tongdan kun botgunga qadar davom etadigan ro‘zadorlik vaqti dunyoning turli joylarida bir-biridan farq qiladi. Ayniqsa, shimoliy qutbga yaqin mamlakatlarda yoz kunlari uzoq davom etgani uchun bu yerlarda sahralikdan iftorlikka bo‘lgan muddat ham uzoqroq bo‘ladi.
Shu kunlarda dunyo bo‘yicha ro‘za vaqtlari 21 soatdan 11 soatgacha bo‘lgan oraliqni tashkil etmoqda. Jumladan, Islandiyada bu vaqt 20 soatu 17 daqiqani (ya’ni soat 02:27 dan 22:44 gacha), Finlyandiya va Grenlandiyada 19 soat 25 va 19 soat 21 daqiqa bo‘lmoqda.
Bu yil Ramazon oyida ro‘zadorlik vaqti eng qisqa bo‘lgan mamlakat Chili bo‘lib, ushbu davlat musulmonlari hozirgi kunda 10 soat 33 daqiqa davomida ro‘za tutishmoqda. Bu vaqtni Islandiya bilan solishtirganda 10 soat 44 daqiqaga qisqa, deganidir.
Shuningdek, ro‘za tutish vaqti 12 soatdan kam bo‘lgan davlatlarni ham sanab o‘tamiz. Misol uchun, Yangi Zellandiya (11 soat 35 daqiqa) va Janubiy Afrika Respublikasi (11 soat 47 daqiqa), Braziliya va Avstraliya musulmonlari esa mos ravishda 11 soat 59 daqiqadan ro‘za tutishmoqda.
Bundan tashqari, Birlashgan Arab Amirliklarida musulmonlar saharlikdan to iftorlikkacha bo‘lgan vaqt 14 soat 52 daqiqa bo‘lmoqda.
O‘zbekistonda esa ro‘zadorlik vaqti 16 soat besh daqiqani tashkil etmoqda. Dunyo mamlakatlari bilan solishtirganda Yurtimiz musulmonlari deyarli o‘rtacha vaqt davomida ro‘zla amalini ado etmoqda.
Alloh taolo O‘zi mukofotini beradigan ro‘za amalini ixlos bilan mukammal ado etishni barcha mo‘min-musulmonlarga nasib qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
#xushxabar #taqdirlov #otinoyi
Ulug‘ ayyom — Ramazon hayiti arafasida yurtimizda ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash, xotin-qizlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va oilalar mustahkamligini ta’minlash yo‘lida xizmat qilayotgan bir guruh soha vakillari davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida"gi farmoniga ko‘ra ko‘plab fidoyi va mehnatkash hamyurtlarimiz qatori Toshkent shahar bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi, bosh otinoyisi Zulayho Saatova II darajali "Sog‘lom avlod uchun" ordeni bilan, Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi, bosh otinoyisi Hosiyat Qasimova "Shuhrat" medali bilan mukofotlandilar.
Ushbu yuksak mukofot bosh otinoyilarimizning ma’rifat tarqatish, ayollar orasidagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish va yosh avlod tarbiyasiga qo‘shayotgan beqiyos hissalarining munosib e’tirofidir.
Darhaqiqat, inson qadri ulug‘langan yurtda mehnat va sadoqat hech qachon e’tibordan chetda qolmaydi.
Yuksak mukofot egalariga ushbu muborak kunlardagi katta yutuq bilan muborakbod etamiz!
Alloh taolo bu mukofotni xayrli va bardavom qilsin, el-yurt xizmatida charchamaydigan g‘ayrat-shijoatlariga baraka bersin. Bayram va mukofot muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati