Har yili ramazon oyi kelishi bilan kayfiyatimiz va ruhiyatimizda o‘zgarish sodir bo‘ladi. Albatta yaxshi tomonga! Masalan, ko‘pchiligimiz kechirimli bo‘lib qolamiz...
Ulamolardan biri aytadi: “Ro‘zador hotirjamlik va ramazon sururini his qilmaydi, toki qalbida o‘zgalarga nisbatan xusumat yo‘qolmaguncha, uni ranjitgan odamlarni kechirmaguncha”.
Aslida insonni ich-ichidan yemiradigan, turli dardlarga mubtalo etadigan va Allohning rahmatidan mosuvo qiladigan narsa bu – qalbdagi xusumat va o‘zgalarga bo‘lgan nafratdir.
Zero, Alloh taolo O‘z Kalomida, Payg‘ambar alayhissalom hadislarida bizni kechirimli bo‘lishga targ‘ib etgan.
Jumladan, Qur’oni karimning A’rof surasi, 199 oyatida Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!”
Boshqa bir oyatda esa:
“Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar. Bas, ularni afv eting...” (Oli Imron surasi, 159 oyat).
Abu Umoma Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘ch olishga haqli bo‘laturib, kechirib yuborgan kishi uchun, Men jannatning o‘rtasidan bir qasr berilishiga kafilman” – deganlar (Abu Dovud rivoyati).
Nahot jannatda qasrimiz bo‘lishini xohlamasak... Jannatda-ya. Payg‘ambar alayhissalom kafilman deganlar.
Yana bir hadisda: “Kimki qilmishiga pushaymon bo‘lib, uzr so‘ragan odamni kechirib yuborsa, uning xatolarini ham Alloh taolo qiyomat kuni kechirur” deya ta’kidlangan.
“Qalbiga Alloq ta’olo insoniyatga nisbatan rahm shavqat ato etmagan banda eng ziyonkor bandadir” (hadis)
“Qiynalib qolgan qarzdorga belgilangan muddatni uzaytirgan kishiga har kuni shu qarz miqdorida sadaqa qilganning savobi yozilib turadi. Bordi-yu belgilangan muddat yetgach, yana uzaytirsa, har kuni qarziga ikki barobar sadaqa qilganning savobi yozilib turadi” (hadis).
“Birodari bilan bir yil arazlashib yurish uning qonini to‘kish bilan barobardir” (hadis).
“Rahm qilmaganga rahm qilinmaydi, kechirmaganni kechirilmaydi va birovning uzrini qabul qilmaganning tavbasi ham qabul qilinmaydi” (hadis).
Aziz dindoshim! Agar ramazon kelib, ro‘zador holatda hamon qalbingizda huzur-halovat his qilmayotgan bo‘lsangiz, qalbingizni keraksiz xusumatlardan, nafratu-alamlardan, iztiroblardan bo‘shating. Sizni hafa qilgan barcha insonlarni kechiring. Kechirish bizga Alloh tomonidan berilgan cheksiz kuch va jasoratdir.
Alloh taolo barchalarimizni mag‘firat qilsin!
Saidabror Umarov tayyorladi
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligida shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirni viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Uchrashuvda davlatimiz Rahbarining tegishli Farmoni bilan bir guruh diniy soha xodimlari «Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlangani yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va tarixiy voqea ekani alohida e’tirof etildi.
Yig‘ilishda «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» ezgu shiori ostida vohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, yoshlarni Vatanga sadoqat va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyat sarhisob qilindi.
Shuningdek, tadbir davomida imom-xatiblarga quyidagi ustuvor vazifalar yuklatildi:
Ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan va yakka-yolg‘iz keksalar holidan muntazam xabar olish;
Oilalar totuvligini mustahkamlash va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash;
Masjidlar, qadamjolar va qabristonlarni obodonlashtirish hamda tozalik tadbirlarida faollik ko‘rsatish.
Yig‘ilish yakunida diniy soha xodimlarining kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati