Shoh Valiyulloh Dehlaviy “Hujjatullohil balig‘o” kitoblarining “Ro‘za hukmlari” bobida bir hadisni keltiradilar:
“Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Agar sizlardan birortangiz og‘iz ochadigan bo‘lsa, xurmo bilan og‘iz ochsin. Albatta u barakadir. Agar uni topa olmasa, suv bilan iftorlik qilsin. Chunki u poklovchidir”. (Ahmad, Dorimiy rivoyati)
Aytamanki, insonning tabiati shirinlikni yoqtiradi, ayniqsa ochlikdan so‘ng. Jigar ham shirinlikni xushlaydi. Arablarning ham tabiati xurmoga moil. Xurmo munosib vaqtda tanovul qilingani uchun, baraka olib keladi”. (iqtibos tugadi)
Nabiy sollallohu alayhi vasallam buyurgan har bir ishlarida hikmat va foyda mujassamdir. Ushbu iftorlikda xurmo tanavul qilish hadisi ham juda ko‘plab foydani o‘z ichiga oladi. Ayniqsa, tibbiy jihatdan!
- Og‘iz ochish paytida qorin ochqab, badan ko‘p taom istab turgan holatda xurmo birinchi bo‘lib oshqozonga yetib borsa, miyaga to‘qlik hissini jo‘natadi. Natijada holsizlanib turgan oshqozonga yengil va tez hazm bo‘luvchi meva joylashadi.
- Vitamin A, B-1,2,3,5,6,9, C, D, K, Kalsiy, temir, fosfor, ruh, natriy va marganes singari kompleks elementlarni o‘zida mujassam qilgan.
- Xurmodagi kaliy miqdorining yuqoriligi bois asab tizimi o‘ziga keladi.
- Ochlikning so‘nggi soatlarida qonda qand miqdori ko‘tariladi. Natijada holsizlik, dangasalik, diqqatni jamlay olmaslik kabi holatlar avj oladi. Xurmo esa qondagi qand miqdorini pasaytiradi.
- Cheksiz quvvat manbai bo‘lib, kun davomidagi charchoqdan forig‘ etadi.
- Tarkibida ko‘plab foydali elementlar va vitaminlar sabab, saraton kasalligini bartaraf etadi.
- Jigar faoliyatini yaxshilaydi.
- O‘zi shira, glyukoza va saxarozaga boy bo‘lsada, qand miqdorini ko‘tarmaydi. Aksincha, tushiradi. Bir kunda to‘rt donadan iste’mol qilish tasvsiya qilinadi. Ortiqchasi ko‘plik qiladi.
- O‘pka ishlashini yaxshilaydi.
- Anemiya va gipertoniyada juda foydali.
- Immunitetni ko‘taradi.
- Yurak faoliyatini rivojlantiradi.
- Yuzdagi nerv tolalari shol bo‘lishidan saqlaydi.
- 1 donasi taxminan 23 koloriyaga ega.
- Ozishni istaganlar shirinlik sifatida tanovul qilsalar bo‘ladi.
- Kislota balansini ushlab turadi.
- Homilador va emizikli ayollarga eng yaxshi ozuqa manbai hisoblanadi.
- Stress va taranglikni kamaytiradi.
Shu va shunga o‘xshash foydali jihatlarni o‘zida mujassam etgan xurmo mevasi yoshu qariga birday mos keladi. Faqat uni ham me’yorida iste’mol qilish zarur.
Iftorlik va saharlik dasturxoningizdan totli xurmo mevasi arimasin!
N.Saidakbarova tayyorladi.
1. Allohga taqvo qilishni tijorat deb bil, shunda u senga molsiz foyda keltiradi.
2. O‘zingni senga muhtoj bo‘lmagan, lekin sen unga muhtoj bo‘lgan kishining o‘rniga qo‘y.
3. Xarsang toshlarni joyidan ko‘chirish, ongsiz odamga anglatishdan osonroqdir.
4. Jannatni talab qilishda oliy himmatli bo‘l.
5. Allohdan shunday umid qilki, u bilan Uning makridan omonda bo‘lma va Allohdan shunday qo‘rqki, u bilan Uning rahmatidan umidsiz bo‘lma.
6. Men hech qachon sukutdan afsuslanmadim. Agar gap kumush bo‘lsa, sukut — oltin.
7. Hikmat kambag‘allarni podsholarning majlislarida o‘tkazgan.
8. “Yo Robbim, meni mag‘firat qil” — deb ko‘p takrorla, zero Allohning bir soati borki, u vaqtda so‘rovchi rad etilmaydi.
9. Kim yolg‘on gapirsa, yuzining suvini (obro‘yi) ketadi, kimning xulqi yomon bo‘lsa, g‘am-tashvishi ko‘payadi.
10. Allohdan qo‘rq, lekin qalbing fojir bo‘laturib, odamlar seni hurmat qilishlari uchun o‘zingni ularga Allohdan qo‘rqadigan qilib ko‘rsatma.
11. Amal faqat yaqiniy ishonch (e’tiqod) bilangina mukammal bo‘ladi, kimning e’tiqodi zaif bo‘lsa, amali ham zaif bo‘ladi.
12. Yolg‘on gapirishdan ehtiyot bo‘l, zero u pishirilgan chumchuq go‘shti kabi ishtahalidir, lekin ko‘p o‘tmay egasini ichini yondiradi.
13. Majlisni ko‘zing bilan ko‘rib tanla, agar Alloh zikr qilinadigan majlis bo‘lsa, u yerda o‘tir. Agar olim bo‘lsang, ilming naf beradi, agar johil bo‘lsang, senga o‘rgatishadi, agar Alloh u majlisga rahmatini nozil qilsa, sen ham shu rahmatdan bahramand bo‘lasan.
14. Qarzdorlikdan ehtiyot bo‘l, chunki u kunduzi xorlik va tunda g‘amdir.
15. To‘qlik ustiga ovqat yemagin — chunki unday taomni yegandan ko‘ra itga tashlagan yaxshiroq.
16. Agar shayton senga shubha va gumon orqali kelsa, uni yaqiniy ishonch va nasihat bilan yeng, agar u tanballik va zerikish tomonidan kelsa, qabr va qiyomatni eslab yeng, agar u xohish va qo‘rquv tomonidan kelsa, unga dunyo tark etiladigan va qoldiriladigan narsadir, deb ayt.
17. Tilingdan chiqqan gaplarga ehtiyot bo‘l, sukut qilgan kishi omonda bo‘ladi, faqat foydasi bor gaplarni gapir.
18. Yuzingni niqoblashdan (ya’ni shubhali qiyofadan) saqlan — chunki, u kechasi odamlarni qo‘rqitadi, kunduzi esa xo‘rlik keltiradi.
19. Men tosh, temir va og‘ir yuklarni ko‘tardim, ammo yomon qo‘shnidan og‘irroq narsani ko‘rmadim.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV