Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ مَنْصُورِ بْنِ عَبْدِ الرَّحْمَنِ: أَنَّ عُمَرَ بْنِ عَبْدِ الْعَزِيزِ اخْتَصَمَ إِلَيْهِ رَجُلٌ وَابْنُهُ، فَقَالَ عُمَرُ حِينَ جَلَسَا بَيْنَ يَدَيْهِ: أَمَا لِهَذَا أَحَدٌ؟ أَيْ لِلْاِبْنِ يَجْلِسُ مَعَ أَبِيهِ، فَقَامَ عَمُّهُ فَجَلَسَ مَكَانَ أَبِيهِ، فَخَاصَمَ عَنِ ابْنِهِ. قَالَ الْحُسَيْنُ: تَعْظِيمًا لِأَبِيهِ.
Mansur ibn Abdurrahmondan rivoyat qilinadi:
Husayn aytadi: «Bu ish otani ulug‘lash uchun qilindi».
Sharh: Umar ibn Abdulaziz beshinchi roshid xalifa ham deyiladi. O‘zlari hijriy 100 sanada xalifa bo‘lganlar. Lekin xalifa bo‘lish muddati qisqa bo‘lsa ham, shu qisqa muddat ichida mashhur choriyor xalifalarning ishini qayta tiklashga, ular kabi adolatli bo‘lishga harakat qilganlar, Islom olamining barcha taraflariga xayr-baraka yoyilishiga sabab bo‘lganlar. U kishi musulmonlarning buyuk xalifasi hisoblanar edilar. Bir kuni Umar ibn Abdulazizning huzurlariga bir odam o‘g‘li bilan xusumatlashib kelibdi. Ya’ni talashib-tortishib, oralarida hukm chiqarishni talab qilib kelishibdi.
Ikkisi xalifaning qarshisiga yonma-yon o‘tirib, mahkamani kuta boshlashibdi. Umar ibn Abdulaziz ulardan savol so‘rab, hukm chiqarishlari kerak. Ammo otaning hurmatidan o‘g‘ilning o‘rniga boshqa bir kishi xusumatlashishini istadilar. Shunda o‘g‘ilning o‘rniga amakisi kelib o‘tirdi va mahkamada uning nomidan ishtirok etdi. Bu narsa otaning ehtiromi uchun, bola u bilan tortishmasin, deya qilindi.
Shuning uchun farzand zinhor ota-onasi bilan xusumatlashmasligi kerak. Mabodo ilojsiz holga tushib qolsa ham, boshqa birovlar orqali odob bilan arzini yetkazishi lozim.
عَنِ الْحَسَنِ قَالَ: انْتَهَتِ الْقَطِيعَةُ إِلَى أَنْ يُجَالِسَ الرَّجُلُ أَبَاهُ عِنْدَ السُّلْطَانِ.
Hasandan rivoyat qilinadi:
Sharh: Ya’ni, ota-bola orasidagi behurmatlik shu darajaga yetdi.
Otasi bilan bir narsa talashib-tortishish, uning ustidan qoziga arz qilish, qozining oldiga sudrab borib, «Mening haqimni olib ber», deyish musulmonlar uchun obro‘ bo‘lmaganligidan, yaxshi emasligidan mana shu gaplar aytilgan ekan.
Shu bilan birga, musulmonlarning dastlabki avlodlarida bu kabi ishlar bo‘lmagani ham ushbu rivoyatdan anglab olinadi. Vaqt o‘tishi bilan, odamlar diniy ta’limotlardan uzoqlashishi oqibatida shu kabi salbiy holatlar paydo bo‘lgan.
عَنِ الْحَسَنِ قَالَ: انْتَهَتِ الْقَطِيعَةُ إِلَى أَنْ يُجَاثِيَ الرَّجُلُ أَبَاهُ عِنْدَ السُّلْطَانِ.
Hasandan rivoyat qilinadi:
Sharh: Bu rivoyat avvalgisining takrori ekan.
Musulmon ummatiga xos bo‘lmagan bu kabi oqpadarlik ishlaridan saqlanishimiz lozim. Buning uchun esa avval ham ta’kidlab o‘tganimizdek, diniy ta’limotlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishimiz, sahobalar avlodining ota-onalariga bo‘lgan hurmat-e’tiboridan yoshlarimizga ta’lim berishimiz kerak.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.