Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyun, 2025   |   24 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:41
Bismillah
20 Iyun, 2025, 24 Zulhijja, 1446

NAMOZNI JAMOAT BO‘LIB ADO ETISH TARTIBI QANDAY?

22.04.2020   20744   4 min.
NAMOZNI JAMOAT BO‘LIB ADO ETISH TARTIBI QANDAY?

❓365-CAVOL: Hozirgi kunda karantin sababli masjidlar yopilgan. Ko‘pchilik uyda ibodat qilyapti. Men jamoat bilan o‘qilgan namozga 27 marta ko‘p savob berishini eshitganman. Shuning uchun jamoat bo‘lib namoz o‘qish qonun-qoidalarini tushuntirib bersangiz? Iltimos.

? JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohim. Bismillahir Rohmanir Rohim. Darhaqiqat, yolg‘iz o‘qilgan namozga bitta savob berilsa, jamoat bo‘lib o‘qilgan namozga yigirma yetti barobar ko‘p savob beriladi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:

"صَلاَةُ الْجَمَاعَةِ تَفْضُلُ صَلاَةَ الْفَذِّ بِسَبْعٍ وَعِشْرِيْنَ دَرَجَةً "
(رواه الإمام البخاري والإمام مسلم عن عبد الله بن عمر رضي الله عنهما).

ya’ni: “Jamoat bilan o‘qilgan namoz yolg‘iz o‘qilgan namozdan yigirma yetti daraja ustundir” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Demak, ko‘p savob olaman degan kishi albatta, jamoat bo‘lib namoz o‘qishga harakat qilishi maqsadga muvofiqdir.

▪️Jamoatning adadi. Barcha ulamolarimizning nazdida jamoat bo‘lish uchun ikki kishi kifoya qiladi. Biri imom bo‘ladi. Ikkinchisi iqtido qiladi. Ikki kishiga ham jamoatning savobi beriladi. “Al-mavsu’atul-fiqhiyya” kitobida bu haqda shunday deyilgan:

اتّفق الفقهاء على أنّ أقلّ عدد تنعقد به الجماعة اثنان، وهو أن يكون مع الإمام واحد،
فيحصل لهما فضل الجماعة

ya’ni: “Ulamolar jamoat hosil bo‘ladigan eng kam adad ikki kishi ekaniga ittifoq qilganlar. Ya’ni imom bilan yana bir kishi bo‘lsa, ular uchun jamoatning fazilati hosil bo‘ladi”.
Jamoat qancha ko‘p bo‘lsa, ajr-savobi ham shuncha ko‘payishi hadisi shariflarda bayon qilingan.

▪️Jamoat imomining vazifasi. Imom barcha namozlarda har bir “Allohu akbar” lafzini ovoz chiqarib aytadi. Bomdod, Shom va Xufton namozlarida, shuningdek Ramazon oyidagi Tarovih va Vitr namozlarida ovozini chiqarib qiroat qiladi. Peshin va Asr namozlarida esa, ovozini chiqarmasdan qiroat qiladi. Imom rukudan qaytganda “Sami’allohu liman hamidah”ni o‘zini aytadi. “Robbana lakal hamd”ni aytmaydi. Imom namozni oxiridagi “Assalomu alaykum va rahmatulloh”ni ovoz chiqarib aytadi. Imomga ayol kishi iqtido qiladigan bo‘lsa, imom qalbidan unga imom bo‘layotganini o‘tkazib qo‘yadi. Imom bo‘lgan kishida asosan mazkur o‘zgarishlar bo‘ladi. Qolgan barcha amallarni yolg‘iz o‘qiganida qanday bajarsa, imomlikda ham xuddi shunday ado etadi.

▪️Imomga ergashganning vazifasi. Iqtido qilgan kishi niyat paytida “ushbu imomga iqtido qildim” degan ma’nodagi jumlani niyatiga qo‘shadi. Namozga “Allohu akbar” deb kirishgandan keyin “Subhanakallohumma...”ni o‘qib, jim turadi.

Qiroat qilmaydi. Imom “Sami’allohu liman hamidah”ni aytsa, iqtido qiluvchi “Robbana! Lakal hamd”ni aytadi. Iqtido qiluvchi barcha amallarni imomdan keyin bajaradi. Iqtido qiluvchi qolgan barcha amallarni yolg‘iz o‘qiganida qanday bajarsa, iqtido qilganda ham xuddi shunday ado etadi.

▪️Imomning orqasida turish tartibi. Agar imomga bir erkak iqtido qilsa, garcha u balog‘atga yetmagan yosh bola bo‘lsa ham imomning o‘ng tarafida turadi. Bunda uning oyog‘ini barmoqlari imomning tovonini barobarida bo‘ladi.
Ikki va undan ortiq erkaklar iqtido qilsa, imomning orqasida alohida safda turadilar.


Imomga bir yoki undan ortiq ayol iqtido qilsa, garcha u balog‘atga yetmagan yosh qiz bo‘lsa ham imomning orqasida alohida safda turadi.
Iqtido qiluvchilar bir erkak va bir ayol bo‘lsa, garchi ular balog‘atga yetmagan yosh bo‘lsa ham, bir erkak imomning o‘ng tomonida turadi. Bir ayol esa, iqtido qiluvchi erkakdan bir saf orqada turadi.
Iqtido qiluvchilar erkaklar, balog‘atga yetmagan o‘g‘il bolalar, ayollar va balog‘atga yetmagan qiz bolalar bo‘lsalar. Birinchi safda erkaklar, ikkinchi safda balog‘atga yetmagan o‘g‘il bolalar, uchinchi safda ayollar va to‘rtinchi safda balog‘atga yetmagan qiz bolalar turadilar.
Ayollarning o‘zlari jamoat bo‘lib o‘qishi makruh, chunki imom erkak bo‘lishi shartdir. (“Al-Fatovol hindiyya” kitobi). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo hay’ati. @diniysavollar

Savol yo‘llash
? @SavollarMuslimUzBot

▫️ Kanalga ulanish

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Ismingiz ketadi, sifatingiz qoladi

18.06.2025   3793   2 min.
Ismingiz ketadi, sifatingiz qoladi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Nabiy sollallohu alayhi vasallam Uhud g‘azoti shahidlarini dafn qilayotib: «Abdulloh ibn Harom bilan Amr ibn Jamuhni bitta qabrga qo‘yinglar. Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!» dedilar.

Aslida, o‘lim firoq emas. Hammamiz kuni kelib vafot etamiz. Haqiqiy firoq birimiz jannatda yana birimiz do‘zaxda bo‘lishimizdir.

Ajoyib narsa o‘qigan edim. Bir kishi buvisining bir odati haqida shunday yozgan edi: «Buvim bizni bomdod namoziga uyg‘otib: «Turinglar! Jannatda sonimiz kamayib qolishini istamayman», der edilar».

Kim sizni haqiqiy yaxshi ko‘rsa, u do‘zaxga tushishingizni istamaydi. Ibrohim alayhissalom otalari Ozarni yaxshi ko‘rishlariga qarang. U kishi bunday degan edilar: «Ey ota! Men sizni Rahmonning azobi ushlashidan va shaytonga do‘st bo‘lib qolishingizdan qo‘rqaman» (Maryam surasi, 45-oyat).


Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning gaplarini go‘zalligiga boqing: «Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!».

Insonning o‘zgalar oldida muhabbat, shijoat, saxovat va oliyjanoblik kabi chiroyli sifatlar bilan tanilishi naqadar go‘zal! Uning nomi zikr qilinganida tinglovchining yuzida uning surati xuddi qip-qizil yurak singari porlasa. Shuningdek, uning surati biz qo‘yayotgan go‘zal iboralar ortida ham porlab tursa!

Imom Zahabiy rohimahulloh «Siyaru a’lomin nubalo» kitobida Muhammad ibn Maymun haqida bunday yozadi: «Abu Hamza Sukariy Muhammad ibn Maymun al-Marvaziy. U shakar sotgani uchun «sukariy» deyilmagan. Uning so‘zlari shirinligi uchun shu nom bilan tanilgan!».


Bizni taniydiganlar ham ismlarimizni ularga qiladigan muomalamiz tufayli sifatlarimizga alishtirib olishganida nima bo‘lar edi?!

Ota-onamiz bizga «Ota-onani rozi qiladigan, muborak va yaxshilik qiladigan o‘g‘il», deb nom qo‘yarmidi yoki «surbet, qo‘pol va oqpadar o‘g‘il» debmi?!

Xotinimiz bizga «Mehribon, saxiy va bag‘rikeng er», deb nom qo‘yarmidi yoki «qaysar va qattiqqo‘l er» dermidi?!

Erlar ayoliga «mehribon, suyukli, oliyjanob va sabrli xotin», deb nom qo‘yarmidi yoki «bag‘ritosh, tili zahar va qo‘pol so‘zli xotin» debmi?!

Qo‘shningiz sizni «saxiy va marhamatli» dermidi yoki «xiyonatkor, ochko‘z va badxulq qo‘shni» deb atarmidi?!

Hamkasbingiz sizni «sir saqlaydigan, ishonchli, tarbiyali va odobli hamkasb» dermidi yoki «chaqimchi va sharmanda» deb nom qo‘yarmidi?!

Ismlarimiz bizniki. Sifatlarimiz esa odamlarniki. Ular bizga muomalamizga qarab sifat berishadi. Kuni kelib ismlar ketadi, sifatlar qoladi. Ortimizda bizga Allohdan rahm qilishini so‘rab turadiganlar qolsin!


«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi