ألحمد لله على كل حال
Bu kalimaning ma’no-mazmunini endi tushunib yetyapman. Bu kalima haqida tafakkur qiladigan bo‘lsak, biz bilmagan, tasavvur ham qila olmaydigan darajada ko‘plab ma’nolari bor ekan. Har qanday holatda Alloh taologa hamd aytish kerakligi, Alloh taolo biz aqlimizga sig‘dira olmaydigan darajada bizlarga buyuk ne’matlarni ato etgani, biz esa ularning birortasini anglab yetmaganimizni tushunyapman.
Har kuni uyimizdan xotirjam chiqishimiz, tashqariga chiqqan vaqtimizda toza havodan erkin nafas olishimiz, jamoat joylarida bemalol xavfsiramasdan yura olishimiz bizlarga berilgan katta ne’matlardan ekan. Masjidlarda besh vaqt namoz o‘qilishi, juma xutbalari qilinishi, ilm toliblarining ilm olishlari uchun har kuni ilm dargohlariga borishlari –barcha-barchasi bizlarga berilgan katta ne’matlardan ekan. Lekin shuncha ne’matlar ichra yashagan bo‘lsakda, shukronasini ado eta olmabmiz. Hayotimizda uchraydigan kichkina kamchiliklar va noqisliklar uchun hayotimizdan nolibmiz. Ularni o‘zimizga yetgan musibat deb bildik. Endi anglayapmiz musibat aslida qanaqa bo‘lishini, biz shuncha ne’matlar ichida ko‘milib yashaganimizni, bizga berilgan ne’matlar uchun Allohga shukrona aytmaganimizni, o‘z vaqtida bo‘lmasada anglab yetdik.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
“Agar Allohning ne’matlarini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmassizlar. Albatta, inson o‘ta zolim va noshukrdir”
(“Ibrohim” surasi, 34-oyat).
Besh vaqt namozning masjidlarda o‘qilishi eng buyuk ne’matlardan ekanini, masjidlar jamoatsiz bo‘shab qolgandagina anglab yetdik.
Tashqariga chiqqanimizda, erkin nafas ololmayotganimizda, xotirjam nafas olish ne’mat ekanligini anglab yetdik.
Ne’matlarni sanasak adog‘iga yetolmaymiz.
Koronavirusni ham biz uchun berilgan bir sinov deb bilishimiz kerak. Bu sinovga chiroyli sabr qilishimiz kerak.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
“Bas, sabr qil. Albatta, Allohning va’dasi haqdir. Gunohing uchun irstig‘for ayt. Ertayu kech Robbingga hamd ila tasbeh ayt”
(“G‘ofir” surasi, 55-oyat).
Bu vabo bizlarga ko‘p narsalarni eslatdi. Avvalambor, nematlarga shukr qilish kerakligini, har qanday holatda Alloh azza va jallaga hamd aytish kerakligini eslatdi.
Biz - barcha musulmonlarni bir nuqtada jamladi. Musulmonlarning safi ko‘payishiga sababchi bo‘ldi. Oramizda namozni haligacha boshlamaganlarning namozxon bo‘lishiga, Qur’oniy duolarni o‘rganishimizga va ularni doimiy aytib yurishimizga sababchi bo‘ldi. Nabaviy sunnat bilan hayot kechirishimiz kerak ekanini bizlarga bildirdi. Juda ko‘plab Qur’on xatmlari qilishimizga, istig‘forlar va salavotlar aytishimizga sababchi bo‘ldi. Barcha musulmonlarni gunohlardan to‘sib, Allohga yuzlantirdi, inshaAlloh. Alloh taolo bizlarga in’om qilgan ne’matlarni eslatdi. Alloh taologa qanday banda bo‘lish kerakligi, U Zotga qanday ibodat qilinishi kerakligini bildirdi. Biz barcha holatlarda Alloh taologa muhtoj ekanimizni, bir lahza ham uning zikridan to‘silmasligimiz kerakligini bildirdi. Ilm-fan qancha rivojlanmasin, Alloh taoloning Qudrati oldida barcha narsa ojiz ekanini butun olamga ko‘rsatdi. Mana shu kichkina virus orqali Alloh taolo bizlarga ko‘p narsalarni bildirdi.
Eslab ko‘ringaa!!! Shu vaqtgacha musulmonlarning barchasi jamlanib, Qur’on xatmlari qilib, istig‘forlaru salavotlar aytishganmidi? Gunohlari ustida bosh qotirib, gunohlaridan to‘silishganmidi? Qanchadan-qancha sunnatlarini tark etganlarini va to‘g‘ri yo‘ldan adashganlarini bilisharmidi?
Yo‘q! Ishonch bilan ayta olamanki, bu narsalar haqida bosh qotirgan taqdirlarida ham hayotlariga to‘laligicha tatbiq qilishmasdi.
Oldinda ta’kidlab o‘tganimiz kabi koronavirus ham biz uchun bir sinov. Allohga qaytishimiz uchun bir eslatma. Hozirgi holatimizda ham Allohga hamd aytishimiz kerak. Alloh taolo bizlarni bu balo bilan balolantirmagani va bizlarni bu balodan saqlaganligi uchun U Zotga cheksiz hamdu sanolar aytishimiz kerak. Shuning uchun ham duolarda bardavom bo‘lib, Alloh taolodan ofiyat so‘raymiz. Alloh taolo butun olamga bu balodan ofiyat bersin. Alloh azza va jalla barchalarimizni O‘zining muqarrab bandalaridan qilsin. Amin...
Barcha holatlarda Allohga hamd bo‘lsin!!!
M.Sa’dullayeva
Mir Arab oliy madrasasi talabasi
Namangan shahar, Davlatobod, Yangi Namangan, Yangiqo‘rg‘on va Namangan tumanlari imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Namangan viloyati bosh imom xatibi Musoxon domla Abbosiddinov raisligida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilish tartibiga qat’iy rioya qilishni belgilab o‘tildi.
Yig‘ilish davomida diniy soha xodimlari faoliyatini yanada yaxshilash yuzasidan muhim tavsiya va ko‘rsatmalar berildi va mas’ullarga kerakli tavsiya va ko‘rsatmalar berib o‘tildi.
Mas’ullarga kerakli ko‘rsatma tavsiyalar berib o‘tildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyati vakilligi Matbuot xizmati