*** Namoz va ro‘zaning kafforati ***
Kafforat uchun qachon vasiyat qilish shart emas?
Imo-ishora bilan ham namoz o‘qishdan ojiz bo‘lgan bemor qoldirgan namozi besh vaqtdan ham kam bo‘lsa-da, o‘qiy olmagan namozlarining kafforatini berishni vasiyat qilishi lozim emas. Muqim bo‘lmasdan hamda bemor tuzalmasdan vafot etsa, safar va bemorlik davomida tuta olmagan ro‘zaning kafforatini berishii ham vasiyat qilishlari lozim emas.
*** Kishi qachon kafforat uchun vasiyat qiladi? ***
Kishi namoz o‘qishga va ro‘za tutishga kuchi yettan holda o‘qiy olmagan namozining, tuta olmagan ro‘zasining kafforatini berishni vasiyat qilishi mumkin.
*** Qancha kafforat beriladi ***
Vafot qilganning valiyi (o‘zidan keyin mol-mulkidan sarflashga mas’ul kishi) u qoldirgan molning uchdan biridan vitr namozini, ham qo‘shib, kuniga olti vaqt namozning har biri uchun va har kunning ro‘zasi uchun yarim so’ (1456 yoki 1664 gr.) bug‘doy yoki uning qiymatini beradi. Marhum vasiyat qilmagan taqdirda valiyi o‘z molidan uning kafforatini berishi joizdir. Fakat marhum tuta olmagan ro‘za va o‘qiy olmagan namoz o‘rniga ro‘za tutishi, namoz o‘qishi durust emas.
*** Fidya (tovon) kimga tulanadi? ***
Qasam kafforatining aksi o‘laroq, bir necha namozning (va bir necha kunlik ro‘zaning) kafforat badalini yagona faqirga bir martada berish mumkin. Xoh tirik, xoh marhum kishi qasamining kafforat badali yolg‘iz bir faqirga emas, o‘nta faqirga berilishi kerak. Har kuni bittadan fidyani bir faqirga berish ham mumkin. Alloh subhanahu va taolo hammadan ko‘ra yaxshiroq bilguvchidir.
*** O‘z vaqtida o‘qilmagan namozlarning qazosi ***
Bunda tartibga, ya’ni qazo namozlari bilan vaqt namozlari orasida hamda qazo namozlarining o‘z orasida ham ketma-ketlik tartibiga rioya qilish vojibdir.
Izoh: Ma’lum bir navbatga rioya qilish xususida Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: «Kim bir vaqt namozni uxlab qolib yoki unutib qazo qoldirsa-yu, so‘ngra imomga iqtido qilib (keyingi farz namozini) o‘qiyotganida (qazo qilgan namozi) esiga tushib qolsa, imom bilan o‘qiyotgan namozini bitirsin, so‘ng esiga tushgan namozini o‘qisin. Buning orqasidan esa (imom bilan o‘qigan namozini) takror o‘qisin, Avval qazo, so‘ngra vaqt namozi o‘qiladi. Qazo namozlarda ham ilk qazo bo‘lgan namozdan boshlab o‘qiladi.
*** Tartibni bekor qiladigan sabablar ***
Izoh: Qazo qolgan namozlarning soni oltitaga yetgan bo‘lsa, kishining tartibga rioya qilishi og‘ir bir mas’uliyatdir. Chunki bir vaqtning o‘zida ham olti vaqt qazo namozi ham o‘sha vaqt namozini o‘qishga to‘g‘ri keladi. Holbuki, Islomda qiyinchilik emas, balki qulaylik, yengillik asosdir.
Vitr namozi qazo qolgan namozlarda tartibni bekor qiluvchi hisoblanmaydi. Faqat qazo namozlari o‘qilayotganida uning ham tartibiga rioya qilinadi.
*** Turli masalalar ***
Faqat beshinchi namoz vaqti chiqmasdan yo bundan oldin qazoga qolgan namozini o‘qisa, qazo qilgan namozi vaqti va uni o‘qigan vaqt oralig‘ida o‘qigan namozlarning barchasi nafl namozga aylanadi. So‘ng u o‘qigan namozlarining qazosini o‘qishi lozim. Qazoga qolgan namozlar juda ko‘p bo‘lsa, qazosi o‘qiladigan har bir namozni (falon kunning falon namozi deya) niyat qilib o‘qish kerak. Buni shunday osonlashtirish mumkin: masalan, «Vaqtida o‘qiy olmagan birinchi (yo oxirgi) peshinning qazosini o‘qishni niyat qildim» (shu yo‘l bilan qaysi qazo namozini o‘qishiga aniqlik kiritgan bo‘ladi). Avval qazo qilingan ikki yilgi Ramazon ro‘zasini tutmoqchi bo‘lganlarga ham shu hukm joizdir (ya’ni, kaysi yilning ro‘zasini tutmoqchi bo‘lsa, shuni niyat qiladi). Dorul-harbda (yani musulmon bo‘lmagan bir mamlakatda) musulmon bo‘lib, shar’iy hukmlarni bilmagan kishi uzrli hisoblanadi.
*** Farz namoziga yetishish bo‘limi ***
Namoz o‘qiyotgan kishi namozini qachon buzadi, qachon buzmaydi?
*** Sunnatning qazosi ***
Bomdod namozishshg sunnati, faqatgina farz bilan birga qazo qolsa, o‘sha kuni peshin vaqti kirishiga bir oz fursat qolgungacha o‘qiladi. Peshin namozinning ilk sunnati (farzdan avval o‘qilmagan taqdirda) vaqti ichida farzdan so‘ng ikki rakat sunnatdan avval o‘qiladi.
*** Jamoat va uning fazilati ***
Jamoat bilan o‘qilgan farz namozning bir rakatiga yetishgan kishi jamoat fazilatiga erishgan bo‘lsa-da, namozni jamoat bilan o‘qigan hisoblanmaydi. Uch rakatiga yetishgan kishi haqida ixtilof mavjud.
*** Turli masalalar ***
Agar imom o‘zicha (o‘sha kishiga) yetisha olmasa yoki yetarli miqdorda qiroat qilmasdan ruku qilgan bo‘lsa, u kishining rukusi durust emas (namozi fosid bo‘ladi).
Izoh: Farz namozni bir marta o‘kigach, qayta farz niyatida o‘qimaslik haqidagi hukmga turlicha ma’nolar berilgan. Ba’zilar buni jamoat bilan o‘qilgan bir namoz takror azon va takbir aytib, aynan avvalgisidek, jamoat bilan o‘qilmaydi, deb sharhlaganlar. Ba’zilar esa hech qanday sababsiz, namozim buzildimikin, degan shubha bilan kishi o‘kigan farz namozini takroran o‘qiy olmaydi, deb bayon qilganlar.
*** Sahv sajdasining hukmi ***
Namozda adashib vojibni tark qilgan kishiga ikki sajda, bir tashahhud va salom vojib bo‘ladi. Sahv sajdasini lozim qilgan sabab takrorlanishi bilan yana takror sahv sajdasi qilinmaydi.
*** Vojibni bilaturib, tark qilish ***
Bilgan holda vojibni tark qilgan kishi gunohkor bo‘ladi va bu nuqsonni tuzatish uchun sahv sajdasi kifoya qilmaganidan, namozini takror o‘qishi zarur.
Bilgan holda vojibni tark qilgan kishi sahv sajdasi qilmaydi. Faqat quyidagi uch holat bundan mustasnodir. Ya’ni, bularni bilaturib, tark qilgan kishi ham sahv sajdasi qiladi:
*** Sahf sajdasining o‘rni ***
Sahf sajdasini salom berganidan so‘ng ado etish sunnatdir. Imom o‘ng tomonga bergan salomi bilan kifoyalanib, sahf sajdasi qiladi. Salom bermasdan avval sahv sajdasi qilish tamoman makruhdir.
*** Sahv sajdasi qachon soqit bo‘ladi? ***
*** Kimlar sahv sajdasi qilishi lozim? ***
Imom juma va hayit namozlarida jamoat ko‘p bo‘lgani bois ularga qiyinchilik bo‘lishidan qochish va fitna chiqarmaslik uchun sahv sajdasi qilmaydi.
*** Namozdaga ba’zi xatolar ***
Ammo sajdai sahv qilmaydi. Ushbu farz namozi qayta o‘qiladi.
*** Namoz shubha bilan qachon buziladi? ***
Kishi bir namozni tamomlamasdan avval necha rakat o‘qigani haqida shubha qilsa, hamda bu shubha ilk marotaba yuz berayotgan bo‘lsa yoki odatiy hol bo‘lmasa, bu namoz buziladi. U namozni takror o‘qishi lozim. Salom bergach, yuzaga chiqqan shubhaga e’tibor berilmaydi. Bu holda biror ruknni tark qilganini aniq bilsa, namozini takroran o‘qiydi.
*** Shubhaning ko‘p bo‘lishi ***
Bunday holat kishida juda ko‘p sodir bo‘lsa, qalbi ko‘proq moyil bo‘lgan tomonga qarab harakat qiladi.
Izoh: Agar kishi namozni to‘liq o‘qiganiga qanoat hosil kilsa-yu, salom berganidan so‘ng ishonchli bir kishi bir rakat kam o‘qiganini aytsa, u holda kishi o‘z shaxsiy qanoatini asos qilib oladi va boshqaning ogohlantirishiga e’tibor qilmaydi. Ammo bu kamchilik ikki ishonchli kishi tomonidan xabar berilsa, kishi o‘zining to‘g‘ri o‘qiganiga qanoat hosil qilsa ham, ikki kishining so‘zi bo‘yicha amal qiladi. Imom bilan jamoat necha rakat o‘qiganlari haqida ixtilof qilib qolsa-yu, imom o‘z shaxsiy qanoatiga ishonch hosil qilsa, unga ko‘ra, aks holda jamoat nuqtai-nazariga ko‘ra, agar jamoatning bir qismi imomning qanoatini quvvatlasa, unda ham o‘z qanoatiga ko‘ra amal qiladi.
Agar qalbi bir tomonga moyillik qilmasa, (ikki rakat o‘qidimi, to‘rt rakat o‘qidimi, qat’iy qaror bera olmasa) bu ikki ehtimoldan oz bo‘lganini tanlaydi. Faqat (vojib bo‘lgan) qa’dani tark qilmaslik uchun oxirgi rakat deb o‘ylagan har rakatdan so‘ng o‘tiradi va sahv sajdasi qiladi.
Izoh: Kishi tahorati bor-yo‘qligi haqida shubhalansa-yu, o‘ylab ko‘rgach, tahorati borligiga ishonch hosil qilsa, u kishi fiqh nuktai nazariga ko‘ra tahoratli hisoblandi. Agar kishi tahorat a’zolaridan bir qismini yuvgan-yuvmaganligi xususida shubhalanib qolsa hamda bu hol ilk marotaba yuz berayotgan bo‘lsa, o‘sha joylarini qayta yuvadi. Agar bu odatiy holat bo‘lsa, unga e’tibor qilmaydi. Shuningdek, namoz asnosida ham kishining aqliga turli xil shubhalar kelsa, bu xoh namoz to‘g‘risida, xoh tahorat xususida bo‘lsin, agar ilk marotaba yuz berayotgan bo‘lsa, shubhaga tushgan joyini takror bajarishga kirishadi. Agar bu ham odatiy hol bo‘lsa, bu shaytondandir, bunga e’tibor qilmaydi va namozini davom ettiradi.
KЕYINGI MAVZULAR:
TILOVAT SAJDASI:
Tilovat sajdasi kimlarga vojib, kimlarga vojib emas?
Tilovat sajdasining vaqti va shakli?
Joyni o‘zgartiradigan sabablar;
Joyni o‘zgartirmaydigan sabablar;
Turli masalalar;
Tilovat sajdasining sahih bo‘lish shartlari;
Ado etish tartibi;
Shukr sajdasi;
Har baloning daf qilinishi haqida;
Juma namozining hukmi;
Durust bo‘lishining shartlari;
Juma namozining xutba va sunnatlari;
Juma namoziga oid turli masalalar;
Hayit namozlari hukmi va shartlari;
Ramazon hayitining mustahablari;
Hayit namozining vaqti;
Hayit namozlarini o‘qish tartibi;
Qurbon hayitining hukmi;
Tashriq takbirining hukmi, muddati va kimlarga vojib bo‘lishi;
Tashriq takbiri;
Quyosh tutilganida o‘qiladigan namoz;
Oy tutilganida o‘qiladigan namoz;
Yomg‘ir so‘rash duosi;
Xavf (qo‘rquv) namozi;
Takrorlash uchun savollar.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: لَمَّا قَدِمَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الْمَدِينَةَ وَأَمَرَ بِبِنَاءِ الْمَسْجِدِ، قَالَ: يَا بَنِي النَّجَّارِ، ثَامِنُونِي بِحَائِطِكُمْ هَذَا، قَالُوا: لَا وَاللهِ، لَا نَطْلُبُ ثَمَنَهُ إِلَّا إِلَى اللهِ تَعَالَى، أَيْ فَأَخَذَهُ فَبَنَاهُ مَسْجِداً. رَوَاهُ الثَّلَاثَةُ.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasulalloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida va masjid bino qilishga amr qilganlarida:
«Ey Bani Najjor! Men bilan mana bu bog‘ingizni baholashinglar», dedilar.
«Yo‘q! Allohga qasamki, uning bahosini faqat Allohdan so‘raymiz», deyishdi.
Bas, u zot uni olib, masjid qurdilar».
Uchovlari rivoyat qilganlar.
Bu rivoyatda Bani Najjor qabilasining o‘zlariga mulk bo‘lgan bog‘ yerini masjid qurish uchun vaqf qilganliklari haqida so‘z bormoqda.
Bani najjorliklarning bu himmatlari keyin ham barcha zamonlar va makonlarning muxlis musulmonlari tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. Masjid uchun hech narsasini ayamaslik yaxshi odat bo‘lib qolgan. Faqat musulmonligini emas, balki odamiyligini ham unutganlargina boshqacha tasarruf qilishi mumkin.
عَنْ عُثْمَانَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ حَفَرَ بِئْرَ رُومَةَ فَلَهُ الْجَنَّةُ، فَحَفَرْتُهَا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ وَالنَّسَائِيُّ.
Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Kim Ruma qudug‘ini kovlasa, unga jannat bo‘lur», deganlarida uni men kovladim».
Buxoriy, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Boshqa rivoyatlarda:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida u yerda Ruma qudug‘idan boshqa shirin suvli quduq yo‘q edi. «Kim quduqni sotib olib, o‘z chelagini musulmonlar chelagi bilan birga qilsa, unga jannatda yaxshiroq quduq berilur», dedilar. Shunda men uni o‘zimning asl molimdan yigirma besh yoki o‘ttiz besh ming dirhamga sotib oldim», deyilgan.
U Bani g‘iforlik bir kishining bulog‘i edi. Hazrati Usmon roziyallohu anhu uni quduq qilib kovlatdilar, qurilish qildilar va musulmonlar uchun atab, o‘z chelaklarida ular bilan bir qatorda suv olib, ichib yurdilar.
عَنْ سَعْدِ بْنِ عُبَادَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّهُ قَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّ أُمَّ سَعْدٍ مَاتَتْ، فَأَيُّ الصَّدَقَةِ أَفْضَلُ؟ قَالَ: الْمَاءُ، فَحَفَرَ بِئْرًا وَقَالَ: هَذِهِ لِأُمِّ سَعْدٍ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ. وَزَادَ: فَتِلْكَ سِقَايَةُ سَعْدٍ بِالْمَدِينَةِ. وَاللهُ أَعْلَى وَأَعْلَمُ.
Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«U kishi roziyallohu anhu:
«Ey Allohning Rasuli, Ummu Sa’d vafot etdi. Qaysi sadaqa afzal?» dedi.
«Suv», dedilar u zot.
Bas, u quduq qazidi va:
«Bu Ummu Sa’dga», dedi».
Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilganlar va:
«Ana o‘sha Sa’dning Madinadagi suvxonasidir»ni ziyoda qilganlar. Alloh oliy va bilguvchiroqdir.
Ushbu rivoyatdan savobini ma’lum kishiga atab vaqf qilish joizligi kelib chiqmoqda.
O‘sha vaqtda musulmonlar jamoasining ehtiyojiga binoan, shu ish qilingan. Keyinchalik ushbu ma’noda turli vaqflar qilingan. Turar joylar, madrasalar, muhtojlarga maosh bo‘ladigan narsalar vaqf qilingan.
Hozirgi musulmonlar ham bu ishlardan o‘rnak olishlari kerak. Chunki vaqf sadaqai joriya bo‘ladi, undan doimiy ravishda savob yetib turadi.
Dinimizdagi vaqflar tushunchasini hozirgi kundagi xayriya jamiyatlari tushunchasiga o‘xshatish mumkin. Albatta, ikkisi o‘rtasidagi farq juda ham katta. Bu nozik farqlarni ularni sinchiklab o‘rgangan kishilar yaxshi anglab yetishlari mumkin.
A’zolari oliymaqom insoniy fazilatlar sohibi bo‘lgan ummatgina hayotga, taraqqiyotga va dunyoda peshqadam bo‘lishga loyiqdir. Mazkur oliymaqom insoniy fazilatlardan yaxshilik, xayr-ehson va mehru shafqat barq urib turadi hamda ulardan jamiyatdagi barcha tabaqalar bahramand bo‘ladilar.
Musulmonlar xuddi ana shu oliymaqom fazilatlar bilan butun dunyoga yaxshilik urug‘ini sochgan jamoa a’zolaridir. Ular Qur’oni Karim va Payg‘ambarlari Muhammad alayhissalomning hadislarida kelgan butun mavjudotga yaxshilik qilish haqidagi ta’limotlarga amal qilgan holda yaxshilik, xayr-ehson va mehr-shafqat ulashib kelganlar.
Musulmonlarning xayriya ishlarining barchasiga dinimizdagi vaqflar haqidagi ko‘rsatmalar asos bo‘lgan.
Mazkur xayriya ishlarini qilishda barcha musulmonlarga Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning o‘zlari bosh o‘rnak bo‘lganlar. U zot turli kishilar tark qilgan yettita bog‘ni miskinlar, faqirlar va hojatmandlar foydasiga vaqf qilganlar.
Keyin u zotga Hazrati Umar, Hazrati Abu Bakr, Hazrati Usmon, Hazrati Ali, Zubayr ibn Avvom, Mu’oz ibn Jabal kabi sahobalar ergashib, katta miqdordagi vaqflarni qilganlar. Asta-sekin bu xayrli ish kengayib borgan va deyarli imkoni bor bo‘lgan barcha sahoblar vaqflar qilganlar.
Bu haqda ulkan sahobiy Jobir ibn Abdulloh: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muhojir bo‘lsin, ansoriy bo‘lsin, qudrati yetgan sahobalaridan biror kishining sotilmaslik, merosga qolmaslik va hadya qilinmaslik sharti ila o‘z molidan vaqf qilmaganini bilmayman», deydilar.
Keyin kelgan musulmonlar ham bu xayrli ishni sharaf bilan davom ettirdilar. Ular hisobsiz bog‘u rog‘larni, yerlarni, hovli-joylarni va boshqa turli-tuman mulklarni vaqf qildilar. Buning oqibatida hamma taraflarga xayriya muassasalari tarqaldi.
Mazkur vaqflar ikki xil bo‘lgan:
Birinchisi – davlat tomonidan tashkil qilingan vaqflar.
Ikkinchisi – shaxslar tomonidan tashkil qilingan vaqflar.
Xayriya muassasalarining eng birinchilaridan bo‘lgani masjidlardir. Musulmonlar masjid qurishda qadimdan bir-birlari bilan musobaqa qilib kelganlar.
Shuningdek, madrasalar ham bu borada Islom ummatining alohida e’tiborga sazovor ishlaridan biridir.
Vaqflar haqida so‘z ketar ekan, shifoxonalar, mehmonxonalar, zoviya – zikrxonalar, takyalar kabi muhtojlarga atalgan muassasalar haqida alohida ta’kidlash lozim bo‘ladi.
Kambag‘alligi tufayli turar-joy qura olmaydigan, uy sotib yoki ijaraga ololmaydigan oila va shaxslarga atalgan turar-joy vaqflari ham ko‘p bo‘lgan.
Yo‘lovchi va muhtojlarga suv tarqatishga atalgan alohida vaqflar ham hamma joylarda yetarli ravishda bo‘lgan. Kishilarga turli taomlar, non, go‘sht, holva va boshqa narsalarni tarqatadigan xayriya oshxonalari ham juda ko‘p bo‘lgan.
Makkai mukarrama va Madinai munavvaraga haj hamda ziyoratga kelganlarga atalgan takiyalar ham juda ko‘p bo‘lgan. Ulardan hozirga qadar ko‘pchilik foydalanib kelmoqda.
Yo‘lovchilar, ziroatlar, hayvonlar va muhtojlarni suv bilan ta’minlash niyatida hamma joylarda quduqlar qaziydigan vaqflar ham ko‘p bo‘lgan.
Musulmonlarning xayriya ijtimoiy muassasalari qatorida yo‘l va ko‘priklarni tuzatish bilan o‘z xizmatlarini taqdim qiladigan vaqflari ham bo‘lgan.
Tashlandiq va yetim bolalarga atalgan vaqflar ularni yedirish, ichirish, kiyintirish, yashash joyi bilan ta’minlash bilan birga, ularni xatna qildirishga ham katta ahamiyat berganlar.
Shuningdek, ko‘zi ojiz, shol va nogiron kishilarga atalgan vaqflar ularning huzur-halovat ila yashashlari uchun barcha kerakli narsalarni hozir qilganlar.
Qamoqdagilarga yordam beradigan, ularga oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib beradigan vaqflar ham bo‘lgan.
Oila qurishda qiynalib qolgan yosh yigit-qizlarga oila qurishda kerakli barcha yordamlarni taqdim qiladigan vaqflar ham hamma joylarda muvaffaqiyat bilan ish olib borganlar.
Emizikli onalarni sut va qand bilan ta’minlaydigan xayriya muassasalari bo‘lib, bu kabi vaqfni birinchilardan bo‘lib, Salohuddin Ayyubiy tashkil qilgan edi. U kishi Damashq shahri qal’asi darvozalaridan biri yaqinida ikki tarnov qilib, biridan sut, ikkinchisidan qandli suv oqib turadigan qilgan edi. Onalar har haftada ikki marta kelib, bolalari uchun sut va qandli suv olib ketar edilar.
Idishlarini sindirib qo‘ygan bolalarga yordam beradigan vaqflar o‘yinqaroqlik qilib, idishlarini sindirib qo‘ygan bolalarga yangi idish berar edilar. Bolalar esa yangi idishlarni olib, xuddi hech narsa bo‘lmagandek, ota-onalari huzurlariga bemalol boraverar edilar.
Musulmonlarning xayriya tashkilotlaridan hamma barobariga foyda topar edi. Hatto qarovsiz qolgan hayvonlarga yordam beradigan xayriya tashkilotlari ham turli joylarda o‘z xizmatlarini ado etar edi.
«Hadis va hayot» kitobining 21-juzidan olindi