Koronavirus tufayli yurtimiz va ko‘plab dunyo mamlakatlarida millionlab odamlar uylarida yertayu kech qo‘noq topgan. Bu ko‘pchilik bilan ishlab o‘rgangan kishilar uchun oson bo‘lmayotgani tayin.
Ushbu muddatdan unumli foydalanish mumkin. Bunga 10 yil uyida o‘tirgan buyuk islom olimi al-Hasan ibn al-Haymiyaning hayoti yorqin misol bo‘ladi. Bu haqda Islamic Self Help nashri ma’lumot berdi.
Hasan ibn al-Xaymiya optika, astronomiya, matematika, meteorologiya, vizual idrok va ilmiy usul sohalariga katta hissa qo‘shgan mashhur musulmon olimlardan biri. U 965 yilda Iroqdagi Islomning oltin asrida tug‘ilgan, Bag‘dod olimlaridan chuqur ilm o‘rganib, yoshligidayoq mashhur olim bo‘lib yetishgan.
Kunlarning birida Misr hukmdori Ibn al-Xaymiyani Misrga taklif qilib, undan Nil daryosi bo‘yida to‘g‘on qurishni so‘raydi. Bu boradagi reja va imkoniyatlarni o‘rganib chiqqan olim bu ishning ilojsiz ekani, loyihani amalga oshirish uchun texnologiyalar yo‘qligini aytadi. Hukmdor bu xulosadan norozi bo‘lib, olimni o‘n yil uyida chiqarmay o‘tirishga buyurdi.
Ibn al-Xaymiya umidsizlikka tushmadi, balki har qanday vaziyatdan unumli foydalanim mumkinligini tushundi. U vaqtini o‘qish, tadqiqot va tajribalar o‘tkazish, turli xil ilmiy tushunchalarni o‘rganishga sarfladi va katta yutuqlarga erishdi. U optika bilan bog‘liq katta kashfiyot qildi. Ushbu sohada eng yaxshi manbalardan biri bo‘lgan “Optika” nomli kitob yozdi.
Ushbu kashfiyot odamlarga ko‘zning qanday ishlashini tushunishga, ilk kameralar modelini ishlab chiqishga yordam berdi, ko‘zoynak ixtiro qilinishiga sabab bo‘ldi. Shuningdek, bugungi kunda ham qo‘llaniladigan ilmiy usullardan birini ishlab chiqdi. Bularning barchasi u uyida turib qildi.
Ibn al-Xaymiya hayoti va faoliyati hech qachon vaqtni behuda sarflamaslik va vaqt, sharoitdan yetarlicha mahsuldorlikka ega bo‘lishni o‘rganish mumkin. Albatta, o‘n yil ko‘p muddat. Ammo bir necha haftalik uyimizdagi karantin vaqtida ham ko‘p ishlar qilishimiz mumkin.
Shu o‘rinda karantin vaqtidan unumli foydalanish bo‘yicha ba’zi maslahatlar bilan o‘rtoqlashamiz:
1. Kitob o‘qish;
2. Onlayn kurslar orqali ilm o‘rganish;
3. Kitob yoki maqola yozish;
4. Imonimizni mustahkamlash, o‘zingimiz va boshqalar uchun duo qilish;
5. Tafakkur va fikrlashga vaqt ajratish;
6. Oilamiz bilan vaqtni maroqli o‘tkazish, ularning tarbiyasi bilan shug‘ullanish;
7. Yangi g‘oyalar ustida ishlash. Bundan boshqa ko‘plab ishlarni qilish imkoniga egamiz.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollollohu alayhi vasallam dedilar: “Ikki ne’mat borki, ko‘p odam ularni boy berib qo‘yadi: sog‘liq va bo‘sh vaqt” (Sahih al-Buxoriy 6049).
Azizlar, bo‘sh vaqtingizdan unumli foydalaning! Ehtimol, shu vaqt o‘zingizni anglashingiz, butun umr yodingizda qoladigan ajoyib xotiralarga ega bo‘lishingiz, insoniyat uchun yangi kashfiyotlar qilishingiz mumkin. Balki bu vaqt ichida siz qalblar va ilm-fan kashfiyotchisiga aylanarsiz!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Alloh taolo aytadi: “Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat).
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Sizlardan ilgari yashab o‘tgan bir kishini takabburlik bilan izorini sudrab yurganida yer yutdi. U qiyomat kunigacha yer (qa’ri)ga kirib ketaveradi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Yoshligimizda ustozlar kishining kibrli yo unday emasligini donga to‘la boshoqning egilishi, donsiz boshoqning esa xuddi kibrlanganday tik turishi misolida tushuntirishgandi. Katta bo‘lib angladikki, ustozlarning maqsadi boshoq misolida kibrlanmaslikni ko‘z oldimizda qoldirish bo‘lgan ekan. Negaki, mutakabbirlikning oqibati juda ayanchli bo‘larkan.
Amr ibn Shuaybning bobosidan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Qiyomat kunida mutakabbir kimsalar odam suratidagi chumolilarga o‘xshash holda qayta tiriladi. Ularni har tomondan xorlik o‘rab oladi. Ular jahannamdagi “Bulus” deb nomlanadigan zindonga haydaladi” (Imom Termiziy rivoyati).
Kibrning sabablari turlichadir. Masalan, biror sohani o‘zlashtirgan, kerakli mutaxassisga aylangan odam o‘zini olim, boshqalarni johil sanab, nasihatni qabul qilmay qolishi, kimdir ota-bobolarining oliy nasabi bilan faxrlanib, o‘zgalarni nasabi past, deb bilishi, kimdir esa mol-dunyo tufayli g‘ururga ketishi mumkin. Yana chiroy, quvvat kabi ne’matlar ham shular jumlasidan. Ko‘plar shu sabablar tufayli “Boshqalardan ustunman”, deb o‘ylashadi. Vaholanki, Alloh bandaning chiroyiga, nasabiga, boyligiga emas, qalbiga, qilayotgan niyati va amaliga qaraydi.
Ibn Sinoning ustozi Kushyorning huzuriga bir kishi ilm o‘rganish maqsadida kelibdi. 2-3 oy o‘tsa hamki, ustozi ilm berishni boshlamagach:
– Hazrat, endi menga javob bersangiz. Uch oy bo‘ldi, dars bermadingiz. Vaqtingiz yo‘q shekilli, – debdi. Shunda ustoz:
– Men senga bajonidil dars berardim. Lekin huzurimga kelgan paytingda "bu ilmdan mening uncha-muncha xabarim bor", deya kibrlanding. O‘sha qarashing haliyam ketmadi. Men bo‘sh idishni to‘ldiraman, deb javob qilibdi.
Mol-davlatga kibrlansangiz, demak faqirsiz. O‘zingizni boshqalardan ustun ko‘radigan bo‘lsangiz, har qancha ilmingiz bo‘lmasin, johilsiz. Kishini zulmga, tug‘yonga soladigan kuch-quvvat aslida zaiflikdir. Haqiqiy boylik, martaba va ilmni tavozeli insonlardan topasiz!
Ja’farxon So‘fiyev,
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi
“Is'hoqxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi