QUR’ONI KARIM E’JOZI
SABAB BIR NЕCHTA, NOZIL BO‘LGAN NARSA BITTA BO‘LISHI
Qur’oni Karimda nozil bo‘lgan bir oyat haqida ikki xil rivoyat kelgan bo‘lib, ikkisi ham ikki xil sababni ochiq bayon qilgan bo‘lsa, ular alohida o‘rganiladi. Shunda quyidagi xolatlarning ehtimoli bo‘ladi:
Ushbu to‘rt holatdan har birining o‘ziga xos hukmi mavjud.
Birinchi holat:
Rivoyatlardan biri sahih, ikkinchisi sahih emas bo‘lgan holatda – sahihi olinadi, sahih emasi rad qilinadi.
Jundub ibn Sufyon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bemor bo‘lib, ikki-uch kecha turmadilar. Shunda u zotning huzurlariga bir ayol kelib: «Ey Muhammad, men shaytonning seni tark qilgan bo‘lsa kerak, deb umid qilaman. Ikki-uch kechadan buyon u senga yaqin kelmayotganini ko‘rmoqdaman», dedi. Shunda Alloh taolo «Choshgoh bilan kasam. Sukunatga cho‘mgan tun bilan qasam. Robbing seni tark qilgani yo‘q, g‘azab ham qilgani yo‘q» oyatlarini nozil qildi».
Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilganlar.
Tabaroniy va Ibn Abu Shayba Hafs ibn Maysaradan, u onasidan, onasi ham o‘z onasidan qilgan rivoyatda mazkur oyatning nozil bo‘lishiga Rasululloh, sollallohu alayhi vasallamning yotoqlari tagida o‘lib qolgan kuchukning chiqarib olinishi sabab bo‘ldi, degan ma’nodagi rivoyatni keltirganlar.
Ushbu ikki rivoyatdan avvalgisi – Imom Buxoriy va Imom Muslimning rivoyati sahih rivoyat bo‘lgani uchun qabul qilinadi. Ikkinchi rivoyatning isnodida zaiflik borligi uchun u qabul qilinmaydi. Aslida yotoq ostidagi kuchuk sababli vahiyning kechikkani mashhur. Ammo o‘sha hodisa biz o‘rganayotgan oyatning sababi nuzuli bo‘lishi g‘arib, ya’ni kuchsiz fikrdir.
Ikkinchi holat:
Ikkisi ham sahih, ammo ulardan birini ikkinchisidan kuchli etuvchi omili bor holatda kuchli qiladigan omili bor rivoyat olinadi, boshqasi tark qilinadi.
Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Madina xurmozorlaridan birida borar edim. U kishi bir shoxga tayanib olgan edilar. Shu payt bir guruh yahudiylarga duch keldilar. Ular bir-birlariga: «Undan savol so‘rasangiz-chi?» deyishdi. «Undan so‘ramanglar. U sizga yoqtirmagan narsangizni eshittiradi», deyishdi boshqalari. Oxiri: «Ey Abulqosim, bizga ruh haqida so‘zlab ber», deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir muddat jim turib qoldilar. Boshlarini ko‘tardilar. Men u zot sollallou alayhi vasallamga vahiy kelayotganini darxol sezdim. Vahiy nuzuli to‘xtaganidan so‘ng, u zot sollallohu alayhi vasallam:
«Va sendan rux xakida surarlar. Sen: «Rux Robbimning ishidir. Sizga juda oz ilm berilgandir», deb ayt», dedilar».
Imom Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilishgan.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Qurayshliklar yahudiylarga: «Bizga bir narsa o‘rgating, manavi odamdan so‘raylik», deyishdi. Ular: «Ru haqida so‘ranglar», dedilar. Ular u zot sollallohu alayhi vasallamdan ruh haqida so‘rashdi. Shunda «Va sendan ruh haqida so‘rarlar. Sen: «Ruh Robbimning ishidir. Sizga juda oz ilm berilgandir», deb ayt» oyati nozil bo‘ldi».
Termiziy rivoyat qilgan.
Ushbu ikki rivoyatdan birinchisida so‘rash va oyatning nozil bo‘lishi Madinada bo‘lgan. Ikkinchisida esa Makkada bo‘lgan. Birinchi rivoyat ikkinchisidan ko‘ra ikki jihatdan salmoqlidir.
Birinchi jihat – birinchi rivoyatni imom Buxoriy rivoyat qilgan. Boshqasini esa imom Termiziy rivoyat qilgan. Imom Buxoriyning rivoyati kuchli ekaniga hamma ittifoq qilgan.
Ikkinchi jihat – birinchi rivoyatning sohibi Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu hodisaning avvalidan oxirigacha o‘zlari, shaxsan ishtirok etganlar. Ikkinchi rivoyatning sohibi Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu esa hodisada ishtirok etmaganlar.
Shu nuqtayi nazardan, ba’zi ulamolar oyat Madinada nozil bo‘lgan, degan gap kuchlidir, deyishadi. Ba’zilar esa har ikki rivoyatni olib, yuqorida aytilganidek, oyat ikki marta – ham Makkada, ham Madinada nozil bo‘lgan, deyishadi.
Uchinchi holat:
Ikki rivoyat ham sahih, ulardan birining ikkinchisidan kuchli qiladigan omili ham yo‘q. Ammo ikkisini ham qabul qilish imkoni bor holatda ikkisi ham qabul qilinadi.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida Hilol ibn Umayya ayolini Sharik ibn Sahmo bilan zinoda aybladi. Shunda Rasululloh sollallou alayhi vasallam:
«Hujjat keltir, bo‘lmasa orqangga hadd uriladi», dedilar.
«Ey Allohning Rasuli, qachon birortamiz xotini ustida bir kishini ko‘rsa, hujjat izlab ketadimi?» dedi. Rasululloh sollallou alayhi vasallam:
«Hujjat keltir, bo‘lmasa orqangga hadd uriladi», deb qaytaraverdilar. Hilol:
«Sizni haq bilan yuborgan Zotga qasamki, men albatta, rostgo‘yman. Albatta, Alloh mening orqamni haddan ozod qiladigan narsani nozil qiladi», dedi.
Shunda Jabroil «O‘z juftlariga (bo‘xton) toshi otib...»dan «...agar u (er) rostgo‘ylardan bo‘lsa, o‘zi(ayol)ga Allohning g‘azabi bo‘lishini (aytishdir)»gacha oyatini olib tushdi».
Imom Buxoriy va Termiziy rivoyat qilganlar.
Abdulloh (ibn Umar) roziyallohu aghumodan rivoyat qilinadi:
«Juma kechasi biz masjidda edik. To‘satdan ansoriylardan bir kishi kelib: «Kishi o‘z ayoli bilan erkakni ushlab olsa, bu haqda gapirsa, darra urasizlar yoki o‘ldirsa, o‘ldirasizlar, jim qolsa, alamzadalikda jim qoladi. Allohga qasamki, bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan albatta so‘raymai», dedi. Ertasi bo‘lgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib: «Ey Allohning Rasuli, kishi o‘z ayoli bilan bir odamni ushlab olsa, bu haqda gapirsa, darra urasizlar yoki o‘ldirsa, o‘ldirasizlar, jim qolsa, alamzadalikda jim qoladi», dedi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Allohim! O‘zing kushoyish ber», deb duo qila boshladilar. Shunda «li’on» oyati nozil bo‘ldi: «O‘z juftlariga (bo‘hton) toshi otib, faqat o‘zlaridan boshqa guvohlari bo‘lmaganlar esa...».
Imom Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Ushbu rivoyatdagi «li’on» – «la’natlashish» oyatidan murod avvalgi rivoyatdagi «O‘z juftlariga (bo‘hton) toshi otib...» deb boshlangan oyatdir. Mazkur rivoyatda zikri kelgan ansoriy sahobiyning ismi Uvaymir Ajloniy bo‘lgan. Bu ikki rivoyatdagi hodisalar bir vaqtda sodir bo‘lgan, shuning uchun ularning ikkisi bir oyatning nozil bo‘lishiga sabab bo‘lgan.
To‘rtinchi holat:
Ikkisi ham sahih, ammo ulardan birining ikkinchisidan kuchli etuvchi omili ham, ikkisini qabul qilish imkoni ham yo‘q holatda oyatning nozil bo‘lishi takrorlangan, deyiladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Hamza shahid bo‘lib, qiymalab tashlanganida Rasulluloh sollallohu alayhi vasallam uning (jasadi) ustida turib: «Albatta, sening o‘rningga ulardan yetmishtasini qiymalayman!» dedilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o‘sha tik turgan hollarida Jabroil Nahl surasining oxirini – «Agar iqob qiladigan bo‘lsangiz, o‘zingizga qilingan iqobga o‘xshash iqob qiling. Agar sabr qilsangiz, albatta, u sabr qiluvchilar uchun xayrlidir»dan sura oxirigacha olib tushdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam to‘xtadilar va iroda qilganlaridan qaytdilar».
Hokim, Bazzor rivoyat qilishgan. Bayhaqiy «Daloil»da rivoyat qilgan.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Uxud kuni ansorlardan oltmish to‘rt kishi, muhojirlardan olti kishi musibatga uchradi. Oralarida Hamza ham bor edi. Ularni qiymalab tashlashdi. Shunda ansorlar: «Agar biz ham biror kuni ularni musibatga uchratsak, ulardan ziyoda qilamiz», dedilar.
Makka fathi kuni Alloh «Iqob qiladigan bo‘lsangiz, o‘zingizga qilingan iqobga o‘xshash iqob qiling. Agar sabr qilsangiz, albatta, bu sabr qiluvchilar uchun xayrlidir» oyatini nozil qildi».
Termiziy rivoyat qilgan.
Birinchi rivoyatga qaraganda, oyat Uhud g‘azotida nozil bo‘lgan. Ikkinchi rivoyatga qaraganda esa oyat Makka fathida nozil bo‘lgan.
Bu ikki hodisa orasida bir necha yil o‘tgan. Shunga binoan, oyatning nozil bo‘lishi takrorlangan, deyiladi.
SABAB BITTA, NOZIL BO‘LGAN
OYATLAR BIR NЕCHTA BO‘LISHI
Ko‘pchilik ulamolarning aytishlaricha, avval o‘tgan holatga tamoman zid o‘laroq, sabab bitta va nozil bo‘lgan narsa bir nechta bo‘lishi ham mumkin. Bunga hech qanday monelik yo‘q. Odamlarda qanoat hosil qilish uchun, ularni hidoyatga boshlash uchun kerak bo‘lgan narsa ortiqchalik qilmaydi. Ular bu gaplariga misollar ham keltiradilar. Ammo ba’zi ulamolar, jumladan, ustoz Fazl Hasan Abbos: «Bu holat bo‘lishi mumkin emas», deydilar. Bu guruhdagi ulamolarning gaplariga qaraganda, avvalgilarning misollari zaif va bunday holatning bo‘lishi Qur’oni Karimga to‘g‘ri kelmaydi.
QUR’ONI KARIM E’JOZI
Alloh taoloning insonga bergan ulkan ne’matlaridan biri uni yaratib, o‘z holiga qo‘yib qo‘ymaganidir. Balki yaratish bilan birga, uni ikki dunyoda saodatmand qilishni ham O‘z zimmasiga oldi. Chunki aqli qanchalik o‘tkir bo‘lsa ham, ilmi qanchalik rivojlansa ham, inson doimiy ravishda rabboniy hidoyatga muhtoj bo‘lib turadi. Shuning uchun Alloh taolo rahmat va lutfu karam ko‘rsatib, insonlarga bashorat va ogohlantirish beruvchi payg‘ambarlarni yuborib turishni iroda qilgan.
Odamlar yolg‘onchiga chiqarishlari ehtimoli kattaligidan Alloh taolo O‘z rasullarini mo‘jizalar bilan qo‘llab turishni iroda qilgan. Qur’oni Karim Muhammad sollallohu alayhi vasallamning bosh mo‘jizalari bo‘lgan. Ushbu ilohiy Kitobning mo‘jizakorligini o‘rganish «Ulumi Qur’on» ilmining mavzularidan biriga aylangan.
«Mo‘jiza» so‘zi arab tilida «ojiz qoldiruvchi» degan ma’noni bildiradi. Ulamolar istilohida esa quyidagicha: «Payg‘ambarlik da’vosini qilayotgan shaxsning Alloh taolo tomonidan tasdiqlanishiga dalolat qiluvchi g‘ayrioddiy ish mo‘jizadir».
Ushbu ta’rifdan mo‘jizaning shartlari kelib chiqadi.
Mo‘jiza Alloh taoloning ishi bo‘lishi, insonning ishi bo‘lmasligi shart.
Mo‘jiza odatdan tashqari ish bo‘lishi, odamlar odatlanib qolmagan ish bo‘lishi shart.
Mo‘jiza unga qarshi chiqish imkoni yo‘q ish bo‘lishi, odamlar unga o‘xshash narsani qila olmasliklari shart.
Mo‘jiza payg‘ambarlikni da’vo qiluvchidan sodir bo‘lishi, undan boshqadan sodir bo‘lmasligi shart.
Mo‘jiza payg‘ambarlikni da’vo qiluvchining da’vosiga muvofik bo‘lishi va payg‘ambarlikni da’vo qilganidan keyin sodir bo‘lishi shart.
Alloh taolo o‘tgan payg‘ambarlarga ham ularning haq ekanliklarini tasdiqlovchi mo‘jizalar berdi. Ba’zilariga qavmlarining talablariga binoan ham mo‘jiza ko‘rsatdi. Har bir payg‘ambar o‘ziga berilgan bosh mo‘jiza bilan boshqalaridan ajralib turadigan bo‘ldi. Ularning hammasi moddiy va hissiy mo‘jizalar bo‘lib, zamonlariga, sharoitlariga mos edi. Shu bilan birga, u mo‘jizalar payg‘ambarlar alayhimussalomning shaxslari va hayotlari bilan ham bog‘liq edi. O‘sha payg‘ambarlarning hayoti tugasa, shaxsi bu dunyodan ketsa, mo‘jiza ham tamom bo‘lar edi.
Har bir payg‘ambarning o‘z ummati yaxshi biladigan biror hunar yoki shunga o‘xshash narsadan mo‘jizasi bo‘lgan.
Fir’avn qavmi matematika, tabiat va ayniqsa sehrga juda usta edi. Shuning uchun ham Alloh taolo ularga yuborgan payg‘ambari Muso alayhissalomga bergan mo‘jizasini shularga mos qilib berdiki, avvalo ulamo va sehrgarlar Muso alayhissalom ko‘rsatayotgan narsa Alloh tarafidan berilgan ekaniga iymon keltirdilar. U kishining hassalari ilonga aylanib, sehrgarlarning sehr qilgan narsalarini yutib yubordi.
Iyso alayhissalom kelganda esa kishilar orasida tabiat ilmi va tib rivojlangan bo‘lib, ular ruhiy narsalarni inkor qilar edilar. Shunda Alloh taolo Iyso alayhissalomga ko‘r bo‘lib tug‘ilganlarning ko‘zini ochish, tuzalmaydigan kasallarni tuzatish va o‘liklarni tiriltirish mo‘jizasini berdi.
Haqiqatni aytganda, avvalgi payg‘ambarlarning mo‘jizalari vaqtinchalik mo‘jizalar edi. Chunki bu mo‘jizalar payg‘ambarlar tiriklik vaqtida o‘z ta’sirini o‘tkazib turib, ular vafot etganlaridan so‘ng yo‘qqa chiqar edi. Shuning uchun ham Alloh taolo O‘zining oxirgi shariati uchun boqiy mo‘jizani ixtiyor etdi. Butun olamlar uchun so‘nggi va umumiy Payg‘ambar qilib tanlagan habibi Muhammad alayhissalomga O‘zining Kalomini bosh mo‘jiza sifatida nozil qildi.
Hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamning shariatlari oxirgi shariat bo‘lgani, u zotning risolalari qiyomatgacha turishi lozimligi uchun Alloh taolo u zot sollallohu alayhi vasallamning bosh mo‘jizalarini moddiy emas, ma’naviy qildi, muvaqqat emas, abadiy qildi. Qur’oni Karim Nabiy sollallohu alayhi vasallamning bosh mo‘jizalaridir. Bu mo‘jiza u zot sollallohu alayhi vasallamning hayotlariga va shaxslariga bog‘lik emas. U kishidan keyin ham qiyomatgacha abadiy mo‘jiza bo‘lib turaveradi.
Lekin bu degani, Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhxi vasallamga Qur’ondan boshqa mo‘jiza bermagan, degani emas. Alloh taolo O‘zining anbiyolarining xotami Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘tgan nabiylar alayhimussalomga bergan mo‘jizalarining ko‘pini bergan. Lekin bu mo‘jizalarga u kishining payg‘ambarliklarini tasdiqlovchi alomatlar sifatida qaralgan emas. Payg‘ambarimizga berilgan mo‘jizalar haqida alohida kitoblar ham bitilgan. Misol uchun, isro va me’roj hodisalari avvalgi payg‘ambarlarga berilgan mo‘jizalardan kam emas. Ammo bunga payg‘ambarlikni tasdiqlovchi alohida mo‘u’jiza deb emas, balki hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Alloh taologa yaqinliklarining oddiy misoli sifatida qaralgan.
Qur’on mo‘jizasi – ojiz qoldirishi deganda, odamlarning unga o‘xshash narsa keltirishdan ojiz qolishlari ko‘zda tutiladi.
Qur’oni Karim o‘zining hidoyati, qonun-qoidalari, uslubi va ma’nolari bilan bashariyatni ojiz qoldirgan, qoldirib kelmoqda va shunday bo‘lib qoladi. Chunki Qur’on bashariyatning aqli taraqqiy etgan bir paytda shu taraqqiyotga mos ravishda nozil bo‘ldi. Har qanday sog‘lom fikrli kishi Qur’onni turli buzg‘unchi fikrlardan xoli bo‘lgan holda o‘rgansa, albatta, uning ilohiy mo‘jizakor kitob ekanini tan olishi turgan gap. Muhammad sollallohu alayhi vasallam hayotdan o‘tganlaridan keyin ham Qur’on mo‘jizakor xolida turibdi va qiyomatgacha turaveradi.
Qur’on nozil bo‘lishidan oldin va xususan, Qur’on nozil bo‘layotgan paytda arablarda so‘z ustaligi, adabiyot, she’r va va’zxonlik nihoyatda yuqori darajada edi. Yil davomida ular bir necha sayl va marosimlar o‘tkazib turishar edi. Xususan, Ukoz degan joyda she’r aytish va va’zxonlik qilishda katta-katta musobaqalar o‘tkazilib, mashhur va yetuk shoirlar musobaqa qatnashchilariga baho qo‘yar edilar.
Arablarning bunday so‘z ustaligiga ikki sabab bor edi: ular qabila-qabila bo‘lib yashar edilar. Bunday hayot esa o‘zaro tortishuv, urush va faxrlanishlarga sabab bo‘ladi. Har bir qabila boshqa qabilalar oldida ustunligini ko‘rsatish uchun o‘zining usta shoiriga ega bo‘lishga intilar edi. Shu bilan birga, bu shoir boshqa qabilalarni hajv qilishi ham kerak edi. Shuning uchun ham ular shoirlik va so‘z ustaligiga katta ahamiyat berar, shoirlarni va so‘z ustalarini nihxoyatda qadrlar edilar.
Shunday bir paytda Qur’oni Karim o‘zining ajoyib uslubi, shifobaxsh hikmatli so‘zlari bilan paydo bo‘lib, iztirobda va tartibsiz hayot kechirayotgan Arabiston yarim orolidagi xalqlarning qalbiga yo‘l topdi.
Albatta, Qur’on o‘sha paytdagi shoirlar va so‘z ustalarining asarlaridan juda ham ustun turganligidan shunday muvaffaqqiyatga sazovor bo‘ldi. Arablar ham Qur’on ularni ojiz qoldirganidan so‘ng hech narsa deya olmay qoldilar. Qur’onni eshitgan paytda arab so‘z ustalarining eng kattalari ham unga bosh egdilar. Qur’on qarshisida mashhur shoirlarning ham tili tutilib qoldi.
Mushriklarning katta rahbarlaridan bo‘lmish Valid ibn Mug‘iyra ham Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan Qur’on tilovatini eshitganidan keyin ko‘ngli erib, o‘z qavmi – Banu Mahzum qabilasiga borib: «Allohga qasamki, men hozirgina Muhammaddan bir kalom eshitdim, u basharning kalomi emas. Unda bir halovat bor, unda bir lazzat bor. Uning usti serhosil, osti serbaraka. Albatta, u oliy bo‘ladi, hech narsa undan oliy bo‘la olmaydi», degan edi.
KЕYINGI MAVZULAR:
Qur’onning arablarni bellashuvga chorlashi;
Qur’oni Karimning bayoniy e’jozi;
Qur’oni Karimning ilmiy e’jozi;
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Internet, telefon va shu kabi boshqa jihozlarda harom narsalarni tomosha qilish.
Alloh taolo aytadi: «Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini tiysinlar, iffatini saqlasinlar. Mana shu ular uchun poklikdir. Alloh bandalarning nima qilayotganidan xabardordir» (Nur surasi, 30-oyat).
Alloh taolo «Mana shu ular uchun poklikdir» deganida ko‘zni tiyish bilan mo‘minlarning hayoti yanada pokiza, yanada go‘zal bo‘lishini nazarda tutgan. Lekin banda ko‘zini tiymasa, buning aksi bo‘ladi.
Bu – qizlarda ko‘p uchraydigan holat. Kimki ko‘zini haromdan tiyib yashayotgan bo‘lsa, uning hayotda xotirjam, sokin, qanoatli ekanini ko‘rasiz. Lekin kim ko‘zining jilovini qo‘yib yuborgan bo‘lsa, tushkunlikda, hayotdan norozi bo‘lib yashayotganiga guvoh bo‘lasiz.
Demak, qiz bolaning xursand yoki tushkun kayfiyatda yashashi uning ko‘zlari nima bilan mashg‘ul ekaniga bog‘liq ekan. U ko‘zini tiymasdan, haromga nazar tashlagan paytda o‘zini ruhi singan, mahzun holda ko‘radi. Ko‘zini haromdan saqlagan paytlarda esa o‘zini baxtu saodat ichida topadi.
Bir qiz aytadi: «Internetda filmlar, qisqa videolar tomosha qilishni shunchaki ko‘ngilxushlik, xursandchilik deb hisoblardim. Ularni qiziqib tomosha qilardim, lekin ko‘rib bo‘lgach, sababi aniq bo‘lmagan mahzun holatga tushib qolardim. Nihoyat, bir kuni bu holatimning sababini topdim. Men ko‘nglimni yozish uchun ko‘rayotgan kinolarda behayo va ayanchli sahnalar ko‘p bo‘lardi. Mana shunday harom narsalarni tomosha qilish qayg‘uga botib qolishimga, mahzun holatga tushib qolishimga sabab bo‘lar ekan. Shundan keyin o‘zim bilan o‘zim kurasha boshladim. Yomon sahnalar ko‘rsatilgan paytda boshqa kanalga olib qo‘yadigan yoki kompyuterni o‘chirib qo‘yadigan bo‘ldim. Nafsimning xohishlariga qarshi turish ancha qiyin bo‘ldi, lekin Alloh harom qilgan narsalardan ko‘zimni saqlaganim uchun xursand bo‘lardim».
Ba’zi qizlar «Oyatdagi ko‘zni tiyish faqat erkaklarga xos buyruq, chunki ayolda erkakni fitnaga soladigan narsalar bor. Shuning uchun erkaklar ayollarga qaramay, ko‘zini tiyishi kerak. Erkak kishida esa ayolning his-tuyg‘ularini junbushga keltiradigan narsa yo‘q. Shuning uchun ayolning erkaklarga qarashida hech qanday muammo yo‘q», deyishadi.
Bu mutlaqo noto‘g‘ri. Ayol kishida erkakning his-tuyg‘ulariga ta’sir qiladigan jihatlar bo‘lganidek, erkaklarda ham ayollarning aqli va his-tuyg‘ularini uyg‘otadigan omillar bor.
Erkak kishi ayolning nozik, kelishgan qomatiga, husniga qarab, unga qiziqadi. Ayol kishini esa erkakning ko‘rkam jismi, boyligi, atirining xushbo‘y hidi, qat’iyati, jur’ati va boshqa o‘ziga xos jihatlar o‘ziga rom qiladi.
Ayollar ham, erkaklar ham nafaqat qarama-qarshi jinsga nazar solish, balki o‘zi kabi jins vakillarining ham avratiga qarash ham haromdir.
Demak, shariatimizda ayol kishi boshqa bir ayolning avratiga qarashdan, biror joyini ushlashdan qaytarilgan. Faqatgina tibbiy muolaja va shu kabi zarurat bo‘lganda shariat bunga ruxsat beradi.
Alloh taoloning oyatlariga ahamiyat beradigan bo‘lsak, U Zot barcha mo‘minlarga – erkagu ayollarga murojaat qilganida «Ey iymon keltirganlar!» deb xitob qiladi. Bu xitob iymon keltirgan har qanday erkak va ayolga tegishli bo‘ladi.
Buning yorqin misoli ushbu oyatdir:
«Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyad taqvo qilsangiz» (Baqara surasi, 183-oyat.)
Bu oyatdagi xitob erkagu ayol mo‘minlarga qaratilgan, shuning uchun ro‘za tutish barchaga barobar farz qilingan. Buni quyidagi oyatda ham ko‘rishimiz mumkin:
«Ey iymon keltirganlar! Agar mo‘min bo‘lsangiz, Allohga taqvo qiling va riboning sarqitini ham tashlang» (Baqara surasi, 278-oyat).
Bu oyatda erkak ham, ayollar ham sudxo‘rlik qilmaslikka buyurilgan. Demak, Alloh taoloning Kitobidagi qoida shunday: «Ey iymon keltirganlar» degan xitob erkagu ayollarni ajratmaydi, barcha mo‘min va mo‘minalarga qaratilgan bo‘ladi. Alloh taolo mo‘minu mo‘minalarga biror narsani buyursa, ularga «Ey iymon keltirganlar», deb xitob qilgan. Lekin mo‘minlarga ko‘zni tiyishni buyurganida erkaklarni ham, ayollarni ham o‘z ichiga oladigan umumiy xitob bilan yuzlanmadi, balki erkaklarga alohida oyatda, mo‘minalarga keyingi oyatda buyurdi:
«Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini tiysinlar, iffatlarini saqlasinlar. Mana shu ular uchun poklikdir. Alloh ularning nima qilayotganidan xabardordir. Mo‘minalarga ayting, ko‘zlarini tiysinlar, iffatlarini saqlasinlar, zohir ziynatlaridan boshqasini ko‘rsatmasinlar, ro‘mollari bilan ko‘kslarini to‘sib yursinlar...» (Nur surasi, 30-31-oyatlar).
Nima uchun Alloh taolo ko‘zni haromdan tiyishga buyurish uchun mo‘minalarga alohida oyat nozil qilmadi? Nima uchun erkaklar bilan ayollarga bitta oyatda birgalikda buyurmadi? Ehtimol, bundan maqsad – muslima ayol ko‘zni tiyish qanchalik muhim ekanini anglab yetishidir? Toki ayollar bu buyruq faqat erkaklarga qaratilgan, deb o‘ylab qolmasin. Chunki ayol kishi (qiz bola ham) begonalarning avratiga qarasa, hayoti barbod bo‘ladi, qalbi mahzunlikka to‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ko‘zning zinosi – (nomahramga) qarashdir», deganlar.
Boshqa bir rivoyatda «Ko‘z ham zino qiladi. Ko‘zning zinosi – (nomahramga) qarashdir», deyilgan («Sahihul Buxoriy»).
Mana shu oyatga ko‘ra, kim ko‘zi bilan zino qilsa-yu, tavba qilmasa, Qiyomatda uqubatga duchor bo‘ladi. Uqubat jahannamdagi bir vodiy bo‘lib, u yerda zinokorlar azoblanadi. Kimki zinokorlar vodiysiga tushadigan bo‘lsa, uning uchun azob ko‘proq bo‘ladi, u yerda xor bo‘lib, abadiy qolib ketadi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.