Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Oktabr, 2025   |   13 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:06
Quyosh
06:24
Peshin
12:16
Asr
16:13
Shom
18:02
Xufton
19:14
Bismillah
05 Oktabr, 2025, 13 Rabi`us soni, 1447

Baloga uchramaslik uchun o‘qiladigan duo

25.03.2020   6595   3 min.
Baloga uchramaslik uchun o‘qiladigan duo

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alloh taologa beadad hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga durudu salavotlar bo‘lsin.

 

Baloga uchramaslik uchun o‘qiladigan duo

Ba’zan ko‘cha-ko‘yda, yo‘lda, bozor va yana boshqa yerlarda turli musibatga uchragan, sinovga mubtalo bo‘lganlarni uchratamiz. Masalan, avtohalokat hodisasi, yong‘in, biror kasallikka chalingan va h.k.

Kimdir ularni holini ko‘rib achinadi, yordam berishga harakat qiladi, bunga imkoniyati yetmasa haqiga duo qiladi. Ba’zilar esa “ko‘ziga qarasa bo‘lmaydimi”, “hammasiga o‘zi sababchi”, “o‘zini ehtiyot qilsa bo‘lmasmidi” kabi turli “tanbeh”larni beradi. Yana boshqalar darhol cho‘ntagidan qo‘l telefonini chiqarib suratga, videoga olishga “oshiqadi”.

Aslida har bir banda sinovga duchor bo‘luvchidir. Zero, bu dunyo – sinovlar maydoni. Undagi bir sinovning ortidan to‘xtamay ikkinchisi, uchinchisi..... yetib keladi. Ha, hayot aslida ana shunday bitmas-tuganmas imtihonlar zanjiridir. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Odamlar: “Imon keltirdik”, deyishlari bilangina, sinalmagan hollarida qoldiriladilar, deb o‘yladilarmi?! Biz ulardan oldingi (imonli) kishilarni sinagan edik-ku!» (Ankabut surasi, 2-3 – oyatlar).

Banda duchor bo‘lgan va bo‘ladigan barcha sinovlar Alloh taoloning xohish-irodasi bilan bo‘ladi. Alloh xohlagan ish bo‘lmay qolmas va xohlamagan ish aslo bo‘lmas. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Xoh yerga va xoh o‘zlaringizga biror musibat yetsa, Biz uni paydo qilishimizdan ilgari Kitobda (Lavhul-mahfuzda bitilgan) bo‘lur. Albatta, bu Allohga osondir” (Hadid surasi, 22-oyat).

Muhimi musibat yetganda, sinovga uchraganda yolg‘iz Alloh taolodangina yordam so‘rash, O‘zidangina umidvor bo‘lish, sabr qilib ulug‘ ajrni qo‘lga kiritishga intilish lozim. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey, Muhammad)!” (Baqara surasi, 155-oyat).

Xo‘sh, mo‘min bandaning birodarini musibatga, baloga uchraganini ko‘rganda odobi qanday bo‘lmog‘i lozim? Har bir ishda ummatlariga o‘rnak bo‘lgan sevikli Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday holatda ushbu duoni o‘qishni ta’lim berganlar:

 الحمد لله الذي عافاني مما ابتلاك به وفضلني على كثير ممن خلق تفضيلا لم يصبه ذلك البلاء

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim baloga uchragan kishini ko‘rganda “Alhamdu lillahillaziy a’faniy mimmaa ibtalaaka bihi va fazzalaniy a’la kasiyrin mimman xolaqa tafziylan” desa, unga o‘sha balo yetmaydi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Alloh taolo barchamizni turli balo-ofat va kasalliklardan O‘z panohida saqlasin. Nusrat, ofiyat ato etsin. Xuzur-halovatda, tinch, osoyishta, iymon lazzatidan bahramand holatda hayot kechirishimizni nasib aylasin.

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Payg‘ambar hokimiyatining vaqt chegaralari

30.09.2025   4956   8 min.
Payg‘ambar hokimiyatining vaqt chegaralari

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hukmronlik vakolatlarining ikki ko‘rinishi mavjud:

  1. Qur’on o‘z ichiga olgan yangi hukmlarni joriy etish;
  2. Qur’on hukmlarini tafsirlash, sharhlash.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boshqa vakolatlarini tahlil etish uchun, yana bir savolga javob berish kerak bo‘ladi.

Sunnatni tan olmaydigan toifalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Qur’on oyatlarini sharhlash va hukmlarni bayon qilish bo‘yicha vakolatlari u zot alayhissalomning hayotlik, sahobalarga murojaat va ularni boshqarayotgan vaqtlari bilan chegaralanadi. Shu sababli, payg‘ambarlik vakolati faqat ularga tegishli va ulardan keyingi avlodlarga tegishli hisoblanmaydi.


Keling, o‘zimizga savol beraylik: haqiqatdan ham payg‘ambarlik vakolatining vaqt chegaralari bormi yoki u abadiymi?

Juda ko‘p dalillarga ko‘ra, musulmonlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga rahbarga itoat etgandek bo‘ysunishlari kerak emas. Balki payg‘ambarga itoat etgandek itoat etishlari lozim. Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vakolatlari rahbarlik bilan cheklanganda, haqiqatda uning hukmronligi bilan chegaralangan bo‘lardi.

Yana bir savol. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir millatga yoki ma’lum davrga mos edimi yo u zot alayhissalomning elchilik vazifalari butun insoniyatga va to Qiyomatga qadar davom etadimi? Keling bu savolga javobni Qur’ondan qidirib ko‘raylik.

قُلۡ يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّاسُ إِنِّي رَسُولُ ٱللَّهِ إِلَيۡكُمۡ جَمِيعًا

"Ayting (ey, Muhammad!): Ey, odamlar! Men sizlarning barchangizga (yuborilgan) Allohning rasuli (elchisi)dirman" (A’rof surasi, 158-oyat).


وَمَآ أَرۡسَلۡنَٰكَ إِلَّا كَآفَّةٗ لِّلنَّاسِ بَشِيرٗا وَنَذِيرٗا وَلَٰكِنَّ أَكۡثَرَ ٱلنَّاسِ لَا يَعۡلَمُونَ

"(Ey, Muhammad!) Biz Sizni, haqiqatan, barcha odamlarga xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi bo‘lgan holingizda (payg‘ambar qilib) yubordik. Lekin odamlarning aksariyati (bu haqiqatni) bilmaslar" (Saba’ surasi, 28-oyat).
 

وَمَآ أَرۡسَلۡنَٰكَ إِلَّا رَحۡمَةٗ لِّلۡعَٰلَمِينَ

"(Ey, Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz" (Anbiyo surasi, 107-oyat).


تَبَارَكَ ٱلَّذِي نَزَّلَ ٱلۡفُرۡقَانَ عَلَىٰ عَبۡدِهِۦ لِيَكُونَ لِلۡعَٰلَمِينَ نَذِيرًا 

"Olamlar (insonlar va jinlar)ga ogohlantiruvchi bo‘lishi uchun O‘z bandasi (Muhammad)ga Furqon (Qur’on)ni nozil etgan zot barakotli (buyuk)dir" (Furqon surasi, 1-oyat).


وَأَرۡسَلۡنَٰكَ لِلنَّاسِ رَسُولٗاۚ وَكَفَىٰ بِٱللَّهِ شَهِيدٗا

"Sizni odamlarga payg‘ambar qilib yuborganmiz. Guvohlikka (esa) Alloh (O‘zi) yetarlidir" (Niso surasi, 79-oyat).


يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّاسُ قَدۡ جَآءَكُمُ ٱلرَّسُولُ بِٱلۡحَقِّ مِن رَّبِّكُمۡ فَ‍َٔامِنُواْ خَيۡرٗا لَّكُمۡۚ وَإِن تَكۡفُرُواْ فَإِنَّ لِلَّهِ مَا فِي ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضِۚ وَكَانَ ٱللَّهُ عَلِيمًا حَكِيمٗا 

"Ey, odamlar! Payg‘ambar sizlarga Robbingizdan haq narsa (Islom)ni keltirdi. Bas, iymon keltiringiz. (Shunda) o‘zingiz uchun yaxshi bo‘lur. Bordi-yu, inkor etsangiz, bas, osmonlaru Yerdagi narsalar Allohnikidir. Alloh bilim va hikmat sohibidir" (Niso surasi, 170-oyat).

Yuqoridagi besh oyatni sharhlashga hojat yo‘q. Ushbu oyatlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ma’lum bir jamoaga emas balki, butun insoniyatga payg‘ambar bo‘lib yuborilganliklari, u zot alayhissalomning payg‘ambarliklari vaqt yoki zamon bilan chegaralanmasligi ta’kidlanadi.

Oltinchi oyatda esa, butun insonlarga Payg‘ambar alayhissalomga iymon keltirish buyurilyapti. Qiyomatga qadar keladigan insonlarning barchasi o‘z payg‘ambariga iymon keltirmog‘i shartdir.

Qolaversa, Qur’oni karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oxirgi payg‘ambar ekanliklari va u zot alayhissalomdan keyin boshqa payg‘ambar kelmasligi alohida ta’kidlangan:


مَّا كَانَ مُحَمَّدٌ أَبَآ أَحَدٖ مِّن رِّجَالِكُمۡ وَلَٰكِن رَّسُولَ ٱللَّهِ وَخَاتَمَ ٱلنَّبِيِّ‍ۧنَۗ وَكَانَ ٱللَّهُ بِكُلِّ شَيۡءٍ عَلِيمٗا 

"Muhammad sizlarning erkaklaringizdan birortasiga ota emasdir, balki u Allohning elchisi va payg‘ambarlarning muhridir. Alloh barcha narsani biluvchi zotdir" (Ahzob surasi, 40-oyat).

Bu oyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg‘ambarlar zanjirining oxiri ekanliklari aniq ko‘rsatilgan. Ilgari, ba’zi xalqlarga payg‘ambarlar yuborilgan boshqa payg‘ambarlar ularga ergashgan. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin payg‘ambar bo‘lmagan va bo‘lmaydi.

Shunday qilib, Nabiy alayhissalomning payg‘ambarliklari to qiyomatga qadar barcha xalqlarga tegishlidir. Payg‘ambarimiz buni quyidagicha izohlaydilar.


كَانَتْ بَنُو إِسْرَائِيلَ تَسُوسُهُمُ الأَنْبِيَاءُ كُلَّمَا هَلَكَ نَبِىٌّ خَلَفَهُ نَبِىٌّ وَإِنَّهُ لاَ نَبِىَّ بَعْدِى وَسَيَكُونُ خُلَفَاءُ فَيَكْثُرُونَ

"Banu Isroilni anbiyolar boshqarar edi. Har safar biror nabiy o‘lsa, uning o‘rniga bir nabiy qolardi. Albatta, mendan keyin nabiy yo‘q, faqat xalifalar bo‘ladi. Ular ko‘p bo‘lishadi", (Imom Buxoriy rivoyati).

Agar payg‘ambarlik muddati vafot etish bilan chegaralanganda, kelajakdagi insonlar payg‘ambar boshqaruvisiz qolgan bo‘lishardi. Zero, Alloh taolo hech qachon bandalarini payg‘ambarsiz qoldirmagan. Bundan Payg‘ambar alayhissalom barcha xalqlarga abadiy elchi bo‘lganlariga shubha yo‘qligi ma’lum bo‘ladi.


Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarlik vakolati haqiqiy emasligini va bugungi kunda musulmonlar unga bo‘ysunishga va unga ergashishga majbur emasligini ko‘rsatadigan birorta asos yo‘q.

Yana bir muhim dalil. Birinchi bobda ta’kidlaganimizdek, Alloh taolo ilohiy kitobni Rasulsiz yubormagan. Payg‘ambarlar kitobni o‘rgatishlari va tushuntirishlari kerak. Payg‘ambar alayhissalomning batafsil tushuntirishisiz farz namozini o‘qish usuli haqida hech kim bilmasligini ham yuqorida isbotlab o‘tildi.

Shu o‘rinda yana bir savol tug‘iladi: faqat Payg‘ambar davridagi arablar bu tushuntirishlarga muhtoj bo‘lishganmi? Makka arablari uchun Qur’on tili bizga qaraganda yaqinroq edi. Ular Payg‘ambar alayhissalomga zamondosh bo‘lishgan va Qur’on nozil bo‘lishining barcha shartlarini yaxshi bilishgan. Ular Payg‘ambarning og‘zidan Qur’oni karim oyatlarini oldilar va matnni to‘g‘ri tushunish uchun barcha shart -sharoitlar bilan yaxshi tanish edilar. Biroq, ular Payg‘ambarimizning tushuntirishlariga muhtoj edilar. Xo‘sh, qanday qilib XIV asrdan keyin, bu afzalliklardan mahrum bo‘lgan odamlar, Payg‘ambarning izohlariga muhtoj bo‘lmasin?

Biz arab tili va Qur’on uslubini bilish darajasida emasmiz, chunki ular Qur’oni karim nozil bo‘lgan va ular ishtirok etgan sharoitda hech qachon bo‘lmaganmiz. Agar ularga Qur’onni sharh, tafsir qilishda Payg‘ambarimiz qanchalik kerak bo‘lgan bo‘lsa, biz undan ham ko‘ra ko‘proq muhtojmiz.

Agar Qur’oni karimning qudrati vaqt chegarasi bo‘lmasa, uning oyatlari jamiki xalqlarning hamma avlodlari uchun majburiy bo‘lsa, Rasulullohning payg‘ambarliklari ham barcha makon va zamonlarga tegishli sanaladi.


Qur’oni karimda nafaqat Makka va Madina arablariga, balki barcha iymon keltirganlarga Payg‘ambarlarga itoat qilish buyuriladi:

يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓاْ أَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَأَطِيعُواْ ٱلرَّسُولَ

Ey, iymon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz!(Niso surasi, 59-oyat).


Agar Allohga itoat hamisha Payg‘ambarga bo‘ysunish bilan birgalikda kelgan bo‘lsa, demak, uni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi.
 

Agar Alloh Robbimiz bo‘lsa, Uning hukmronligi abadiy bo‘lsa, Payg‘ambarning vakolati ham barcha zamonlarda davom etadi. Qur’oni karim Alloh va Rasulini ajratishdan ogohlantiradi:

إِنَّ ٱلَّذِينَ يَكۡفُرُونَ بِٱللَّهِ وَرُسُلِهِۦ وَيُرِيدُونَ أَن يُفَرِّقُواْ بَيۡنَ ٱللَّهِ وَرُسُلِهِۦ وَيَقُولُونَ نُؤۡمِنُ بِبَعۡضٖ وَنَكۡفُرُ بِبَعۡضٖ وَيُرِيدُونَ أَن يَتَّخِذُواْ بَيۡنَ ذَٰلِكَ سَبِيلًا ١٥٠ أُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلۡكَٰفِرُونَ حَقّٗاۚ وَأَعۡتَدۡنَا لِلۡكَٰفِرِينَ عَذَابٗا مُّهِينٗا 

"Allohga va payg‘ambarlariga kufr keltiruvchilar, Alloh bilan payg‘ambarlari o‘rtasini uzishni xohlovchilar, biriga ishonamiz, biriga ishonmaymiz, deb o‘rtacha yo‘l tutuvchilar, ana o‘shalar haqiqiy kofirlardir. Kofirlarga esa xor etuvchi azobni tayyorlab qo‘yganmiz" (Niso surasi, 150-151 – oyatlar).

Binobarin, Payg‘ambar alayhissalomning buyruqlariga bo‘ysunish iymonning ajralmas qismidir. Uni rad etish – bu ulkan xatoga yo‘l qo‘yishdir.

 

"Islom shariatida sunnatning o‘rni" kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi