Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Yanvar, 2025   |   1 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:14
Quyosh
07:35
Peshin
12:41
Asr
15:56
Shom
17:41
Xufton
18:57
Bismillah
31 Yanvar, 2025, 1 Sha`bon, 1446

Islom tarixi: NUBUVVAT VA RISOLATNING MA’NOSI

23.03.2020   4768   24 min.
Islom tarixi: NUBUVVAT VA RISOLATNING MA’NOSI

 

FIL YILI. KA’BANI BUZISHGA URINISH

Habashiston Yamanni bosib olgach, Habashiston podshohi Yamanga Abrahani hokim etib tayinladi. Abraha barcha habashistonliklar qatori nasroniy dinida edi. U Yaman poytaxti San’o shahrida juda dabdabali, serhasham cherkov qurdirib, unga «Qullays» deb nom berdi. Arablarni Ka’badan burib, cherkovida haj qildirmoqchi bo‘ldi. Barcha urinishlari puchga chiqqanidan so‘ng, kuch ishlatish yo‘li bi­lan niyatiga erishmoqchi bo‘ldi.

Abraha Ka’bani buzib tashlab, hammani o‘z cherkoviga burishni maqsad qildi. Shu maqsadda katta lashkar to‘pladi. Urushga kerak bo‘ladigan barcha narsalarni oldi. Arablarning qalbiga dahshat solish uchun fillarni ham olib, Makkaga qarab yurish qildi. Yo‘lda hech qanday qarshilikka uchramay, Toif shahri tarafdan Makkaga yaqinlashib, askarlari bilan Makkadan 4-5 km uzoqlikdagi Mug‘ammas degan joyga kelib tushdi.

So‘ng Makkaga odam yuborib, u yerning ulug‘ini olib kelishga buyurdi. U borib, Banu Hoshim urug‘i rahbari Abdulmuttalibni yetaklab keldi. Abdulmuttalib gavdali, xushbichim, sersavlat va viqorli odam edi.

Abraha uni ko‘rganda qoyil qoldi, taxtidan tushib, peshvoz chiqdi. U bilan birga gilam ustida o‘tirdi va tarjimonga: «Undan so‘ra, menda nima hojati bor ekan?» dedi.

«Askarlaring mening ikki yuzta tuyamni haydab ketishibdi, shularni qaytarib bersang», dedi Abdulmuttalib.

Abraha tarjimonga: «Unga ayt! Kelganingda seni ko‘rib, qoyil qolgan edim. So‘zingni eshitib, hafsalam pir bo‘ldi. Sening va ota-bobolaringning dini bo‘lgan Ka’bani buzgani kelib turibman-u, sen uni so‘ramay, tuyalaringni so‘rayapsan», dedi.

«Men tuyaning egasiman, Ka’baning o‘z egasi bor, uni himoya qilib oladi», dedi Abdulmuttalib.

«Mendan himoya qilolmaydi», dedi Abraha.

Bunga javoban «Bilganingni qilaver», dedi Abdulmut­talib.

Unga tuyalarini qaytarib berishdi. Abdulmuttalib Makkaga qaytib, odamlarni toqqa chiqib ketishga buyurdi. O‘zi bir necha kishi bilan Ka’baga bordi va halqasini ushlab turib, yolvorib duo qildi. So‘ng ular ham toqqa chiqib ketishdi.

Abraha askaru fillarini to‘plab, Ka’bani buzishga yurmoqchi bo‘ldi. Lekin Mino bilan Muzdalifa o‘rtasidagi Muhassir[1] vodiysida katta fil yotib olib, hech o‘rnidan turmadi. Boshqa tarafga burishsa, tezlab yurar, lekin Makka tarafga burishsa, yana yotib olardi.

Shu payt Allohning irodasi bilan Qizil dengiz tarafidan to‘p-to‘p, qaldirg‘ochsimon va chug‘urchuqsimon qushlar uchib kelib, dushmanlar ustiga no‘xatday, moshday, yasmiqday sopol toshchalarni yog‘dira boshladi. Qo‘shindagilar bir-birini bosib-yanchib qocha boshlashdi. Toshlar kimga tegsa, joyida o‘laverdi. Lashkarning asosiy qismi qirilib ketdi. Toshchalar ularni xuddi qurt-qumursqalar chaynab tashlagan somon kabi ilma-teshik qilib yubordi. Abrahaning jasadi uzilib-uzilib tusha boshladi. Uni ko‘tarib, San’ogacha olib borishdi va o‘sha yerda uning ham joni uzildi. Ta’kidlash lozimki, toshlar ularning hammasiga ham tegmagan. Salomat qolganlari yurtlariga qaytib ketishgan. Ba’zilarining ko‘zlari ko‘r bo‘lib, Makkada tilanchilik qilib yurishgani rivoyat qilinadi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuning Ummu Honi’ roziyallohu anhonikida ushbu toshchalarning bir qafiz (33 litr) sig‘imli idishga solib qo‘yilganini ko‘rganlari rivoyat qilingan. Toshchalar aqiqning yo‘l-yo‘l, taram-taram bir turi kabi qizg‘ish bo‘lgani aytiladi.

Ushbu olamshumul voqea milodiy 571 yilning fevral oyi oxiri – mart oyi boshlarida, ya’ni qish fasli tutab, bahorning boshlanishida bo‘lib o‘tgan.

Bu vaqtda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hali tug‘ilmagan, onalari u zotga homilador edilar.

Ushbu Fil hodisasi arablar nazdida juda katta ahamiyatga molik bo‘ldi. Ular tarixni ana shu yildan boshlab belgilay boshlashdi. Mana shu yili Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyoga keldilar.

Shu o‘rinda eslab o‘tish lozimki, Baytul maqdis tarixida ham ikki marta bosqinchilik yuz bergan. Banu Isroilning qiblasi bo‘lgan bu muqaddas uyga butparast mushriklar ikki marta (mil. avv. 587 yil zolim podshoh Buxtanassor II qo‘shini va milodiy 70 yili esa rumliklar) bosqin uyushtirib, ikkisida ham Baytul maqdisni ishg‘ol qilishgan. Holbuki, bu Bayt aholisi o‘sha paytda ahli kitob edilar.

Habash nasroniylari Ka’bani istilo qila olishmadi. Holbuki, ular ahli kitob, Ka’baning aholisi esa mushrik edi. Keyinchalik Makka ahlidan Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga payg‘ambarlik kelganida bu ishning siri ochildi!

Arablarning iqtisodlari

Arablarga ko‘ra, eng katta boylik manbalaridan biri tijorat edi. Joxiliyat davrida arablar tijorat borasida juda katta shuhrat qozonishgan edi. Quraysh qabilasiga ko‘ra, tijorat hayotning qon tomiri hisoblanardi. Qur’oni Karimning Quraysh surasida ham bu narsa aytib o‘tilgan. Ular qishda Yamanga, yozda esa Shom o‘lkasiga safar qilishar edi.

 

FATRAT ZAMONI – IKKI PAYG‘AMBAR ORALIG‘IDAGI DAVR

Arabiston yarimoroli Ismoil alayhissalomdan keyii uzoq muddat ilohiy ta’limotlardan kesilib qolgan edi, Rasululloh alayhissalotu vassalom payg‘ambar qilib yuborilgunlaricha ilohiy ta’limotlar bo‘lmagan. Bu paytga kelib Alloh subhanahu va taolo ilohiy ta’limotlarni nafaqat Arabiston yarimorolidan, balki butun dunyodan kesib qo‘ygan edi. U Zot Iyso alayhissalomni osmonga ko‘tarib olganidan so‘ng milodiy 610 yilgacha, hijratdan avvalgi 13 yilgacha bo‘lgan muddat «fatrat zamoni» deyiladi. Bu «paygambarlik kesilgan muddat» deganidir.

Bu orada kishilik jamiyati nihoyatda pala-partish holatga keldi. Kishilarda payg‘ambarlarga bo‘lgan ehtiyoj kuchaydi. Insoniyatni xatolardan qaytarish va to‘g‘ri yo‘lga boshlash zarur edi. Xususan, samoviy dinlar buzib yuborilgandan keyin buning ahamiyati yana ham oshib ketdi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shuning uchun ham butun insoniyatga hidoyatchi rasul qilib yuborildilar.

Islomdan oldingi qadimgi tarixni qisqacha ifodalaydigan bo‘lsak, Alloh taolo bashariyatni yaratdi. Ularga payg‘ambarlar yuborib, O‘zining ibodatiga chaqirdi, yer yuzida shariatining qoim bo‘lishini iroda qildi. Odam alayhissalom birinchi bashar bo‘lishlari bilan birga, birinchi nabiy ham edilar. Ketma-ket bir qancha tamaddunlar, birin-ketin nabiylar va rasullar keldi. Eng qadimgi tamaddun Iroqda, Misrda, Shomda, Arabiston yarimorolida yuzaga keldi.

Sumariylar, akkodiylar, iylomiylar, bobiliylar, oshuriylar va kaldoniylar tamaddunlari Iroqning eng muhim tamaddunlaridan sanaladi.

Ushbu yurtlarning nabiylari esa Nuh alayhissalom, Ibrohim alayhissalom va Yunus alayhissalomlardir.

Ammuriylar, finikiylar, kan’oniylar, oromiylar, so‘ng anbotlar va tadmuriylar, ulardan keyin g‘assoniylar va munziriylar tamaddunlari Shom o‘lkasining eng ahamiyatli tamaddunlari hisoblanadi.

Shom yurtlarida yashab o‘tgan rasul va nabiylarning ba’zilarini eslab o‘tamiz: Lut, Is'hoq, Ya’qub, Ayyub, Al-Yasa’, Ilyos, Dovud, Sulaymon, Zakariyo, Yahyo va Iyso alayhimussalom. Ular Banu Isroil qabilasidan bo‘lib, hammalari o‘sha Banu Isroilga va boshqalarga ham payg‘ambar qilib yuborilganlar.

Misrda esa fir’avnlar tamadduni, shuningdek, Hiksus (Giksos) tamadduni ham vujudga keldi.

Yusuf va Muso alayhimassalom Misr nabiylaridandir.

Arabiston yarimorolida Od, Samud, Madyan ahli kabi qavmlar yashab o‘tishdi. Yaman tamaddunida Ma’in, Saba’, Qimyar va Qitbon kabi qabilalar, Ma’rib to‘g‘oni barbod bo‘lganidan keyin esa hijrat qilgan qabilalar mashhur bo‘lishdi. So‘ng u yerda habashlar va Ismoil alayhissalomning zurriyotlari hukmronlik qilishdi.

Arabiston yarimorolining nabiylari Hud, Solih, Shuayb va Ismoil alayhimussalomdir.

Shuningdek, yer yuzida boshqa tamaddunlar ham paydo bo‘lib, o‘z hukmini o‘rnatgan. Forslar, qadimgi yunonlar va rumliklar shular jumlasidandir.

 

XULOSA

Yuqoridagi satrlarda insoniyat yaratilganidan buyon bosib o‘tilgan tarixiy yo‘lni qisqacha o‘rganib chiqqan bo‘ldik. O‘rganganda ham, taxmin va farazlar asosida emas, dunyoni yaratgan Zot – Alloh taoloning kitobi Qur’oni Karim asosida, U Zotning eng mahbub va afzal bandasi – payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamni hadislari, iymon-e’tiqod asosida, bir og‘iz ham yolg‘on gapirmagan mo‘min bandalarning ko‘zi bilan ko‘rib, qulog‘i bilan eshitganlari va o‘tgan ummatlarning vakillari keltirgan xabarlar asosida bilib oldik.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, qadimgi tarix insoniyatni gultoji bo‘lmish payg‘ambarlarning va ularning ummatlari hayotlari bilan obod bo‘lgan. Shuning uchun ham payg‘ambarlik va payg‘ambarlar haqidagi haqiqatni bilib qo‘yishimiz lozim bo‘ladi.

 

NUBUVVAT VA RISOLATNING MA’NOSI

Hozirda arab tilidan boshqa tillarda arabiy «nubuvvat» va «risolat» so‘zlari o‘rniga bir so‘z, ya’ni «payg‘ambarlik» degan so‘z ishlatiladigan bo‘lib qolgan. «Nabiy» ham «payg‘ambar» deyilaveradi, «rasul» ham «payg‘ambar» deyilaveradi. Ehtimol, bu ikki ma’no bir-biriga juda ham yaqinligi uchun shunday bo‘lgandir. Aslida Alloh taolo Qur’oni Karim uchun ixtiyor kilgan arab tilidagi bu ikki so‘zning o‘ziga xos daqiq ma’nolari bor.

«Nubuvvat» lug‘atda «naba’» – «muhim xabar berish» va «nubu’» – «yuqorilash» degan ma’nolarni bildiradi.

Nubuvvat Alloh taolodan bo‘lgan xabarning U Zot bandalari ichidan tanlab olgan shaxsga vahiy yo‘li ila yetishidir. Binobarin, nabiy Allohdan muhim xabar olgan, martabasi yuqori shaxs bo‘ladi.

«Risolat» esa lug‘atda bir narsani lutf ila yuborishga nisbatan ishlatiladi. Arablarda birovga yuborilgan maktub «risola», birov tomonidan yuborilgan elchi «rasul» deyiladi. Shundan kelib chiqib Alloh taolo yuborgan muayyan diniy ta’limotlar to‘plami «risolat» deyiladi. Uni odamlarga o‘rgatishga amr qilingan elchi «rasul» deyiladi.

Yuqorida zikr etilgan ma’nolardan «nabiy» va «rasul» orasida farq borligi kelib chiqadi. Bu farqni ulamolarimiz o‘ta daqiq joylarigacha ajratib berganlar. Jumladan, «Talxiysu sharhil aqiydatit-Tahoviya» nomli kitobda quyidagilarni o‘qiymiz:

«Nabiy va rasul orasidagi farq haqida bir necha fikrlar zikr qilingan:

  1. Alloh kimga osmondan xabar bersa-yu, mazkur xabarni (boshqalarga yetkazishni amr qilsa, o‘sha odam nabiy va ayni paytda rasuldir. Ammo boshqalarga yetkazishni amr qilmasa, nabiy bo‘ladi, rasul emas. Bu (aytilgan farqlarning) eng yaxshisi.

Xulosa shuki, rasul o‘ziga kelgan payg‘ambarlikni o‘zgalarga yetkazishga amr qilingan, nabiy esa bunga amr qilinmagan. U payg‘ambarlikni boshqalarga yetkazadimi, yetkazmaydimi – baribir.

  1. Rasul umumiy bo‘lib, farishtalardan ham, insonlardan ham bo‘laveradi. Alloh taoloning

«U (Qur’on) hurmatli elchining so‘zidir» (Takvir surasi, 19-oyat) degan so‘zida Jabroil alayhissalom ko‘zda tutilgan.

Yana U Zotning

«Nihoyat birortangizga o‘lim kelganda, elchilarimiz kamchilikka yo‘l qo‘ymagan holda uni vafot ettiradi» (An’om surasi, 61-oyat) degan so‘zida ham farishtalar iroda qilingan.

  1. Rasul yangi shariat bilan keladi. Nabiy esa yangi shariat bilan kelmay, oldingi shariatga ko‘ra amal qiladi va uni o‘zgalarga ham yetkazadi. Bu mashhur farqdir» (iqtibos tugadi).

Ushbu mavzuda yana bir qo‘shimcha ma’lumot va mulohazani zikr qilib o‘tishga ijozat bergaysizlar. Qur’oni Karimda “rasul” va “nabiy” so‘zlari ko‘p keladi. Jumladan, bu ikki so‘z payg‘ambarimiz Muhammad sollalllohu alayhi vasallamga nisbatan ham ishlatiladi. Ammo bu so‘zlarning ishlatilishida nozik farqlar borligini ko‘rish mumkin. Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nisbatan “nabiy” so‘zi o‘ttiz martacha ishlatilgan bo‘lsa, asosan o‘zaro insonis aloqalar, nikoh, meros va o‘lja taqsimlash kabi masalalarda qo‘llangan.

Binobarin, bu ikki so‘zni tarjima qvilishda ham shunga e’tibor bermog‘imiz lozim bo‘ladi. Iloji bo‘lsa, “rasul”ni “payg‘ambar”[2] deb tarjima qilsak ham, “nabiy”ni tarjima qilmay, o‘z o‘rnida qoldirganimiz ma’qul bo‘ladi. Ammo ikki ma’noni qo‘shib bayon qilishda “payg‘ambar” lafzi ishlatilsa bo‘laveradi.

 

PAYG‘AMBARLIKNI ALLOH BЕRADI

Payg‘ambarlik o‘qib-o‘rganib yoki kasb qilib erishiladigan maqom emas. U Alloh taolo tomonidan beriladigan ilohiy ne’matdir. Alloh taolo Haj surasida aytadi:

“Alloh farishtalardan va odamlardan rasullar tanlab olur. Albatta, Alloh eshituvchidir, ko‘rib turuvchidir” (75-oyat)

Alloh taolo payg‘ambarlar yuborish bilan birga, bandalarni o‘sha zotlarga iymon keltirish va ularga ergashishga amr qilgan.

 

NABIY VA RASULLARGA IYMON

Alloh taolo O‘z kitobida nomlarini zikr qilgan payg‘ambarlarga xossatan iymon keltirish bizlarga vojibdir. Alloh taolo ismlarini va adadlarini biz bilmaydigan, faqat O‘ziga ma’lum nabiy va rasullarni yuborganiga ommatan iymon keltirmog‘imiz ham vojibdir.

Alloh taolo aytadi:

“...va Biz senga ilgari qissalarini aytib bergan rasullarni va Biz qissalarini aytib bermagan rasullarni (yubordik) (Niso surasi, 164-oyat)

“Batahqiq, sendan oldin ham rasullar yuborganmiz. Ulardan kimningdir qissasisin senga aytdik va ulardan kimningdir qissasini senga aytmadik” (G‘ofir surasi, 78-oyat).

Shuningdek, payg‘ambarlarning barchasi Allohning payg‘ambari ekanlariga, xaloyiqqa Allohning amrini yetkazishgani va bu ishda kamchilikka yo‘l qo‘yishmaganiga iymon keltirishimiz vojibdir.

Allohning payg‘ambarlariga bo‘lgan ishonch ham Allohning O‘ziga bo‘lgan iymondan kelib chiqadigan iymondir. Payg‘ambarlarga iymon keltirishga Allohning O‘zi buyurgan. Allohga ishongan odam Uning payg‘ambarlariga ham ishonishi lozim.

 

PAYG‘AMBARLAR BASHARDIR

Payg‘ambarlar Alloh taoloning tanlangan, sara elchilari bo‘lish bilan birga, oddiy bashar farzandi hamdirlar. Bu haqiqat, garchi ba’zi bir nobakorlarda turli fikrlar tug‘dirgan bo‘lsa ham, ulkan ilohiy hikmatga molik narsadir.

Alloh taolo Isro surasida bu masalani quyidagicha muolaja qiladi:

«Odamlarga hidoyat kelgan paytda iymon keltirishlaridan man qilgan narsa faqat «Alloh bashardan rasul yuboradimi?» deyishlari bo‘ldi» (94-oyat).

Odamlardagi bu noto‘g‘ri tasavvur «Odam bolasi» Alloh taolo huzurida naqadar oliy martabaga ega ekanini tushunib yetmasliklaridan kelib chiqqan.

Ular Alloh taolo farishta va boshqa maxluqotlardan ko‘ra odamni azizu mukarram qilib qo‘yganini anglab yetmas edilar. Agar odam Allohning yo‘lida yurib, buyurgan ishlarini qilib, qaytarganlaridan qaytsa, farishtadai afzal bo‘lishini idrok etishmasdi.

Ular odam bolasi ichidan eng pok va sodikdari tanlab olinib, payg‘ambar qilinishi barcha insoniyat uchun shon-sharaf ekanini tushunishmasdi.

Ular odam bolasi bilan farishtalarning xususiyatlarini farqlay olmasdan: «Alloh bashardan paygambar yubora­dimi?» deb ajablanishardi. Shuning uchun o‘zlariga o‘xshagan basharga ergashishdan bosh tortib, iymondan yuz o‘girdilar,

Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ularning bu gaplariga javob berishni o‘rgatib, bunday deydi:

«Ayt: «Agar yer yuzida xotirjam yurgan farishtalar bo‘lganida, ularga osmondan farishta rasul tushirgan bo‘lar edik» (95-oyat).

Alloh barcha maxluqotlarni yaratgan Zot sifatida ularga qanday narsa mos kelishini O‘zi yaxshi biladi. Alloh odamlarni yaratgan Zot sifatida ularga kimni payg‘ambar qilib yuborishni ham yaxshi biladi. Yer yuzida xotirjam ishab yurganlar odamlar bo‘lgani uchun ularga odamlarni payg‘ambar qildi. Agar yer yuzida xotirjam yashab yurganlar farishtalar bo‘lganida, ularga osmondan farishta payg‘gambar tushirgan bo‘lardi.

Payg‘ambar Allohning elchisi bo‘lishi bilan birga, Uning amr va nahiylarini o‘zida namoyon etib, shariat hukmlariga amal qilishda o‘rnak bo‘ladigan peshvo kishi hamdir. Agar odamlarga farishta payg‘ambar qilib yuborilsa va u shariat hukmlariga amal qilib ko‘rsatsa, «Payg‘ambar oddiy odamdan bo‘lmasligi kerak-da», degan nobakorlar birinchi bo‘lib: «Bu payg‘ambar farishta, shuning uchun shariat hukmlariga oson amal qiladi. Biz esa oddiy insonmiz, uning qilganini qila olmaymiz», degan bo‘lishardi. Payg‘ambar oddiy bashar­dan chiqarilsa, ular bunday da’voni sira qila olishmaydi.

 

PAYG‘AMBAR – ODDIY INSON

Payg‘ambar bashardan bo‘lishi ta’kidlandi. Endi pay­g‘ambar bashar bo‘lganda ham, oddiy bashar ekanini ta’kidlash lozim bo‘ladi, chunki ba’zi tushunmaganlar «Payg‘ambar bashap bo‘lsa ham, g‘ayrioddiy bashar bo‘lishi lozim» degan fikrga borishi mumkin. Zotan, avvallari shunday bo‘lgan xam. Alloh taolo bu masalani Furqon surasida quyidagicha muolaja qiladi:

«Ular dedilar: «Bu ne rasulki, taom yeb, bozorda yuradir?! Unga bir farishta tushirilsa edi, u bilan birga ogohlantiruvchi bo‘lar edi. Yoki unga xazina tashlansa, yoxud uning bog‘i bo‘lsa-yu, undan yesa». Zolimlar: «Sizlar faqat sehrlangan kishiga ergashyapsizlar, xolos», dedilar» (7-8-oyatlar).

Qadimdan odamlarga o‘zlariga o‘xshagan oddiy insonning payg‘ambar bo‘lishi g‘alati tuyulib kelgan. Ularning tasavvurlarida payg‘ambar qandaydir boshqa g‘ayrioddiy xususiyatlarga ega bo‘lishi kerak.

«Ular dedilar: «Bu ne rasulki, taom yeb, bozorda yuradir?!»

Payg‘ambarlar oddiy odamlardir. Ular ham taom yeydilar, bozorga borib, savdo-sotiq qiladilar va boshqa tirikchilik ishlarini bajaradilar. Mushriklar o‘zlaricha bu ishlarni qusur, payg‘ambarga to‘g‘ri kelmaydigan ish deb baholashardi. Ularning fikricha, payg‘ambar ovqat yemasligi, bozorda yurmasligi va insonga oid boshqa ishlarni qilmasligi kerak.

«Unga bir farishta tushirilsa edi, u bilan birga ogohlantiruvchi bo‘lar edi».

Chunki kofirlarning fikricha, odamdan ko‘ra farishta payg‘ambar bo‘lishga loyiqroqdir.

Lekin ular Alloh taolo Odamni yaratiboq, farishtalarni unga sajda-ta’zim qilishga buyurganini unutishadi. Ya’ni Alloh taoloning huzurida Odam farishtalardan ustun ekanini esdan chiqarishadi.

Odamlarga yo‘lboshchi, ularga o‘rnak bo‘lish uchun o‘zlariga o‘xshash odamdan payg‘ambar bo‘lishi ulkan hikmatga ega ekanini ular qayerdan bilishsin?!

Alloh taolo yuqoridagi da’volarga javoban Furqon surasining davomida quyidagilarni aytadi:

«Sendan oldin yuborgan rasullarimiz ham taom yer va bozorlarda yurar edilar. Ba’zilaringizni ba’zilaringizga sinov qildik. Sabr qilarmikansizlar?! Pobing ko‘rib turuvchidir» (20-oyat).

«Ey habibim Muhammad, sen mushriklarning qilayotgan bo‘htonlaridan xafa bo‘lma. Ularning gaplari e’tiborsiz. Jumladan, «Bu qanday payg‘ambarki, taom yer va bozorlarda yurar», degan gaplari ham behuda.

«Sendan oldin yuborgan rasullarimiz ham taom yer va bozorlarda yurar edilar».

Senga o‘xshagan taom yeb, bozorlarda yuradigan oddiy insonni payg‘ambar qilishimiz yangilik yoki ajablanadigan ish emas. Bu qadimdan joriy qilingan ish. Bu ishga qarshi chiqqanlar senga emas, Allohning joriy odatiga qarshi chiqqan bo‘lishadi. Biz shunday qilib

«Ba’zilaringizni ba’zilaringizga sinov qildik».

Oddiy insondan payg‘ambar yuborib, odamlarni sinovga uchratdik. Ba’zilari sinovdan o‘ta olmay: «Oddiy inson ham payg‘ambar bo‘ladimi?» deb yo‘ldan adashdi. Ularning bu tasarruflari esa iymonlilar uchun sinov bo‘ldi. Qani,

«Sabr qilarmikansizlar?!»

Mushriklarning inkoriga chidab, ilohiy da’vat oddiy in­son vositasi ila tarqalishiga sabr qila olarmikansizlar?

«Robbing ko‘rib turuvchidir».

Robbing har bir narsaning zohirinigina emas, haqiqatini ham ko‘ruvchi Zotdir. Shuning uchun O‘zi bilib, hikmat ila tasarruf qiladi. Bandalarning ishi Allohning tasarrufini muhokama qilish emas, balki amrlarini bajo keltirishdan iboratdir.

 

PAYG‘AMBARLAR MA’SUMDIR

Payg‘ambar alayhissalomlarning oddiy kishilardan ajrab turadigan birdan-bir sifatlari ularning ma’sumliklaridir. Ya’ni ma’siyat qilish, shahvatlarga berilish, muruvvatga futur yetkazadigan va insonlik qadrini ketkazadigan narsalardan yiroq bo‘lishlaridir.

Payg‘ambar alayhissalomlar odamlarning eng go‘zal axloqlilari, eng pok amal qiladiganlari va tasarruflarining to‘g‘rilaridir.

Payg‘ambar alayhissalomlarning ma’sumliklari «ismat» tushunchasi asosidadir. «Ismat» so‘zi lug‘atda «man qilish», «saqlash» ma’nosini anglatadi. Shar’iy ma’nosi esa – «Alloh taoloning O‘z payg‘ambarlarini gunoh va ma’siyat hamda munkar va harom ishlarni qilishdan saqlashidir».

Shuningdek, Alloh taolo O‘z payg‘ambarlarini xulqiy va xalqiy (jismoniy) nuqsonlardan hamda boshqalar nafrat qiladigan illatlardan ham asragan, chunki Alloh taolo odamlarni u zotlarga ergashishga, ularni yetakchi deb bilishga va ularning yo‘lidan yurishga amr qilgan. Payg‘ambar alayhissalomlar barcha insonlarga yaxshi o‘rnakdirlar. Agar ulardan ma’siyat va munkar ishlar sodir bo‘lishi joiz bo‘lsa yoki ular­dan mazkur nuqsonlardan birortasi mavjud bo‘lsa, u narsalar shariatda bor narsalarga aylanib qoladi. Bu esa mutlaqo mumkin emas. Shuning uchun ham Alloh taolo O‘z payg‘ambarlarini ma’sum qilgan, barcha payg‘ambarlarni O‘zining doimiy inoyati ila siylagan. Shuningdek, Yaratuvchi Zot Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib:

«Robbingning hukmiga sabr qil. Sen rioyamizdasan», degan (Tur surasi, 48-oyat).

Afsuslar bo‘lsinki, boshqa dinlarda payg‘ambarlarga turli gunohlarni qilganlik nisbati beriladi.

 

PAYG‘AMBAR OMONATDORDIR

Bunda payg‘ambarlar alayhimussalomning o‘zlariga Alloh taolodan berilgan risolatni, bir harfini ham o‘zgartirmasdan, omonat ila ummatlariga yetkazishlari ko‘zda tutilgan. Ular Alloh taolodan kelgan vahiyni odamlarga yetkazadilar. Uning biror harfini kamaytirmaydilar ham, unga biror harf ziyoda qilmaydilar ham.

Bu ma’noda Alloh taolo Qur’oni Karim haqida va Muhammad sollallohu alayxi vasallamning uni omonat ila yetkazishlari hamda agar, farazan, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu omonatga xiyonat qilsalar, u zotni darhol jazolashi haqida Haqqo surasida quyidagilarni aytadi:

«U (Qur’on) karamli rasulning so‘zidir» (40-oyat).

Ya’ni Muhammad sollallohu alayhi vasallamning so‘zidir.

Bu yerda Qur’oni Karimning Nabiy sollallohu alayhi ga nisbat berilishi u zot sollallohu alayhi va­sallam u kalomni tilovat qiluvchi va kishilarga yetkazuvchi ekanlari e’tiboridandir.

«...a u shoirning so‘zi emas. Naqadar oz ishonasiz-lar-a!» (41-oyat).

Ya’ni «Shunday ekaniga ishonmaysizlar».

«...va u folbinning so‘zi ham emas. Naqadar oz eslaysizlar!» (42-oyat).

Ya’ni «Eslamaysizlar».

«U olamlar Robbidan nozil qilingandir» (43-oyat).

Qur’on Muhammad sollallohu alayhi vasallamning o‘z so‘zlari emas, olamlarning Robbi tomonidan nozil qilingan kalomdir. Muhammad sollallohu alayxi vasallam uni yetkazuvchi – omonatdor shaxs, xolos. Agar u zot Qur’onning hammasini yoki bitta surasini o‘zlaridan to‘qib, «Bu Allohning kalomi», deyish u yoqda tursin, ba’zi bir so‘zlarni to‘qib, Alloh taologa nisbat bersalar ham, sog‘ qolishlari mumkin emas edi.

«...va agar u Bizga ba’zi yolg‘on so‘zlarni to‘qiganida» (44-oyat).

Ya’ni agar Muhammad, mushriklar da’vo qilayotganlaridek, Bizning nomimizdan ba’zi so‘zlarni to‘qisa, hozirgiga o‘xshab, sog‘-salomat, turli mo‘jizalarga sohib bo‘lib, gunohlardan ma’sum, odamlarning yomonligidan qo‘rib yurilmas edi. Unday bo‘lsa,

«Biz uni qudrat bilan tutgan bo‘lar edik» (45-oyat).

Ya’ni «Biz undan O‘z quvvatimiz va O‘z qudratimiz ila iitiqom olar edik».

«So‘ngra uning shoh tomirini kesamiz» (46-oyat).

«Shoh tomir» deganda yurakning bosh tomiri tushuniladi. Albatta, bu tomiri uzilgan odam sog‘ qolmaydi, darhol o‘ladi. Demak, agar Muhammad sollallohu alayhi vasallam Qur’onga o‘zlaricha biror narsani qo‘shib: «Bu ham Allohdan», degudek bo‘lsalar, Alloh u zotni darhol halok qilishi turgan gap ekan. Bu Qur’oni Karim Allohning sof kalomi ekaniga yorqin dalildir.

«Sizlardan hech kim uni to‘sib qoluvchi bo‘lmas» (47-oyat).

Ya’ni, farazan, Biz uni azoblamoqchi bo‘lsak, sizlardan hech biringiz Muhammadni Bizning azobimizdan to‘sib qola olmaydi.

Boshqa payg‘ambarlarga munosabat ham xuddi shunday.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

Payg‘ambar erkaklardan bo‘ladi;

Payg‘ambarlar o‘z qavmining tilida yuborilgan;

Payg‘ambarlarning fazl darajalari;

Payg‘ambarlarning vazifalari;

Payg‘ambarlarning mo‘jizalari.

 

[1] Hozirda ushbu hududga «Muhassir vodiysi» deb yozib qo‘yilgan. Hojilar hayit kuni tong otganida Muzdalifadan Minoga qaytayotib, bu yerdan tezroq yurib o‘tishlari sunnatdir.

[2] “Payg‘ambar” so‘zi forscha bo‘lib, “payg‘om” – xabar, “bar” yetkazuvchi demak.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hamdardlik bildiramiz

30.01.2025   3890   1 min.
Hamdardlik bildiramiz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Masjidlar bo‘limi mudiri Muzaffar domla Kamolovning buvilari vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.


Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!


Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhuma onaxonning yaqinlariga, xususan, Muzaffar domla Kamolovga hamdardlik bildiramiz.


Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.

«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering». 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi

O'zbekiston yangiliklari