FIL YILI. KA’BANI BUZISHGA URINISH
Habashiston Yamanni bosib olgach, Habashiston podshohi Yamanga Abrahani hokim etib tayinladi. Abraha barcha habashistonliklar qatori nasroniy dinida edi. U Yaman poytaxti San’o shahrida juda dabdabali, serhasham cherkov qurdirib, unga «Qullays» deb nom berdi. Arablarni Ka’badan burib, cherkovida haj qildirmoqchi bo‘ldi. Barcha urinishlari puchga chiqqanidan so‘ng, kuch ishlatish yo‘li bilan niyatiga erishmoqchi bo‘ldi.
Abraha Ka’bani buzib tashlab, hammani o‘z cherkoviga burishni maqsad qildi. Shu maqsadda katta lashkar to‘pladi. Urushga kerak bo‘ladigan barcha narsalarni oldi. Arablarning qalbiga dahshat solish uchun fillarni ham olib, Makkaga qarab yurish qildi. Yo‘lda hech qanday qarshilikka uchramay, Toif shahri tarafdan Makkaga yaqinlashib, askarlari bilan Makkadan 4-5 km uzoqlikdagi Mug‘ammas degan joyga kelib tushdi.
So‘ng Makkaga odam yuborib, u yerning ulug‘ini olib kelishga buyurdi. U borib, Banu Hoshim urug‘i rahbari Abdulmuttalibni yetaklab keldi. Abdulmuttalib gavdali, xushbichim, sersavlat va viqorli odam edi.
Abraha uni ko‘rganda qoyil qoldi, taxtidan tushib, peshvoz chiqdi. U bilan birga gilam ustida o‘tirdi va tarjimonga: «Undan so‘ra, menda nima hojati bor ekan?» dedi.
«Askarlaring mening ikki yuzta tuyamni haydab ketishibdi, shularni qaytarib bersang», dedi Abdulmuttalib.
Abraha tarjimonga: «Unga ayt! Kelganingda seni ko‘rib, qoyil qolgan edim. So‘zingni eshitib, hafsalam pir bo‘ldi. Sening va ota-bobolaringning dini bo‘lgan Ka’bani buzgani kelib turibman-u, sen uni so‘ramay, tuyalaringni so‘rayapsan», dedi.
«Men tuyaning egasiman, Ka’baning o‘z egasi bor, uni himoya qilib oladi», dedi Abdulmuttalib.
«Mendan himoya qilolmaydi», dedi Abraha.
Bunga javoban «Bilganingni qilaver», dedi Abdulmuttalib.
Unga tuyalarini qaytarib berishdi. Abdulmuttalib Makkaga qaytib, odamlarni toqqa chiqib ketishga buyurdi. O‘zi bir necha kishi bilan Ka’baga bordi va halqasini ushlab turib, yolvorib duo qildi. So‘ng ular ham toqqa chiqib ketishdi.
Abraha askaru fillarini to‘plab, Ka’bani buzishga yurmoqchi bo‘ldi. Lekin Mino bilan Muzdalifa o‘rtasidagi Muhassir[1] vodiysida katta fil yotib olib, hech o‘rnidan turmadi. Boshqa tarafga burishsa, tezlab yurar, lekin Makka tarafga burishsa, yana yotib olardi.
Shu payt Allohning irodasi bilan Qizil dengiz tarafidan to‘p-to‘p, qaldirg‘ochsimon va chug‘urchuqsimon qushlar uchib kelib, dushmanlar ustiga no‘xatday, moshday, yasmiqday sopol toshchalarni yog‘dira boshladi. Qo‘shindagilar bir-birini bosib-yanchib qocha boshlashdi. Toshlar kimga tegsa, joyida o‘laverdi. Lashkarning asosiy qismi qirilib ketdi. Toshchalar ularni xuddi qurt-qumursqalar chaynab tashlagan somon kabi ilma-teshik qilib yubordi. Abrahaning jasadi uzilib-uzilib tusha boshladi. Uni ko‘tarib, San’ogacha olib borishdi va o‘sha yerda uning ham joni uzildi. Ta’kidlash lozimki, toshlar ularning hammasiga ham tegmagan. Salomat qolganlari yurtlariga qaytib ketishgan. Ba’zilarining ko‘zlari ko‘r bo‘lib, Makkada tilanchilik qilib yurishgani rivoyat qilinadi.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuning Ummu Honi’ roziyallohu anhonikida ushbu toshchalarning bir qafiz (33 litr) sig‘imli idishga solib qo‘yilganini ko‘rganlari rivoyat qilingan. Toshchalar aqiqning yo‘l-yo‘l, taram-taram bir turi kabi qizg‘ish bo‘lgani aytiladi.
Ushbu olamshumul voqea milodiy 571 yilning fevral oyi oxiri – mart oyi boshlarida, ya’ni qish fasli tutab, bahorning boshlanishida bo‘lib o‘tgan.
Bu vaqtda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hali tug‘ilmagan, onalari u zotga homilador edilar.
Ushbu Fil hodisasi arablar nazdida juda katta ahamiyatga molik bo‘ldi. Ular tarixni ana shu yildan boshlab belgilay boshlashdi. Mana shu yili Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyoga keldilar.
Shu o‘rinda eslab o‘tish lozimki, Baytul maqdis tarixida ham ikki marta bosqinchilik yuz bergan. Banu Isroilning qiblasi bo‘lgan bu muqaddas uyga butparast mushriklar ikki marta (mil. avv. 587 yil zolim podshoh Buxtanassor II qo‘shini va milodiy 70 yili esa rumliklar) bosqin uyushtirib, ikkisida ham Baytul maqdisni ishg‘ol qilishgan. Holbuki, bu Bayt aholisi o‘sha paytda ahli kitob edilar.
Habash nasroniylari Ka’bani istilo qila olishmadi. Holbuki, ular ahli kitob, Ka’baning aholisi esa mushrik edi. Keyinchalik Makka ahlidan Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga payg‘ambarlik kelganida bu ishning siri ochildi!
Arablarning iqtisodlari
Arablarga ko‘ra, eng katta boylik manbalaridan biri tijorat edi. Joxiliyat davrida arablar tijorat borasida juda katta shuhrat qozonishgan edi. Quraysh qabilasiga ko‘ra, tijorat hayotning qon tomiri hisoblanardi. Qur’oni Karimning Quraysh surasida ham bu narsa aytib o‘tilgan. Ular qishda Yamanga, yozda esa Shom o‘lkasiga safar qilishar edi.
FATRAT ZAMONI – IKKI PAYG‘AMBAR ORALIG‘IDAGI DAVR
Arabiston yarimoroli Ismoil alayhissalomdan keyii uzoq muddat ilohiy ta’limotlardan kesilib qolgan edi, Rasululloh alayhissalotu vassalom payg‘ambar qilib yuborilgunlaricha ilohiy ta’limotlar bo‘lmagan. Bu paytga kelib Alloh subhanahu va taolo ilohiy ta’limotlarni nafaqat Arabiston yarimorolidan, balki butun dunyodan kesib qo‘ygan edi. U Zot Iyso alayhissalomni osmonga ko‘tarib olganidan so‘ng milodiy 610 yilgacha, hijratdan avvalgi 13 yilgacha bo‘lgan muddat «fatrat zamoni» deyiladi. Bu «paygambarlik kesilgan muddat» deganidir.
Bu orada kishilik jamiyati nihoyatda pala-partish holatga keldi. Kishilarda payg‘ambarlarga bo‘lgan ehtiyoj kuchaydi. Insoniyatni xatolardan qaytarish va to‘g‘ri yo‘lga boshlash zarur edi. Xususan, samoviy dinlar buzib yuborilgandan keyin buning ahamiyati yana ham oshib ketdi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shuning uchun ham butun insoniyatga hidoyatchi rasul qilib yuborildilar.
Islomdan oldingi qadimgi tarixni qisqacha ifodalaydigan bo‘lsak, Alloh taolo bashariyatni yaratdi. Ularga payg‘ambarlar yuborib, O‘zining ibodatiga chaqirdi, yer yuzida shariatining qoim bo‘lishini iroda qildi. Odam alayhissalom birinchi bashar bo‘lishlari bilan birga, birinchi nabiy ham edilar. Ketma-ket bir qancha tamaddunlar, birin-ketin nabiylar va rasullar keldi. Eng qadimgi tamaddun Iroqda, Misrda, Shomda, Arabiston yarimorolida yuzaga keldi.
Sumariylar, akkodiylar, iylomiylar, bobiliylar, oshuriylar va kaldoniylar tamaddunlari Iroqning eng muhim tamaddunlaridan sanaladi.
Ushbu yurtlarning nabiylari esa Nuh alayhissalom, Ibrohim alayhissalom va Yunus alayhissalomlardir.
Ammuriylar, finikiylar, kan’oniylar, oromiylar, so‘ng anbotlar va tadmuriylar, ulardan keyin g‘assoniylar va munziriylar tamaddunlari Shom o‘lkasining eng ahamiyatli tamaddunlari hisoblanadi.
Shom yurtlarida yashab o‘tgan rasul va nabiylarning ba’zilarini eslab o‘tamiz: Lut, Is'hoq, Ya’qub, Ayyub, Al-Yasa’, Ilyos, Dovud, Sulaymon, Zakariyo, Yahyo va Iyso alayhimussalom. Ular Banu Isroil qabilasidan bo‘lib, hammalari o‘sha Banu Isroilga va boshqalarga ham payg‘ambar qilib yuborilganlar.
Misrda esa fir’avnlar tamadduni, shuningdek, Hiksus (Giksos) tamadduni ham vujudga keldi.
Yusuf va Muso alayhimassalom Misr nabiylaridandir.
Arabiston yarimorolida Od, Samud, Madyan ahli kabi qavmlar yashab o‘tishdi. Yaman tamaddunida Ma’in, Saba’, Qimyar va Qitbon kabi qabilalar, Ma’rib to‘g‘oni barbod bo‘lganidan keyin esa hijrat qilgan qabilalar mashhur bo‘lishdi. So‘ng u yerda habashlar va Ismoil alayhissalomning zurriyotlari hukmronlik qilishdi.
Arabiston yarimorolining nabiylari Hud, Solih, Shuayb va Ismoil alayhimussalomdir.
Shuningdek, yer yuzida boshqa tamaddunlar ham paydo bo‘lib, o‘z hukmini o‘rnatgan. Forslar, qadimgi yunonlar va rumliklar shular jumlasidandir.
XULOSA
Yuqoridagi satrlarda insoniyat yaratilganidan buyon bosib o‘tilgan tarixiy yo‘lni qisqacha o‘rganib chiqqan bo‘ldik. O‘rganganda ham, taxmin va farazlar asosida emas, dunyoni yaratgan Zot – Alloh taoloning kitobi Qur’oni Karim asosida, U Zotning eng mahbub va afzal bandasi – payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamni hadislari, iymon-e’tiqod asosida, bir og‘iz ham yolg‘on gapirmagan mo‘min bandalarning ko‘zi bilan ko‘rib, qulog‘i bilan eshitganlari va o‘tgan ummatlarning vakillari keltirgan xabarlar asosida bilib oldik.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, qadimgi tarix insoniyatni gultoji bo‘lmish payg‘ambarlarning va ularning ummatlari hayotlari bilan obod bo‘lgan. Shuning uchun ham payg‘ambarlik va payg‘ambarlar haqidagi haqiqatni bilib qo‘yishimiz lozim bo‘ladi.
NUBUVVAT VA RISOLATNING MA’NOSI
Hozirda arab tilidan boshqa tillarda arabiy «nubuvvat» va «risolat» so‘zlari o‘rniga bir so‘z, ya’ni «payg‘ambarlik» degan so‘z ishlatiladigan bo‘lib qolgan. «Nabiy» ham «payg‘ambar» deyilaveradi, «rasul» ham «payg‘ambar» deyilaveradi. Ehtimol, bu ikki ma’no bir-biriga juda ham yaqinligi uchun shunday bo‘lgandir. Aslida Alloh taolo Qur’oni Karim uchun ixtiyor kilgan arab tilidagi bu ikki so‘zning o‘ziga xos daqiq ma’nolari bor.
«Nubuvvat» lug‘atda «naba’» – «muhim xabar berish» va «nubu’» – «yuqorilash» degan ma’nolarni bildiradi.
Nubuvvat Alloh taolodan bo‘lgan xabarning U Zot bandalari ichidan tanlab olgan shaxsga vahiy yo‘li ila yetishidir. Binobarin, nabiy Allohdan muhim xabar olgan, martabasi yuqori shaxs bo‘ladi.
«Risolat» esa lug‘atda bir narsani lutf ila yuborishga nisbatan ishlatiladi. Arablarda birovga yuborilgan maktub «risola», birov tomonidan yuborilgan elchi «rasul» deyiladi. Shundan kelib chiqib Alloh taolo yuborgan muayyan diniy ta’limotlar to‘plami «risolat» deyiladi. Uni odamlarga o‘rgatishga amr qilingan elchi «rasul» deyiladi.
Yuqorida zikr etilgan ma’nolardan «nabiy» va «rasul» orasida farq borligi kelib chiqadi. Bu farqni ulamolarimiz o‘ta daqiq joylarigacha ajratib berganlar. Jumladan, «Talxiysu sharhil aqiydatit-Tahoviya» nomli kitobda quyidagilarni o‘qiymiz:
«Nabiy va rasul orasidagi farq haqida bir necha fikrlar zikr qilingan:
Xulosa shuki, rasul o‘ziga kelgan payg‘ambarlikni o‘zgalarga yetkazishga amr qilingan, nabiy esa bunga amr qilinmagan. U payg‘ambarlikni boshqalarga yetkazadimi, yetkazmaydimi – baribir.
«U (Qur’on) hurmatli elchining so‘zidir» (Takvir surasi, 19-oyat) degan so‘zida Jabroil alayhissalom ko‘zda tutilgan.
Yana U Zotning
«Nihoyat birortangizga o‘lim kelganda, elchilarimiz kamchilikka yo‘l qo‘ymagan holda uni vafot ettiradi» (An’om surasi, 61-oyat) degan so‘zida ham farishtalar iroda qilingan.
Ushbu mavzuda yana bir qo‘shimcha ma’lumot va mulohazani zikr qilib o‘tishga ijozat bergaysizlar. Qur’oni Karimda “rasul” va “nabiy” so‘zlari ko‘p keladi. Jumladan, bu ikki so‘z payg‘ambarimiz Muhammad sollalllohu alayhi vasallamga nisbatan ham ishlatiladi. Ammo bu so‘zlarning ishlatilishida nozik farqlar borligini ko‘rish mumkin. Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nisbatan “nabiy” so‘zi o‘ttiz martacha ishlatilgan bo‘lsa, asosan o‘zaro insonis aloqalar, nikoh, meros va o‘lja taqsimlash kabi masalalarda qo‘llangan.
Binobarin, bu ikki so‘zni tarjima qvilishda ham shunga e’tibor bermog‘imiz lozim bo‘ladi. Iloji bo‘lsa, “rasul”ni “payg‘ambar”[2] deb tarjima qilsak ham, “nabiy”ni tarjima qilmay, o‘z o‘rnida qoldirganimiz ma’qul bo‘ladi. Ammo ikki ma’noni qo‘shib bayon qilishda “payg‘ambar” lafzi ishlatilsa bo‘laveradi.
PAYG‘AMBARLIKNI ALLOH BЕRADI
Payg‘ambarlik o‘qib-o‘rganib yoki kasb qilib erishiladigan maqom emas. U Alloh taolo tomonidan beriladigan ilohiy ne’matdir. Alloh taolo Haj surasida aytadi:
“Alloh farishtalardan va odamlardan rasullar tanlab olur. Albatta, Alloh eshituvchidir, ko‘rib turuvchidir” (75-oyat)
Alloh taolo payg‘ambarlar yuborish bilan birga, bandalarni o‘sha zotlarga iymon keltirish va ularga ergashishga amr qilgan.
NABIY VA RASULLARGA IYMON
Alloh taolo O‘z kitobida nomlarini zikr qilgan payg‘ambarlarga xossatan iymon keltirish bizlarga vojibdir. Alloh taolo ismlarini va adadlarini biz bilmaydigan, faqat O‘ziga ma’lum nabiy va rasullarni yuborganiga ommatan iymon keltirmog‘imiz ham vojibdir.
Alloh taolo aytadi:
“...va Biz senga ilgari qissalarini aytib bergan rasullarni va Biz qissalarini aytib bermagan rasullarni (yubordik)” (Niso surasi, 164-oyat)
“Batahqiq, sendan oldin ham rasullar yuborganmiz. Ulardan kimningdir qissasisin senga aytdik va ulardan kimningdir qissasini senga aytmadik” (G‘ofir surasi, 78-oyat).
Shuningdek, payg‘ambarlarning barchasi Allohning payg‘ambari ekanlariga, xaloyiqqa Allohning amrini yetkazishgani va bu ishda kamchilikka yo‘l qo‘yishmaganiga iymon keltirishimiz vojibdir.
Allohning payg‘ambarlariga bo‘lgan ishonch ham Allohning O‘ziga bo‘lgan iymondan kelib chiqadigan iymondir. Payg‘ambarlarga iymon keltirishga Allohning O‘zi buyurgan. Allohga ishongan odam Uning payg‘ambarlariga ham ishonishi lozim.
PAYG‘AMBARLAR BASHARDIR
Payg‘ambarlar Alloh taoloning tanlangan, sara elchilari bo‘lish bilan birga, oddiy bashar farzandi hamdirlar. Bu haqiqat, garchi ba’zi bir nobakorlarda turli fikrlar tug‘dirgan bo‘lsa ham, ulkan ilohiy hikmatga molik narsadir.
Alloh taolo Isro surasida bu masalani quyidagicha muolaja qiladi:
«Odamlarga hidoyat kelgan paytda iymon keltirishlaridan man qilgan narsa faqat «Alloh bashardan rasul yuboradimi?» deyishlari bo‘ldi» (94-oyat).
Odamlardagi bu noto‘g‘ri tasavvur «Odam bolasi» Alloh taolo huzurida naqadar oliy martabaga ega ekanini tushunib yetmasliklaridan kelib chiqqan.
Ular Alloh taolo farishta va boshqa maxluqotlardan ko‘ra odamni azizu mukarram qilib qo‘yganini anglab yetmas edilar. Agar odam Allohning yo‘lida yurib, buyurgan ishlarini qilib, qaytarganlaridan qaytsa, farishtadai afzal bo‘lishini idrok etishmasdi.
Ular odam bolasi ichidan eng pok va sodikdari tanlab olinib, payg‘ambar qilinishi barcha insoniyat uchun shon-sharaf ekanini tushunishmasdi.
Ular odam bolasi bilan farishtalarning xususiyatlarini farqlay olmasdan: «Alloh bashardan paygambar yuboradimi?» deb ajablanishardi. Shuning uchun o‘zlariga o‘xshagan basharga ergashishdan bosh tortib, iymondan yuz o‘girdilar,
Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ularning bu gaplariga javob berishni o‘rgatib, bunday deydi:
«Ayt: «Agar yer yuzida xotirjam yurgan farishtalar bo‘lganida, ularga osmondan farishta rasul tushirgan bo‘lar edik» (95-oyat).
Alloh barcha maxluqotlarni yaratgan Zot sifatida ularga qanday narsa mos kelishini O‘zi yaxshi biladi. Alloh odamlarni yaratgan Zot sifatida ularga kimni payg‘ambar qilib yuborishni ham yaxshi biladi. Yer yuzida xotirjam ishab yurganlar odamlar bo‘lgani uchun ularga odamlarni payg‘ambar qildi. Agar yer yuzida xotirjam yashab yurganlar farishtalar bo‘lganida, ularga osmondan farishta payg‘gambar tushirgan bo‘lardi.
Payg‘ambar Allohning elchisi bo‘lishi bilan birga, Uning amr va nahiylarini o‘zida namoyon etib, shariat hukmlariga amal qilishda o‘rnak bo‘ladigan peshvo kishi hamdir. Agar odamlarga farishta payg‘ambar qilib yuborilsa va u shariat hukmlariga amal qilib ko‘rsatsa, «Payg‘ambar oddiy odamdan bo‘lmasligi kerak-da», degan nobakorlar birinchi bo‘lib: «Bu payg‘ambar farishta, shuning uchun shariat hukmlariga oson amal qiladi. Biz esa oddiy insonmiz, uning qilganini qila olmaymiz», degan bo‘lishardi. Payg‘ambar oddiy bashardan chiqarilsa, ular bunday da’voni sira qila olishmaydi.
PAYG‘AMBAR – ODDIY INSON
Payg‘ambar bashardan bo‘lishi ta’kidlandi. Endi payg‘ambar bashar bo‘lganda ham, oddiy bashar ekanini ta’kidlash lozim bo‘ladi, chunki ba’zi tushunmaganlar «Payg‘ambar bashap bo‘lsa ham, g‘ayrioddiy bashar bo‘lishi lozim» degan fikrga borishi mumkin. Zotan, avvallari shunday bo‘lgan xam. Alloh taolo bu masalani Furqon surasida quyidagicha muolaja qiladi:
«Ular dedilar: «Bu ne rasulki, taom yeb, bozorda yuradir?! Unga bir farishta tushirilsa edi, u bilan birga ogohlantiruvchi bo‘lar edi. Yoki unga xazina tashlansa, yoxud uning bog‘i bo‘lsa-yu, undan yesa». Zolimlar: «Sizlar faqat sehrlangan kishiga ergashyapsizlar, xolos», dedilar» (7-8-oyatlar).
Qadimdan odamlarga o‘zlariga o‘xshagan oddiy insonning payg‘ambar bo‘lishi g‘alati tuyulib kelgan. Ularning tasavvurlarida payg‘ambar qandaydir boshqa g‘ayrioddiy xususiyatlarga ega bo‘lishi kerak.
«Ular dedilar: «Bu ne rasulki, taom yeb, bozorda yuradir?!»
Payg‘ambarlar oddiy odamlardir. Ular ham taom yeydilar, bozorga borib, savdo-sotiq qiladilar va boshqa tirikchilik ishlarini bajaradilar. Mushriklar o‘zlaricha bu ishlarni qusur, payg‘ambarga to‘g‘ri kelmaydigan ish deb baholashardi. Ularning fikricha, payg‘ambar ovqat yemasligi, bozorda yurmasligi va insonga oid boshqa ishlarni qilmasligi kerak.
«Unga bir farishta tushirilsa edi, u bilan birga ogohlantiruvchi bo‘lar edi».
Chunki kofirlarning fikricha, odamdan ko‘ra farishta payg‘ambar bo‘lishga loyiqroqdir.
Lekin ular Alloh taolo Odamni yaratiboq, farishtalarni unga sajda-ta’zim qilishga buyurganini unutishadi. Ya’ni Alloh taoloning huzurida Odam farishtalardan ustun ekanini esdan chiqarishadi.
Odamlarga yo‘lboshchi, ularga o‘rnak bo‘lish uchun o‘zlariga o‘xshash odamdan payg‘ambar bo‘lishi ulkan hikmatga ega ekanini ular qayerdan bilishsin?!
Alloh taolo yuqoridagi da’volarga javoban Furqon surasining davomida quyidagilarni aytadi:
«Sendan oldin yuborgan rasullarimiz ham taom yer va bozorlarda yurar edilar. Ba’zilaringizni ba’zilaringizga sinov qildik. Sabr qilarmikansizlar?! Pobing ko‘rib turuvchidir» (20-oyat).
«Ey habibim Muhammad, sen mushriklarning qilayotgan bo‘htonlaridan xafa bo‘lma. Ularning gaplari e’tiborsiz. Jumladan, «Bu qanday payg‘ambarki, taom yer va bozorlarda yurar», degan gaplari ham behuda.
«Sendan oldin yuborgan rasullarimiz ham taom yer va bozorlarda yurar edilar».
Senga o‘xshagan taom yeb, bozorlarda yuradigan oddiy insonni payg‘ambar qilishimiz yangilik yoki ajablanadigan ish emas. Bu qadimdan joriy qilingan ish. Bu ishga qarshi chiqqanlar senga emas, Allohning joriy odatiga qarshi chiqqan bo‘lishadi. Biz shunday qilib
«Ba’zilaringizni ba’zilaringizga sinov qildik».
Oddiy insondan payg‘ambar yuborib, odamlarni sinovga uchratdik. Ba’zilari sinovdan o‘ta olmay: «Oddiy inson ham payg‘ambar bo‘ladimi?» deb yo‘ldan adashdi. Ularning bu tasarruflari esa iymonlilar uchun sinov bo‘ldi. Qani,
«Sabr qilarmikansizlar?!»
Mushriklarning inkoriga chidab, ilohiy da’vat oddiy inson vositasi ila tarqalishiga sabr qila olarmikansizlar?
«Robbing ko‘rib turuvchidir».
Robbing har bir narsaning zohirinigina emas, haqiqatini ham ko‘ruvchi Zotdir. Shuning uchun O‘zi bilib, hikmat ila tasarruf qiladi. Bandalarning ishi Allohning tasarrufini muhokama qilish emas, balki amrlarini bajo keltirishdan iboratdir.
PAYG‘AMBARLAR MA’SUMDIR
Payg‘ambar alayhissalomlarning oddiy kishilardan ajrab turadigan birdan-bir sifatlari ularning ma’sumliklaridir. Ya’ni ma’siyat qilish, shahvatlarga berilish, muruvvatga futur yetkazadigan va insonlik qadrini ketkazadigan narsalardan yiroq bo‘lishlaridir.
Payg‘ambar alayhissalomlar odamlarning eng go‘zal axloqlilari, eng pok amal qiladiganlari va tasarruflarining to‘g‘rilaridir.
Payg‘ambar alayhissalomlarning ma’sumliklari «ismat» tushunchasi asosidadir. «Ismat» so‘zi lug‘atda «man qilish», «saqlash» ma’nosini anglatadi. Shar’iy ma’nosi esa – «Alloh taoloning O‘z payg‘ambarlarini gunoh va ma’siyat hamda munkar va harom ishlarni qilishdan saqlashidir».
Shuningdek, Alloh taolo O‘z payg‘ambarlarini xulqiy va xalqiy (jismoniy) nuqsonlardan hamda boshqalar nafrat qiladigan illatlardan ham asragan, chunki Alloh taolo odamlarni u zotlarga ergashishga, ularni yetakchi deb bilishga va ularning yo‘lidan yurishga amr qilgan. Payg‘ambar alayhissalomlar barcha insonlarga yaxshi o‘rnakdirlar. Agar ulardan ma’siyat va munkar ishlar sodir bo‘lishi joiz bo‘lsa yoki ulardan mazkur nuqsonlardan birortasi mavjud bo‘lsa, u narsalar shariatda bor narsalarga aylanib qoladi. Bu esa mutlaqo mumkin emas. Shuning uchun ham Alloh taolo O‘z payg‘ambarlarini ma’sum qilgan, barcha payg‘ambarlarni O‘zining doimiy inoyati ila siylagan. Shuningdek, Yaratuvchi Zot Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib:
«Robbingning hukmiga sabr qil. Sen rioyamizdasan», degan (Tur surasi, 48-oyat).
Afsuslar bo‘lsinki, boshqa dinlarda payg‘ambarlarga turli gunohlarni qilganlik nisbati beriladi.
PAYG‘AMBAR OMONATDORDIR
Bunda payg‘ambarlar alayhimussalomning o‘zlariga Alloh taolodan berilgan risolatni, bir harfini ham o‘zgartirmasdan, omonat ila ummatlariga yetkazishlari ko‘zda tutilgan. Ular Alloh taolodan kelgan vahiyni odamlarga yetkazadilar. Uning biror harfini kamaytirmaydilar ham, unga biror harf ziyoda qilmaydilar ham.
Bu ma’noda Alloh taolo Qur’oni Karim haqida va Muhammad sollallohu alayxi vasallamning uni omonat ila yetkazishlari hamda agar, farazan, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu omonatga xiyonat qilsalar, u zotni darhol jazolashi haqida Haqqo surasida quyidagilarni aytadi:
«U (Qur’on) karamli rasulning so‘zidir» (40-oyat).
Ya’ni Muhammad sollallohu alayhi vasallamning so‘zidir.
Bu yerda Qur’oni Karimning Nabiy sollallohu alayhi ga nisbat berilishi u zot sollallohu alayhi vasallam u kalomni tilovat qiluvchi va kishilarga yetkazuvchi ekanlari e’tiboridandir.
«...a u shoirning so‘zi emas. Naqadar oz ishonasiz-lar-a!» (41-oyat).
Ya’ni «Shunday ekaniga ishonmaysizlar».
«...va u folbinning so‘zi ham emas. Naqadar oz eslaysizlar!» (42-oyat).
Ya’ni «Eslamaysizlar».
«U olamlar Robbidan nozil qilingandir» (43-oyat).
Qur’on Muhammad sollallohu alayhi vasallamning o‘z so‘zlari emas, olamlarning Robbi tomonidan nozil qilingan kalomdir. Muhammad sollallohu alayxi vasallam uni yetkazuvchi – omonatdor shaxs, xolos. Agar u zot Qur’onning hammasini yoki bitta surasini o‘zlaridan to‘qib, «Bu Allohning kalomi», deyish u yoqda tursin, ba’zi bir so‘zlarni to‘qib, Alloh taologa nisbat bersalar ham, sog‘ qolishlari mumkin emas edi.
«...va agar u Bizga ba’zi yolg‘on so‘zlarni to‘qiganida» (44-oyat).
Ya’ni agar Muhammad, mushriklar da’vo qilayotganlaridek, Bizning nomimizdan ba’zi so‘zlarni to‘qisa, hozirgiga o‘xshab, sog‘-salomat, turli mo‘jizalarga sohib bo‘lib, gunohlardan ma’sum, odamlarning yomonligidan qo‘rib yurilmas edi. Unday bo‘lsa,
«Biz uni qudrat bilan tutgan bo‘lar edik» (45-oyat).
Ya’ni «Biz undan O‘z quvvatimiz va O‘z qudratimiz ila iitiqom olar edik».
«So‘ngra uning shoh tomirini kesamiz» (46-oyat).
«Shoh tomir» deganda yurakning bosh tomiri tushuniladi. Albatta, bu tomiri uzilgan odam sog‘ qolmaydi, darhol o‘ladi. Demak, agar Muhammad sollallohu alayhi vasallam Qur’onga o‘zlaricha biror narsani qo‘shib: «Bu ham Allohdan», degudek bo‘lsalar, Alloh u zotni darhol halok qilishi turgan gap ekan. Bu Qur’oni Karim Allohning sof kalomi ekaniga yorqin dalildir.
«Sizlardan hech kim uni to‘sib qoluvchi bo‘lmas» (47-oyat).
Ya’ni, farazan, Biz uni azoblamoqchi bo‘lsak, sizlardan hech biringiz Muhammadni Bizning azobimizdan to‘sib qola olmaydi.
Boshqa payg‘ambarlarga munosabat ham xuddi shunday.
KЕYINGI MAVZULAR:
Payg‘ambar erkaklardan bo‘ladi;
Payg‘ambarlar o‘z qavmining tilida yuborilgan;
Payg‘ambarlarning fazl darajalari;
Payg‘ambarlarning vazifalari;
Payg‘ambarlarning mo‘jizalari.
[1] Hozirda ushbu hududga «Muhassir vodiysi» deb yozib qo‘yilgan. Hojilar hayit kuni tong otganida Muzdalifadan Minoga qaytayotib, bu yerdan tezroq yurib o‘tishlari sunnatdir.
[2] “Payg‘ambar” so‘zi forscha bo‘lib, “payg‘om” – xabar, “bar” yetkazuvchi demak.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Keling, o‘zimizga bir necha savollar beraylik. Isrof nima? Ibodatga sarf qilingan pul qachon isrof hisoblanadi? Umraga borayotgan inson sadaqa qilishga majbur, Turkiyaga borayotganlarga bu shart emasmi? To‘yda ming dollarga mebel olish zarurat, qayta-qayta hajga borish ortiqcha ish bo‘lib qoldimi? O‘zi nafl haj va umralarga salafi solihlarimiz qanday qarashgan? Rasululloh sollallohu alayhi vasallam to‘rt marta umra qilganlarida Madinadagi barcha ehtiyojlarni ravo qilib, keyin ketganlarmi? Eng muhim savol: Dinga adovati bor kimsalar, musulmonlarning iymoniy ehtiyojlarini qachon ehtiyoj o‘rnida qabul qilasiz?
Ushbu kichik maqolamizda, qayta-qayta umra qiladigan insonlarni boshqa ehtiyojlarga pul ajratmaganlikda ayblashni shar’iy mezonda tahlil qilamiz. Haqiqatan ham islom dinida ko‘p bora umra qilish xush ko‘rilmaydimi? Bu muborak safarga mukkasidan ketish umrni va mablag‘ni isrof qilishga kiradimi? Avvalo, isrof nimaligiga biroz to‘xtalsak.
Isrof nima? Isrofga bir qancha ta’riflar berilgan. Shulardan asosiy uchtasini keltiramiz:
Isrof – to‘xtash talab etiladigan chegarani buzib o‘tishdir (Tafsiru g‘aribil Qur’an, 3/147)
Isrof – shariatda man qilingan har qanday ishni qilishdir (Ta’vilotu ahli sunna, 3/25)
Imom Jurjoniy: Arzimagan ishga ko‘p pul sarflash isrofdir, degan (Mavsu’atul axlaqil islamiya, 2/109)
Demak, nafl umra qiluvchilarni isrofgarlikda ayblaydiganlar nazdida umra arzimagan ish ekan. Darvoqe, bir tanishim ikki marta Tayland davlatiga besabab borib, bir nechta umraning pulini ishlatib kelganda bironta odam uni isrof qilganlikda ayblamadi, aksincha, dam olib keladi-da, deyishdi. Endi o‘ylab ko‘ring, sohil bo‘yida dam olish ehtiyoju, iymoniy hirsini qondirish ehtiyoj emasmi?
Yuqoridagi ta’riflardan ma’lum bo‘ladiki, to‘xtash talab etilgan chegaradan narisi isrof hisoblanar ekan. Shariatda umraning chegarasi bormi? Biron kitobda falon adaddan keyingi umra makruh deyilganmi? Istinjoda ko‘proq tosh ishlatishning hukmiga to‘xtalib o‘tgan shariat umraning adadiga ham to‘xtalishi kerak edi. Biroq nega sukut qildi. Chunki Allohning nazdida bu ibodatning isrof adadi yo‘q. Aksincha, umrani qayta-qayta qilishga ishora qiluvchi hadis bor: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Umra keyingi umraga qadar oradagi gunohlarga kafforatdir. Mabrur hajning mukofoti faqat jannatdir” deganlar. (Muttafaqun alayh).
Takror haj yoki umra qilish o‘rniga muhtojlarga yordam berish borasida salafi solihlarning munosabatlari qanday bo‘lgan?
Abdurazzoqda keladi: Tovusdan so‘rashdi: Nafl haj afzalmi yo sadaqami? U kishi hajning afzal ekaniga ishora qilib: “Safar, bedorlik, tik oyoqda yurish, Baytni tavof qilish, Bayt oldida namoz o‘qish qayerda-ya” dedi.
Bu masalaga mazhabboshi mujtahidlar xulosasi quyidagicha bo‘lgan:
(Bu qavllarda nafl haj haqida gap ketmoqda. Zotan, farz hajning sadaqadan ustun ekani kundek ravshan).
Nafl hajning sadaqadan afzal ekani barcha ulamolar bir ovozdan aytgan qavl emas, albatta. Ba’zi olimlar nazdida nafl umra yoki haj o‘rniga sadaqa qilishi mustahab. Biroq shuni unutmangki, sadaqa qilmay umra qilayotgan inson uzog‘i borsa, mustahab amalni tark qilayotgan bo‘ladi. Holbuki, bir kishi mustahab amalni tark qilgani uchun birov unga tanbeh berish mumkin emas, illo qo‘l ostidagi kishilarga mumkin (Anvarshoh Kashmiriy, Fayzul Boriy, 2/406).
Albatta, ocharchilik kelsa, boshqalarga yordam berish hatto farz hajdan ham afzal bo‘lishi mumkin. Biroq bizning jamiyatimizdagi holat ocharchilik zamoniga tushmaydi. Qanchadan qancha oilalar och-ku, deyishingiz mumkin. Biroq bu holat doim bo‘lgan, bundan keyin ham bo‘ladi. Qolaversa, nega o‘sha och oilalar o‘zingiz tansiq taomlarni paydar-pay yeganingizda esingizga kelmay, birov ibodatga bormoqchi bo‘lganda tinchingizni buzadi?!
Ibrohim alayhissalom ahli va farzandini Makkaga tashlab kelib, Alloh taologa shunday duo qiladi: “Bas, Sen O‘zing odamlarning dillarini ularga moil qilib qo‘ygil” (Ibrohim surasi, 37-oyat).
Aytingchi, ba’zi musulmonlarning Makkaga muhabbati qattiq bo‘lsa, har yili umra qilib kelmasa qalbi xotirjam bo‘lmasa, bu Ibrohim alayhissalomning ayni duolariga mos holat emasmi? Oyat tafsirida Suddiy: “Oyat musulmonlarning qalblarini Makkaga talpinadigan qilgin, degan ma’noda” degan.
Ha, bizning Makkaga mukkamizdan ketishimiz Ibrohim alayhissalomning duosi ijobatidir. Ibrohim o‘sha duoda qayta-qayta borishni emas, balki shunchaki mushtoq bo‘lib yashashimizni so‘ragan, desangiz, unda Ibrohim bizga azobni so‘ragan ekanda. Zotan, visolsiz ishtiyoq azobdan boshqa narsa emas.
Islomning ustuni bo‘lgan zotlar necha marta umra va haj qilishganini bir sira ko‘rib chiqib, maqolamizni yakunlaymiz.
Bu ro‘yxat shunchalik uzunki, yig‘sangiz kitob bo‘ladi. Undan ko‘ra, nafl haj va nafl umra qilmaganlarni sanash osonroq bo‘lsa kerak. Endi o‘ylab ko‘ring, ularning zamonida jamiyatda pulga muhtojlar yo‘qmidi? Faqirlar tugaganmidi? Yo‘q, albatta. Lekin biron olim ularni birovga pul bermasligda ayblagan emas.
Birodarlar! Bu tahlilimizdan maqsad birovni qayta-qayta umraga borishga targ‘ib qilish emas. Balki umraga borayotganlarni tanqid qilayotganlarni ogohlantirish. Har kim o‘zi topgan puliga o‘zi xo‘jayin. O‘zingiz zarur bo‘lmagan narsalarga pul sarflab turib, ko‘zingizga birovning umra puli ko‘rinmasin. Buni inson o‘zi ilg‘amasa-da, tagida hasad va adovat yotadi. Qalbingizni keng qiling. Qalbi Makka yoki Madinaga bog‘lanib qolganlardan kir izlamang, aksincha, “Muhabbati kuchli-da”, deb qo‘ying bas. “Odamlar boshqa niyatda umra qilishga o‘tib ketishyapti” degan vajh ham o‘tmaydi. Bu muammo odamlarni umradan sovutish bilan hal bo‘lmaydi, balki ularga ixlosni o‘rgatish kerak. Zotan, yomon niyatda namoz o‘qiydigan odamni namozni tark etishga chaqirilmaganidek, boshqa ibodatlardan ham turli bahonalar bilan odamlarni qaytarish joiz emas.
Abdulbosit Abdulvohid