Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Dekabr, 2024   |   23 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
24 Dekabr, 2024, 23 Jumadul soni, 1446

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining karantin talablariga qat’iy rioya etish bo‘yicha murojaati

23.03.2020   3044   11 min.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining karantin talablariga qat’iy rioya etish bo‘yicha murojaati

 

Hurmatli yurtdoshlar!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolari Kengashi karantin davrida osoyishtalikni saqlash va inson sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadidagi o‘rnatilgan tartib-qoidalarga qat’iy rioya qilishga chaqiradi.

Mamlakatimiz hududida koronavirus xastaligiga chalingan bemorlar yoki kasallikka shubha qilingan kishilarni o‘z vaqtida aniqlash va infeksiya tarqalishining oldini olish yuzasidan respublika maxsus komissiyasi tomonidan bir qator cheklovlar va  muayyan choralar ko‘rilmoqda. Jumladan:

Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlarida 23 martdan jamoat joylarida shaxsiy himoya vositalari (niqob)siz bo‘lgan shaxslarga «ogohlantirish» beriladi. 

25 mart kunidan boshlab ushbu holat qayd etilsa – bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari (223 ming so‘m) miqdorida, mazkur holat yana qaytariladigan bo‘lsa – bazaviy hisoblash miqdorining uch barobari (669 ming so‘m) miqdorida jarima qo‘llaniladi.

Tibbiy himoya vositalari, xususan, niqoblarning tanqisligini sun’iy vujudga keltirib, narxini oshirgan «tadbirkor»larga qat’iy choralar ko‘riladi.

23 martdan boshlab Toshkent shahridagi barcha korxona va muassasalarga (mulkchilik shaklidan qat’i nazar) asosiy ish faoliyatiga ta’sir etmagan holda ishchi va xodimlarni qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat ta’tiliga chiqarish, qolgan ishchilarning faoliyatini maksimal darajada masofadan turib (onlayn yoki distansion tarzda) tashkil etiladi.

Barcha savdo va dexqon bozorlarida savdo qilish nuqtalarida kasallik profilaktikasi maqsadida aholining yaqin masofada bo‘lishlarining oldini olishga qaratilgan choralar ko‘rilishi kabilar qarorda ma’lum qilindi.

 

Tartib-intizom va ishboshilarga itoat – vojib (shart)!

Azizlar, bunday holatlarda tartib-qoidalarga bepisand bo‘lish, nafaqat qonunni buzish, balki shar’iy tomondan ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki ishlarda ko‘pchilik tomonidan saylangan rahbarlarga, hukumatga bo‘ysunishning lozimligi Islom manbalarida bayon qilingan. Qur’oni karimda bunday bayon qilinadi: «Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) ishboshilarga itoat etingiz!» (“Niso” surasi, 59-oyat).

Imom Tabariy “ishboshilar” so‘zining tafsirida mashhur sahoba Abu Hurayra roziyallohu anhuning “Ular sizlardan bo‘lgan amirlar”, deb izoh berganini rivoyat qilganlar.

Ma’lum bo‘ladiki, musulmon kishi, avvalo, Alloh taolo va Uning rasuliga to‘la taslim bo‘lib, din va dunyo ishlaridagi ishboshilarga, agar ular gunohga buyurmasalar, itoat etishi vojib bo‘ladi. 

Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga itoat etsa, Allohga itoat etibdi. Kim menga osiy bo‘lsa, Allohga osiy bo‘libdi. Kim amirga itoat etsa, menga itoat etibdi. Kim amirga osiy bo‘lsa, menga osiy bo‘libdi”, deganlar (Imom Buxoriy va Imom Ahmad rivoyati).

Islom ulamolari “Musulmon, mohir, taqvodor tabibning xabari ila qilinadigan muolaja farz ayn darajasigacha ko‘tariladi”, deydilar. Demak, Islom dinida itoat qilish ibodat darajasiga ko‘tarilgan va mo‘min-musulmonlar ayni hozirgi holatda tabiblar ko‘rsatmalariga qat’iy rioya etishlari juda ham zarur.

 

Karantinni buzish joiz emas!

Hozirgi murakkab sharoitda amalga oshirilayotgan tushuntirish ishlari va ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, karantin tartib-qoidalarini qo‘pol ravishda buzishga yo‘l qo‘yayotganlar ham uchramoqda.

Inson karantin va cheklovni buzishi yoki kasallik o‘chog‘iga borganlik, bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlikni yashirishi nafaqat o‘zi, balki jamiyat uchun ham katta xavfdir. Masalan, joriy yilning 15 martidan 23 mart kuniga qadar yurtimizda ushbu kasallik 46 nafar shaxslarda aniqlangan bo‘lsa, kasallarning 16 nafari 1 bemor bilan muloqotda bo‘lganlar. Demak, bunday vaziyatda eng asosiysi, o‘zaro muloqotni kamaytirish, kasallik yuqishining oldini olish borasidagi tartib-qoidalarga qat’iy rioya qilishdir.

Tahlilchilar ta’kidlashicha, Italiya davlatida koronavirus keng tarqalishining asosiy sabablari – karantin choralarini tatbiq etmaslik, jamoat transportlari va joylardagi harakatlarni cheklamaslik hamda soha mutaxassislari fikrlariga quloq solmaslikdir. 

Demak, karantin davrida shifokorlar tavsiyalariga amal qilib, shaxsiy gigiyena va sanitariya qoidalari, ayniqsa, virusdan saqlanish uchun niqob taqib, qo‘llarni yaxshilab sovunlab yuvishga jiddiy e’tibor qaratish lozim. Shuningdek, pandemiya davrida fuqarolarning turli joylarda to‘planishi, har xil yig‘inlar qilishlari, shu jumladan, masjidlar oldida jamoat hosil qilishlari ham karantin talablariga xilofdir. Bunday harakatlarni sodir etayotgan fuqarolar respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan choralarni qo‘pol ravishda buzishlari barobarida, avvalo o‘zlari va yaqinlarini xatarga qo‘yayotganliklari, yurtdoshlarimiz orasida virus tarqalishiga sababchi bo‘lib qolishlari mumkinligini teran anglab yetishlari hamda bu kabi ishlarga qo‘l urmasliklari zarur.

Islom dini ta’limotlarida har bir inson o‘zi va boshqalar hayotini muhofaza qilishga mas’uldir! Alloh taolo Qur’oni karimda: “O‘zingizni halokatga tashlamang!” deb xitob qilgan (“Baqara” surasi, 195-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kasal tuyalari bor kishi ularni sog‘lom tuyalari bor kishining tuyalari oldiga keltirmasin”, deb ta’kidlaganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Agar bir yerda vabo (tarqalgani)ni eshitsangiz, u yerga kirmanglar. Agar sizlar turgan yerda shu narsa (vabo) bo‘lsa, u yerdan chiqib ketmanglar”, deganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Bugun karantin choralariga qat’iy rioya qilish zarurligini tushunib yetdik. Garchi yurtimizda sanoqli kishilar virusni yuqtirgan bo‘lsa-da, lekin hammamiz – yurtimizning 34 milliondan ziyod fuqarosi bir tanu bir jon bo‘lib hamkorlikda harakat qilishimiz darkor. Zero, Qur’oni karimda:

«Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling, gunoh va haddan oshish yo‘lida hamkorlik qilmang!» (“Moida” surasi, 2-oyat), deyilgan.

Demak, jamiyat sog‘ligini saqlash yo‘lida o‘zaro hamkorlik qilish – Islom dini tavsiya etilgan amallardandir.

 

Kasallik manbalaridan saqlanish hayotiy muhim talabdir

Kasallik tarqashiga zamin bo‘ladigan vositalardan biri bu – jamoat transportlari. Toshkent shahrida transport turlari hamda qatnov ko‘lamining kengligi, yo‘lovchilar oqimi yuqoriligi kasallik tarqalishida muhim omil bo‘lishini inobatga olib, Toshkent shahrida avtobus, metro hamda yo‘nalishsiz taksi qatnovlari vaqtincha to‘xtatildi.

Poytaxtimiz aholisi bunday choralarning barchasi birinchi galda ularning salomatligini asrash maqsadida amalga oshirilayotganini tushunadilar.

Yana bir muhim masala: barcha savdo va dehqon bozorlarida, savdo qilish nuqtalarida kasallik profilaktikasi maqsadida aholining yaqin masofada bo‘lishlarining oldini olishga qaratilgan choralar ko‘rilmoqda.

Sog‘liqni saqlash mutaxassislari fikriga ko‘ra, ijtimoiy masofalanish – koronavirus tarqalishining oldini olishda eng muhim chora ekan. Jamoat joylarida aholining o‘zaro yaqin masofada bo‘lishining oldini olish choralari ko‘rilmoqda. Bu chora «ijtimoiy masofalanish» deb nomlanadi. Ijtimoiy masofalanish, oddiy qilib aytganda, bu – odamlar o‘rtasidagi masofani 2 metr atrofida saqlashdir.

 

Pandemiya – tafriqa emas, birlashish vaqti

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari tomonidan mamlakatimizdagi haqiqiy vaziyatni soxtalashtirib talqin qilayotgan, aholi orasida vahima keltirib chiqarishga qaratilgan uydirmalar, shuningdek, asossiz ma’lumotlarni tarqatayotganlarga nisbatan aytar so‘zimiz shuki, bugungi sinovli paytlarda barchamiz birlashib, xalqimizga to‘g‘ri va asosli ma’lumotlarni tarqatish orqali ushbu og‘ir xastalikni yengib o‘taylik.

Hozirgi mas’uliyatli onlarda zinhor shayton vasvasasiga berilmasligimiz kerak. Har qanday qiyinchilikni birdamlik, hamfikrlik bilan yengishimiz mumkin. Tarixda ham xalqimiz bunday mashaqqatlarni boshidan o‘tkazgan, sabr-qanoatlari va kuchli imonlari bilan ularni yengib o‘tgan. Bu safar ham, bu kasallikni Alloh taoloning madadi ila birgalikda yengamiz.

Bunday vaziyatlarda biz, ahli ilm, olim ulamolarimizning ko‘rsatmalari o‘laroq dinimizning ahkomlariga asosan mo‘min-musulmonlarni, ayniqsa bunday paytlarda vahima tarqatib ommani sarosimaga soluvchi ayrim insonlarga ta’lim o‘laroq, Islom dinimiz ta’limotlariga amal qilishlariga undab qolamiz.

Har qanday mashaqqatga sabr qilish eng afzal ish ekaniga xushxabarlar bor. Alloh taolo aytadi: «Hech shak-shubha yo‘qki, sabr-toqat qiluvchilarga ajr-mukofotlari hisob-kitobsiz, to‘la-to‘kis qilib berilur» (“Zumar” surasi 10-oyat). Shunday ekan biz ham sanoqlik kunlarda imtihon o‘laroq yurtimizdan Yaratganning O‘zi bu kasallikni ko‘tarib yana tinchlik va salomatligimizni barqaror qilsin.

 

Xulosa

Aytib o‘tilgan choralarning barchasi respublikamiz hududida ushbu xavfli infeksiyaning keng tarqalib ketishining oldini olish, har bir yurtdoshimiz salomatligini qat’iy muhofaza qilishga qaratilgandir.

Shunday sinov davrida fuqarolarimizdan osoyishtalikni saqlab qolishni, vahimaga berilmaslikni, asossiz ma’lumotlar ta’siriga tushmaslikni yana bir bor so‘rab qolamiz. Unutmang, hukumatimiz, mutasaddilar va shifokorlar sizning sog‘ligingiz uchun har qachongidan ham ko‘proq qayg‘urmoqdalar.

Koronavirusga qarshi birgalikda kurash olib borib, karantin qoidalari va sanitariya cheklovlariga rioya qilish o‘zimiz, oila a’zolarimiz va yurtdoshlarimiz salomatligini asrash borasidagi eng to‘g‘ri yo‘l ekanini unutmaylik.

 

Duoyu tazarruda bo‘lish ayni muddao

Azizlar, bugun hijriy yil hisobi bo‘yicha Rajab oyining 27-kunidir. Shu kunda Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Haq taoloning huzuriga ko‘tarilganlar. Bu kun “Isro” va “Me’roj” voqeasi bilan tarixda mashhurdir. Jaloluddin Suyutiy rahmatullohi alayh «Al-Jome al Kabir» kitobida quyidagi hadisi sharifni zikr qiladi: “Rajab oyida shunday kecha borki, bu kechada amal qilgan kishi uchun yuz yillik hasanot yozilur”. Kimki shu kunda tavsiya etilgan ibodatlarni ado etib, shundan keyin dunyo va oxirat ishlarida xohlagan narsani so‘rab duo qilsa, Alloh taolo barcha duolarini ijobat qiladi, degan mazmundagi rivoyatlar kelgan (Mulla Ali Qoriy, “Al-adab fi Rajab»).

Duolar mustajob bo‘ladigan shunday vaqtlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi bunday sinovli vaziyatlarda Alloh taologa yuzlanib, gunohlarimizga istig‘for so‘rab, tavba-tazarru etib, bir-birimizning haqimizga xayrli duolar qilishni tavsiya etadi.

Aziz yurtdoshlar, ajdodlarimiz bunday sinovlarni donishmandlikka xos vazminlik bilan yengib, ertangi kunga katta ishonch va umid bog‘lab, duo va iltijo ila intilib yashashgan. Yanada hamjihat bo‘lsak, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsak, albatta, bu balo Haq taoloning izni ila yurtimizdan chekinadi.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Ulamolari Kengashi

 

Milodiy 2020 yil 22 mart

Hijriy 1441 yil 27 Rajab

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Islom huquqi maktabi

24.12.2024   816   3 min.
Islom huquqi maktabi

Hayotda shunday sohalar borki, ularni mukammal egallash uchun butun umr o‘qib-izlanish lozim. Ana shunday kasblardan biri imom-xatiblikdir. Kimdir bu kasb egalariga oson tutishi mumkin. Lekin yetuk imom bo‘lish uchun to‘rt yil madrasa, to‘rt yil diniy oliy ta’lim dargohida o‘qishning o‘zi kamlik qiladi. Chunki imom o‘zi uchun ham jamoat uchun Alloh oldida burchli bo‘lsa, el oldidiga javobgarlik ham katta mas’uliyat yuklaydi. Bu mas’uliyat va xalq ishonchini oqlashning birdan bir yo‘li ilm va taqvodir.

So‘nggi yillarda ilm-fanning barcha yo‘nalishlar qatori diniy-ma’rifiy xususan, shariat, fiqh, aqoid kabi ilmlarni o‘rganish uchun keng yo‘llar ochildi.  Bu borada Samarqandda Hadis ilmi oliy maktabi, Imom Moturidiy markazi qoshida Kalom ilmi, Farg‘onada – Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabi, Buxoroda – Bahouddin Naqshband markazida tasavvuf maktabi, Qashqadaryoda – Abu Muin Nasafiy markazida aqida ilmi maktabini tashkil etilishi o‘z samarasini berib kelayotir. Chunki imom-xatiblarning madrasa va oliy ta’lim dargohida olgan bilimlarini mustahkamlash, ularni yanada chuqurlashtirish, yangi zamonaviy diniy masalalarni keng o‘rganishda mazkur maktablar muhim ahamiyat kasb etyapti. Bir so‘z bilan aytganda, bu maktablar imom-xatiblarni chin ma’noda sohaning yetuk egasiga aylanishiga zamin bo‘layotir.

Ayni kunda Farg‘ona viloyatidagi Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabida yigirmadan ortiq vodiylik imom-xatiblar o‘z ish joylaridan uzilmagan holda diniy bilimlarini yana mustahkamlab, fiqh ilmini chuqurroq o‘rganmoqdalar. Ularga tajribali imom-xatiblar Ubaydulloh domla Abdullayev, Ibrohimjon domla Qodirov va Ahmadxon domla Nizomovlar ustoz-shogird an’anasi asosida ta’lim bermoqdalar. Shu kunga qadar tinglovchilar mazkur ustozlar ko‘magida “Muxtasarul-viqoya”, “Alfiqhul-akbar” kitoblari o‘qib tugatishdi. Ayni vaqtda “Kanzul-daqoiq” va Mulla Aliy Qorining “Alfiqhul-akbar”ga yozgan “Sharhul fiqhil Akbar” kitoblari mutolaa qilinib, asarlar batafsil o‘ranilmoqda. Ushbu asarlar Ahli sunna val jamoa aqidasi asosida mo‘min-musulmonlarni to‘g‘ri aqida hamda dinimiz ta’limotlariga amal qilishda vasatiy tarzda yurishlarida asosiy manbalardir.

Ta’kidlash joizki, imom-xatiblarning mazkur ilm dargohida olayotgan bilim va malakalari faoliyatlari uchun nihoyatda manfaatli bo‘lmoqda. Zero, turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib adashgan yurtdoshlarimizni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, mo‘min-musulmonlarga Ahli sunna val-jamoa va Hanafiy fiqhi asosida islom ta’limotlarini yetkazish, dolzarb mavzularda chiqish qilish, maqolalar yozishda bu dargohdan olinayotgan ilmiy va hayotiy tajribalar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, turli uchrashuvlar va mahallalarda olib borilayotgan targ‘ibot tadbirlarida ham mazkur ilmiy maktabda hosil qilingan bilim va ko‘nikmalar asqotmoqda. Imom-xatiblar o‘rtasidagi bilimlar bellashuvida ham mazkur maktab tinglovchilari o‘zini har tomonlama namoyon etayotgani ham e’tiborga molik. Shu bilan birga maktab tinglovchilarining bir qanchasi ilmiy izlanishlarda davom etib, o‘z tadqiqotlari bilan dinimiz ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar.

Ma’lumki, ilk o‘rta asrlarda Farg‘ona vodiysida fiqh maktabi shakllanib, buyuk allomalar yetishib chiqdi. Birgina Burhoniddin Marg‘inoniy islom xuquqshunosligi borasida beqiyos asarlar ta’lif etgani barchaga ma’lum. Bugun u kishining “al-Hidoya” asari butun musulmon olamida mashhur bo‘lib, islom huquqi – fiqh bo‘yicha eng aniq, mukammal asar sifatida tan olingan.

Bugun ham mazkur an’analar qayta tiklanib, yurtimiz yana ilmu ma’rifat, olim ulamolar diyoriga aylanayotgani quvonarli holdir.

Rahmatulloh JALILOV,
Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot kotibi
(Hidoyat jurnali, 12-son)

Islom huquqi maktabi Islom huquqi maktabi Islom huquqi maktabi Islom huquqi maktabi
O'zbekiston yangiliklari