«Isro» (الإسراء) Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamni kechaning bir bo‘lagida Makkadagi Masjidul Haromdan Quddusdagi Masjidul Aqsoga sayr qildirishidir.
«Me’roj» (المعراج) esa, Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Quddusi sharifdan yuqoriga, ya’ni, O‘zining Huzuriga ko‘tarishidir.
Ma’lumki, butun olamlarning Parvardigori Alloh taolo hamma narsadan oliy, ustun va yuksakdir.
Hikmati
Bu mo‘jizaviy safarning hikmatlari ko‘p bo‘lib, eng buyugi va lo‘ndasi Alloh taolo: (لِنُرِيَهُ مِنْ أَيَاتِنَا) «…unga (ya’ni, Muhammad alayhissalomga) O‘z mo‘jizalarimizni ko‘rsatish uchun…»[1] deb, aytgan oyatidir. Shunday ham bo‘ldi: (لَقَدْ رَأَى مِنْ أَيَاتِ رَبِّهِ الْكُبْرَى) «Darhaqiqat, u (Muhammad alayhissalom) Parvardigorining buyuk mo‘jizalarini ko‘rdi»[2].
Allohning huzurida «mehmon» bo‘lish mushriklarning aziyatlari cho‘qqisiga chiqqan paytda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga katta tasalli bo‘ldi, bu ish tufayli u zotning ko‘ngillaridan tushkun kayfiyat aridi, umid niholi gurkiradi.
Ayni choqda, bu voqea musulmonu kofir uchun sinov-imtihon ham bo‘ldi. Bu imtihondan barcha sahobalar o‘tishdi, kofir-mushriklar esa, yana dog‘da qolishdi.
Tafsiloti
Jumhur ahli sunna val jamoa ulamolari Isro va Me’roj hodisasining Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg‘ambar bo‘lganlaridan keyin, Makka davrida, hijratdan sal oldin, islom da’vati quvg‘in bilan muvaffaqiyat o‘rtasida turgan bir paytda, uyg‘oq hollarida, ruh va tanalari bilan, Jabroil farishta hamrohligida, Buroq nomli mo‘jizaviy ulovda, kechaning bir bo‘lagida, bir marta yuz berganiga ittifoq qilishgan.
Besh vaqt namoz Isro kechasi Me’rojda farz qilinganiga barcha ulamolar yakdildirlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Madinaga hijratlari payg‘ambarlikning 14-yili, rabiul avval oyining boshida, u zot qamariy hisobda 53 yoshga to‘lganlarida (milodiy 622 yil sentyabr oyi o‘rtalarida) bo‘lganiga ham barcha ulamolar ittifoq qilishgan.
Vaqti
Isro va Me’roj hodisasi yuz bergani haqida Islom ummatida mutlaqo ixtilof yo‘q. Ammo qachon sodir bo‘lgani haqida turlicha qarashlar bor. Quyida ularni birma-bir ko‘rib chiqamiz:
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg‘ambar bo‘lishlaridan oldin (bu rivoyat shozz[3] bo‘lib, Sharik ibn Abu Namir tarafidan sodir etilgan xato ekaniga barcha muhaddislar ittifoq qilishgan[4]);
– payg‘ambarlikning birinchi yili (imom Tabariy ixtiyor qilgan);
– payg‘ambarlik kelganidan bir yilu olti oy keyin (imom Zahabiyning ushbu qavli haqida Abu Umar ibn Abdul Barr: «Men Zahabiydan boshqa bu gapni aytgan birorta siyrat olimini bilmayman», degan[5]);
– payg‘ambarlik kelganidan besh yil o‘tib (qozi Iyoz naqli);
– payg‘ambarlik kelganidan yetti yil keyin (Zuhriyning bir qavli);
– payg‘ambarlikning o‘ninchi yili (Muhammad Sulaymon Mansurfuriy ixtiyor qilgan);
– hijratdan uch yil oldin (Ibn Asiyr naqli);
– hijratdan bir yilu olti oy oldin, ramazon oyida (Voqidiy rivoyati);
– hijratdan bir yilu besh oy oldin, shavvol oyida (Movardiy qavli hamda, Suddiydan Tabariy va Bayhaqiylar rivoyat qilishgan);
– hijratdan bir yilu to‘rt oy oldin, zulqa’da oyida (Suddiy va Muqotillarning bir qavli);
– hijratdan bir yilu uch oy oldin, zulhijja oyida (Ibn Foris naqli);
– hijratdan bir yilu ikki oy oldin, muharram oyida (Ibn Abdul Barr naqli);
– hijratdan bir yil oldin, rabiul avval oyida (ko‘pchilik roviylar rivoyati, jumladan: Ibn Abbos, Ibn Mas’ud, Ibn Umar, Anas, Jobir, Oisha, Ummu Salama, Ummu Honilardan rivoyat qilingan (Alloh hammalaridan rozi bo‘lsin). Qatoda, Urva ibn Zubayr, Muso ibn Uqba, Ibn Qutayba, Bayhaqiy, Ibn Sa’d, Ibn Asokir, Ibn Mardavayh, Hofiz Ibrohim Harbiylar rivoyat qilishgan (Alloh hammalarini rahmatiga olsin). Muqotil va Zuhriylarning bir qavli);
– hijratdan sakkiz oy oldin, rajab oyida (Abul Faraj ibn Javziy naqli);
– hijratdan olti oy oldin, ramazon oyida (Hofiz Abu Rabi’ ibn Solim naqli).
Qaysi kunda ro‘y bergani xususidagi fikrlar ham xilma-xildir
– 12-rabiul avval (Jobir va Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumlar qavli);
– 17-rabiul avval (Ibn Umar, Oisha, Ummu Salama va Ummu Honi roziyallohu anhumlar qavli);
– 27-rabiul avval (Hofiz Ibrohim Harbiy qavli);
– Rajab oyining birinchi juma kechasi[6] (roviyi noma’lum);
– 10-rajab (Qays ibn Abbod rivoyati);
– 25-rajab (roviyi noma’lum);
– 27-rajab (Qosim ibn Muhammad rivoyati);
– 17-ramazon (Ibn Sayyidinnas naqli);
– 29-ramazon (roviyi noma’lum).
Tahqiq (haqiqatini aniqlash)
Isro va Me’roj hodisasining qachon yuz bergani haqida birorta ham sahih hadis yoki sahobalardan sahih asar yo‘qligini, shu sababli muhaqqiq ulamolarimiz ko‘p va xo‘b bahslar olib borishganini, natijada, ma’lumotlarni «tarjih»[7] qilishganini (ya’ni, haqiqatga yaqinini aniqlashganini) aytib o‘tmoqchimiz.
Shayx Safiyyur Rahmon Muborakfuriy: «Sahih qavlga ko‘ra[8] Abu Tolib payg‘ambarlikning o‘ninchi yili rajab oyida, Xadicha roziyallohu anho ham shu yili ramazon oyida vafot etishgan. Bu paytda hali besh vaqt namoz farz qilinmagan edi. Islom ummati besh vaqt namoz Isro kechasi farz qilingani xususida ijmo’ qilgan. Isro surasining siyoqi-oqimi Isro hodisasining juda kech (ya’ni, Makka davrining oxirgi yillarida) yuz berganiga dalolat qiladi. Natijada, biz Isro hodisasi (payg‘ambarlikning 12-yili, haj mavsumida bo‘lib o‘tgan) «Birinchi aqaba bay’ati»dan sal oldinroq bo‘lgan yoki (birinchi aqaba bay’ati bilan payg‘ambarlikning 13-yili, haj mavsumida bo‘lgan) «Ikkinchi aqaba bay’ati» orasida bo‘lgan, degan fikrga keldik, yana Alloh biluvchiroq» degan[9].
Hofiz Ibn Foris Asbihoniy Isro voqeasining hijratdan bir yilu uch oy oldin, zulhijja oyida bo‘lganiga jazm qilgan (ishonch hosil qilgan va bir to‘xtamga kelgan edi)[10].
Shayx Muhammad Abu Zahra: «Isro va Me’roj hodisasi yigirma yettinchi rajabda bo‘lgan, degan fikr sahih bo‘lmagan xabar ila kelgandir. Ba’zi odamlar bu oy-kunni rost-to‘g‘ri deb qabul qilishganining guvohi bo‘ldik. Biz buni aniq ishonch hosil qilmagan va bir to‘xtamga kelmagan holdagina qabul qilamiz. Sababi, roviylar yana Isro va Me’roj hodisasining hijratdan bir yil oldin rabiul avval oyida bo‘lganiga ittifoq qilishgan», deydi.[11]
Imom Navaviy bu xususda ikki xil fikrni keltirgan. «Ravzatut tolibin» kitobida: «Isro va Me’roj hodisasi rajab oyining yigirma yettinchi kechasi bo‘lgan», desa, «Fatovo»kitobida[12]: «Rabiul avval oyida bo‘lgan», deydi.
Rajab oyining yigirma yettinchi kechasi bo‘lgani haqidagi rivoyatni Abdul G‘aniy Maqdisiy ixtiyor qilgan. Ammo hofiz Abu Is'hoq Ibrohim Harbiy uni inkor etgandir[13], qolaversa, barcha muhaddis ulamolar rivoyatning sahih emasligini bir ovozdan ta’kidlashgan.
Alloma Abu Shoma Maqdisiy[14], imom Abul Xattob Umar ibn Dihya[15] kabi olimlar: «Isro va Me’roj hodisasi rajab oyida bo‘lgani haqidagi rivoyat ta’dil va tarjih ulamolari nazdida kizbdir», deyishgan.
Rajab oyining birinchi juma kechasi bo‘lgani haqidagi rivoyatni alloma Ibn Kasir: «Asli-asosi yo‘q», degan[16].
Xulosa
Jobir bilan Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rabiul avval oyining dushanba kuni ham tug‘ilganlar, ham vahiy u zotga rost tush orqali kela boshlagan, ham Me’rojga chiqqanlar, ham Madinaga hijrat qilganlar, ham vafot etganlar»[17].
«Ibn Asiyr Jazariy: «Isro voqeasining dushanba kuni bo‘lgani mening nazarimda sahihdir», degan. Ibn Munir ushbu gapni ixtiyor qilgandir»[18].
Abul Barakot Nasafiy: «Isro hijratdan bir yil oldin (rabiul avval oyida) bo‘lgan», deydi[19].
Shayx Alouddin Mansur: «Isro Payg‘ambar alayhissalom Madinaga hijrat qilishlaridan bir yil ilgari voqe bo‘lgan», deydi[20].
Doktor Ahmad Abu Zayd[21] bilan doktor Abdul Aziz Usmon Tuvayjiriy[22]: «Arjah (haqiqatga yaqinroq) so‘zga ko‘ra, besh vaqt namoz hijratdan bir yil oldin (rabiul avval oyida) Isro va Me’roj kechasi farz qilingan», deyishadi.
Mulla Ali qori ibn Muhammad Sulton Hanafiy: «Isro hijratdan bir yil oldin rabiul avval oyida bo‘lgan. Ibn Asiyr: «Mana shu sahihdir», degan», deydi[23].
Shayx Ali Noyif Shahhud: «Isro va Me’roj hodisasi ko‘pchilik va muhaqqiq ulamolarning so‘zlariga ko‘ra, hijratdan bir yil oldin rabiul avval oyida bo‘lgan. Tadqiqot va mushohada qilinsa ham, Isro va Me’roj hodisasi rabiul avvalda bo‘lganiga ishonsa bo‘ladi», deydi[24].
Qozi Iyoz: «Bir emas, bir qancha olim Isro hodisasi hijratdan bir yil oldin (rabiul avval oyida) yuz berganini aytgan», deydi[25].
Alloma Badriddin Ayniy Hanafiy: «Isro hodisasi hijratdan bir yil oldin rabiul avval oyida bo‘lgan. Bu ko‘pchilik ulamolarning so‘zidir. Hatto Ibn Hazm bu borada mubolag‘a qilib, ijmo’ni naql qilgan», deydi[26].
Imom Bag‘aviy: «Me’roj hijratdan bir yil oldin (rabiul avval oyida) bo‘lganiga ilm ahli ittifoq qilgan», deydi[27].
Demak, Isro va Me’roj voqeasi hijratdan bir yil oldin, payg‘ambarlikning 13-yili rabiul avval oyida, dushanba kuni bo‘lgani «rojih» (haqiqatga yaqin)dir. Bu vaqt milodiy 621 yilning sentyabr yoki oktyabr oyiga to‘g‘ri keladi.
O‘shanda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qamariy 52 yoshga to‘lgan edilar.
Alloh taolo O‘zining buyuk hikmati ila bu hodisaning aniq vaqtini Qadr kechasi kabi unuttirdi!
Alloma Badriddin Ayniy Hanafiy: «Isro kechasida «rag‘oib» namozini o‘qish o‘ylab topilgan bo‘lib, uning asli-asosi yo‘q», deydi[28].
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari: «Isro kechasi to‘planib, ilmiy suhbatlar o‘tkazish keyingi davrlarda yuzaga chiqqan. Ba’zi ahli ilmlar mazkur ulug‘ hodisani yodga olish bilan birga ko‘pchilikka uning ahamiyatini eslatish va dinu diyonat yo‘lida va’zlar qilishni musulmonlar uchun foydali deb bu ishni o‘tkazishgan. Isro kechasidagi alohida namozlar va boshqa narsalar hujjatsiz ishlardir», deydilar[29].
Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi o‘qituvchisi Abdul Azim ZIYOUDDIN
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
U Hijru Ismoil deb ham nomlanadi. U yarim doira shaklidagi ochiq binodir. Xatim deb nomlanishiga sabab, u Ka’badan sindirib olingandir. Quraysh Ka’ba binosini yangilaganda o‘sha yerni qoldirgan. Ismoil hijri deyilishiga sabab, Ibrohim alayhissalom Ka’baning yoniga arok daraxtidan Ismoil hamda onalariga kapa qurib berganlar. Demak, hijr Ka’baning qismidan bo‘lmagan. Lekin Quraysh Ka’badan qoldirib, Hijrga kiritgan joyi shak-shubhasiz Ka’badir. Hajmi olti gazu bir qarich, ya’ni uch metrdir.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan xatim haqida so‘rab: «U Ka’badanmi?» desam, u zot: «Ha», dedilar. Men: «Unda nima uchun Ka’baga qo‘shib yuborishmagan?» desam, u zot: «Qavmingning, ya’ni Qurayshning mablag‘i yetmay qolgan...» dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Boshqa bir rivoyatda keltirilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyatdan endi qutulganini hisobga olmaganimda, Ka’bani buzishga buyurib, uning chiqib ketgan joyini kirgizib, yerga yopishtirib, ikki eshik, ya’ni sharq va g‘arb tomondan eshik ochib, Ibrohim alayhissalom bunyod etgan poydevorga yetkazar edim», dedilar.
Ibn Zubayrni Ka’bani buzishga undagan narsa mana shu edi. Yazid: «Ibn Zubayr buzib, qayta qurayotganlarida guvoh bo‘ldim. Hijrni Ka’baga kiritdilar. Ibrohim alayhissalom qurgan poydevordagi toshlarni ko‘rdim. U xuddi tuyaning o‘rkachiga o‘xshar edi», deganlarida, Jarir: «Uning o‘rni qayerda edi?» dedilar. U kishi: «Hozir senga ko‘rsataman», dedilar. Jarir u kishi bilan Hijrga kirdilar. Yazid o‘sha makonga ishora qilib: «Mana bu yerda», dedilar. Jarir: «Hijrni taxminiy o‘lchab ko‘rsam, 6 gaz yoki shunga yaqin edi», dedilar.
Bu narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarida ham ochiq-oydin kelgan. Imom Muslimning rivoyatlarida esa: «Hijrdan olti gaz qo‘shdim», deb aytilgan.
Bu rivoyatlardan bilinadiki, Hijr Ka’baning bir qismidir. U Ka’ba atrofidagi taxminan 3 metrlar chamasi joydir. Boshqa yer esa Ka’badan emas. Shunga binoan hijrning orqa tomonidan tavof qilish durustdir. Kim Ka’ba ichida namoz o‘qishga imkon topa olmasa, Ka’baning chamasi 3 metr yonidagi xatim qismida o‘qisa, go‘yoki Ka’ba ichida namoz o‘qigandek bo‘ladi.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Men Ka’ba ichiga kirib namoz o‘qishni yaxshi ko‘rar edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘limdan ushlab, hijrga kirgizdilar, «Ka’baga kirishni xohlasang, mana shu yerda ham o‘qiyvergin. Chunki u Ka’badan bir bo‘lakdir», dedilar».
Boshqa rivoyatda Oisha roziyallohu anho: «Hijrdami, Ka’badami namozni qaysi birida o‘qishga ahamiyat bermayman», deganlar.
Salaflardan qilingan rivoyatda: «Xatimda, mezob ostida duolar mustajobdir», deyilgan.
Shayboniy: «Sa’id ibn Jubayrning Ka’bani hijrda kuchib turganlarini ko‘rdim», dedilar.
Zolim Hajjoj ibn Yusuf xalifa Abdulmalik ibn Marvonga maktub yozib, unda Ibn Zubayr Ka’bani o‘zgartirib, uning o‘rni bo‘lmagan joylarni qo‘shib, boshqa eshik ochganini aytgan va endi Ka’bani qaytadan bino qilishini so‘ragan edi. Hajjoj Ka’bani o‘zi aytganidek o‘zgartirib bo‘lganidan keyin Abdulmalik bildiki, Ibn Zubayr Ka’ba qurilishini Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek amalga oshirgan edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyat zamonidan endigina qutulganini hisobga olmaganimda, Ka’bani buzib, chiqib ketgan joylarini qo‘shib olgan bo‘lar edim...» deganlar.
Xalifa Abdumalik Hajjojga ruxsat bergani uchun pushaymon chekib: «Agar Hajjoj buzishidan oldin ushbu hadisni eshitganimda, Ibn Zubayr qurganlarini qoldirar edim», degan Muslim rivoyati.
Rivoyat qilinishicha, ba’zi abbosiy xalifalar Imom Molik ibn Anasdan Ka’bani buzib, hadisda zikr qilinganidek, Ibn Zubayr qurganlari kabi yana qayta qurish uchun fatvo so‘rashganida, Imom Molik roziyallohu anhu: «Ey mo‘minlar amiri, o‘tinib so‘rayman, Baytullohni podshohlarga o‘yinchoq qilib qo‘ymang, xohlagan kishi uni buzib o‘ynayvermasin. Shu holat bo‘laversa, odamlar qalbida Ka’baning haybati ketib qoladi», dedilar. Imom Molikning ushbu gaplaridan keyin Ka’ba mana shu holatda qoldi.
Xatim devorining balandligi 1 metr 32 sm. Devorning eni 1 metr 55 sm.
Ikki kirish orasidagi masofa 8 metr 77 sm. Ka’ba devoridan Xatim devorigacha 8 metr 46 sm.
Ka’badan Xatimgacha mavjud bo‘lak 3 metr.
Multazam tomondagi ochiqlik o‘lchami 2 metr 29 sm.
Muqobil ochiqlikdagi o‘lcham 2 metr 23 sm. Tashqaridan devor aylanasining uzunligi 21 metr 57 sm.
"Makka, Ka’ba, Zamzam tarixi, haj va umra manosiklari" kitobidan