Ulumi Qur’onga oid ilmlar ichida «Sababi nuzul» ilmi alohida o‘rin tutadi. Qur’oni Karimni o‘rganish va undan shar’iy hukmlar chiqarishda ushbu ilmning foydasi juda ham kattadir. Bu borada Qur’oni Karim oyatlari ikki turga taqsimlanadi:
Birinchi tur: Hech qanday sababsiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri nozil bo‘lgan oyatlar.
Qur’oni Karimning ko‘pgina oyatlari asosan ushbu turga kiradi. Ular insoniyatni hidoyatga boshlash uchun sababsiz nozil qilingan.
Biroq «Aslida bularni ham sababli deyish mumkin, chunki ular ham qaysidir shaxsiy yoki ijtimoiy holat taqozosiga ko‘ra nozil qilingan», degan ulamolar ham bor.
Ikkinchi tur: Biror sababga bog‘liq ravishda nozil bo‘lgan oyatlar.
Bunday oyatlar ma’lum sabablarga ko‘ra nozil etilgandir. Ushbu baxsimizda huddi shu toifaga kiruvchi oyatlar haqida batafsil so‘z yuritamiz.
«Sababi nuzul»ning ma’nosi
Qur’oni Karimdan vahiy nozil bo‘lishiga bois bo‘lgan narsa «Sababi nuzul» deyiladi.
Boshqacha qilib aytganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida biror hodisa ro‘y beradi yoki u zotga savol beriladi. Shu munosabat ila bir yoki bir necha oyatlar nozil bo‘lib, Alloh taolo ularda mazkur hodisaga bog‘lik narsani bayon qiladi yoki savolga javob beradi. Ana o‘sha hodisa va savol «Sababi nuzul» bo‘ladi.
Ibn Jarir, Vohidiy, Firyobiy va Ibn Abu Hotim Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Yahudiylardan Shos ibn Qays ismli odam Avs va Hazraj qabilasiga mansub arablarning majlis qurib, gaplashib o‘tirgan joylaridan o‘tdi. Johiliyat vaqtida bir-biriga adovati kuchli bo‘lgan bu kishilarning bunday ulfat bo‘lib o‘tirishlari uning g‘ashiga tegdi va «Bular birlashsalar, biz bular bilan yonma-yon yashay olmay qolamiz», deb, bir yahudiy bolani chaqirdi va unga: «Arablarning ichiga borib o‘tirgin-da, ularga «Bu’os» kunini eslat va u haqdagi she’rlardan o‘qib ber», deb buyurdi. («Bu’os» kunida Avs va Hazraj qabilalari qattiq urushib, Avs g‘olib chiqqan edi.) Haligi yahudiy bola Shosning aytganini qildi. O‘tirganlar tortishib, achchiqlashib, urushib ketishdi. «Qurol!!! Qurol!!!» deb baqirishdi. Bu mojaro Payg‘ambar alayhissolatu vassalomga borib yetganda, huzurlaridagi muhtojirlaru ansoriylarni olib, ularning oldiga bordilar. Ularga:
«Men ichingizda turib, Alloh sizlarni Islom bilan ikrom qilganidan keyin, johiliyat ishini kesganidan keyin, orangizga ulfatlikni solganidan keyin ham johiliyat da’vosini qilasizlarmi?» dedilar.
Odamlar dushmanning gapiga uchib, shayton yo‘liga yurganlarini anglab yetdilar. Qurolni tashlab, yig‘lab, quchoqlashib ketdilar. Rasululloh bilan birga itoatkor holda qaytdilar.
Shunda Oli Imron surasidagi ushbu oyat nozil bo‘ldi:
وَٱعۡتَصِمُواْ بِحَبۡلِ ٱللَّهِ جَمِيعٗا وَلَا تَفَرَّقُواْۚ وَٱذۡكُرُواْ نِعۡمَتَ ٱللَّهِ عَلَيۡكُمۡ إِذۡ كُنتُمۡ أَعۡدَآءٗ فَأَلَّفَ بَيۡنَ قُلُوبِكُمۡ فَأَصۡبَحۡتُم بِنِعۡمَتِهِۦٓ إِخۡوَٰنٗا وَكُنتُمۡ عَلَىٰ شَفَا حُفۡرَةٖ مِّنَ ٱلنَّارِ فَأَنقَذَكُم مِّنۡهَاۗ كَذَٰلِكَ يُبَيِّنُ ٱللَّهُ لَكُمۡ ءَايَٰتِهِۦ لَعَلَّكُمۡ تَهۡتَدُونَ١٠٣
«Barchangiz Allohning arqonini mahkam tuting va bo‘linib ketmang. Va Allohning sizga bergan ne’matini eslang: bir vaqtlar dushman edingiz, bas, qalblaringizni ulfat qildi. Uning ne’mati ila birodar bo‘ldingiz. O‘tli jar yoqasida edingiz, sizni undan qutqardi. Alloh sizga O‘z oyatlarini ana shunday bayon qiladi. Shoyadki, hidoyat topsangiz» (103-oyat).
Demak, oyatdagi xitob aslida barcha Islom ummatiga bo‘lsa ham, tushayotgan paytda madinalik Avs va Xazraj qabilalariga qaratilgan edi. Ularning oralarida bo‘lib o‘tgan hodisa Islom ummatiga qilinadigan umumiy amrning o‘sha vaqtda nozil bo‘lishiga sabab bo‘lgan.
Alloh taolo Isro surasida marhamat qiladi:
وَيَسَۡٔلُونَكَ عَنِ ٱلرُّوحِۖ قُلِ ٱلرُّوحُ مِنۡ أَمۡرِ رَبِّي وَمَآ أُوتِيتُم مِّنَ ٱلۡعِلۡمِ إِلَّا قَلِيلٗا٨٥
«Va sendan pyh haqida so‘rarlar. Sen: «Ruh Robbimning ishidir. Sizga juda oz ilm berilgandir», deb ayt» (85-oyat).
Ushbu oyati karimaning nozil bo‘lish sababi haqida ikki rivoyat keltiriladi.
Imom Ahmad ibn Hanbal, imom Nasaiy, Hokim va Ibn Hibbon kabi muhaddislar hazrati Abdulloh ibn Abbosdan qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi:
«Qurayshliklar yahudiylarga: «Bizga bir narsa o‘rgating, manavi odamdan so‘raylik», deyishdi. Ular: «Ruh haqida so‘ranglar», dedilar. Shunda qurayshliklar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan ruh haqida so‘rashdi. Bu so‘rovga javoban «Va sendan ruh haqida so‘rarlar...» oyati nozil bo‘ldi».
Imom Buxoriy va imom Muslim hazrati Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda esa quyidagilar aytiladi:
«Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Madina ko‘chalaridan birida borar edim. U kishi bir shoxga tayanib olgan edilar. Shu payt bir guruh yahudiylarga duch keldilar. Ular bir-birlariga: «Bundan ruh haqida so‘ranglar», deyishdi. Ulardan birlari o‘rinlaridan turib kelib, ruh haqida so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam javob bermay, jim turib qoldilar. Men u zot sollallohu alayhi vasallamga vahiy kelayotganini darhol sezdim. Turgan joyimda kutdim. Vahiy nuzuli to‘xtaganidan so‘ng, u zot sollallohu alayhi vasallam: «Va sendan ruh haqida so‘rarlar...» oyatini tilovat qildilar».
Shuning uchun ham ba’zi tafsirchi ulamolarimiz: «Ushbu oyati karima ikki marta, ya’ni Makkada bir, Madinada bir nozil bo‘lgan», deydilar.
Shu masalada kelgan boshqa rivoyatlarga ko‘ra, yahudiylar ruh haqidagi savolga Allohdan boshqa hech kim javob bera olmasligini avvaldan bilganlar. Tavrotda shu haqda ma’lumot bo‘lgan. Ular qurayshliklarga Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan ruh haqida so‘rashni o‘rgatishlari bilan birga, «Agar javob bersa, Payg‘ambar emas, javob bermasa, haqiqiy Payg‘ambar bo‘ladi», deyishgan. Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqiqiy Payg‘ambar bo‘lganlari uchun ham ruh va uning mohiyati haqidagi savollarga javob bermadilar. Alloh taolo bergan javobni ularga o‘qib berdilar, xolos. Bu javob
«Ruh Robbimning ishidir», deyish edi.
Demak, bu oyatning nozil bo‘lishiga yahudiylar tarafidan berilgan savol sabab bo‘lgan.
«Sababi nuzul» ilmining foydalari
«Sababi nuzul» ilmining foydalari ko‘p bo‘lib, ulardan ba’zilari quyidagilardan iborat:
Birinchi foyda: Alloh Qur’oni Karimda nozil qilgan narsaning muayyan hikmatini bilish mo‘minga ham, mo‘min emasga ham manfaatlidir. Sababi nuzulni bilgan mo‘minning iymoni mustahkam bo‘ladi, Allohning Kitobiga amal qilishga rag‘bati kuchayadi. Chunki u sababi nuzulni bilish orqali oyatlarning ma’nolarini yaxshiroq, aniqroq hamda to‘liqroq tushunish imkoniga ega bo‘ladi. Binobarin, oyatlarga amal qilishi ham osonlashadi, kuchayadi.
Mo‘min bo‘lmagan shaxsning esa bundagi hikmatlarni ko‘rib, iymonga kelishi umid qilinadi.
Ikkinchi foyda: Oyatning ma’nosini tushunishga va uni tushunishdagi qiyinchilikni ketkazishga yordam beradi.
Hatto Vohidiyga o‘xshash olimlar: «Oyatning tafsirini uning qissasi va sababi nuzulini bilmasdan anglash qiyin», deganlar. Boshqalari esa: «Sababi nuzulni bilish oyatning ma’nosini tushunishga yordam beradi», deyishgan.
Ushbu ma’noni to‘liqroq anglab yetish uchun ba’zi misollar keltiraylik.
Alloh taolo Baqara surasida marhamat qiladi:
وَلِلَّهِ ٱلۡمَشۡرِقُ وَٱلۡمَغۡرِبُۚ فَأَيۡنَمَا تُوَلُّواْ فَثَمَّ وَجۡهُ ٱللَّهِۚ إِنَّ ٱللَّهَ وَٰسِعٌ عَلِيمٞ١١٥
«Mashriqu mag‘rib Allohnikidir, qayoqqa yuzlansan-giz, Allohning yuzi o‘sha yerda. Albatta, Alloh qamrovi kengdir, o‘ta biluvchidir» (115-oyat).
Ushbu oyatning sirtqi ma’nosiga qaraladigan bo‘lsa, namoz o‘qiydigan odam qayoqqa qarab o‘qisa ham bo‘laverishi kelib chiqadi. Qiblaga qarab namoz o‘qish shart bo‘lmay qoladi. Ammo sahobai kiromlardan qilingan rivoyat bu oyatning haqiqiy va to‘g‘ri ma’nosini anglab yetishga yordam beradi.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«U kishi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam nafl namozni ulovlari ustida u qayoqqa yuzlansa, o‘sha yoqqa qarab o‘qir edilar. O‘zlari Makkadan Madinaga kelayotgan edilar, dedi. So‘ngra Ibn Umar «Mashriqu mag‘rib Allohnikidir» oyatini qiroat qildi va: – Ushbu oyat mana shu haqda nozil bo‘lgan», dedi».
Omir ibn Rabi’a roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan zulmatli kechada safarda edik. Qibla qaysi tarafda ekanini bila olmadik. Bizdan har bir kishi o‘z qarshisiga qarab namoz o‘qidi. Tong ottirganimizdan keyin buni Nabiy sollallohu alayhi vasallamga zikr qildik. Bas, «...qayoqqa yuzlansangiz, Allohning yuzi o‘sha yerda» oyati nozil bo‘ldi».
Ikkalasini Termiziy rivoyat qilgan.
Mana shu rivoyatlar bilan oyatning ma’nosi to‘g‘ri tushunildi va haqi qati ayon bo‘ldi.
Alloh taolo Oli Imron surasida marhamat qiladi:
لَا تَحۡسَبَنَّ ٱلَّذِينَ يَفۡرَحُونَ بِمَآ أَتَواْ وَّيُحِبُّونَ أَن يُحۡمَدُواْ بِمَا لَمۡ يَفۡعَلُواْ فَلَا تَحۡسَبَنَّهُم بِمَفَازَةٖ مِّنَ ٱلۡعَذَابِۖ وَلَهُمۡ عَذَابٌ أَلِيمٞ١٨٨
«Qilganlariga xursand bo‘lib, qilmaganlariga maqtalishni suyadiganlarni azobdan najotda deb hisoblama. Ularga alamli azob bor!» (188-oyat)
Ushbu oyati karimaning sirtqi ma’nosiga qaraladigan bo‘lsa, qilgan ishiga xursand bo‘lib, qilmagan ishiga maqtalishni xush quradiganlarning hammasi alamli azobga uchrashi muqarrar bo‘ladi. Marvon ibn Hakamga ham bu ma’no noaniq bo‘lib qolganda, odam yuborib, Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan so‘ratgan.
«Marvon o‘z eshikog‘asiga: «Ey Rofe’, Ibn Abbosga borib, «Agar qilmaganiga xursand bo‘lib, qilmaganiga maqtalishni suyadigan har bir odam azoblanadigan bo‘lsa, albatta, hammamiz azoblanar ekanmiz-da?» degin», dedi. Shunda Ibn Abbos: «Sizlarning bunga nima dahlingiz bor? Nabiy sollallohu alayhi vasallam yahudiylarni chaqirib, bir narsa haqida so‘ragan edilar, ular uni u zotdan yashirishdi. U zotga boshqa narsaning xabarini berishib, huzurlaridan huddi u zot so‘ragan narsaning xabarini bergandek bo‘lib chiqishdi. Shu bilan birga, buning uchun maqtovtalab bo‘lishdi. Berkitganlaridan o‘zlaricha xursand bo‘lishdi», dedi.
Sung Ibn Abbos «Alloh: «Uni odamlarga albatta bayon qilgaysiz va berkitmassiz», deb, kitob berilganlarning ahdu paymonlarini olganini esla» va «Qilganlariga xursand bo‘lib, qilmaganlariga maqtalishni suyadiganlarni azobdan najotda deb hisoblama» oyatlarini qiroat qildi».
Buxoriy va Termiziy rivoyat qilganlar.
Ulug‘ sahobiy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu odamlarning ma’lum bir oyatning ma’nosini tushunmaganlarini e’tiborga olib, ularga oyatni uning nozil bo‘lish sababi bilan anglatmoqdalar. Ushbu rivoyatda kelgan birinchi oyati karimada ahli kitoblarning, xususan, yahudiylarning ahdni buzib, hiyonat qilishlari o‘ziga xos uslubda bayon etilgan.
«Allox: «Uni odamlarga albatta bayon kilgaysiz va berkitmassiz» deb, kitob berilganlarning axdu paymonlarini olganini esla».
Aslida, Alloh ularga kitob berayotgan paytda «Bu kitobni odamlarga albatta bayon qilasiz va berkitmaysiz», deb ahd olgan edi. Jumladan, ular o‘z kitoblarida Muhammad alayhissalomning kelishlari, u zotning vasflari va u kishi haqidagi ko‘pgina ma’lumotlar zikr qilinganligini berkitmasdan, odamlarga bayon qilishlari kerak edi. Ular rozi bo‘lib, ahd berib olgan bo‘lsalar ham, ahdni buzdilar.
Hadisi sharifda kelgan oyatning davomida:
«Bas, uni ortlariga karab otdilar va ozgina bahoga sotdilar», deyiladi.
Ya’ni ahli kitoblar ahdni ortlariga qarab otdilar va o‘sha ahdning o‘rniga bu dunyoning arzimas matohini oldilar.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam yahudiylardan Tavrotda o‘zlari haqida kelgan oyatlarni so‘raganlarida, ular u kishidan mazkur narsani berkitishdi va gapni chalg‘itib, boshqacha ma’lumotlarni keltirishdi. U zotning huzurlaridan huddi so‘ragan narsalarining xabarini bergandek bo‘lib chiqishdi. Shu bilan birga, bu ishlari uchun maqtalishni istashdi. Payg‘ambar so‘ragan narsani berkitganlaridan o‘zlari xursand bo‘ldilar.
Shunda quyidagi oyati karima nozil bo‘ldi:
«Qilganlariga xursand bo‘lib, qilmaganlariga maqtalishni suyadiganlarni azobdan najotda deb hisoblama. Ularga alamli azob bor!»
Bu oyati karimada Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga xitob qilinmoqda. Yahudiylar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam so‘ragan narsani berkitib, o‘rniga boshqa narsani aytib, qilmishlariga xursand bo‘lib, qilmagan ishlari uchun esa maqtalishni istab yurganlari bilan ular azobdan qochib qutula olmaydilar. Ular albatta alamli azoblarga uchraydilar.
Ana endi mazkur oyatning ma’nosi ravshan bo‘ldi. Uning ravshan bo‘lishiga «Sababi nuzul» ilmi yordam berdi.
2. Alloh taolo Baqara surasida marhamat qiladi:
۞إِنَّ ٱلصَّفَا وَٱلۡمَرۡوَةَ مِن شَعَآئِرِ ٱللَّهِۖ فَمَنۡ حَجَّ ٱلۡبَيۡتَ أَوِ ٱعۡتَمَرَ فَلَا جُنَاحَ عَلَيۡهِ أَن يَطَّوَّفَ بِهِمَاۚ
«Albatta, Safo va Marva Allohning shiorlaridandir. Kim Baytni haj yoki umra qilsa, unga ikkovlari o‘rtasida sa’y qilishi gunoh emas» (158-oyat).
Ushbu oyati karimaning sirtqi ma’nosiga qaraladigan bo‘lsa, kimdir haj yoki umra qilganda Safo va Marva orasida sa’y qilsa, gunoh bo‘lmaydi, sa’y qilmasa ham bo‘laveradi, degan ma’no chiqadi. Jumladan, Urva ibn Zubayr roziyallohu anhu ham xuddi shunday tushungan. Ammo sababi nuzulni bilganidan keyin haqiqatni anglab yetgan.
Urva roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Men Oishaga:
«Menimcha, bir kishi Safo bilan Marva orasida sa’y qilmasa, zarar bo‘lmaydi», dedim.
«Nima uchun?» dedi.
«Chunki Alloh taolo: «Albatta, Safo va Marva Allohniig shiorlaridandir. Kim Baytni haj yoki umra qilsa, unga ikkovlari o‘rtasida sa’y qilishi gunoh emas», degan», dedim.
«Safo va Marva orasida sa’y qilmagan odamning hajini ham, umrasini ham Alloh tugal qilmaydi. Agar sen aytgandek bo‘lganida, «Ikkovlari o‘rtasida sa’y qilmasa, gunoh emas», deyilardi. Nima uchun unday bo‘lganini bilasanmi? Ansorlar johiliyatda dengiz bo‘yidagi ikki sanamga niyat qilib, talbiya aytar edilar. Ular Isof va Noila deb atalar edi. So‘ngra kelib, Safo va Marva orasida sa’y qilar edilar. Keyin soch oldirar edilar. Islom kelganda ikkisi orasida xuddi johiliyatdagi kabi tavof qilishni yoqtirmadilar. Shunda Alloh azza va jalla: «Albatta, Safo va Marva Allohning shiorlaridandir»(oyati)ni nozil qildi. Bas, ular sa’y qildilar», dedi».
Boshqa bir rivoyatda:
«Ey opamning o‘g‘li, qanday ham yomon gap aytding! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sa’y qilganlar va musulmonlar ham sa’y qildilar. Bas, sunnat bo‘lib qoldi», deyilgan.
Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilishgan.
Ushbu rivoyatda Qur’oni Karim oyatlaridan birini, ya’ni Safo va Marva orasida sa’y qilishga oid oyatni noto‘g‘ri anglash oqibati va uni tuzatish lozimligi haqida Oisha onamiz tomonlaridan batafsil tushuntirish berilmoqda. Rivoyat qahramonlaridan Urva ibn Zubayr roziyallohu anhu Oisha onamizning opalari Asmo bint Abu Bakr roziyallohu anhoning kichik o‘g‘illaridir. U kishi «Kim Baytni haj yoki umra qilsa, unga ikkovlari o‘rtasida sa’y qilishi gunoh emas» oyatining nozil bo‘lish sababini bilmaganlari uchun uni noto‘g‘ri tushunganlar. U kishi haj yoki umra qiluvchilar Safo va Marva o‘rtasida sa’y qilmasa, zarari yo‘q, degan fikrga borganlar va buni xolalari – Oisha onamizga aytganlar. Oisha onamiz hamma tafsilotlarni bilganlari uchun, jiyanlarining xatosini to‘g‘rilaganlar.
Buxoriyning lafzida:
«Albatta, bu ansoriylar to‘g‘risida nozil bo‘lgan. Ular Islomdan oldin Manot Tog‘iyaga niyat qilib, talbiya aytar edilar. Ular unga Mushallal oldida ibodat qilar edilar. Kim unga atab ehrom bog‘lasa, Safo va Marva orasida sa’y qilishni o‘ziga ep ko‘rmas edi. Ular Islomga kirgan chog‘larida Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan bu haqda so‘radilar. Shunda ushbu oyat nozil bo‘ldi.
Abu Bakr aytdiki: «Men ushbu oyatning ikki guruh haqida nozil bo‘lganini eshitdim. Ikkisi ham johiliyat vaqtida Safo va Marva orasida tavof qilishni o‘ziga ep ko‘rmaganlar haqida va johiliyatda ikkisi orasida tavof qilib yurib, Islomda uni o‘ziga ep ko‘rmaganlar haqida», deyilgan.
Ushbu rivoyatda ismi zikr qilingan Manot Tog‘iya johiliyat ahlining eng katta butlaridan biri bo‘lgan. Mazkur butni Amr ibn Luhaf ismli kishi Qadid degan joyga yaqin bo‘lgan Mushallal nomli kirish joyiga qo‘ygan bo‘lib, ansoriylar Islomdan oldin o‘sha butning oldida ehrom
bog‘lab, haj va umrani boshlar ekanlar. Mazkur butning oldida ehrom bog‘laganlar. Safo va Marva orasida sa’y qilishdan hijolat bo‘lib qolar ekanlar. Demak, johiliyat vaqtida Safo va Marva orasida sa’y qilishni o‘ziga ep ko‘rmaganlar ansoriylar ekan.
Islomdan oldingi davrda Safo tepaligiga Isof ismli, Marva tepaligiga Noila ismli butlar qo‘yilganligini, qurayshliklar sa’y qilib borib, o‘sha yerga yetganlarida ularni ulug‘lashlarini yuqorida bayon qildik. Islomga kirganlaridan keyin ular bu ikki tepalik orasida sa’y qilishni o‘zlariga ep ko‘rmay qoldilar. Demak, johiliyatda ikkisi orasida sa’y qilib yurib, Islomda uni o‘ziga ep ko‘rmaganlar muxojirlar ekan.
Alloh taolo «Albatta, Safo va Marva Allohning shiorlaridandir. Kim Baytni haj yoki umra qilsa, unga ikkovlari o‘rtasida sa’y qilishi gunoh emas» degan oyati karimani nozil qilib, ularning noto‘g‘ri mulohazalarini tuzatib, haj va umrani niyat qilgan kishi uchun Safo va Marva orasida sa’y qilish Islom shariatida sobit qolishini bayon etdi.
Uchinchi foyda: Oyat nima haqida nozil bo‘lganini aniq bilish. Bu esa har bir narsani o‘z o‘rniga qo‘yishga, boshqasi bilan aralashtirib yubormaslikka yordam beradi.
To‘rtinchi foyda: Har bir oyatni eshitgan odam uchun uning nozil bo‘lish sababini bilish yodlashni, tushunishni va ilohiy kalomni qalbga jo qilishni osonlashtiradi.
SABABI NUZULNI BILISH YO‘LI
Sababi nuzulni bilishning sahih naqldan boshqa yo‘li yo‘qdir.
Vohidiy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «O‘zingiz bilmagan gapni gapirishdan saqlaning. Kim menga nisbatan qasddan yolg‘on gapirsa, do‘zaxdagi o‘rniga tayyorlanaversin. Kim Qur’onga nisbatan yolg‘on gapirsa, do‘zaxdagi o‘rniga tayyorlanaversin», dedilar».
Shuning uchuy ham biror oyatning sababi nuzuli haqida ushbu oyatlarning nozil bo‘lishiga bevosita guvoh bo‘lgan, nozil bo‘lish sabablarini bilgan, uning ilmini bahs qilgan zotlardangina to‘g‘ri yo‘l bilan naql qilish mumkin.
Shunga binoan, sababi nuzul sahobiydan naql qilingan bo‘lsa, boshqa rivoyat bilan tasdiqlangan bo‘lmasa ham, qabul qilinaveradi. Chunki sahobiydan rivoyat qilingan narsa Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan naql qilingan narsaning hukmidadir. Zotan, bu kabi nozik masalalarda sahobiylar o‘zlaricha bir gan aytmaydilar. Ular bu borada faqat eshitgan, ko‘rgan, hozir bo‘lgan va tasdiqlangan narsalarnigina gapiradilar.
Agar sababi nuzul haqida mursal (ya’ni sanadida sahobiy tushib qolgan) xabar naql qilinsa, uni boshqa bir mursal quvvatlasagina va uni Mujohid, Ikrima va Sa’id ibn Jubayrga o‘xshash katta olim, mufassir tobe’inlar rivoyat qilsagina, qabul qilinadi.
SABABI NUZULNING IFODA TURLARI
Sababi nuzulni ifoda qilish bo‘yicha ishlatiladigan ta’birlar ham turlicha bo‘ladi.
Ba’zida «Falon oyatning sababi nuzuli bunday», deya ochiq aytiladi. Unda sabab aniq bo‘ladi va boshqa gapga o‘rin qolmaydi.
Ba’zida «sabab» so‘zi ochiq aytilmaydi. Lekin oyatning nozil bo‘lishi haqidagi hodisaning so‘ngida «fa» ta’kib harfi keltiriladi. Misol uchun, «Unday bo‘ldi. Bunday bo‘ldi. Bas, falon oyat nozil bo‘ldi», deyiladi. Bu ham sababi nuzulni ifoda etadigan ta’bir hisoblanadi.
Gohida Rasululloh, sollallohu alayhi vasallamga savol beriladi. So‘ngra u zotga vahiy qilinadi. U zot savolga vahiyda nozil bo‘lgan narsa ila javob beradilar. Bu yerdagi ta’birda «sababi nuzul» lafzi ham, «fa» ta’qib harfi ham bo‘lmaydi. Ammo sabab gapning borishidan bilib olinadi. Buning hukmi ham sababi nuzulni bayon qilgan hukmidadir.
Gohida «sabab» so‘zi ham, «fa» ta’qib harfi ham, savolga javob ham kelmay, «Falon oyat falon narsa haqida nozil bo‘lgan», deyiladi. Bu iborani sababi nuzul haqidagi matn deb bo‘lmaydi. U sababi nuzuldan boshqa ma’noni ham ifoda etishi ehtimoli bor. Qay bir ehtimol kuchli ekanini boshqa belgi va alomatlardan bilib olinadi.
Shunga binoan, bir mavzuda ikki xil ibora kelsa, ulardan biri sababi nuzulni aniq ifoda etsa, ikkinchisi aniq ifoda etmasa, birinchisi sababi nuzul deya qabul qilinadi. Ikkinchisi esa oyat dalolat qilgan narsaning bayoni deyiladi.
Keling aytilgan fikrlarga misol keltiraylik.
Ibn Munkadirdan rivoyat qilinadi:
«Jobir roziyallohu anhuning: «Yahudiylar: «Agar erkak xotiniga orqa tomonidan oldiga yaqinlik qilsa, bola g‘ilay bo‘ladi», der edilar. Shunda «Ayollaringiz ekinzorlaringizdir. Bas, ekinzoringizga xohlaganingizday keling» oyati nozil bo‘ldi», deganini eshitdim».
Termiziy va Buxoriy rivoyat qilganlar.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Ayollaringiz ekinzorlaringizdir» ayollarning orqalaridan kelish haqida nozil qilingan».
Buxoriy rivoyat qilgan.
Bu yerda Jobir roziyallohu anhuning rivoyati sababi nuzul iborasidir. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuning rivoyati esa mazkur masala bo‘yicha shariat hukmini bayon qilishdan iborat bo‘ladi.
Tafsirchilarning «Bu oyat falon narsa haqida nozil bo‘lgan, mana bunisi falon narsa haqida nozil bo‘lgan» kabi gaplari va ixtiloflari sababi nuzul bo‘la olmaydi.
Ammo sababi nuzul haqidagi matn ekani aniq bo‘lgan iboralar orasida ixtilof bo‘lsa, alohida o‘rganib, keyin xulosa qilinadi. Mazkur ixtiloflar quyidagicha bo‘lishi mumkin:
Sabab bir nechta, nozil bo‘lgan narsa bitta.
Sabab bitta, nozil bo‘lgan narsa bir nechta.
KЕYINGI MAVZULAR:
Sabab bir nechta, nozil bo‘lgan narsa bitta bo‘lishi;
Sabab bitta, nozil bo‘lgan oyatlar bir nechta bo‘lishi;
Qur’oni Karim e’jozi;
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Internet, telefon va shu kabi boshqa jihozlarda harom narsalarni tomosha qilish.
Alloh taolo aytadi: «Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini tiysinlar, iffatini saqlasinlar. Mana shu ular uchun poklikdir. Alloh bandalarning nima qilayotganidan xabardordir» (Nur surasi, 30-oyat).
Alloh taolo «Mana shu ular uchun poklikdir» deganida ko‘zni tiyish bilan mo‘minlarning hayoti yanada pokiza, yanada go‘zal bo‘lishini nazarda tutgan. Lekin banda ko‘zini tiymasa, buning aksi bo‘ladi.
Bu – qizlarda ko‘p uchraydigan holat. Kimki ko‘zini haromdan tiyib yashayotgan bo‘lsa, uning hayotda xotirjam, sokin, qanoatli ekanini ko‘rasiz. Lekin kim ko‘zining jilovini qo‘yib yuborgan bo‘lsa, tushkunlikda, hayotdan norozi bo‘lib yashayotganiga guvoh bo‘lasiz.
Demak, qiz bolaning xursand yoki tushkun kayfiyatda yashashi uning ko‘zlari nima bilan mashg‘ul ekaniga bog‘liq ekan. U ko‘zini tiymasdan, haromga nazar tashlagan paytda o‘zini ruhi singan, mahzun holda ko‘radi. Ko‘zini haromdan saqlagan paytlarda esa o‘zini baxtu saodat ichida topadi.
Bir qiz aytadi: «Internetda filmlar, qisqa videolar tomosha qilishni shunchaki ko‘ngilxushlik, xursandchilik deb hisoblardim. Ularni qiziqib tomosha qilardim, lekin ko‘rib bo‘lgach, sababi aniq bo‘lmagan mahzun holatga tushib qolardim. Nihoyat, bir kuni bu holatimning sababini topdim. Men ko‘nglimni yozish uchun ko‘rayotgan kinolarda behayo va ayanchli sahnalar ko‘p bo‘lardi. Mana shunday harom narsalarni tomosha qilish qayg‘uga botib qolishimga, mahzun holatga tushib qolishimga sabab bo‘lar ekan. Shundan keyin o‘zim bilan o‘zim kurasha boshladim. Yomon sahnalar ko‘rsatilgan paytda boshqa kanalga olib qo‘yadigan yoki kompyuterni o‘chirib qo‘yadigan bo‘ldim. Nafsimning xohishlariga qarshi turish ancha qiyin bo‘ldi, lekin Alloh harom qilgan narsalardan ko‘zimni saqlaganim uchun xursand bo‘lardim».
Ba’zi qizlar «Oyatdagi ko‘zni tiyish faqat erkaklarga xos buyruq, chunki ayolda erkakni fitnaga soladigan narsalar bor. Shuning uchun erkaklar ayollarga qaramay, ko‘zini tiyishi kerak. Erkak kishida esa ayolning his-tuyg‘ularini junbushga keltiradigan narsa yo‘q. Shuning uchun ayolning erkaklarga qarashida hech qanday muammo yo‘q», deyishadi.
Bu mutlaqo noto‘g‘ri. Ayol kishida erkakning his-tuyg‘ulariga ta’sir qiladigan jihatlar bo‘lganidek, erkaklarda ham ayollarning aqli va his-tuyg‘ularini uyg‘otadigan omillar bor.
Erkak kishi ayolning nozik, kelishgan qomatiga, husniga qarab, unga qiziqadi. Ayol kishini esa erkakning ko‘rkam jismi, boyligi, atirining xushbo‘y hidi, qat’iyati, jur’ati va boshqa o‘ziga xos jihatlar o‘ziga rom qiladi.
Ayollar ham, erkaklar ham nafaqat qarama-qarshi jinsga nazar solish, balki o‘zi kabi jins vakillarining ham avratiga qarash ham haromdir.
Demak, shariatimizda ayol kishi boshqa bir ayolning avratiga qarashdan, biror joyini ushlashdan qaytarilgan. Faqatgina tibbiy muolaja va shu kabi zarurat bo‘lganda shariat bunga ruxsat beradi.
Alloh taoloning oyatlariga ahamiyat beradigan bo‘lsak, U Zot barcha mo‘minlarga – erkagu ayollarga murojaat qilganida «Ey iymon keltirganlar!» deb xitob qiladi. Bu xitob iymon keltirgan har qanday erkak va ayolga tegishli bo‘ladi.
Buning yorqin misoli ushbu oyatdir:
«Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyad taqvo qilsangiz» (Baqara surasi, 183-oyat.)
Bu oyatdagi xitob erkagu ayol mo‘minlarga qaratilgan, shuning uchun ro‘za tutish barchaga barobar farz qilingan. Buni quyidagi oyatda ham ko‘rishimiz mumkin:
«Ey iymon keltirganlar! Agar mo‘min bo‘lsangiz, Allohga taqvo qiling va riboning sarqitini ham tashlang» (Baqara surasi, 278-oyat).
Bu oyatda erkak ham, ayollar ham sudxo‘rlik qilmaslikka buyurilgan. Demak, Alloh taoloning Kitobidagi qoida shunday: «Ey iymon keltirganlar» degan xitob erkagu ayollarni ajratmaydi, barcha mo‘min va mo‘minalarga qaratilgan bo‘ladi. Alloh taolo mo‘minu mo‘minalarga biror narsani buyursa, ularga «Ey iymon keltirganlar», deb xitob qilgan. Lekin mo‘minlarga ko‘zni tiyishni buyurganida erkaklarni ham, ayollarni ham o‘z ichiga oladigan umumiy xitob bilan yuzlanmadi, balki erkaklarga alohida oyatda, mo‘minalarga keyingi oyatda buyurdi:
«Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini tiysinlar, iffatlarini saqlasinlar. Mana shu ular uchun poklikdir. Alloh ularning nima qilayotganidan xabardordir. Mo‘minalarga ayting, ko‘zlarini tiysinlar, iffatlarini saqlasinlar, zohir ziynatlaridan boshqasini ko‘rsatmasinlar, ro‘mollari bilan ko‘kslarini to‘sib yursinlar...» (Nur surasi, 30-31-oyatlar).
Nima uchun Alloh taolo ko‘zni haromdan tiyishga buyurish uchun mo‘minalarga alohida oyat nozil qilmadi? Nima uchun erkaklar bilan ayollarga bitta oyatda birgalikda buyurmadi? Ehtimol, bundan maqsad – muslima ayol ko‘zni tiyish qanchalik muhim ekanini anglab yetishidir? Toki ayollar bu buyruq faqat erkaklarga qaratilgan, deb o‘ylab qolmasin. Chunki ayol kishi (qiz bola ham) begonalarning avratiga qarasa, hayoti barbod bo‘ladi, qalbi mahzunlikka to‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ko‘zning zinosi – (nomahramga) qarashdir», deganlar.
Boshqa bir rivoyatda «Ko‘z ham zino qiladi. Ko‘zning zinosi – (nomahramga) qarashdir», deyilgan («Sahihul Buxoriy»).
Mana shu oyatga ko‘ra, kim ko‘zi bilan zino qilsa-yu, tavba qilmasa, Qiyomatda uqubatga duchor bo‘ladi. Uqubat jahannamdagi bir vodiy bo‘lib, u yerda zinokorlar azoblanadi. Kimki zinokorlar vodiysiga tushadigan bo‘lsa, uning uchun azob ko‘proq bo‘ladi, u yerda xor bo‘lib, abadiy qolib ketadi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.