Alloh taolo har bir narsani ulkan hikmat bilan yaratgan. U Zot har bir jonzotni o‘ziga munosib sharoit, kerakli a’zolar bilan yo‘qdan bor qilgan. Ana shunday jonzotlardan biri buqalamundir.
Alloh taolo ushbu jonzotga kerakli a’zolarni ato qilgan. Buqalamun kaltakesaklar oilasiga mansub bo‘lib, tanasining rangini o‘zgartirish imkoniyatiga ega bo‘lgan jonzot. Ularning tana uzunligi odatda 30 santimetrga, kam hollarda 50-60 santimetrga yetadi. Eng kichik buqalamunlar 3-5 santimetr atrofida bo‘ladi. Boshi dubulg‘asimon, oyoqlari uzun, balandlikka chiqishga mos bo‘ladi.
Buqalamunlar noodatiy ko‘rish a’zolariga ega. Qovolari doimiy ravishda birlashib turgani uchun ko‘zlarini yopib turadi. Qovoqlar o‘rtasida teshikchasi bo‘lib, buqalamun shu teshik orqali atrofni kuzatadi. O‘ng va chap ko‘zlarining harakati bir-biriga mos kelmasligi mumkin, bu esa hasharotlarni izlash, aniqlashda qo‘l keladi. Hujum paytida ko‘zlar o‘lja tomonga yo‘nalgan bo‘ladi. Buqalamunlar o‘z atrofini to‘la ko‘ra oladi. U o‘ljani kutib daraxt shoxida uzoq vaqt o‘tiradi. Kutish asnosida tanasi harakatsiz bo‘lsa-da, ko‘zlari tinmay harakatlanib turadi. Ov paytida uzoqroqda turgan o‘ljasini uzun va uchida so‘rg‘ichi bor tili yordamida tutadi. Tilning chiqish tezligi soniyaning 20 dan 1 ulushicha bo‘lib, yarim soniya bo‘lmay turib til o‘z joyiga qaytadi. Uch soniya ichida 4 ta hasharotni tanib, tutib olish imkoniga ega. Ov qilmayotgan paytida tilini pastki jag‘ ichidagi maxsus suyak ushlab turadi.
Buqalamunlarning boshqa kaltakesaklardan farqli jihati tana rangini o‘zgartirib, turli tusga kirish imkoniga egaligidir. Rangning o‘zgarishi terining tarkibiy xususiyatlari bilan bog‘liq. Terining tashqi tolali va chuqur qatlamida maxsus keng tarqalgan hujayralar – xromatoforlar mavjud. Ushbu hujayra tarkibida turli pigment donalari bor: qora, to‘q jigarrang, qizg‘ish va sariq ranglar. Terining bunday o‘zgarishi tashqi ogohlantirish belgisi sifatida yuz beradi. Harorat, yorug‘lik va namlik, ochlik, tashnalik, qo‘rquv, tirnash istagi kabi holatlarda teri rangi o‘zgaradi. Buqalamunlar uxlayotgan paytda terisining rangini yo‘qotadilar va u oq rangda bo‘ladi. Ko‘pincha rang o‘zgarishi dushmanni qo‘rqitishga qaratilgan chora sifatida yuz beradi. Ko‘payish davrida ham erkaklarida rangning tez o‘zgarishi sodir bo‘ladi.
Buqalamunlar terisi rangining o‘zgarishi o‘zini o‘rab turgan o‘simliklarga taqlid qilish, ya’ni o‘sha hududga moslashish jarayoni ekani ma’lum, ammo olimlar Afrikaning shimolida yashaydigan tog‘ buqalamunini o‘rganishlari natijasida aniqladilarki, ular o‘z turdoshlari bilan munosabatga kirishish uchun ham ranglarini o‘zgartirar ekanlar.
Buqalamunlar asosan Afrikaning shimolida, Madagaskarda, ba’zi turlari yevropaning janubi, Yaqin Sharq, Hindiston janubi, Shri lanka, Hind ummonining g‘arbiy qismlaridagi orollardagi tropik o‘rmonlar, savannalar, cho‘llar, daraxt va butalar, kam o‘simlik o‘sadigan joylar va quruq yerlarda yashaydi.
Ko‘pincha terrariumlarda Yaman va Madagaskar buqalamunlari boqiladi.
Alloh taolo barcha jonzotlarni ular yashaydigan sharoitlarga moslab, kerakli a’zolar bilan yaratgan.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
هَذَا خَلْقُ اللَّهِ فَأَرُونِي مَاذَا خَلَقَ الَّذِينَ مِن دُونِهِ بَلِ الظَّالِمُونَ فِي ضَلَالٍ مُّبِينٍ
“Bu Allohning yaratganidir. Qani menga ko‘rsating-chi, Undan boshqalar nimani yaratdilar. Yo‘q! Zolimlar ochiq-oydin adashuvdadirlar” (Luqmon surasi, 11-oyat).
Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni chiroyli qilsin!
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bandadan xato sodir bo‘lmasligi mumkin emas, balki sodir bo‘lgan xatolarni tuzatishga intilish — ana shu bandalik xususiyatidir. Odam bolasidan xato sodir bo‘lishi oddiy hol. Xatolarni afv etish esa hamma ham qila olmaydigan, oxiratda sharaf bo‘ladigan xislatdir.
Yevropalik bir faylasuf: «Olovni haddan ziyod yoqib yuborma, dushmandan oldin o‘zingni kuydirib qo‘ymasin», deydi.
Bir odam hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuga: «Men seni shunday haqorat qilamanki, u sen bilan birga qabringgacha boradi», dedi. Abu Bakr roziyallohu anhu: «Sening haqorating qabrgacha men bilan emas, balki o‘zing bilan birga boradi», dedilar.
Xullas, Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu uning axloqsizligiga e’tibor ham bermadilar.
Qur’oni Karim johil kishilardan yuz o‘girib o‘tib ketishni va behuda ishlardan batamom saqlanishni ta’lim bergan va ta’kidlagan.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Yo Allohning Rasuli! Xizmatkorimning xatolarini necha marotaba avf qilayin?» deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga javob qilmay jim turdilar. U yana qayta so‘radi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har kuni yetmish marotaba» dedilar.
Imom Termiziy rivoyati.
Hadisdan olinadigan foyda shuki, xatolarni avf qilishning haddi belgilangan emas. Agar xodim har kuni yetmish marotaba xato qilsa ham, uni kechirish go‘zal xulq va rahm-shafqatning talabidir.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan