Bugun butun dunyo aholisining o‘y-xayoli, fikru zikri, turish-turmushini bir vahima, u ham bo‘lsa, koronavirus hadigi chulg‘ab olgan. Keksayu yosh, kattayu kichik, mulozimu raiyat – tirik jon borki tojsimon virusga yo‘liqmaslik choralarini ko‘ryapti.
Eng kulgilisi, shu yil 15 mart kuni O‘zbekiston hukumati o‘tkazgan brifingdan so‘ng ayrim odamlar o‘zini bozorlarga, do‘konlarga urishdi. Xuddi Qiyomat qoim bo‘layotgandek, oylarga, chorak, hatto yillarga yetadigan oziq-ovqat mahsulotlarini g‘amlab olishdi.
Ba’zilar qanoatni unutib, rizq Allohdan ekanini, qirq yil qirg‘in bo‘lsa-da, faqatgina ajali yetgan o‘lishini unutib qo‘yishgan ko‘rinadi...
Buyuk ajdodimiz Hakim Termiziyning “Navodir ul-usul” asarida keltirilgan voqea ham rizq Allohdan ekaniga dalolat qiladi. Oralarida Abu Muso, Abu Molik va Abu Omir kabi sahobalar bo‘lgan ash’ariylar karvoni Madinaga hijrat qilishdi. Manzilga ochlikdan sillasi qurib, bir alfozda yetib keldilar. Bir kishini Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan yegulik so‘rab kelishga yuborishdi. Jo‘natilgan odam eshiklari oldiga kelganda ichkaridan Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamning: “Yerda o‘rmalovchi biror narsa (jonzot) yo‘qki, uning rizqi (ta’minoti) Allohning zimmasida bo‘lmasa! (U) uning qarorgohini ham, oromgohini ham bilur...” oyatini tilovat qilayotganlarini eshitdi. O‘ziga o‘zi: “Allohga ash’ariylardan ham ko‘ra rizqlantirish osonroq biror jonzot yo‘q”, deya Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga uchramay qaytib ketdi.
Borib: “Xushxabar, sizlarga yordam kelmoqda!” deganida, sheriklari bu gapni Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ko‘mak va’da qilibdilar, deya tushunishdi. Shu payt ularning oldiga non va go‘sht to‘la idish ko‘tarib olgan ikki kishi keldi. Ash’ariylar undan to‘ygunlaricha yegach, taomdan ortib qolganini Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga qaytaraylik, U Zot buni boshqa muhtojlarga bersinlar, deb kelishishdi. So‘ng barchalari Payg‘ambarimiz alayhissalomning oldilariga borib, taom uchun minnatdorlik bildirishdi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Men sizlarga hech qanday yegulik yuborganim yo‘q”, dedilar. Bir sheriklarini Ul Zotning huzurlariga yuborganlarini aytishganida, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam o‘sha odamdan nima gapligini so‘radilar. U nima qilgani va sheriklariga nima deganini aytganida U Zot sallallohu alayhi va sallam: “Mana shu Allohning sizlarni rizqlantirganidir”, deya marhamat qildilar.
E’tibor bering-a, bu dunyoda ajali bitgan, rizqu nasibasi ko‘tarilgan odamning joni virus yoki boshqa yuqumli kasalliklarga bog‘liq emas! Yoki aksincha: umri tugamagan odamni hech qanday virus olib ketolmaydi!
Xo‘sh, shunday ekan, dinimiz ta’limotida har bir insonning ajali muayyan muddat etib belgilangan ekan, vahimaga tushishimizga, xavotirlanishimizga asos bormi?
Bolgariyalik olim-shifokor Veselin Yolov koronavirus tufayli ommaviy vahimaga tushishga aslo hojat yo‘qligini ta’kidladi. Hozir dunyo bo‘yicha 7 milliard aholidan vafot etganlar sanoqligina miqdorda. Sog‘ayganlar esa juda ko‘pchilikni tashkil etadi.
Vaholanki, ayni paytda dunyo miqyosida, internet ma’lumotlariga qaraganda, saratondan, yurak xurujidan, diabetdan, zararli hasharotlar chaqishi oqibatida, avtoxalokatda va qotillik tufayli bir kunda ming-minglab odamlar hayotdan kuz yummoqda.
Insonni omadsizlikka, kasallikga, faqirlikga tushiradigan, duosini ijobatini to‘sadigan narsa ham – uning xatolari. Qancha ko‘p istig‘for aytsak, qancha ko‘p duo qilib Yaratganning O‘zidan so‘rasak, shuncha ko‘proq mushkullarimiz yengillashadi!
Ta’kidlash joizki, kishi musulmon bo‘lishi uchun Allohga, farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, Qiyomat kuniga, yaxshilik ham, yomonlik ham Allohdan ekaniga hamda Qiyomat kuni tirilishga imon keltirishi shart. Demak, mo‘min-musulmonlarimiz yaxshilik ham, yomonlik ham Allohdan ekanligini unutmasdan, buning uchun vahimaga tushmasdan, to‘g‘ri yo‘l tutib, yanada jipslashib, rahbarlarning so‘zlariga qat’iy rioya qilishlari shart bo‘ladi!
Kuni kecha O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining koronavirus (COVID-19) infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha fatvosi e’lon qilindi. Bu fatvoni muftiy hazratlari ommaviy axborot vositalari orqali barchaga o‘qib eshittirdilar.
Muhtaram Prezidentimizning boshchiliklarida davlatimiz, hukumatimiz xalqimizga doimo yaxshilikni ravo ko‘rib, turli salbiy holatlardan avaylab-asrab kelayapdimi, Xudoga shukrki, bu darddan ham xalqimizni xalos qilish uchun barcha zarur va kerakli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga hammamiz guvohi bo‘lib turibmiz.
Yurtimizdagi har bir mo‘min-musulmon ortiqcha vahimaga berilib, sarosimaga tushmasdan, dinimizga ham, qonun-qoidalarimizga ham, milliy qadriyatlarimizga ham, sharqona odob-axloqimizga ham to‘g‘ri kelmaydigan harakatlar qilmasdan, balki uni o‘rniga o‘zimizga ham, oila a’zolarimizga ham tozalik-ozodalikni lozim tutib, gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etsak, inshoalloh, bu balo tezda daf bo‘ladi.
Xozirgi oylarimizni nomlari taqvimlarda 7-chi oy bo‘lib, ulug‘ ota-bobolarimizdan meros bo‘lib qolib kelayotgan buyuk ajdodlarimizni yuksak ma’naviyatiga ega bo‘lgan dono xalqimiz necha asrlardan beri bu oylarni “rajab oylari” deb ulug‘lab kelgan. Sababi – bu oy (Rajab oyining 26 dan 27 ga o‘tar kechasi)da ikki olamning sarvari sevimli Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning Alloh taolo bilan suhbatlashgan oydir. Bu kechada Alloh taolo tomonidan Payg‘ambarimiz alayhissalomga jannat va do‘zaxni ko‘rsatilgan. Besh vaqt namoz ham aynan shu muborak oyda shu kechada farz qilingan. Yer yuzini suv bosgan to‘fonda Nuh alayhissalom ham kemaga shu oyning birinchi kuni minganlar.
Shuning uchun ham shunday ulug‘ fazilatli oylarning hurmat-sharofatlaridan, muqaddas pok Islom dinimizga bo‘lgan beqiyos mehri yuzasidan, Payg‘ambarimizga bo‘lgan kamoli ehtiromidan va cheksiz hurmatidan ota-bobokalonlarimiz muborak Rajab oyida tug‘ilgan farzand-nevaralarini «Rajabali», «Rajabbek», «Rajaboy», «Rajabxon», «Muxammadjon», «Rasuljon», «Nabijon», «Omina» (onalari), «Oisha» (xotinlari), «Fotima» (kizlari) deb, shu oyning nomi bilan nomlab kelgan.
Janob Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Rajab oyi – Alloh taoloning oyidur”, – deb marhamat qilganlar. Endi bir fikr yuritaylik… Aslini olganda, yilning har 12 oyi ham – Alloh taoloniki! Nega shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom “oylarning podshosi” bo‘lgan, “oylarning sultoni” bo‘lgan Ro‘za oyini emas, nega butun dunyodan musulmonlar bir joyga – Makkai mukarrama, Madinai munavvara, Ka’batullohga – yig‘iladigan Xaj oyini emas? Balki aynan mana shu oyni aytdilar?
Demak, bu oyning o‘zgacha xislatlari bor ekan! Demak, bu oyda Yer yuziga Alloh taolo o‘zgacha ilohiy nazari bilan, o‘zgacha rahmat nazari bilan qaraydigan oy ekan! Demak, bu oyda bandalariga Xudoi taolo tomonidan insonning aqli ojizlik qiladigan ko‘p yaxshiliklar, beqiyos ne’matlar, fayzu barakalar yog‘iladigan oy ekan! Shuning uchun ham Janob Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aynan shu oyni: “Rajab oyi – Alloh taoloning oyidur”, – deb aytgan ekanlar! Hozirgi oylarimiz shunday ulug‘ fazilatli oylar ekan! Mazkur buyuk, muhim va olamshumul voqealar ham Xudoi taoloning inoyati ila aynan shu oyda sodir etilganligi ham bejizdan-bejiz emas! Bandaning Yaratgandan yalinib so‘rayotganlari ijobat buladigan oylar ekan! Xudoga aytayotgan iltijolari mustajob bo‘ladigan oylar ekan! Parvardigorga yolvorayotgan nolalari qabul bo‘ladigan oylar ekan! Alloh taologa kechayu-kunduzlari turli xil o‘rinlarda qilayotgan duolari maqbul bo‘ladigan oylar ekan!
Rajab oylari barakali va ulug‘ oy bo‘lib, undagi ozgina yaxshi amal evaziga ko‘plab ajru savoblar beriladi. Ibodatlar va duolar ijobat bo‘ladi. Rajab oyida nafl ro‘za tutish ham savobli ish hisoblanadi. Hadis kitoblarida keltirilgan ba’zi rivoyatlarda Rajab oyida ro‘za tutganlarga ulkan savoblar va’da qilingan. Ko‘p hadislarda kelgan tavsiyalar ushbu muborak va ulug‘ oylarni kechalarini toat-ibodatda, zikr va duolarda o‘tkazishga qaratilgan. Shuningdek, bu muborak oyda asosiy qilinadigan narsa tavba-tazarru ekanligi alohida ta’kidlangan. Alloh taolo “hurmatlangan” oylarda ayniqsa, gunoh ishlardan saqlanishga, mazkur oylarni imkon qadar ko‘proq ibodat, zikrulloh bilan o‘tkazishga buyuradi.
Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning muborak so‘zlarini shunday fazilatli oylarda eslasak, foydadan xoli bo‘lmasa kerak:
– “Kim musulmonlarning dardini o‘z dardi deya bilmasa, ulardan emas” (Imom Tabaroniy rivoyatlari);
– “Eng fazilatli ibodat – boshiga tushgan bir qiyinchilikning ketkizilishini duo qilib kutishdir” (Imom Termiziy rivoyatlari);
– “Alloh taolo Undan hech narsa so‘ramaydigan (duo qilmaydigan)dan g‘azablanadi” (Imom Termiziy rivoyatlari);
– “Sadaqa baloni qaytaradi”;
– “Kimiki doimo Allohga istig‘for aytib yurar ekan, Alloh taolo har qanday qiyin vaziyatdan chiqish yo‘lini unga ko‘rsatadi. Musibatlarini yengillashtiradi (ko‘taradi) va kutmagan tarafidan meros (ne’mat, rizq) jo‘natadi” (Imom Abu Dovud rivoyatlari);
– “Ikki duo borki, u duolar bilan Alloh orasida qabuli uchun hech bir parda yo‘q. Biri – mazlum(zulmga uchragan)ning duosi; ikkinchisi – mo‘minning boshqa mo‘min birodari haqiga qilgan maxfiy duosi”;
– “Duo boshga kelgan va kelmagan har narsaga qarshi foydalidir. Qazo(taqdir)ni faqat duo oldini oladi. Inchunin, duoga mahkam yopishing” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Keling, muxtaram azizlar, bunday ulug‘ oylarni, fazilatli kunlarni bizlar ham g‘animat bilib, yurtimizni, el-xalqimizni, mahallamizni, oilamizni, qarindoshlarimizni, qo‘shnilarimizni, do‘stlarimizni, yaqinlarimizni, Yer yuzidagi insonlarni xaqlariga Yaratgandan yaxshi tilaklar suraylik…
Iloho jannatmakon yurtimizni tinchligi uchun, muqaddas Vatanimizni ravnaqi uchun, dono xalqimizni farovonligi uchun muxtaram Yurtboshimizni dono rahbarliklari ostida hukumatimiz tomonidan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz rahbarlari hamda shahar va tuman rahbarlarining boshchiliklaridagi mehnatkash xalqimiz olib borayotgan barcha xayrli, yaxshi, savobli ishlarda Alloh taolo O‘zi madadkor bo‘lsin! Turmushimiz obod, xirmonlarimiz mo‘l, oilalarimiz mustahkam, bolalarimiz har tomonlama sog‘lom, ma’naviyatimiz yuksak bo‘lsin!
Mehribon Parvardigorimiz dono xalqimizni turli xil o‘rinlarda har xil shakllarda qilayotgan yaxshi, xayrli, chiroyli, savobli ishlarini O‘z dargohi ilohiysida qabul aylasin! Parvardigori olam uyda yotgan, shifoxonada yotgan barcha bemorlarimizga O‘zi shifosini bersin! Iloho xalqimizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, oilalarimizga fayzu ilohiy, baxt-saodat, to‘kin-sochin dasturxonlar nasib qilsin! Iloho dehqonchiliklarimizga va kasb-korlarimizga xayr-baraka berib, ishlarimizda ko‘pdan-kup omadlar va behisob xursandchiliklar ato etib, ikki dunyoda ham azizu mukarram aylasin!
Ibrohimjon INOMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Hozirgi kunda islom jamiyatida, dunyo musulmonlari, ayniqsa yurtimiz musulmonlari orasida fatvo berish, fatvo chiqarish, fatvo so‘rash kabi atamalar ko‘p ishlatilmoqda.
Fatvo so‘zi arab tilida “savolga javob berish” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa, shar’iy masala haqida savol so‘ragan odamga dalilga asoslangan holda javob berishdir.
Birinchi fatvo beruvchi shaxs Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bo‘lgan. U zotdan keyin sahoba, tobein va keyingi davr mujtahid ulamolar fatvo berish bilan shug‘ullanib, bugungi kunimizgacha davom etib kelmoqda. Shariatda musulmonlar hayotida paydo bo‘ladigan savollar bo‘yicha fatvo berilishi bu farzi kifoya amal hisoblanadi.
Qur’on va hadisdan hukm chiqarishning o‘ziga xos talablari mavjud. Qur’on va hadisga asoslangan holda musulmonlarning manfaatlaridan kelib chiqib, inson kamoloti, jamiyat farovonligi hamda uning ijtimoiy taraqqiyotini ko‘zlab hukm chiqarish alohida bilim va malaka talab etadi. Mo‘tabar manbalarda qayd etilishicha, arab tili, Qur’on va hadis ilmlari, fiqh va islom tarixini juda chuqur va mukammal biladigan va yana boshqa zarur sifatlarga ega bo‘lgan shaxslargina fatvo berish huquqiga ega.
Shunday bo‘lsa-da, biror-bir masalada hukm chiqarish zarur bo‘lib qolsa, avvalo, mazhablar ta’limotiga tayaniladi, agar ularning birortasida masalaning yechimi topilmasa, musulmonlarga osonlik va qulay sharoit yaratish nuqtayi nazaridan muftiylar tomonidangina fatvolar chiqarilishi mumkin.
Fatvo berish mas’uliyati. Islomda fatvoning o‘rni va ta’siri muhim bo‘lishi bilan birga o‘ta mas’uliyatli vazifa ham hisoblanadi. Chunki fatvoda Allohning hukmlarini bayon qilish maqsad qilinib, unda halol-harom, savob-gunoh, jannat-do‘zax orasidagi amallar ko‘rsatib beriladi. Imom Shotibiy rahmatullohi alayh fatvo berish mas’uliyati haqida to‘xtalib quyidagilarni ta’kidlaydi: “Muftiy – hukmlarni yetkazishda Rasululloh sallalllohu alayhi vasallamga o‘rinbosar va U zotning merosxo‘ri hisoblanadi. Shu bois u Rasululloh sollalllohu alayhi vasallam nomlaridan gapiradi”.
Haqiqatan, Abdulloh ibn Ja’fardan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bu borada ogoh va e’tiborli bo‘lishga chaqirib: “Fatvoga jur’atli bo‘lganlaringiz do‘zaxga jur’atli bo‘lganingizdir”, – deganlar. Ya’ni voqe’likni to‘liq o‘rganmay, yetarli bilim va tajriba orttirmay turib, qo‘rqmasdan jur’at bilan fatvo berishdan qaytarganlar.
Buni chuqur anglab yetgan musulmonlarning dastlabki avlodlari o‘zlaridan ilmli shaxs bo‘lgan joyda sukut saqlashgan.
Imom Molik rahmatullohi alayhdan goho ellikta masala so‘ralganda bittasiga ham javob bermagan paytlari bo‘lgan ekan. Buning sababi so‘ralganda, u zot: “Javob beruvchi o‘zini avval do‘zaxga solib ko‘rsin, xalos bo‘lishiga ko‘zi yetsa, javob bersin”, – degan ekanlar.
Abu Aliy az-Zarirdan rivoyat qilinadi: “Men Ahmad ibn Hanbalga: “Kishiga fatvo berishi uchun qancha hadis yetarli, yuz ming hadis yetadimi?” – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “Ikki yuz mingchi?” – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “Uch yuz mingchi?”, – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “To‘rt yuz mingchi?” – dedim. U yana: “Yo‘q”, dedi. Shunda men: “Besh yuz ming bo‘lsachi?”, – degan edim, u: “Umid qilaman”, – deb aytdi”.
Yuqorida keltirib o‘tilgan dalillardan kelib chiqib shuni ta’kidlash lozimki, fatvo berish o‘ta mas’uliyatli bo‘lganligi jihatidan unga hamma ham jur’at qilavermaydi. Buning ortida jamiyat va unda yashovchi shaxslar uchun g‘oyat xatarli zararlar kelib chiqish mumkin. Shayx Ramazon Butiy aytadi: “Hukm chiqarish ilmi tibbiyot ilmi kabidir. Mabodo birovning farzandi og‘ir kasalga chalinib qolsa, u tegishli tashxis qo‘yish va farzandini davolash uchun tibbiyotga oid kitoblarni titadimi yoki malakali shifokorning oldiga boradimi? To‘g‘risini aytganda, uning esi joyida bo‘lsa, keyingi yo‘lni tanlaydi. Dinda ham xuddi shunday. Aslida bu tibbiyotdan ham muhimroq, shuningdek qamrovi jihatidan xavfliroqdir”.
Hech kimga sir emaski, hozirgi kunda ba’zilar o‘zicha oyat va hadislardan hukm chiqarib, noto‘g‘ri fatvolar berib, o‘zini va o‘zgalarni adashtirmoqda.
Ba’zi bir e’tirof etilmagan shaxslar yoki ma’lum maqsadlarga yo‘naltirilgan tuzilmalar tomonidan qo‘shtirnoq ichidagi “fatvolar” insonlarni islom ma’rifatidan uzoqlashtirishga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, ularning “jihod”, “bay’at”, “takfir”, “bemazhablik”, “hijrat” kabi masalalardagi asossiz “fatvolari” nohaq qon to‘kilishiga olib bormoqda va insonlarning kafolatlangan huquqlariga rahna solinishiga sabab bo‘lmoqda. Imom Molik rahmatullohi alayhning ustozlari bo‘lgan Robia ibn Abdurahmonni yig‘lagan holda ko‘rib, undan buning sababini so‘rashganda, u zot kishilar diniy-huquqiy savollarni bilimi bo‘lmagan shaxslardan so‘rashayotganini ko‘rganligi, bu holat islomda katta xatar paydo bo‘lganligidan darak berishini ta’kidlagan ekanlar.
Demak, chuqur ilm, tajriba va xolislik kabi fazilat bo‘lmay turib, fatvo berishning oqibati xayrli emas. Shunday ekan, ba’zi doira yoki guruhlar tomonidan islomda ulkan masala sifatida qaralgan hukmlarga e’tiborsiz va mas’uliyatsizlik bilan fatvo berishlari o‘zlari va o‘zgalarni ham adashtirishdir. Qanday qilib shaxslarni va butun boshli jamiyatlarni kofirga chiqarib, jamoat oldida ularga ergashishni harom demoqdalar?!
Xulosa qilib aytganda, fatvoning musulmonlar hayotida o‘rni muhimligini hisobga olgan holda ilm va salohiyatsiz fatvo berish yoki uchragan kishidan fatvo so‘rash va unga ergashib ketaverish adashuvga olib boradi. Bu kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaruvchi ixtiloflarning oldini olish birinchi navbatda islom markazlari va ulamolarning muhim vazifalaridan hisoblanadi.
Alloh taolo barchamizni turli ixtilof va fitnalardan asrab, barchamizni mamlakatimizda ming yillardan beri amal qilib kelinayotgan hanafiy mazhabimizga muvofiq ibodatlarini ado etib, zavqli hayot kechirish baxtiga nasib etsin!