ODOB – INSON ZIYNATI
Ajdodlarimizning milliy qadriyatlar sarchashmasi bo‘lgan boy tarixiy merosni kelajak avlodga chuqur o‘rgatib, yoshlar ongiga singdirmoq kerak. Chunki tarix yoshlarni hayot voqea-hodisalariga ongli munosabatda bo‘lishga undaydi. Bolalarning murg‘ak qalbida Vatanga mehr tuyg‘ularini, bugungi kun qadriga yetish hissini uyg‘otadi. Yoshlarni ona Vatanga sadoqatli qilib tarbiyalashda, avvalo, imon-e’tiqod, mehr-oqibat, diyonat, adlu insof, oriyat va g‘urur kabi ezgu fazilatlarni shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Yurtimizdan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi jahonga dong‘i ketgan buyuk allomalar yetishib chiqqan. Yoshlarimiz ana shunday buyuk zotlarning avlodlari ekanlarini unutmagan holda, bobolar boshlagan qutlug‘ ishlarning davomchisi, Vatanimizga munosib farzandlar bo‘lishlari lozim. Shuningdek, hayotda ko‘pni ko‘rgan, mehnatda suyagi qotgan, hozir esa piru badavlat bo‘lib yashayotgan otaxonlaru onaxonlarimizdan o‘rnak olishlari kerak.
Odob-axloq, hayo-ibo, or-nomus, diyonat kabi boqiy qadriyatlar xalqimiz boy ma’naviyatining ajralmas qismiga aylanib ketgan. Afsus, bugungi murakkab sharoitda “ommaviy madaniyat” niqobi ostida yoshlarimizga turli yot g‘oyalar, ma’naviy buzuqlik va axloqsizliklarni targ‘ib etishga urinayotgan ayrim g‘alamislar aynan ana shu bobomeros qadriyatlarimizga bolta urishga urinayotgani sir emas.
Diyorimizdan yetishib chiqqan allomalar ham go‘zal axloqning inson kamolotiga sabab bo‘luvchi yuksak fazilat ekanini keng targ‘ib qilishgan. Jumladan, Imom Buxoriyning “Al-adab al-mufrad” hadislar to‘plami, Abu Lays Samarqandiyning “Tanbehul g‘ofilin”, Imom G‘azzoliyning “Mukoshafatul qulub”, Ahmad Yugnakiyning “Hibatul haqoyiq” asarlarida yuksak insoniy fazilatlar tarannum etilgan. Bundan tashqari, Abu Nasr Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Najmiddin Kubro, Muhammad Porso, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va boshqa mutafakkir allomalarimizning o‘nlab asarlarida odob-axloqning go‘zal namunalari badiiy-falsafiy talqin qilingan. Husayn Voiz Koshifiyning “Axloqi Muhsiniy” asarini ham ana shunday hikmatlar bo‘stoni safiga kiritish mumkin. Asarda chiroyli axloq namunalarini bayon etishda ibratli rivoyatlardan ham juda o‘rinli foydalanilgan. Jumladan, bir rivoyatda keltirilishicha, «Misr podshohlaridan biri odobsiz kishini siyosat maydoniga olib borib, adab tayog‘i bilan uringlar, deb buyuradi. O‘sha beadab kaltaklanib turgan vaqtida tilini chiqarib, yomon so‘zlar bilan podshohga dashnom beradi. Shunda podshoh urishni to‘xtatishni buyurdi. A’yonlardan biri: “Ey shohim, bu behayo va besharmni adab tayog‘i bilan ko‘proq jazolash kerak edi, kechirishingizga nima sabab bo‘ldi?” deb so‘radi. Podshoh: “Men unga Xudo rizosi uchun adab berayotgan edim, u menga xunuk so‘zlarni aytganda, nafsimga tegdi va men g‘azabga minib, unga ko‘proq jazo berish va o‘ch olishni xohladim, lekin men buni o‘zimga ravo ko‘rmadim va Haq ishida o‘z nafsimning istagini oraga tiqishni xohlamadim. Haq rizosidagi ishga o‘z g‘arazimni qo‘shishim ixlosdan uzoqdir, yaxshi ishni g‘araz bilan qilgan odam savob fazilatidin mahrumdir”, dedi». Asarda keltirilgan bu kabi rivoyatlar insonni ezgulikka, o‘zaro mehr-muhabbatli va samimiy bo‘lishga undaydi.
Farzand tarbiyasida Islom dini belgilab qo‘ygan muhim qoidalardan yana biri bolani yoshligidan jamoat orasida o‘zini chiroyli tutish odoblariga odatlantirishdir. Farzand ulg‘ayib, insonlar bilan o‘zaro muomalaga kirishadi. O‘zaro muomala hamda munosabat odoblariga amal qilganlar imon, taqvo, aqidasida hamda do‘stlik, mehribonlik, o‘zidan boshqani afzal ko‘rishda qoim bo‘ladi.
Jamoat orasida insonni hurmatga sazovor qiladigan umumiy odoblar quyidagilar:
Sanab o‘tilgan odoblardan har birini imkon qadar batafsil bayon qilamiz.
Ovqatlanish odobi
Ovqatlanish odoblarini har bir murabbiy farzandiga juda kichkinaligidan o‘rgatib borishi shartdir.
Taomlanishdan oldin va keyin qo‘lni yuvish
رَوَى أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِي رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: “ بَرَكَةُ الطَّعَامِ الْوُضُوءُ قَبْلَهُ وَالْوُضُوءُ بَعْدَهُ
Abu Dovud va Imom Termiziy Salmon Forsiydan (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Taomning barakasi taomlanishdan oldin va keyin qo‘lni yuvishdadir”, dedilar.
Ibn Moja va Bayhaqiy Anasdan (roziyallohu anhu) Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam): “Kim yaxshiligini Alloh ziyoda qilishini istasa, taom tayyor bo‘lganida va oxirida qo‘lini yuvsin”, deganlarini rivoyat qilishgan.
Bu odatning foydali tomonlari ko‘p. Masalan, taomlanishga qadar qo‘l bilan turli narsa-buyumlarni ushlash va xatti-harakat natijasida qo‘lga turli chang-g‘ubor hamda zararli mikroblar o‘rnashgan bo‘lishi mumkin. Qo‘lni yuvish orqali ulardan tozalanadi, bu salomatlik uchun juda muhimdir.
Taomdan oldin tasmiya – “Bismillahir rahmonir rahim” deyish va so‘ng hamd – “Alhamdulillah” deyish sunnatdir.
رَوَى أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: إِذَا أَكَلَ أَحَدُكُمْ فَلْيَذْكُرِ اسْمَ اللهِ تَعَالَى فَإِنْ نَسِيَ أَنْ يُذْكَرَ اسْمَ اللهِ تَعَالَى فِي أَوَّلِهِ فَلْيَقُلْ بِاسْمِ اللهِ أَوَّلَهُ وَآخِرَهُ
Abu Dovud va Termiziy Oyshadan (roziyallohu anho) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Kimki taomlansa, Allohning ismini zikr qilsin. Agar ovqatlanish oldidan Allohning ismini zikr qilishni unutsa, “Bismillahi avvalahu va axirohu” desin», dedilar.
رَوَى الْإِمَامُ أَحْمَدُ وَغَيْرُهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ إِذَا أَكَلَ وَ شَرِبَ قَالَ: الْحَمْدُ لِلهِ الَّذِي أَطْعَمَنَا وَسَقَانَا وَجَعَلَنَا مِنَ الْمُسْلِمِينَ
Imom Ahmad va ba’zi muhaddislar bunday rivoyat qiladi: Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) taomlanganda va chanqoq qondirganlarida “Bizni taomlantirgan, rizqlantirgan va musulmon qilgan Allohga hamd bo‘lsin”, derdilar.
Taomni ayblamaslik
رَوَى الشَّيْخَانُ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: مَا عَابَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ طَعَامًا قَطُّ: إِنِ اشْتَهَاهُ أَكَلَهُ وَإِنْ كَرِهَهُ تَرَكَهُ
Imom Buxoriy va Imom Muslim Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) taomni ayblamasdilar, agar ishtahalari tortsa, yerdilar, ko‘ngillari tusamasa, tark qilar edilar”.
O‘ng qo‘l bilan va o‘ziga yaqin joydan yeyish
رَوَى مُسْلِمٌ عَنْ عُمَرَ بْنِ أبِي سَلَمَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: كُنْتُ غُلَامًا فِي حِجْرِ رَسُولِ اﷲِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَكَانَتْ يَدِي تَطِيشُ فِي الصُّحْفَةِ (تَتَحَرَّكُ فِي الْإِنَاءِ) فَقَالَ لِي رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: يَا غُلاَمُ سَمِّ اللهَ وَكُلْ بِيَمِينِكَ وَكُلْ مِمَّا يَلِيكَ
Imom Muslim Umar ibn Abu Salamadan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. «Yosh bola edim va Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) pinjlarida o‘tirgan edim. Qo‘lim laganda aylanardi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) menga: “Ey g‘ulom, Allohning ismini ayt va o‘ng qo‘ling bilan o‘zingga yaqindan yegin”, dedilar».
Yonboshlab ovqatlanmaslik
Yonboshlagan holda ovqat yeyish sog‘lik uchun katta zarar va kibrning bir ko‘rinishidir.
رَوَى الْبُخَارِيُّ عَنْ أَبِي جُحَيْفَةَ وَهْب بن عَبْد اللهِ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لاَ آكُلُ مُتَّكِئًا
Imom Buxoriy Abu Juhayfa Vahb ibn Abdullohdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Suyanib taom yemayman”, dedilar.
Taomlanish paytida so‘zlashish mustahabdir
رَوَى مُسْلِمٌ عَنْ جَابِرٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ سَأَلَ أَهْلَهُ فَقَالُوا: مَا عِنْدَنَا إلاَّ خَلٌّ فَدَعَا بِهِ فَجَعَلَ يَأْكُلُ مِنْهُ وَيَقُولُ: نِعْمَ الأُدْمُ الْخَلُّ نِعْمَ الأُدْمُ الْخَلُّ
Imom Muslim Jobirdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. «Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) o‘z ahllaridan xurush so‘radilar. “Bizda sirkadan boshqa hech narsa yo‘q”, deyishdi. U zot uni olib kelishni so‘radilar va undan tanovul qilib: “Sirka qanday yaxshi nonxurush, sirka qanday yaxshi nonxurush”, dedilar».
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dasturxon ustida sahobalarga ko‘p marotaba gapirganlar.
Mezbonni duo qilish mustahabdir
رَوَى أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ عَنْ أَنَسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ جَاءَ إلَى سَعْدِ بْنِ عُبَادَةَ، فَجَاءَ بِخُبْزٍ وَزَيْتٍ فَأَكَلَ، ثُمَّ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: أَفْطَرَ عِنْدَكُمُ الصَّائِمُونَ وَأَكَلَ طَعَامَكُمْ الْأَبْرَارُ وَصَلَّتْ عَلَيْكُمُ الْمَلاَئِكَةُ
Abu Dovud va Imom Termiziy Anasdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) Said ibn Ubboda oldiga keldilar. Said non va zaytun yog‘ini olib keldi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) ulardan tanovul qildilar, so‘ng: “Sizlarning huzuringizda ro‘zadorlar iftor qilsin, taomingizdan yaxshilar tanovul qilsin va farishtalar sizlarga salavot aytsin”, dedilar.
Yoshi ulug‘lardan keyin taomga qo‘l uzatish
رَوَى مُسْلِمٌ فِي صَحِيحِهِ عَنْ حُذَيْفَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: كُنَّا إذَا حَضَرْنَا مَعَ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ طَعَامًا لَمْ نَضَعْ أَيْدِينَا حَتَّى يَبْدَأَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَيَضَعَ يَدَهُ
Imom Muslim “Sahih” asarida Huzayfadan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. “Biz Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga taomlanganimizda, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qo‘llarini taomga uzatmagunlaricha, biz qo‘limizni uzatmasdik”.
Ne’matni isrof qilmaslik
رَوَى مُسْلِمٌ عَنْ أَنَسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إذَا أَكَلَ طَعَامًا لَعِقَ أَصَابِعَهُ الثَّلاَثَ وَقَالَ: إذَا سَقَطَتْ لُقْمَةُ أَحَدِكُمْ فَلْيَأْخُذْهَا وَلْيُمِطْ عَنْهَا الْأَذَى وَلْيَأْكُلْهَا وَلاَ يَدَعْهَا لِلشَّيْطاَنِ وَأَمَرَنَا أَنْ نَسْلُتَ الْقَصْعَةَ وَقَالَ: إنَّكُمْ لاَ تَدْرُونَ فِي أَيِّ طَعَامِكُمُ الْبَرَكَةُ
Imom Muslim Anasdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) taom tanovul qilsalar, uchta barmoqlarini yalardilar va: “Qachon, birortangizdan luqma tushsa, uni olsin va undagi nopok narsani ketkazib, uni yesin. Uni shaytonga tashlamasin”, dedilar. Shuningdek, laganni barmoqlar bilan sidirib yalashga amr qildilar. “Albatta, sizlar taomingizning qayerida baraka bo‘lishini bilmaysiz”, dedilar.
Chanqoq bosish odoblari
Dastlab tasmiya aytish va simirib uch marta bo‘lib-bo‘lib ichish hamda hamd aytish mustahabdir.
رَوَى التِّرْمِذِيُّ عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لاَ تَشْرَبُوا وَاحِدًا كَشُرْبِ بَعِيرٍ وَلَكِنِ اشْرَبُوا مَثْنَى وَثُلاَثَ وسَمُّوا إذَا شَرِبْتُمْ وَاحْمِدُوا إذَا أَنْتُمْ رَفَعْتُمْ (أَيْ إِنْتَهَيْتُمْ مِنَ الشُّرْبِ)
Imom Termiziy Ibn Abbosdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) “Tuyaning ichishiga o‘xshab bir martada ichmanglar, ikki, uch martada ichinglar. Ichishdan oldin tasmiya ayting, ichib bo‘lganingizdan keyin hamd ayting”, dedilar.
Idishning og‘zidan ichish makruhdir
رَوَى الشَّيْخَانُ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: نَهَى رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنْ يَشْرَبَ مِنْ فيِ السَّقَاءِ أَوِ الْقِرْبَةِ (فَمِهَا)
Imom Buxoriy va Imom Muslim Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) idish yoki meshning og‘zidan ichishdan qaytardilar”.
Bunday ichish odobsizlik bo‘lib, suvga sog‘liqqa zarar yetkazuvchi narsalar tushishi mumkin, ulardan saqlanish lozim. Chunki inson og‘zida o‘zi bilmagan holda ko‘p zararli moddalar va kasallik mikroblari bo‘ladi. Ular boshqalarga ham yuqishidan saqlanish kerak.
Ichimlikka puflash makruhdir
رَوَى التِّرْمِذِيُّ عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا: “ أَنَّ النَّبِىَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ نَهَى أَنْ يَتَنَفَّسَ فِي الْإِنَاءِ أَوْ يُنْفَخَ فِيهِ”
Imom Termiziy Ibn Abbosdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) idishdan nafas olish yoki unga puflashdan qaytardilar”.
O‘tirgan holda ichish va yeyish mustahabdir
رَوَى مُسْلِمٌ عَنْ أنَسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنَّهُ نَهَى أَنْ يَشْرَبَ الرَّجُلُ قَائِمًا قَالَ قَتَادَةُ: فَقُلْنَا لِأَنَسٍ: فَالْأَكْلُ؟ قَالَ: ذَلِكَ أَشَرُّ”
Imom Muslim Anasdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) tik turib ichishdan qaytardilar. Qatoda (roziyallohu anhu) “Taom yeyishni-chi?”dedi. “U juda ham yomon”, dedi.
رَوَى مُسْلِمٌ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لاَ يَشْرَبَنَّ أَحَدٌ مِنْكُمْ قَائِمًا، فَمَنْ نَسِيَ فَلْيَسْتَقِئ”
Imom Muslim Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlarning birontangiz tik turgan holda ichmasin, kim unutib ichgan bo‘lsa, bas, qayt qilsin”, dedilar.
Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) tik turgan holda ichganlari haqida hadislar bor. O‘tirib ichishga monelik qiladigan sabablar bo‘lsa, tik turib ichish joiz. Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) Zamzam suvini tik turib ichganlari bois, Zamzam suvi turgan holda ichiladi.
Tilla va kumush idishda ichishdan qaytarish
وَفِي رِوَايَةِ مُسْلِمٍ: “ مَنْ شَرِبَ فِي إِنَاءٍ مِنْ ذَهَبٍ أَوْ فِضَّةٍ فَإنَّمَا يُجَرْجِرُ فِي بَطْنِهِ نَار جَهَنَّمَ”
Imom Muslim rivoyatida: “Kim tilla yoki kumush idishda ichsa, albatta, jahannam olovi uning qornida qaynaydi”, deyilgan.
Kibr va o‘zini yuqori tutish ko‘rinishi bo‘lgani va faqirlarga nisbatan hurmatsizlik keltirib chiqaradigan sabab bo‘lgani bois bu idishlardan foydalanishdan qaytarildi.
Haddan ziyod to‘yib ovqat yemaslik
Imom Ahmad va Imom Termiziy Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) rivoyat qiladi: “Inson qornidan yomonroq idishni to‘ldirmaydi, odam bolasiga belini qoim qiladigan kichik luqma kifoyadir. Bas, qorinning uchdan biri taom, biri suv va qolgani nafas uchundir”, dedilar.
Ushbu hadisi muboraklarni o‘rganish jarayonida dinimiz ko‘rsatmalari qadriyatlarimiz va urf-odatlarimizga nechog‘li uyg‘unlashib ketganiga amin bo‘lamiz. Chunki ajdodlarimiz farzandlariga murg‘akligidanoq bu tarbiyalarni singdirib borganlar. Zero, saodatga boshlaydigan bu sifatlarni farzandlar qalbiga nozik yo‘llar bilan jo qilmoq uchun tarbiyani juda barvaqt, ya’ni farzand dunyoga kelgan kundan boshlamoq zarur. Mirzo Bedil hazratlari aytganlar:
Birinchi g‘ishtni qiyshiq qo‘yarkan me’mor,
Yulduzga yetsa ham, qiyshiqdir devor.
Shuningdek, xalqimiz orasida e’tirof etilgan dasturxon atrofida o‘zini tutishga doir quyidagi qoidalarni ham bilish muhimdir:
chaqirilmagan joyga bormang;
taklif etilgan joyga kechikmang;
mezbonlar taklif etmaguncha, dasturxon atrofiga o‘tirmang;
dasturxonga uzoq ham, yaqin ham o‘tirmang;
sochiqcha bilan oldingizni to‘smang;
ovqatlanayotganingizda taomni odob bilan tanovul qiling;
nonni bo‘laklarga bo‘lib yeng;
og‘izni to‘ldirib ovqatlanmang;
shoshmasdan ovqatlaning;
tirsaklaringizga tayanmang va keng qo‘ymang;
kim bilandir so‘zlashmoqchi bo‘lsangiz ham, yoningizdagi mehmonga orqa o‘girmang;
og‘izda ovqat bilan gaplashmang;
kattalar o‘rnidan turganida, dasturxon yonidan chetlanib, ular xonadan chiqib ketganidan keyingina o‘rningizga o‘tiring;
stulda yastanib, yalpayib o‘tirmang;
dasturxon atrofida o‘z xastaliklaringizni so‘zlamang;
mezbon ovqatlanishni mehmonlardan so‘ng tugatishi lozim;
dasturxon atrofida baland ovoz bilan gaplashmang;
hamma ovqatlanib bo‘lmasidan o‘rningizdan turib ketmang.
Muhtaram ota-onalar va aziz murabbiylar bu odoblarni tarbiyaning poydevori deb bilishlari va farzandlarga har kuni sabr bilan o‘rgatishlari, o‘zlari ibrat ko‘rsatishlari lozim bo‘ladi. Zero, bu fazilatli amallar insonni aziz qiladi, ular odamlar bilan o‘zaro muomala-munosabatda juda muhimdir.
KЕYINGI MAVZULAR:
SALOMALSHISH ODOBI:
Salom berishni o‘rgatish;
Salom berish tartibi;
Salom berish odobi;
Musulmon bo‘lmaganlarga o‘xshab salom berishdan qaytarish;
Birinchi bo‘lib salom berish;
Musulmon bo‘lmaganning salomiga ham “va alaykum” deb javob berish;
Salom berish sunnat va unga alik olish vojib;
Salom berish joiz bo‘lmagan o‘rinlar.
RUXSAT SO‘RASH:
Avval salom berib, so‘ng izn so‘rash;
Ismini, sifatini yoki kimligini bildirish;
Uch marta izn so‘rash;
Eshikni ohista taqillatish;
Izn so‘rash paytida eshikka ters turish;
Uy egasi “qayt” desa, qaytish;
«Agar ogohsan sen – shohsan sen.
Agar shohsan sen – ogohsan sen»
«Avliyolarning avliyosi», «mutafakkirlarning mutafakkiri», «shoirlarning sultoni» bobomiz Alisher Navoiy hazratlari naqadar chiroyli ta’rif berganlar o‘z asarlarida!
«Ogohlik» co‘zining ma’nolarini bugungi zamon sharoitidan kelib chiqib, yanada keng miqyosda tushunishimizga to‘g‘ri keladi. Ya’ni, bugungi ogohlik xalqimiz, ayniqsa yoshlar qalbini, ruhiyatini, aql-idroki va umuman ma’naviyatini jahonda yuz berayotgan mafkuraviy yo‘nalishdagi oshkora va yashirin tahdidlarning xatarlaridan va «ommaviy madaniyat»ning yemiruvchi ta’siridan muhofaza qilishni ham o‘z ichiga oladi.
Albatta, xalqimiz, jumladan yosh avlod g‘arb fan-texnikasi, madaniyati, adabiyoti, san’atining ilg‘or jihatlarini inkor etmaydi.
Biroq G‘arbda din va odobga zid bo‘lgan qarashlarning ko‘pchilikka singdirilishi oqibatida yuzaga kelgan «ommaviy madaniyat» tushunchasini G‘arb ziyolilarining o‘zlari «G‘arbning muammosi» sifatida baholayotganini hamda «ommaviy madaniyat»ning ma’naviy-axloqiy tubanliklarini yoshlarimiz qancha tez anglasa, shuncha yaxshi.
«Muqaddas islom dinimizni pok saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va bo‘htonlardan himoya qilish, uning asl mohiyatini o‘nib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizga to‘g‘ri tushuntirish, islom madaniyatining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish vazifasi hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda».
Bu vazifa nafaqat biror vazifador yoki biror sohadagi mas’ullarga belgilangan, balki har bir (!) OTA UCHUN, har bir (!) ONA UCHUN buyuk vazifa, deb bilmog‘imiz lozim!
Hozirgi davrda, axborot texnologiyalari o‘ta tezkorlik bilan rivojlanayotgan bir paytda, nanotexnologiya zo‘r shiddatlik bilan avjiga chiqayotgan zamonda, har xil ommaviy axborot vositalari xilma-xil ma’lumotlarni kechayu-kunduz tarqatayotgan bir onda, ayniqsa bugun farzandlarimiz o‘z-o‘zlari bilan yolg‘iz qolib 25 soat vaqtlarini telefon, kompyuter bilan mashg‘ul bo‘lib, bolalarimiz ular bilan “band” bo‘lib qolganlarida mazkur vazifalar, jannatmakon yurtimiz, muqaddas Vatanimiz, dono xalqimizning har bir fuqarosiga qushga havo, baliqqa suv zarurligiday zarur bo‘lsa kerak...
Bugungi kunda tarbiya ham, ming afsuslar bo‘lsinki, ikki xil bo‘lib qoldi: 1) «jonsiz» tarbiya va 2) «jonli» tarbiya.
Natijada, dono xalqimiz maqolida «yaxshini sharofati, yomonni kasofati» deb aytilganidek, o‘zlari ham, oilasi ham, qarindoshlari ham, qo‘shnilari ham, do‘stlari ham, yaqinlari ham, atrofdagilari ham sarson bo‘lib, ularning kasofatlari yashab turgan mahallasiga ham, ishlab turgan ishxonasiga ham, butun el-yurtiga ham yetmoqda...
Bunday shakldagi «jonsiz» tarbiya:
ZID EKANLIGINI UNUTMAYLIK !!!
Xorijiy telekanallarda nima namoyish etilsa yoki internetda nima targ‘ib qilinsa, barchasini qabul qilaverish aslo mumkin emas !!!
Biz ular orasidan imon-e’tiqodimiz, an’anayu qadriyatlarimizga mos keladiganlarinigina saralab olmog‘imiz shart!
Bu maqsadga esa yoshlarimizga telefon, televideniye, kompyuter va internetdan oqilona foydalanish yo‘llarini o‘rgatish, ularning mazkur axborot manbalaridan foydalanishlarini nazorat qilib borish orqaligina erishish mumkin. Toki hali suyagi qotib ulgurmagan yoshlarimizning beg‘ubor ma’naviyatiga jiddiy zarar yetmasin!
Mutaxassislarning tadqiqotlariga ko‘ra, AQSHda jinoyatchilarning yarmidan ko‘pi buzilgan oilalar farzandlari ekani ma’lum bo‘lgan. Ularga ota-onasining ajrashgani tufayli yetkazilgan kuchli ruhiy zarba o‘rta yosh, hatto keksalik chog‘ida ham salbiy ta’sir o‘tkazishi aniqlangan.
2) «JONLI» tarbiya – bu:
ulug‘ ajdodlarimizdan davom etib kelayotgan oltindan qimmat rivoyatlari va noyob hikmatlari;
buyuk ota-bobolarimizdan eshitib kelayotgan tillo bilan teng pand-nasihatlari va betakror hikoyalari;
mehribon ota-onalarimizdan o‘rganib kelayotgan gavhar o‘gitlari va mislsiz so‘zlari;
elimiz tanigan va xalqimiz tan olgan ustozlarimizdan ta’lim olib kelayotgan zar tushunchalari va bebaho ilmlari;
jannatmakon yurtimiz – muqaddas Vatanimiz ta’lim maskanlarida taralayotgan durdan a’lo fanlar va beqiyos bilimlar;
uyimizda farzandlarimizga o‘zimiz berayotgan ta’lim-tarbiyamiz.
Bu «jonli» tarbiyadagi ma’lumotlar esa ma’naviyat va ma’rifat yo‘nalishiga hamda tarbiya sohasiga daxldor har bir inson uchun, har bir (!) OTA UCHUN, har bir (!) ONA UCHUN beqiyos ensiklopedik manba bo‘lib xizmat qiladi.
Oiladagi bosh – bobo yoki buvi, ota yoki ona har kuni, ayniqsa juma oqshomi, bozor oqshomi kunlarida oilaviy dasturxon atrofida o‘tirganlarida oilasining har bir a’zolarini ismlarini nomma-nom aytib, har bir o‘g‘il-qizlarini, har bir kelin-kuyovlarini, har bir nevara-chevaralarini haqlariga yaxshi tilaklar aytib, yaxshi duolar qilsalar – bu ham «jonli» tarbiyaning bir turi hisoblanadi.
Zero, bunday shakldagi «jonli» tarbiyani hammalarimizning ota-bobolarimiz, ona-momolarimiz avval-azaldan chin ixlos bilan, sof e’tiqod bilan, go‘zal namuna va chiroyli ibrat bo‘lib, barkamol darajada berib kelishgan. Shunda «mening otam meni haqimga bunday duo qilganlar», «mening onam meni bunday bo‘lishimni Xudodan so‘rar edilar» degan ongi-shuuridagi dasturxon atrofidagi surat uni ko‘z oldida doim turadi.
Dasturxon atrofida, oilasi huzurida aytilgan ota-onasining umidlari, orzulari uni boshqa nojo‘ya xatti-harakatlardan tiyilishga, har kuni qo‘l ochib Yaratgandan so‘rayotgan tilaklarni eslab, mazkur tilaklarga mos kelmaydigan ishlardan saqlanishga undaydi.
Buyuk ota-bobolarimizdan meros bo‘lib qolib kelayotgan dono xalqimizning yuksak ma’naviyatiga davlatimiz rahbari Muhtaram Prezidentimiz ham: «Duo qilgan, duo olgan hech qachon kam bo‘lmaydi. Bunday joydan hech qachon baraka arimaydi», deb yana qo‘shimcha sifatida bizlarga yengilmas kuch qilib berdilar.
Xalqimizning milliy ma’naviyati, oilalarimizda amal qilinadigan tartib-qoidalar yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyatga egadir! Ular oila mustahkamligini ta’minlashda ulkan poydevor vazifasini o‘taydi. Diyorimizda milliy qadriyatlar va muborak dinimizning ezgu ta’limotlari asosida oilaga doir qonun-qoidalar yanada mukammal qayta ishlandi.
Janobi hazrat Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘z muborak hadisi-shariflarida marhamat qiladilar: «Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar!».
Bu xususda shoirlarimizning ibratli so‘zlari bor:
«Birinchi g‘ishtni qiyshiq qo‘yarkan me’mor,
Osmonga yetsa ham qiyshiqdir devor».
Oilada erning mavqei balandligi, xotin ham o‘z haq-huquqlariga egaligi, farzandlarning ota-onani hurmat qilishlarini olaylik. Ko‘p yillar davomida ota-bobolarimiz qalbiga singib ketgan ushbu milliy va diniy qadriyatlarni bugun yanada sayqallash kerakligini zamon talab etmoqda. Shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hozirgi zamonda bema’ni xurujlar ko‘payib, ularning inson va jamiyat hayotiga salbiy ta’sirlari misli ko‘rilmagan darajada kuchayib bormoqda.
Shuning uchun barchamiz ko‘zimizni kattaroq ochib, ziyraklik va ogohlik bilan bunday hamlalarga qarshi kurashmog‘imiz lozim.
Ayniqsa, hozirda yurtimizdagi mavjud behisob hamda turli fursat va imkoniyatlardan serma’no, sermahsul, mazmunli va unumli foydalanib,
HAR BIR OTA, HAR BIR ONA O‘Z farzandiga:
odob-axloq namunalarini,
kindik qoni to‘kilgan mislsiz Vataniga – vatanparvarlik his-tuyg‘ularini,
bobo-buviga – ehtirom-hurmatni,
ota-onaga – mehr va itoatkorlikni,
oila a’zolariga – rahmdillik va mehribonlikni,
o‘z juft haloliga – haqiqiy muhabbat va sodiqlikni,
qo‘ni-qo‘shnilarga – oqibat va chiroyli munosabatni,
qavm-qarindoshlarga – saxovat-muruvvatni,
sinfdosh-kasbdoshlarga – chin do‘stlik va yordam berishni,
atrofdagi barcha odamlarga – insonparvarlik va samimiylikni,
hayvon-parranda-hasharotlarga – rahm-shafqatni uqtirib, yuqtirib, tushuntirib, singdirishimiz –
HAM BURCHIMIZ, HAM QARZIMIZ, HAM FARZIMIZDIR!!!
XUDONI OLDIDA ham, BANDASINI OLDIDA ham, YURT-XALQIMIZ OLDIDA ham!
Bularni hammasini bolalarimizga o‘rgatish uchun bizlarga hech qanday maxsus oliy ma’lumot ham, tegishli sertifikat ham, hech kanday qizil diplom ham kerak emas! Yoshlarimizda bu jihatlarini biz uyg‘otishimiz (!) kerak xolos. Zero shu sifatlarning hammasi farzandlarimizning qonida bor, ularning xamirturushlarida bor! Zero shu fazilatlarning hammasi bolalarimizning DNK larida mavjud! Chunki bu xususiyatlarning barchasi bizlarning ota-onalarimizdan avloddan-avlodga, qon orqali o‘tib kelayapdi! “Buning qonida bor-da o‘zi!” deb yoki “olma pishsa, tagiga tushadi” deb bejizdan-bejiz aytmaydi dono xalqimiz!
Kimning ona-Vatanni sevish tuyg‘usi kuchli va imon-e’tiqodi mustahkam bo‘lsa, o‘zining o‘tmishini hurmatlab, yaxshi bilsa, «ommaviy madaniyat» tuzog‘iga tushib qolmaydi, dinu davlatimizning “xaqiqiy do‘stlari”ning qarmog‘iga ilinmaydi. Buning uchun oilada ota-onalar farzandlari bilan milliy musiqa, xalq qo‘shiq-ashulalarimizni eshitishsa, birgalikda kitob o‘qishsa, o‘qigan asarlarini birgalikda muhokama qilishsa, ularni turli sport seksiyalariga va musiqa to‘garaklariga jalb etishsa, erishilgan yutuqlari va egallayotgan tajribalariga qiziqishsa, ilm-hunar o‘rganishlarida hamnafas bo‘lishsa, yoshlarning yot g‘oyalar uchun vaqti ham, qiziqishi ham bo‘lmaydi.
Iloho o‘zlarimizni ham,
farzand-zurriyotlarimizni ham
Mehribon Parvardigorimiz O‘zi buyurgan,
Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya etgan,
o‘tmishda o‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘ladigan,
xalqimiz xursand bo‘ladigan,
ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!
JIDDIY E’TIBOR UCHUN JIDDIY MASALA:
Ne-ne umidlar bilan o‘stirayotgan farzandlarimiz
dinimiz qoidalari ruxsat bermagan,
milliy an’analarimiz va mahalliy urf-odatlarimiz qaytargan
hamda davlatimiz qonunlari qoralagan
yeb-ichish mahsulotlaridan O‘TA va O‘TA EHTIYOT bo‘lishlari
va ayniqsa hozirgi paytda
aynan shu tomonlardan "hujum" kilayotgan dushmanlarimizga
kuchli va sof e’tiqod bilan qarshi turaolishlari –
o‘z diniga, o‘z xalqiga, o‘z yurtiga hamda
o‘z muqaddas oilasiga sadoqatli ekanini
yaqqol belgisi bo‘ladi!
Ibrohim domla Inomov