Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar saytlardan va ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan.
Alloh taolo barchamizni yomon xotimadan asrasin!
Ixlos bilan sadaqa beruvchilardan qilsin!
Qiyomat kuni shafoat qiladigan do‘stlarimizni ko‘paytirib bersin!
*****
BUYUK MUSAVVIR ZOT POK VA QUDRATLIDIR!
Chumolilar ijtimoiy tarzda yashaydigan, bir-biriga mehribon, qabiladoshlari uchun kerak bo‘lsa o‘zini qurbon qiladigan, hamjihat bo‘lib hayot kechiradigan mehnatkash hasharotdir.
*****
Agar sadaqa beruvchi o‘zining berayotgan sadaqasi faqirning qo‘liga yetib borishidan oldin Allohning qo‘liga tushishini bilganida edi, beruvchi his etadigan lazzat oluvchi tuyadigan lazzatdan ko‘ra kattaroq, ko‘proq bo‘lardi.
Ibn Qayyim rahimahulloh
*****
— Oilada chinakam baxt bo‘lishi uchun kimning aytgani bo‘lishi kerak? Erning aytganimi yoki xotinning aytganimi?
— Allohning aytgani bo‘lishi kerak! Allohning hukmi ustuvor bo‘lishi kerak! Er-xotin Shariat belgilab bergan o‘z vazifalarini sidqidildan bajarishsa, oilada chinakam baxt bo‘ladi.
*****
Ayolingizga — uning dindorligi uchun uylangan bo‘lsangiz, har safar namoz o‘qiyotganini ko‘rganingizda, muhabbatingiz ziyoda bo‘laveradi.
*****
Tanamiz
Inson tanasida 900 dona qalam ishlab chiqarishga yetadigan uglerod, 50 litrli qozonni to‘ldirishga yetadigan suv, 7 dona sovun ishlab chiqarishga yetadigan yog‘, o‘rtacha kattalikdagi itning tanasidagi barcha burgalarni o‘ldirishga yetadigan oltingugurt bor.
Internet materiallaridan to‘plab,
tarjima qiluvchi Nozimjon Iminjonov
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan bir nechtasi safarga chiqishdi. Ular arab mahallalaridan biriga tushib, mehmon qilishini so‘rashdi. Mahalladagilar esa ularni mehmon qilishdan bosh tortishdi. Nogahon, ana shu mahalla oqsoqolini bir narsa chaqib oldi. Unga hamma narsani qilib ko‘rishdi, ammo foyda bermadi. Ba’zilar: «Ana u mehmonlarga boringlar-chi, shoyad, ularda biror narsa bo‘lsa?» deyishdi. Ular borib: «Ey mehmonlar jamoasi, bizning boshlig‘imizni bir narsa chaqib oldi. Hamma harakatni qilib ko‘rdik, ammo foyda bermadi. Sizlarda biror narsa bormi?» deb so‘rashdi.
Mehmonlardan bittasi: «Allohga qasamki, men dam solinadigan bir duoni bilaman. Lekin sizlardan bizni mehmon qilishingizni so‘raganimizda, rad etdinglar. Bizga bu duoning evaziga biror narsa bermasanglar, uni aytmayman», dedi. Ular bir to‘da qo‘y berishga kelishib olishdi. Shunda u sahoba «Alhamdu lillahi Robbil ’alamiyn»ni (ya’ni, Fotiha surasini) o‘qib sufladi. Oqsoqol go‘yo arqon yechilganidek harakatga keldi. Unda biror og‘riq qolmay yurib ketdi. Keyin ular kelishilgan narsani berishdi. Sahobalar: «Uni taqsimlanglar», deyishgan edi, dam solgan kishi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan bu to‘g‘rida so‘rab, bizga biror narsani buyurmagunlaricha taqsimlamanglar», dedi. Sahobalar Nabiy sollallohu alayhi vasallam huzurlariga borib, bu voqeani aytib berishdi. Shunda u zot: «Sen uning (Fotiha surasining) shifo ekanini qayerdan bilding? - dedilar, so‘ngra to‘g‘ri qilibsizlar, ularni taqsimlanglar. Menga ham ulush ajratinglar», deb Nabiy sollallohu alayhi vasallam kulib qo‘ydilar».
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari.
Mana shu imom Buxoriyning rivoyatlari mukammalroqdir.
Boshqa rivoyatda esa: «Fotihani o‘qib, tufugini to‘plab suflab qo‘ydi. So‘ng haligi kishi tuzalib ketdi», deyiladi.
Imom Navaviyning «Al-Azkor» kitobidan