Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Mart, 2025   |   13 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:20
Quyosh
06:38
Peshin
12:37
Asr
16:41
Shom
18:30
Xufton
19:43
Bismillah
13 Mart, 2025, 13 Ramazon, 1446

Nurul izoh: TAROVЕH. KA’BADA O‘QILADIGAN NAMOZ. MUSOFIR NAMOZI. NAMOZLARNING QAZOSI. BЕMORNING NAMOZI.

17.03.2020   3818   13 min.
Nurul izoh: TAROVЕH. KA’BADA O‘QILADIGAN NAMOZ. MUSOFIR NAMOZI. NAMOZLARNING QAZOSI. BЕMORNING NAMOZI.

** Taroveh ***

Taroveh namozi erkak va ayollarga sunnati muakkadadir. Jamoat bilan o‘qilipsh sunnati kifoyadir (ya’ni, ba’zilarning masjidda jamoat bilan o‘qishi bilan boshqalar uylarida yolg‘iz o‘qishlari mumkin bo‘ladi).

Taroveh o‘qish vaqti xufton namozi vaqti kirganidan to tong otishidan bir oz avvalgi paytgachadir. Vitr namozini tarovehdan oldin o‘qish ham, keyin o‘qish ham durustdir. Tunning so‘nggi uchdan bir qismiga yoki ikkinchi yarmiga kechiktirishi mustahabdir. Tun yarmidan keyinga qoldirilishi maqruh emas.

 

*** Rakatlari soni va ado qilish tartibi ***

Taroveh namozi yigirma rakat bo‘lib, o‘nta salom bilan o‘qiladi.

Izoh: Taroveh namozi, ro‘zaning emas, balki o‘qilgan vaqtning sunnatidir. Chunki, Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam: «Alloh taolo sizlarga Ramazonda ro‘za tutishni farz qildi, men esa kechalarning ihyosini (taroveh va boshqa ibodatlar bilan o‘tkazilishini sunnat qildim» deganlar. Bunga ko‘ra, bemor yo musofir bo‘lib, ro‘za tuta olmagan kunlari ham taroveh o‘qish sunnatdir.

Har to‘rt rakat taroveh namozidan so‘ng, taroveh bilan vitr namozi orasida ham to‘rt rakat namoz o‘qish miqdoricha o‘tirish mustahabdir. Ramazoni sharifda Qur’oni karimni taroveh namozlarida bir marta xatm qilish sunnatdir. Faqat jamoatni zeriktirib qo‘yadigan bo‘lsa, ularga malol kelmaydigan darajada o‘qiladi. Chunki qisqa o‘qish bilan ko‘proq jamoatni jalb qilish jamoatni zeriktirib qo‘yadigan darajada ko‘p qiroat qilishdan afzaldir. Shuningdeq, jamoatga malol kelsa ham, imom (tashahhudda) “Attahiyyotu”dan so‘ng salavotlarni o‘qishi va har ikki rakatning boshida sanoni hamda ruku va sajdalardagi tasbehlarni tark qilmaydi. Faqat jamoatga malol kelgan taqdirda (salavotlardan keyingi) duoni o‘qimaydi. Taroveh o‘z vaqtida o‘qilmasa, yolg‘iz holda ham, jamoat bilan ham qazosi o‘qilmaydi.

 

*** Ka’bada o‘qiladigan namoz ***

1. Ka’baning xoh ichida, xoh ustida bo‘lsin, farz va nafl namoz o‘qish durustdir. Chunki Ka’baning barcha tomonlari qibladir. Ustida namoz o‘qiydigan kishining sutra qilishi shart emas. Faqat Ka’ba ustida namoz o‘qish odobga zid bo‘lgani uchun makruh.

2. Ka’ba ustida va ichida, orqasi imomning yuziga bo‘lmagan jamoatning imomga iqtido qilishi durustdir, aks holda, nojoizdir.

3. Ka’ba eshigi ochiq bo‘lganida, uning ichidagi imomga tashqaridan iqtido qilish durustdir.

4. Imom va jamoatning Ka’ba tashqarisida halqa shaklida namozga turishlari ham durustdir. Faqat imom tomonda Ka’baga imomdan ham yaqinroq turgan kishining iqtido qilishi durust emas.

 

*** Musofirning namozi ***

O‘rtacha yurishda yilning eng qisqa kunlarida dam olish onlari bilan birgalikda uzoqligi uch kunlik yo‘l bo‘lgan joyga safarga chiqish ba’zi hukmlarning o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. O‘rtacha yurish deganda quruqlikda tuyaning yoki piyodalarning yurishi nazarda tutilgan. Tog‘da ham shunga munosib bo‘lgan masofa ko‘zda tutiladi.

Dengizda esa havo mo‘tadil paytda mazkur vaqt ichida bosib o‘tiladigan masofa e’tiborga olinadi.

Izoh: Bu eski ta’bir bo‘lib, o‘sha davrlarda yelkanli kemalar havo yordamida harakat kilardi. Shamol qattiq essa, kema tez, sekinlashsa sekin, havo mo‘tadil paytda kema quruqlikdagi tuya, piyodalar tezligida harakat qilardi. Mana shu tezlikda uch kunlik yo‘lga chiqqan kishi musofir hisoblanardi. Hozirgi kunda esa, har soatda qancha-qancha yo‘l bosib o‘tuvchi ulkan kemalarning tezligi safar uchun o‘lchov bo‘la olmaydi. Shuning uchun o‘lchov hamon quruqlikdagi tuya yoki piyodaning me’yoriy yurishidir. Safar qanday vositada amalga oshirilishidan qat’i nazar, taxminan tuya minib yoki piyoda yurishda uch kunlik masofa bosib o‘tildimi, kishi musofir hisoblandi.

 

*** Namozning qisqartirilishi ***

Safarga chiqishga qaror qilgan kishi o‘zi yashayotgan joyning uylaridan va shahar chetidagi qabriston, otlar yuguradigan maydonga o‘xshash shaharga tutash bo‘lgan joylardan o‘tgach, to‘rt rakatli farz namozlarni ikki rakat qilib qisqartirib o‘qiydi.

Agar mazkur qabriston va yugurish maydonlari orasi dalalar yoki otilgan bir (kamon) o‘qi yetgulik (taxminan 400 qadam) ochiq bo‘sh joy bilan ajralib turgan bo‘lsa, ulardan o‘tish shart emas.

 

*** Safarning shartlari ***

Safar niyati quyidagi uch narsa bilan durust bo‘ladi:

1. Yo‘lovchining safarga chiqishiga qaror qilishda erkin va mustaqil bo‘lishi.

2. Balog‘atga yetgan bo‘lishi.

3. Safar yo‘lining uch kunlik masofadan kam bo‘lmasligi.

Demak, o‘zi yashaydigan shahar yo mavzening uylaridan uzoqlashmagan yo‘lovchi yoki eri bilan bo‘lgan ayol, qo‘mondoniga tobe bo‘lgan askar kabi boshqaga itoat qilgan shaxslar xo‘jasi safarga niyat qilmagan yoki uch kundan kam muddatga niyat qilgan bo‘lsa, namozni musofir kabi o‘qimaydi. Yo‘lga chiqishi va iqomat borasida tobe bo‘lganlarning emas, balki ularning amirlarining niyatlari e’tiborlidir.

 

*** Musofir namozining hukmi ***

Musofirning namozni qasr qilib o‘qishi bizning hanafiy mazhabda azimatdir.

Izoh: «Azimat» lug‘atda bir narsaga qat’iy qaror qilmoq va uni bajarishga bor kuchi bilan intilmoq deganidir. Fiqh istilohida esa, shar’iy amr va nahiylarni, hech qanday uzrli sabablarga e’tibor qilmasdan, asl shaklida ado qilmoqdir. Buning ziddi bo‘lgan ruxsat esa, uzrli sabablar tufayli shar’iy amr va nahiylarni qulaylashtiruvchi, ruxsat berilgan yo‘lni tanlashdir. Masalan, tahoratda har safar oyoqni yuvish azimat, mahsi kiyganida mas'h tortish ruxsatdir.

To‘rt rakatli farz namozlarini to‘liq o‘qigan yo‘lovchi, agar ilk qa’dada o‘tirgan bo‘lsa, namozi sahihdir. Faqat (vojib bo‘lgan salomni kechiktirgani uchun) makruhdir (bu holatda so‘nggi ikki rakat nafl o‘rniga o‘tadi). Birinchi qa’dada o‘tirmagan bo‘lsa, farzni tark etgani uchun namozi sahih bo‘lmaydi. Faqat uchinchi rakatga turayotganida muqimlikka niyat qilsa, namozi sahih bo‘ladi. Lekin vojib bo‘lgan birinchi tashahhudni tark etgani uchun sahv sajdasi qilishi kerak.

 

*** Qasr muddati va muqimlikka niyat ***

1. Yo‘lovchi o‘z diyoriga qaytgunicha yoki biror shahar yoxud qishloqqa 15 kun qolishga niyat qilgunicha namozlarini qasr o‘qiydi.

2. Agar bir joyda 15 kundan oz muddat qolishga niyat qilsa yoki hech qanday niyat qilmasdan, erta-indin ketaman, deb yillar davomida o‘sha joyda qolsa ham, namozlarini qasr o‘qiyveradi.

3. Birortasida kechasi tunashni qaror qilmagan ikki shaharda, cho‘l va adirlarda hamda badaviylar yashaydigan joylarda iqomatni niyat qilish durust emas.

4. Shuningdek, (urush paytida) dushman yerlarida bo‘lgan askarlarimiz ham (qancha qolishlarini bilmaganlari uchun) iqomatni niyat qilishlari durust emas.

5. (Davlatga qarshi chiqqan) bir toifani qurshovga olgan va u yerda kutayotgan askarlarning ham (qancha qolishlarini bilmaganlari uchun) iqomatni niyat qilishlari joiz emas.

 

** Musofirning muqimga va muqimning musofirga iqtido qilishi **

Musofir muqimga namoz vaqtida iqtido qilishi durust. Bu holda u muqim kabi namozni to‘liq o‘qiydi. Vaqt chiqqach, musofirning muqimga iqtido qilishi durust emas. Xoh vaqt ichida bo‘lsin, xoh vaqt chiqqanidan so‘ng bo‘lsin, muqimning musofirga iqtido qilishi durustdir.

Musofir muqimlarga imom bo‘lsa namozni boshlamas-dan avval yoki salom bergach, «namozingizni tamomlang, men musofirman» deyishi mustahabdir. Muqim musofirga iqgido qilganida musofir namozni tamom qilganidan so‘ng qolgan ikki rakatini qiroat qilmasdan tamomlaydi.

 

*** Vaqtida o‘qilmagan namozlarning qazosi ***

Musofir qazo qilgan to‘rt rakatli namozni muqim bo‘lganida o‘qisa ham, ikki rakat o‘qiydi. Muqim qazo qilgan to‘rt rakatli namozni safarda o‘qisa ham to‘rt rakat o‘qiydi.

 

*** Vatan haqida ***

Kishining tug‘ilib o‘sgan, uylangan yoki davomli yashash maqsadida u yerdan ajralishni xohlamagan joyi vatani asliy deyiladi.

Kishining (kamida) 15 kun yoki undan ham ko‘proq muddat yashashga niyat qilgan joyi vatani iqomat deyiladi.

Vatani asliy boshqa bir joyni vatani asliy qilib olish bilan kuchdan qoladi.

Vatani iqomat o‘ziga o‘xshagan boshqa joyda yashashga niyat qilish yoki u yerdan yo‘lga chiqish yoki vatani asliyga qaytish bilan buziladi.

 

*** Bemor kishining namozi ***

1. Bemor, tamoman turolmasa yoki qattiq og‘riq tufayli turishi qiyin bo‘lsa, yoki kasalligining kuchanishi yoki uzoqqa cho‘zilishidan qo‘rqsa, namozini o‘tirib, ruku va sajda qilgan holda o‘qiydi. O‘ziga eng qulay shaklda o‘tiradi, bulardan boshqa hollarda kuchi yetganicha tik turib o‘qiydi.

2. Bemor namozini o‘tirgan joyida ruku va sajda qilgan holda ham o‘qiy olmasa, imo-ishora bilan o‘qiydi, faqat sajda qilish uchun boshini rukuda egganidan ko‘proq egadi. Aks holda namozi durust bo‘lmaydi.

Izoh: Chunki Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sollam bir bemorning ziyoratiga borib, oldiga yostiq qo‘yib, uning ustiga sajda qilayotganini ko‘radilar va oldidan yostiqni oladilar. Bemor yostiqni takror oldiga olganida yostiqni yana uning oldidan oladilar va «Agar kuchingiz yetsa, yerda namoz o‘qing, kuchingiz yetmasa, imo-ishora bilan o‘qing va sajdada boshingizni rukudagidan ko‘ra ko‘proq eging», deydilar.

3. Bemor sajda qilishi uchun biror narsa baland qilib

qo‘yilmaydi. Biror narsani ko‘tarib qo‘ysa, sajdada boshini rukuda egganidan ko‘ra ko‘proq egsa, namozi durust bo‘ladi. Aks holda, namozi durust emas.

4. Bemorning o‘tirib namoz o‘qishga ham kuchi yetmasa, chalqancha yoki yonboshlab yotgan holda imo-ishora bilan namoz o‘qiydi. Bu holda chalqancha yotib o‘qish yaxshiroqdir. Yuz qiblaga qarab turishi uchun bemorning boshiga yostiq qo‘yiladi. Agar kuchi yetsa, oyoqlarini qiblaga uzatmasligi

uchun oyoqlarini yig‘ishtirib oladi. 

5. Imo-ishora bilan ham namoz o‘qishga kuchi yetmagan bemor, o‘ziga aytilayogan narsalarni tushunsa, namozini kechiktiradi (so‘ngra qazosini o‘qiydi). «Hidoya» sohibiga ko‘ra bu durustdir. Faqat yana «Hidoya» sohibi «Tajnis» va «Mazil» nomli asarlarida imo-ishora bilan namoz o‘qishdan ojiz qolish muddati besh vaqt namozdan ortiq davom etsa, bemor aytilgan narsalarni tushunsa ham, namoz o‘qish majburiyati undan soqit bo‘ladi, deganlar, «Qozixon» va «Muhit» muallifi ham buni tasdiqlaganlar. Shayxul-Islom va Faxrul-Islom ham bu nuqtayi nazarni ixtiyor qilganlar. «Zohiriya» kitobida fatvo shunga deyilgan. «Xulosa» kitobining sohibi ham mazkur hukmni ixtiyor qilgan, «Yanobig‘», «Badoi’» va «Val-volijiy» asarlarining sohiblari ham bu fikrni to‘g‘ri deganlar. Barchasini Alloh rahmat qilsin.

 

*** Turli masalalar ***

1. Boshi bilan imo-ishora qilishga kuchi yetmagan kishi ko‘zi, qoshi yoki qalbi bilan imo qilib namoz o‘qimaydi chunki sajda qosh, ko‘z va yurak bilan emas, bosh bilan qilinadi.

2. Tik turib o‘qishga kuchi yetib, ruku va sajda qilishga kuchi yetmagan kishi namozini o‘tirgan joyida imo-ishora bilan o‘qiydi.

3. Sog‘lom kishi namoz o‘qiyotganida tobi qochsa, kuchi yetgan shaklda imo bilan bo‘lsa ham namozini tamomlaydi.

4. O‘tirgan joyida ruku va sajda qilib namoz o‘qiyotgan kishi, namoz asnosida o‘zini yaxshi his qilsa, o‘rnidan turib namozini davom ettiradi va shu tarzda tamomlaydi. Ruku va sajda qilolmasdan imo bilan o‘qiyotgan kishi (o‘zini yaxshi his qilsa) namozni boshidan qayta o‘qishi kerak.

5. Esini yo‘qotgan va xushidan ketgan kishining bu holati besh vaqt namoz mobaynida davom etsa, o‘ziga kelgach, bu namozlarining qazosini o‘qiydi. Besh vaqtdan ko‘proq davom etsa, qazosini o‘qimaydi (undan soqit bo‘ladi).

 

KЕYINGI MAVZULAR:

Namoz va ro‘zaning kafforati;

Kishi qachon kafforat uchun vasiyat qiladi?

Qancha kafforat beriladi?

Fidya (tovon) kimga to‘lanadi?

O‘z vaqtida o‘qilmagan namozlarning qazosi;

Tartibni bekor qiladigan sabablar;

Turli masalalar;

Farz namoziga yetishish bo‘limi;

Sunnatning qazosi;

Jamoat va uning fazilati;

Turli masalalar;

Sahv sajdasining hukmi;

Vojibni bilaturib, tark qilish;

Sahv sajdasining o‘rni;

Sahv sajdasi qachon soqit bo‘ladi?

Kimlar sahv sajdasi qilishi lozim?

Namozdagi ba’zi xatolar;

Namoz shubha bilan qachon buziladi?

Shubhaning ko‘p bo‘lishi;

Tilovat sajdasi, sababi, hukmi, vaqti;

Tilovat sajdasi kimlarga vojib, kimlarga vojib emas?

Tilovat sajdasining vaqti va shakli;

Joyni o‘zgartiradigan sabablar;

Joyni o‘zgartirmaydigan sabablar;

Turli masalalar;

Tilovat sajdasining sahih bo‘lish shartlari;

Ado etish tartibi;

Shukr sajdasi;

Har baloning daf qilinishi haqida;

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Videolar

Farg‘ona shahrida imkoniyati cheklangan, yordamga muhtoj kishilarga iftorlik dasturxoni yozildi

13.03.2025   1121   1 min.

O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati