Bu haqida o‘n to‘rt asrdan beri aytib kelinadi
Bugungi kunda dunyo bo‘ylab koronavirus tarqalishi munosabati bilan sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan virus tarqalishining oldini olish bo‘yicha turli ko‘rsatmalar kelmoqda. Eng ko‘p ta’kidlanayotgan choralardan biri “Aksirish chog‘ida og‘izni qo‘l yoki salfetka bilan to‘sish” ekani eslatilmoqda.
Buni qarangki, aksirish chog‘ida og‘izni qo‘l yoki biror narsa bilan to‘sish haqida sevikli Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalari kelgan bo‘lib, u zot sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ushbu ko‘rsatmalariga amal qilib, bizga ibrat bo‘lganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam agar aksa ursalar, og‘izlariga qo‘llarini yoki kiyimlarining bir uchini qo‘yardilar va ovozlarini pasaytirardilar yoki berkitardilar” Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati.
Ushbu hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning aksirganda bajaradigan odoblari zikr qilinmoqda. U zot sollallohu alayhi vasallam aksa ursalar qo‘llari yoki kiyimlarining bir uchi bilan og‘izlarini to‘sib, ovozlarini pasaytirar ekanlar.
Kishi aksirganda og‘zidan taom qoldiqlari, so‘lak va hokazo narsalar tashqariga otilishi, yaqinroqda turgan kishiga tegishi mumkin. Suhbatdoshingiz aksirib, qo‘li bilan og‘zini berkitmaganda, undan uchib chiqqan so‘lakning sizga tegishini tasavvur qilib ko‘ring. Qo‘lni qo‘yish yoki biror narsa bilan berkitish orqali o‘sha noqulay holatning oldi olinadi.
Agar aksirayotgan kishi biror kasallikka, jumladan, gripp, koronavirusga chalingan bo‘lsa, aksirish orqali turli zararli viruslar atrofga uchishi, suhbatdoshga yetib borishi, kasallik keng tarqalishiga bois bo‘lishi mumkin. Qo‘lni qo‘yish ana shu tarqalishning oldini oladi.
Inson bexosdan aksirganda ovozi balandlab ketadi. Bunday keskin va baland ovoz atrofdagilarni cho‘chitib yuborishi, keksalar, homilador ayollar va yosh bolalarning qattiq qo‘rqib ketishiga olib kelishi mumkin. Bordiyu o‘sha joyda kimdir uxlayotgan bo‘lsa, uning cho‘chib uyg‘onishi va boshqa holatlar kuzatilish mumkin. Ovozni pasaytirish orqali esa odamlar cho‘chib ketishining hamda aksiruvchining og‘iz bo‘shlig‘idagi ba’zi a’zolari shikastlanishining oldi olinadi.
Birgina nabaviy ko‘rsatmada shuncha foyda, odob bor. Salomatlikni saqlash, turli holatlar kelib chiqishining oldini olish uchun ushbu sunnatga amal qilishimiz lozim.
Olimlar, mutaxassislar, shifokorlar bugun insoniyatga kasalliklardan saqlanish chorasi sifatida e’lon qilayotgan ko‘rsatmalar bundan o‘n to‘rt asr oldin Islom dinida aytib qo‘yilgan va unga amal qilib kelinmoqda.
Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni chiroyli qilsin!
Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Xolis fikr
Bir nuroniy tog‘amiz bor. Qarindoshlar yig‘ilib ziyoratiga bordik. Suhbatlashib o‘tirganimizda davradagilar o‘tganlarimizni surishtira ketdi va: “Falonchi bilan pismadonchi qanday qarindosh, pismadonchi bilan falonchi?..” qabilidagi savollarni yog‘dirdi. Tog‘amiz: “Ular ota bir ona boshqa...” va shunga o‘xshash javoblar beraverdi. Qarasak, butun qishloq bir-biriga qarindosh chiqyapti. “Bovalarimiz rosa ko‘p uylangan ekan-da o‘ziyam”, dedi biri malomat qilgan ohangda. Unga javoban tog‘amiz: “U vaqtlarda beva ayol bo‘lmasdi, qaysiki ayolning eri o‘ldimi, erkaklardan biri uylanardi va bolalarini qaramog‘iga olardi”, dedi.
Bu endi o‘tgan zamonning gapi. Hozirgi vaqtda bevalar va yetim-yesirlar davlatimiz himoyasida, ularga erning nima keragi bor!.. Ammo shunchalik ko‘p taqiqlarga, va’z-nasihatlarga qaramay, kimlarningdir ikkinchi xotinga uylanish niyatida yurgani quloqqa chalinib qoladi. Ana shunday damlarda o‘sha erkakni go‘rdan olib go‘rga solishlar boshlanadi: xotinboz, pulmast, suyuqoyoq va hokazolar...
Ehtimol, bu ayblovlarning hammasi ham noto‘g‘ri emasdir. Ammo masalaning yana bir jihati bor: aksar hollarda erining uylanishiga ayolning o‘zi tashabbuskor bo‘ladi. Masalan, ayol bir, ikki farzandli bo‘lganidan so‘ng eri uchun emas, to‘ylarga, hashamlarga borish uchun bezanadi, kamiga shu ishni erining ko‘z o‘ngida qiladi; eriga esa katta o‘g‘liga o‘dag‘aylayotgandek muomala qiladi.
Eri ish buyursa, bajarmaydi; chorlasa, sarkashlik qiladi. Ana shunday choqda er jahl ustida (niyat qilib emas, albatta): “Ha, bir hurmatimni biladigan xotin olmasam”, deb qo‘yadi. Shunda ayol: “Astag‘firulloh, unday demang-ay, xatolarim bo‘lsa, to‘g‘rilab olaman”, demaydi-da, “Qani, bir uylanib ko‘ring-chi!” deb nafsoniyatiga tegadi. Bu gapni bir marta aytish bilan kifoyalanmaydi. Oqibatda erining po‘pisa uchun aytgan o‘sha gapi niyatga aylanadi. Chunki xotini keyingi mojarolarda: “Sizga kim ham tegardi o‘zi”, “Uylanishni sizga kim qo‘yibdi” qabilidagi gaplarni qaytaraverib, o‘zi bilmagan holda erini uylanishga majburlashda davom etadi. Keyin esa buyog‘i ma’lum: er – bevafo, xotin –jabrlanuvchi!
Professor, doktor Ahmad Lutfiy Qozonchining “Payg‘ambarimiz alayhissalomning zavjalari (zavjati mutahhirot)” asarida ushbu masalada nihoyatda ibratli ta’rif keltirilgan: “Abu Salama roziyallohu anhu ko‘z nuri deb bilgan xotinidan boshqa gul hidini hidlamagan edi. Chunki Ummu Salama roziyallohu anho (onamiz) erkak o‘z xotinidan kutadigan barcha go‘zalliklarni unga nisor etardi, natijada ikkinchi xotinga ehtiyoj qolmagandi va ikkinchi nikohning nomi ham aytilmagandi”.
Mushohada qilib ko‘raylik, azizlar, ayollar Ummu Salama onamizdek bo‘lsa, eri o‘zini qanday holda ko‘rishni istaganda, o‘shandek ko‘rinishga harakat qilsa, kunlarini o‘zining kayfiyatiga qarab emas, eriga parvona bo‘lib o‘tkazsa, erkakka ikkinchi xotin tashvishi nima kerak!
Darhaqiqat, taqiqlar, jarimalar, do‘q-po‘pisalar, ayniqsa, ushbu masalada kutilgandek samara bermaydi. Zotan, taqiqlangan meva shirin tuyiladi, deganlaridek, erkaklarning qiziqishini yanada kuchaytiradi, xolos. Hamma gap ayollarning o‘zida – erlarini tezlayvermasa, shuning o‘zi kifoya.
Damin JUMAQUL