Zohiriya mazhabi
Zohiriya mazhabi dastlab faqih Dovud ibn Ali[1] tomonidan shakllantirilgan bo‘lib, keyinchalik Ibn Hazm Andalusiy[2] tomonidan rivojlantirilgan. Zohiriya mazhabi aqidada ham, fiqhda ham alohida mazhab deb qaraladi. Ibn Hazm rahmatullohi alayh aqlni mutlaqo inkor qilmagan. Balki shar’iy hukmni faqatgina aql yaxshi sanagani jihatidan qabul qilishni inkor qilgan. Ibn Hazm ﴿ٱلرَّحۡمَٰنُ عَلَى ٱلۡعَرۡشِ ٱسۡتَوَىٰ٥﴾ oyatidagi أسْتَوَى kalimasining ma’nosi haqidagi bahslarda unga اسْتَوْلَىma’nosini berishni ham, makonga joylashish ma’nosida tushunishni ham inkor qilgan. Balki unga Alloh taoloning Arshga qilgan fe’li ma’nosini bergan. Ya’ni Alloh taolo maxluqotlarini Arshda intihosiga yetkazgan. Arshdan yuqorida biror maxluqot yo‘q ma’nosi tushuniladi, – degan.
Mazkur davrlarda Ahli sunna val-jamoaning e’tiqodiga zid da’volar bilan undan ajralib chiqqanlar asosan, ushbu firqalar bo‘lgan.
Ahli sunna val-jamoaning ikki aqidaviy mazhabi
Mazkur firqalarning noto‘g‘ri qarashlari jiddiy tus olib, jamiyat vakillari orasida ularning zararlari ko‘zga tashlana boshlaganidan so‘ng Ahli sunna val-jamoa ulamolari bu “aqllilar”ning da’volariga javob berish zarurligini his qilganlar va e’tiqod musaffoligi yo‘lida kurashga bel bog‘laganlar. Bu kurashda Ahli sunna val-jamoaning barcha ulamolari o‘zlarining sohalari bo‘yicha jonbozlik ko‘rsatganlar.
Ulamolar mazkur firqalarning da’volari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga va sahobai kiromlarning tutgan yo‘llariga zid ekanini isbotlab asarlar ta’lif etganlar. Ana shu asarlarda to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lib kelayotganlarni “Ahli sunna val-jamoa” (sunnat va jamoaga ergashuvchilar) deb ataganlar. Bunday nomlashdan bulardan boshqalar “bid’at va firqalanishga ergashuvchilar” degan ma’noni nazarda tutganlar.
Mazkur firqalarga qarshi kurashda ikki ulug‘ imom Ahli sunna val-jamoaning dasturiga asos solishgan. Bu zotlar Imom Abul Hasan Ash’ariy va Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayhlardir. Imom Abul Hasan Ash’ariy o‘sha paytdagi abbosiylar davlatining markazi bo‘lgan Bag‘dodda faoliyat yuritgan bo‘lsa, Imom Moturidiy Movarounnahrda somoniylar davlatida faoliyat yuritgan.
Shu bois ba’zi ulamolar: "Ahli sunna val jamoa" deganda asosan moturidiylar va ash’ariylar tushuniladi", – deganlar.
Imom Ash’ariy va ash’ariya mazhabi
Ash’ariya mazhabi imom Ash’ariy rahmatullohi alayh asos solgan aqidaviy mazhab bo‘lib, mo‘tazila firqasining noto‘g‘ri qarashlari keng tarqalgan bir paytda shakllangan mazhab hisoblanadi.
Ash’ariya mazhabi asoschisi bo‘lgan imom Abulhasan Ash’ariy rahmatullohi alayhning ismi sharifi Ali ibn Ismoil ibn Abu Bishr Is'hoq ibn Solim bo‘lib, hijriy 260 yilda Basrada tug‘ilgan. Abulhasan Ash’ariy rahmatullohi alayhning nasabi mashhur sahobiy Abu Muso Ash’ariyga borib taqaladi.
Imom Ash’ariy qirq yoshigacha mo‘tazila mazhabida yurib, hatto bu mazhabning eng katta imomlaridan biriga aylanganidan so‘ng Alloh taolo bu zotni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilgan. Abu Bakr ibn Furak: “Abul Hasan Ash’ariy hijriy 300 yilda mo‘taziliylikni tark qilib, ahli sunnaga qaytgan”[3], – degan. Shuning uchun ham ulamolar: “Mo‘taziliylar Imom Ash’ariy ular safida bo‘lgan paytlarda gerdayib yurishgan, bu zot ularga qarshi maydonga tushganda, mo‘taziliylarga “sichqonning ini ming tanga” bo‘lib ketgan” ma’nodagi gaplarni aytganlar.
Mashhur vatandoshlarimizdan biri Imom Abu Bakr Qaffol Shoshiy[4] ham Imom Ash’ariyning mashhur shogirdlaridan biri hisoblanadi.
Imom Ash’ariy ko‘plab asarlar ta’lif etgan bo‘lib, ularning eng mashhurlari quyidagi asarlardir:
– “Ibona an usulid diyona”(diniy e’tiqod asllarini bayon qilish);
– “Luma’” (yog‘dular);
– “Maqolatul isolmiyyin va ixtiloful musolliyn” (Islomga mansub kishilarning gaplari va namozxonlarning ixtiloflari).
Ba’zi ulamolardan Imom Ash’ariyning yuzdan ortiq asar yozib qoldirgani naql qilingan.
Imom Ash’ariy rahmatullohi alayhning qachon vafot etgani haqida ikki xil rivoyat bor:
Ash’ariya mazhabi rivojlanishini ikki davrga bo‘lish mumkin:
Imom Moturidiy va moturidiya mazhabi
Moturidiya mazhabi asosichisi bo‘lgan ulug‘ bobomizning ismi sharifi Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Abu Mansur Moturidiy Samarqandiy Ansoriy bo‘lgan. Kamoliddin Bayoziyning tahqiqiga ko‘ra Imom Moturidiyning nasabi mashhur sahobiy Abu Ayyub Ansoriyga borib taqaladi. Shuning uchun u zotga “Ansoriy” nisbati ham berilgan.
Imom Moturidiyning tug‘ilgan yili aniq ma’lum emas. Manbalarni solishtirib chiqqan ulamolar imom Moturidiyning ustozlaridan biri bo‘lgan Muhammad ibn Muqotil Roziyning hijriy 248 yilda vafot etganiga ko‘ra, bu zotning tug‘ilishi hijriy 240 yillar atrofiga to‘g‘ri kelishini aytishgan.
Ahli sunna val-jamoaning imomi bo‘lgan ushbu zotning tug‘ilgan yili bu qadar noaniq bo‘lishi, hatto vafot etgan yilida ham ixtiloflar borligi to‘g‘risida ko‘plab sabablar aytilgan. Mazkur sabablarning eng asosiysi bu zotning o‘sha paytdagi abbosiylar davlati markazi bo‘lgan Bag‘doddan uzoqda somoniylar davlatida yashagani hisoblanadi.
Imom Moturidiyning ustozlari
Imom Moturidiy ko‘plab ustozlardan ta’lim olgan bo‘lib, ularning mashhurlari quyidagi zotlardir:
Ushbu to‘rtta ustoz imom Moturidiyni imom Abu Hanifagacha bo‘lgan sanadini bog‘lovchi ustozlar hisoblanadi. Chunki mazkur Ahmad Juzjoniy, Iyoziy va Balxiylar 200 hijriy sanada vafot etgan Abu Sulaymon Muso Juzjoniyning shogirdlaridir. Bu zot esa Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadlarning shogirdi bo‘lgan. Demak shunga ko‘ra hanafiya mazhabi imom Moturidiyga quyidagi sanad bilan yetib kelgan:
– Imom Abu Hanifa;
– Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad;
– Abu Sulaymon Muso Juzjoniy;
– Ahmad Juzjoniy, Iyoziy va Balxiy;
– Moturidiy.
Imom Moturidiy rahmatullohi alayh fiqhda imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh mazhablarida bo‘lganidek, aqidada ham u zotga ergashgan. Shuning uchun ham ba’zi asarlarda moturidiya mazhabidagilarni hanafiylar deb ham ataladi.
Imom Moturidiyning shogirdlari
Imom Moturidiy rahmatullohi alayh ko‘plab shogirdlar yetishtirgan bo‘lib, ularning eng mashhurlaridan ayrimlari quyidagi zotlardir:
– Abulqosim Is'hoq ibn Muhammad. Bu zot Hakim Samarqandiy nomi bilan mashhur bo‘lgan. Samarqandda qozilik lavozimida ishlagan. “Sohaiful ilahiya” (Ilohiy sahifalar), “Savodul a’zam” (Ulkan jamoat), “Roddu ala as'habil hava” (Nafsu havoga ergashganlarga raddiya) kabi ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Hijriy 345 yilda vafot etgan;
– Imom Abulhasan Ali ibn Sa’iyd Rustug‘faniy. “Irshadul mubtadiy” (Yo‘l boshidagi kishini maqsadga yo‘llash), “Zavaid va favaid fi anvail ulum” (Turli ilmlardagi qo‘shimchalar va foydalar) kabi ko‘plab asarlar yozgan. Hijriy 350 yili vafot etgan;
– Abu Lays Nasr ibn Muhammad Samarqandiy. Bu zot tafsir, aqoid, fiqh, va tasavvufga oid o‘ndan ortiq kitoblar yozgan. Hijriy 373 yilda vafot etgan;
– Imom Abu Muhammad Abdulkarim Pazdaviy. Pazda Nasaf shahri yaqinidagi qishloq bo‘lib, shu qishloqqa nisbatan bu zotga Pazdaviy deb nisbat berilgan. Pazdaviy fiqh ilmida peshqadam bo‘lgan. Zotan, bu zot mashhur faqihlar sulolasining vakili hisoblanadi. Hijriy 390 yilda vafot etgan. Bu zotning zurriyotlaridan Abulyusr Pazdaviy kabi moturidiya mazhabining yetuk namoyondalari yetishib chiqqan.
Imom Moturidiyning asarlari
Ulamolar Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayhni shar’iy ilmlarning uchta yo‘nalishi bo‘yicha asarlar ta’lif etganini bayon qilganlar:
Tafsir yo‘nalishi bo‘yicha “Ta’viylotu ahli sunna” (Ahli sunnaning tushuntirishlari) tafsirini yozgan. Bu tafsir Ahli sunna val– jamoaning Qur’on oyatlari tafsiridagi qarashlari to‘g‘ri ekanini isbotlash bilan birga, adashgan firqalarning noto‘g‘ri qarashlarini ham ochib beruvchi mo‘tabar asar hisoblanadi.
Usulul fiqh yo‘nalishi bo‘yicha “Ma’xozush sharoi’” (shariy hukmlar manbasi) va “Jadal” (ilmiy bahslar) kitoblarini yozgan. Ushbu ikki kitob hanafiya mazhabidagi qoidalar va ulardan kelib chiqadigan hukmlarni jamlagan asarlar, deb vasf qilingan. Zero bu kitoblar hijriy beshinchi asrgacha usulul fiqh bo‘yicha murojaat qilinadigan asosiy manbalar bo‘lgan. Keyinchalik esa ushbu yo‘nalish bo‘yicha yozilgan asarlarning asosi bo‘lib xizmat qilgan. Ulamolar bu ikki kitobning bizgacha yetib kelmaganini afsus bilan yodga oladilar.
Imom Moturidiy rohmatullohi alayh aqoid yo‘nalishi bo‘yicha ko‘plab asarlar yozgan. Bu asarlarni o‘rganib chiqqan ulamolar ularni umumiy uch qismga ajratganlar:
a) maqolalar;
b) raddiyalar;
v) Alloh taologa iymon keltirish asoslari.
Maqolalar
Aslida Imom Moturidiydan oldin ham bir qancha “Maqolot” (maqolalar) kitoblari yozilgan va ularda asosan, Islom diniga mansub turli firqalarning qarashlari jamlangan. Imom Moturidiyning “Maqolot” (Maqolalar) asarining qo‘lyozma nusxasi hozirda Istanbuldagi “Kupriliy” kutubxonasida 856 raqam ostida saqlanmoqda.
Raddiyalar
Aqoid ulamolari yozgan asarlarida faqatgina adashgan firqalarning qarashlarini keltirib “bu noto‘g‘ri” deyish bilan cheklanmaganlar. Balki mazkur qarshlarga birma-bir naqliy va aqliy dalillar asosida raddiyalar qilganlar. Bu raddiyalarda Ahli sunna val-jamoaning qarashlari to‘g‘riligini isbotlash bilan birga adashgan firqalarning xatoga yo‘l qo‘ygan joylarini ham bayon qilganlar.
Imom Moturidiy rahmatullohi alayh “Bayanu vahmil mo‘tazila” (Mo‘taziliy firqasining noto‘g‘ri tasavvuri bayoni), “Roddu alal qaromita” (Qarmatiylarga raddiya) kabi adashgan firqalarning umumiy qarashlaridagi xatolarni bayon qiluvchi ko‘plab asarlar yozgan.
Imom Moturidiy rahmatullohi alayhning qilgan eng ulkan xizmati Ahli sunna val–jamoaga qarshi chiqqan firqalarning da’volariga umumiy raddiya qilishdan tashqari ularga batafsil raddiyalar qilganidir. Ya’ni bu zot o‘sha paytlarda omma musulmonlarga tashvish tug‘dirib turgan mo‘taziliy yetakchilarining asarlariga birma-bir raddiyalar yozib, ularni “ochiq maydon”da mag‘lub qilgan. Bunga u zotning quyidagi asarlari yaqqol dalildir:
– Abu Muhammad Bohiliy mo‘taziliyning “Usulul xomsa” (beshta asos) kitobiga “Roddu usulil xomsa” (“beshta asos” kitobiga raddiya);
– Abulqosim Ka’biy mo‘taziliyning “tahziybul jadal” (ilmiy bahslarni o‘rgatish) kitobiga “Roddu tahziybil jadal” (“ilmiy bahslarni o‘rgatish” kitobiga raddiya);
– Abulqosim Ka’biy mo‘taziliyning “Va’iydul fussaq” (Fosiqlarga tahdid) kitobiga “Roddu “Va’iydil fussaq” (“Fosiqlarga tahdid” kitobiga raddiya);
– Abulqosim Ka’biy mo‘taziliyning “Availul adilla” (Dastlabki dalillar) kitobiga “Roddu availil adilla” (“dastlabki dalillar” kitobiga raddiya) kabi asarlar yozgan.
Alloh taologa iymon keltirish asoslari
Imom Moturidiy rahmatullohi alayh Alloh taologa iymon keltirish asoslari bo‘yicha “Tavhid” asarini yozgan. Bu asarda Ahli sunna val-jamoaning aqoid borasidagi asosiy qoidalari bayon qilingan. Shunga ko‘ra keyinchalik yozilgan Abul Muin Nasafiyning “Tabsirotul adilla”, Umar Nasafiyning “Aqoidun Nasafiy” kabi moturidiya mazhabi qoidalarini bayon qiluvchi kitoblar “Tavhid” kitobi asosida ta’lif etilgan asarlar hisoblanadi.
Imom Moturidiyning unvonlari
Imom Moturidiyga u zotni yaqindan tanigan ulamolar va shogirdlari tomonidan martabalarini namoyon qiluvchi ko‘plab nomlar berilgan:
– Imomul huda (to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi);
– Imomul mutakallimiyn (kalom ilmi olimlari peshvosi);
– Musahhihu aqoidil muslimiyn (musulmonlarning aqidalaridan xatolarni daf qiluvchi);
– Roisu Ahli sunna val-jamoa (Ahli sunna val jamoa boshlig‘i);
– Nosirus sunna va qomiul bid’a (sunnatni himoya qiluvchi va bid’atni bostiruvchi);
– Muvattidu aqoidi ahlis sunna (Ahli sunna aqidalari asoschisi).
Imom Moturidiy rahmatullohi alayh hijriy 333 yilda to‘qson besh yoshlar atrofida Samarqandda vafot etgan.
Moturidiya mazhabining rivojlanishi
Moturidiya mazhabining rivojlanishini ikki davrga bo‘lish mumkin:
Moturidiya mazhabining mashhur ulamolari
Moturidiya mazhabining rivojlanib taraqqiy etishiga juda ko‘plab ulamolar xizmat qilganlar. Ularning ayrimlari quyidagi mashhur ulamolardir:
Abul Muin Nasafiy
Bu zotning ismi sharifi Maymun ibn Muhammad ibn Muhammad Nasafiydir. Abul Muin kunyasi bilan mashur bo‘lgan. Hijriy 438 yilda tug‘ilgan. Abul Muin Nasafiy moturidiya mazhabining taraqqiy etishiga eng ko‘p hissa qo‘shgan olimlardan hisoblanadi. Abul Muin Nasafiyning mashhur asarlari:
– “Tabsirotul adillatu fi usulid din” (“Usulud din”dagi dalillarni tushuntirish);
– “Bahrul kalom” (Kalom dengizi);
– Tamhid liqovaidit tavhid (Tavhid qoidalarini yengillashtirish);
Abul Muin Nasafiy rahmatullohi alayh hijriy 508 yilda vafot etgan.
Abulyusr Pazdaviy
Bu zotning ismi sharifi Abulyusr Muhammad ibn Muhammad Pazdaviydir. Abulyusr Pazdaviy hijriy 421 yilda tug‘ilgan. Samarqandda qozi bo‘lgan. Martabasi yuqori bo‘lganidan Qozi Sodr nomi bilan atalgan. Abulyusr Pazdaviyning mashhur asarlari:
– “Usulud din” (Dinning asoslari). Bu kitob Imom Moturidiyning “Tavhid” kitobini yengil uslubda tushuntirish uchun yozilgan;
– “Murattob” (Yangilangan). Bu kitob Imom Muhammadning “Jomius sog‘ir” kitobiga hoshiya qilib yozilgan;
– “Voqeot” (Voqealar);
– “Mabsut” (Batafsil bayon). Ushbu oxirgi ikki kitob ham fiqh ilmiga taalluqli bo‘lgan.
Abulyusr Pazdaviy rahmatullohi alayh hijriy 493 yilda Buxoroda vafot etgan.
Abu Hafs Najmiddin Umar Nasafiy
Bu zotning ismi sharifi Umar ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ismoil ibn Muhammad ibn Ali ibn Luqmon Nasafiy Samarqandiydir. Hijriy 461 yilda Nasaf shahrida tavallud topgan. Bu zot tafsir, hadis, fiqh, usul, tarix, nahv kabi ko‘plab ilmlar bo‘yicha yetuk olim bo‘lib, “Imomus saqolayn” nomi bilan mashhur bo‘lgan. Imom Nasafiyning mashhur asarlari:
– “Nazmu jomeis sag‘ir fi fiqhil hanafiy” (Hanafiy fiqhi haqidagi – “Jomi’us sag‘ir”ning nazmiy bayoni);
– “Qand fi ulamai Samarqand” (Samarqand ulamolari haqida “qand”) ya’ni qanddek shirin kitob;
– “Tarixu Buxoro” (Buxoro tarixi);
– “Tilbatut talaba” (Talabalar izlagan ma’lumotlar). Bu kitobda hanafiy mazhabining fiqhiy istilohlari bayon etilgan;
– “Xosoisul lug‘at” (Lug‘at xususiyatlari);
– “Manzumatul xilofiyot” (Munozaralar haqidagi manzuma). Sirojiddin O‘shiy shu kitobga sharh yozgan.
Umar Nasafiy yuzga yaqin asarlar yozib qoldirgan.
Umar Nasafiy rahmatullohi alayh hijriy 537 yilda Samarqandda vafot etgan va Chokardiza qabristoniga imom Abu Mansur Moturidiy yoniga dafn etilgan.
Nuriddin Sobuniy Buxoriy
Bu zotning ismi sharifi Nuriddin Ahmad ibn Abu Bakr Sobuniy Buxoriy bo‘lib, tug‘ilgan yili aniq ma’lum emas. Sovun tayorlash yoki uni sotish bilan shug‘ullangani uchun Sobuniy nisbati berilgan. Nuriddin Sobuniyning mashhur asarlari:
– “Bidaya fi usulid din” (“Usulid din”ga kirishish);
– “Hidoya fi ilmil kalom” (Kalom ilmidagi to‘g‘ri yo‘lga boshlash);
– “Kifoya fil hidoya” (To‘g‘ri yo‘l topish haqida yetarli “kalom”).
Nuriddin Sobuniy rahmatullohi alayh hijriy 580 yilda Buxoroda vafot etgan.
Kamol ibn Humom
Bu zotning ismi sharifi Muhammad ibn Abdulvohid ibn Abdulhamiddir. Bu zot Kamol ibn Humom nomi bilan mashhur bo‘lgan. Kamol ibn Humom hijriy 788 yilda Rumning Sivas shahrida tug‘ilgan. Shuning uchun bu zotga Sivasiy nisbasi ham berilgan. Ibn Humomning mashhur asarlari:
– “Fathul qadir lilojizil faqir” (Men ojiz faqirga Al-Qodir zotning fazlu marhamati). Ushbu kitob Burhoniddin Marg‘inoniyning “Hidoya” asariga yozilgan eng mashhur sharhlardan biri hisoblanadi. Ammo muallif bu sharhni oxiriga yetkazishga ulgurmagan. Chunki “Vakolat kitobi”ga yetganda vafot etgan. Keyinchalik Alloma Qozizoda[10] bu sharhni nihoyasiga yetkazib qo‘ygan va “Nataijul afkor fi kashfir rumuz val asror” (Ishoralar va ichki ma’nolarni ochishdagi xulosaviy fikrlar) deb nomlagan.
– “Musayaro fi aqoidi munjiya fi oxira” (Oxiratda najot topishga sabab bo‘ladigan aqidalarga muvofiq bo‘lish). Bu kitobning ikkita sharhi mashhur:
– “Zadul faqir fil furu’” (Ehtiyojmand kishining fiqhiy masalalardagi ozuqasi);
– “Risala fil e’robi “Subhanallohi va bihamdihi va subhanallohil azim” (“Subhanallohi va bihamdihi va subhanallohil azim”ning e’robi haqida risola).
Kamol ibn Humom rahmatullohi alayh hijriy 861 yilda Qohirada vafot etgan[13].
Mulla Ali Qori
Bu zotning ismi sharifi Ali ibn Sultonmuhammad bo‘lib, Hirot shahrida tug‘ilgan. Tug‘ilgan yili aniq ma’lum emas. Makka shahriga safar qilib borib umrlarining oxirigacha o‘sha yerda yashab qolgan. Shuning uchun tug‘ilgan joyi e’tiboridan Hiraviy va asosiy yashagan joyi e’tiboridan Makkiy nisbalari berilgan. Eng mashhur qorilardan bo‘lgani uchun Mulla Ali Qori nomi bilan mashhur bo‘lgan. Mulla Ali Qori tafsir, hadis, aqoid, fiqh va siyrat kabi turli ilm sohalariga oid yuz ellikdan ortiq asarlar ta’lif etgan bo‘lib, ularning eng mashhurlari quyidagilardir:
– “Mirqotul mafotih sharhu mishkatil masobih” (“Mishkatul masobih” sharhi kalitlariga olib boruvchi zinalar). Bu asar Xatib Tabriziyning hadis ilmiga oid “Mishkatul masobih” (Chiroqlar tokchasi[14]) kitobiga yozilgan sharh bo‘lib, hadislar hanafiya mazhabiga ko‘ra sharhlangan;
– “Fathu babil inaya fi sharhi Nuqoya” (Nuqoya[15] sharhi to‘g‘risida inoyat eshigini ochish). Bu asar Sodrush sharia Ubaydulloh ibn Mas’udning “Nuqoya” asariga yozilgan sharhdir;
– “Sharhu Shamoil” (“Shamoil”ning sharhi). Bu asar imom Termiziyning “Shamoili Muhammadiya” (Muhammad alayhissalomga xos xususiyatlar) asariga yozilgan sharhdir;
– “Sharhu Aynil ilm (“Aynul ilm” sharhi). Bu asar Muhammad ibn Usmon Balxiyning “Aynul ilm va zaynul hilm” (Ilm bulog‘i va aql ziynati) asariga yozilgan sharh bo‘lib, odob-axloqqa taalluqli mo‘tabar asar hisoblanadi;
– “Zov’ul maoliy libad’il amoliy” (“Bad’ul amoliy”ning ulug‘vorlik yog‘dusi). Bu asar Sirojiddin Ali ibn Usmon O‘shiyning “Bad’ul amoliy” asariga yozilgan sharhdir.
– “Minahul fikriya sharhu muqaddimatil Jazariya” (“Muqaddimatul Jazariya”ning sharhi bo‘lgan fikriy hadyalar). Bu asar tajvid ilmi bo‘yicha eng mashhur va mo‘tabar asarlardan biri sanaladigan imom Jazariyning “Muqaddimatul Jazariya” asariga yozilgan sharhdir.
– “Minahu rovzil azhar sharhu fiqhil akbar” (“Fiqhul akbar”ning sharhi haqida chamanzor hadyalari). Bu asar imomi A’zam rohmatullohi alayhning “Fiqhul akbar” asariga yozilgan eng salomoqli sharhlaridan biri hisoblanadi.
Mulla Ali Qori rahmatullohi alayh hijriy 1014 yilda Makkada vafot etgan va Masjidul haromdan uncha uzoq bo‘lmagan “Muallo” qabristoniga dafn etilgan.
Moturidiya mazhabidagi mo‘tabar asarlar
Moturidiya mazhabidagi asarlarni ikki tabaqaga ajratish mumkin:
Ushbu ikki kitob moturidiya mazhabining shakllanishiga xizmat qilgan asosiy asarlar hisoblanadi.
Bu kitoblar moturidiya mazhabining qoidalari jamlangan mo‘tabar asarlar hisoblanadi.
KЕYINGI MAVZULAR:
Aqoid masalalarini o‘rganish zarurligi e’tiboridan taqsimoti;
Aqoid masalalarining bayon etilishi e’tiboridan taqsimoti;
Aqoid ilmidagi mashhur matnlar va ularning xususiyatlari;
“Fiqhul akbar”
“Aqidutut Tahoviya”
“Aqoidun Nasafiy”
“Bad’ul amoliy”
“Bad’ul amoliy” muallifining tarjimayi holi;
“Bad’ul amoliy” asarining turli nusxalari va ularning sharhlari;
“Bad’ul amoliy”ning o‘zbek tilidagi tarjima va sharhlari;
“E’tiqod durdonalari” haqida.
[1] Dovud ibn Ali hijriy 202 yilda tug‘ilgan.
[2] Ibn Hazm Andalusiy hijriy 456 yilda vafot etgan.
[3] Imom Abuhasan Ali ibn Ismoil Ash’ariy. Ibona an usulid diyona. – Riyoz: “Maktabatul muayyad”, to‘rtinchi nashr 1413h. – B. 10.
[4] Qaffol Shoshiy hijriy 366 yilda vafot etgan.
[5] Boqilloniy hijriy 403 yilda vafot etgan.
[6] Ibn Furak Asbahoniy hijriy 406 yilda vafot etgan.
[7] Abul Fath Shahristoniy hijriy 548 yilda vafot etgan.
[8] Imomul Haramayn Juvayniy hijriy 478 yilda vafot etgan.
[9] Imom G‘azzoliy hijriy 505 yilda vafot etgan.
[10] Alloma Qozizoda hijriy 988 yilda vafot etgan.
[11] Zayniddin Qosim ibn Qutlubug‘o hanafiy hijriy 879 yilda vafot etgan.
[12] Kamoliddin Muhammad ibn Muhammad ibn Abi Sharif shofi’iy hijriy 905 yilda vafot etgan.
[13] Turli rivoyatlar va voqealarning sanadi aniq bo‘lishi uchun roviylarning yoki biror voqeaga aloqali kishilarning vafot etgan sanalari ko‘rsatib o‘tiladi. Bu ish dastlab muhaddis ulamolar tomonidan yo‘lga qo‘yilgan.
[14] “Mishkat” so‘zi lug‘atda “Biror narsa qo‘ysa bo‘ladigan devor kavagi”, “chiroq qo‘yiladigan tokcha” ma’nolarini anglatadi. Muallifning kitobini bunday nomlashining sababini quyidagicha tushunish mumkin: chiroq yoqilsa xonaning barcha tarafiga nur taratadi. Xuddi shuningdek hadisi shariflarga ham amal qilinsa, hayotning barcha tarafi nurafshon bo‘ladi. Tokcha xonani yorituvchi chiroqni tutib turganidek, ushbu kitob ham hayotni nurafshon qiluvchi hadisi shariflarni o‘zida jamlab turibdi.
[15] Nuqoya lug‘atda “saralash”, “tanlash” kabi ma’nolarni anglatadi. “Nuqoya” kitobini Ubaydulloh Sodrush sharia o‘zining bobosi Mahmud ibn Sodrush sharia qalamiga mansub bo‘lgan “Viqoyatur rivoya fi masailil hidoya” asaridan qisqartirib saralab olgan. Bu kitob asl nomi bo‘lgan “Nuqoya”dan ko‘ra “Muxtasarul Viqoya” (Viqoyadan saralab olingan” nomi bilan mashhurdir.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Samarqand viloyatining Jomboy tumanida imom Abdulaziz «Shamsul aimma Halvoiy» yodgorlik majmuasining ochilish marosimi o‘tkazildi.
Majmuaning ochilish marosimida samarqandlik taniqli olimlar, din namoyandalari, ziyolilar va nuroniylar ishtirok etdi. Qur’on oyatlari tilovat qilinib, xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat bo‘limi rahbari o‘rinbosari Xayrullo Sattorov, manbashunos olim Komilxon Kattayev so‘zga chiqib, imom Shamsul aimma hazratlarining hayoti va faoliyati, ilmiy merosi haqida batafsil ma’lumot berdi.
Tadbirda ushbu muborak maskanni obod qilishda o‘z hissasini qo‘shgan barcha fidoyilar, usta-quruvchilar, ma’rifatli tadbirkorlarga mahalla ahli nomidan minnatdorlik bildirildi.
«Shamsul aimma» unvoni bilan shuhrat topgan Abdulaziz ibn Ahmad ibn Nasr ibn Solih Halvoiy yetuk faqihlarimizdan biridir. Abu Sa’d Sam’oniy qalamiga mansub «Nasabnoma» kitobining buxorolik olimlar qismida yozilishicha, Halvoiyning otasi halvo pishirib, sotib tirikchilik qilib yurgani uchun u kishiga ota kasbi bilan nisbat berilgan.
Halvoiyning tug‘ilishi bilan bog‘liq ma’lumot biror-bir manbada kelmagani bois tug‘ilish sanasi hozircha ma’lum emas. Ota tomonidan ajdodlar silsilasi Payg‘ambarimizning jiyanlari va kuyovlari Ali ibn Abu Tolibga bog‘lanadi.
Abdulhay Laknaviyning «Favoid al-bahiyya fit-tarojima al-hanafiyya» kitobida qayd etilishicha, iroqlik ko‘pgina faqihlar unvon tanlashda kasb-hunar, qabila yoki biror joy nomiga nisbat berish bilan «Jassos» (suvoqchi), «Quduriy» (qozonchi) kabi soddagina taxalluslar olishgan.
Qoraxoniylar poytaxtini O‘zgandan Samarqandga ko‘chirgach, Halvoiy Keshga surgun qilinadi. U kishi qolgan umrini shu yerda o‘tkazadi. Abdulaziz Halvoiy taxminan 1058 yili Keshda vafot etadi. U kishining jasadi Buxoroga olib kelinib dafn qilinadi. «Men u zotning qabrlarini ziyorat qildim», deydi «Nasabnoma» asari muallifi Abu Sa’d Sam’oniy.
Chor Rusiyasi davrida Kalobod mozori buzilib, o‘rni uy-joy uchun yer maydoni sifatida ajratib berilgan. Halvoiyning qabri ham yangi bunyod etilgan uylar ichida qolgani sababli 2004 yili turbati Buxoro shahrining Samarqand ko‘chasidagi «Shoh Axsi» yodgorligiga ko‘chirildi. Shu joyda u zotning shogirdlaridan biri Bakr Zaranjariyning qabri ham bor.
Halvoiyning «Shamsul aimma» deb ulug‘lanadigan ulamo darajasiga yetishida ustozlarining xizmatlari katta bo‘lgan. Abdulhay Laknaviy Abdulaziz Halvoiyning fiqh ilmidan ustozlari silsilasi Abu Hanifaga borib yetishi haqida ma’lumot beradi. Halvoiydan Saraxsiy (1010–1093), Abul Usr Pazdaviy (1010–1089), Abul Yusr Pazdaviy (1030–1099), Bakr ibn Muhammad Zaranjariy (1035–1118) kabilar saboq olib, zamonasining yetuk faqih olimlari bo‘lib yetishishgan.
Hozirgacha olimning biror bir kitobi qo‘lyozma yoki toshbosma shaklida topilmagan bo‘lsa-da, u kishi qalamiga mansub asarlarning nomi bizga ma’lum. Abu Sa’d Sam’oniyning «Nasabnoma», Hoji Xalifa Chalabining «Kashfuz Zunun», Hofiz Abdul Qodir Qurayshiyning «al-Javohir al-Muziyya fit-tabaqot al-hanafiyya», Shamsuddin Zahabiyning «Siyaru a’lom an-nubalo» kitoblarida Halvoiyning asarlari haqida ma’lumotlar berilgan. U kishi «al-Mabsut», «an-Navodir», «Favoid», «Sharh al-adab al-Qodili Abi Yusuf», «Sharh al-adab al-Qodi lil-Xassof» kabi kitoblar yozgan.
Hanafiy mazhabi ulamolari mazhab faqihlarini salohiyati, ilmiy layoqatiga qarab yetti tabaqaga ajratadilar. Fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari «Muxtasar al-viqoya»ga sharh sifatida yozgan «Kifoya» nomli kitobida Xassof, Tahoviylar bilan bir qatorda Halvoiy, Saraxsiy, Pazdaviy va Qozixonlarni uchinchi tabaqa vakillari sirasida zikr qiladi. Ushbu tabaqa vakillari mazhab sohibidan rivoyat qilinmagan masalalarda ijtihod qiladigan mujtahid faqihlar bo‘lishgan.
Allomaning fatvolari ko‘plab mo‘tabar kitoblarda, xususan, «Fatavoi Olamgiriya», «Fatavoi Qozixon», «Muhiti Saraxsiy», «Kofiy», «Zaxira» va «Jomi’ al-maboniy lil-masaili sharhi fiqhi Kaydoniy» kabi asarlarda keltirilgan.