Sofiya universitetining professori Svetan Teofanov musulmon bo‘ldi. Bunga Qur’on ma’nolarining bolgar tiliga tarjimasini tayyorlagani sabab bo‘ldi.
– Men davlat buyurtmasi bilan Qur’onni tarjima qila boshladim. Bundan maqsad musulmonlarga yordam berish emas, balki musulmon davlatlariga nisbatan siyosat yuritish edi. Tarjima boshlangandan so‘ng bir muddat o‘tib davlat nashriyoti o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Ammo men tarjimani o‘z uyimda davom ettirdim. Asta-sekin ushbu buyuk kitobni yaxshiroq tushuna boshladim va qalbim ochildi”, – dedi Svetan Teofanov.
Olimning ta’kidlashicha, Allohning inoyati bilan talabaligidan boshlab arab tiliga qiziqib qolgan. Bu unga nafaqat ilmiy martaba berdi, balki haqiqatga yo‘l ochgan. Bu haqda olim bunday deydi: “Talabaligimda arab harfi va matnlari tartibi yoqib qolgandi. Bu muhabbat umr bo‘yi davom etadi, inshoalloh. Bu taqdir. Islom hayotimni butunlay o‘zgartirdi. Hozir dinim ko‘rsatmalariga amal qilyapman. Musulmon kamtar va dono bo‘lishi kerak. Buni menga Islom o‘rgatdi”.
Islamisemya.com xabar berishicha, hozirda akademik Svetan Teofanov Sofiya universitetida klassik arab adabiyoti, Qur’on va hadisshunoslik fanlaridan dars berish bilan birga, tadqiqot va tarjimonlik faoliyatini davom ettirmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Alhamdulillah, biz mo‘min-musulmonlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga salavot aytishga buyurilganmiz. Agar bir marta salavot aytsak, bizga Alloh o‘n marta rahmat yo‘llaydi, o‘nta gunohimiz o‘chiriladi, martabamiz o‘n daraja ortadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh unga o‘n marta rahmat yo‘llaydi. Uning o‘nta gunohi o‘chiriladi, martabasi o‘n daraja ko‘tariladi” (Imom Ahmad rivoyati). Manbalarda qisqa salavot sifatida quyidagi salavot beriladi:
اَللَّهُمَّ صل وَسَلِّمْ عَلَى نَبِيِّنَا مُحَمَّد
Allóhumma solli vasallim alá nabiyyiná Muhammad
Ma’nosi: “Ey, Alloh! Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga rahmat va salom yo‘llagin!”
Ruhiddin Akbarov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyat vakilligi xodimi