- Ulamolarning yakdil fikriga ko‘ra Imom Abu Hanifa rahimahulloh tobeinlardan hisoblanadi. Manbalarda imomning nechta sahobani ko‘rganligi to‘g‘risida turli xil ma’lumotlar mavjud. “Sohibi Ikmal” Qozi Iyozning xabar berishicha, ular yigirma olti kishi bo‘lgan, hofiz Ibn Hajar esa sakkizta sahobani ko‘rgan, deydi. Yetmish ikkita sahoba bilan uchrashgan deb ma’lumot bergan Hafiz Mizziy kabi olimlar ham bor.
- Ko‘p sonli muhaddislar, Hanafiy, Shofe’iy, Molikiy va Hanbaliy mazhablari ulamolari imomning ilmda har tomonlama kuchli va yetakchi ekanligini bir ovozdan tan olishgan.
- Imom A’zam rahimahulloh o‘sha paytda hadis markazlaridan biri bo‘lgan Kufada yashagan. Bu shaharda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning minglab sahobalari yashab o‘tishgan. Kufada mingdan ortiq fakihlar yetishib chiqqan, ulardan yuz elliktasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning as'hoblari edi. Kufa hazrati Abdulloh ibn Mas’ud va Abu Hurayra roziyallohu anhumlar yashagan shahardir.
- Abu Hanifa rahimahulloh 4000 ta hadis rivoyat qilgan, ulardan 2000 tasini ustozi Imom Hammod orqali qabul qilgan.
- Imom Abu Hanifa rahimahulloh hayoti davomida o‘zining tijorat mollaridan yo‘qsil va muhtojlarga muttasil xayru saxovat qilib o‘tgan.
- Iroq hokimi Ibn Xubayr hukmronligi davrida Abu Hanifaga bosh qozilik lavozimi taklif etilganda, uni rad qildi. Abu Ja’far Mansur davrida ham bu lavozim taklif qilindi va u yana qabul qilmadi.
- Imom sajda paytida vafot etdi. Uning janozasiga ellik mingdan ortiq odam qatnashdi va olti marta janoza namozi o‘qildi. Oxirgisini uning yolg‘iz farzandi, o‘g‘li Hammod ado qildi.
«Mo‘yi muborak» jome masjidi imom-xatibi
Luqmon Ablaqulov tayyorladi
Saudiya Arabistonining Swift News internet nashri haj mavsumida ziyoratchilarimizga ko‘rsatilayotgan e’tiborni keng yoritdi. Maqola avvalida mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar rivojlanayotgani, ikki davlat rahbarlarining do‘stona munosabatlari, o‘zaro tashriflari va samimiy muloqotlar haqida so‘z yuritilgan.
Nashrda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda haj kvotasi 3 barobar oshirilib, har yili 15 ming nafar fuqaro hojilik baxtiga musharraf bo‘layotgani, umra ziyoratchilari soni bir necha yuz mingni tashkil etishi yuqori baholangan.
Joriy mavsumda Madina shahriga yetib kelgan bo‘lajak hojilarimiz katta ehtirom ila kutib olinayotgani, ziyoratchilar respublikamizning 9 ta xalqaro aeroporti orqali munavvar shaharga kuzatilayotgani qayd etilgan. Shuningdek, muborak safar mobaynida har bir tadbir aniq reja asosida, yuksak saviyada amalga oshirilayotgani, tashkiliy-hujjat ishlari, toatu ibodatlar, istiqomat, oziq-ovqat, tibbiyot va transport xizmatlari yuqori sifat va darajada yo‘lga qo‘yilganiga urg‘u qaratilgan.
Qisqacha aytganda, arab nashrida chop etilgan maqolada mamlakatimizda haj va umra tadbirlariga katta e’tibor berilib, mo‘min-musulmonlarning ulug‘ amallarini mukammal ado etishlari uchun barcha imkoniyatlar hozirlangani, bundan nafaqat yurtimiz ahli, balki saudiyalik mutasaddilar ham mamnun ekani bayon etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati