Inson bu hayotda xuddi mavjli dengizda oqib ketayotgan yog‘ochga osilib olgan kishiga o‘xshaydi. Unday insonning haqqiga qiyomat kuni Payg‘ambarlar alayhimussalom “Ey Alloh, salomat qilgin, salomat qilgin!” deb duo qilishadi.
Imom Ahmad rahimahulloh ilm majlislarida “Ey Alloh, salomat qilgin, salomat qilgin!” der edilar. Buning ma’nosi “Alloh taolo sizni dunyo va oxiratdagi barcha zarar va yomonliklardan asrasin!” deganidir.
*****
Namoz Islomning ustuni va eng ulug‘ ibodat.
Namoz ikki shahodatdan keyingi o‘rinda keladi.
Alloh taolo uni me’roj kechasida farz qilgan.
Alloh taolo namoz haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga vositasiz xitob qilgan.
Namoz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘z quvonchlaridir.
Namoz xatolarni o‘chiruvchi, gunohlarga kafforot bo‘luvchi ibodatdir.
Namoz Nabiy sollallohu alayhi vasallamning biz ummatlariga eng so‘nggi vasiyatlaridir.
*****
Alloh taolo senga qanchadan qancha so‘raganlaringni ato qilmadimi?!
U Zot necha marta toyilganingda seni turg‘azib qo‘ymadimi?!
Boshingga tushgan qanchadan qancha tashvishlarni aritmadimi?!
Qilgan necha-necha duolaringni ijobat qilmadimi?!
Muammolaringni faqat Unga ayt!
U Zot haqida yaxshi gumonda bo‘l!
Unga tavakkul qil!
So‘raydigan narsalaringni faqat Undan so‘ra!
U Zot Qur’oni Karimda Ya’qub alayhissalomning aytgan so‘zlarini hikoya tarzida keltiradi:
وَأُفَوِّضُ أَمْرِي إِلَى اللَّهِ إِنَّ اللَّهَ بَصِيرٌ بِالْعِبَادِ
“Men ishimni Allohning O‘ziga topshirdim. Albatta, Alloh bandalarini aniq ko‘rib turguvchidir” (G‘ofir surasi, 44-oyat)
*****
“U sherigiga, xafa bo‘lma, Alloh, albatta, biz bilan, dedi” (Tavba surasi, 40-oyat)
Do‘stning afzali – qiyin vaziyatlarda sizga tasalli bergan, sizni Alloh taologa yaqin bo‘lishga undagan, Uning ibodatini eslatib, ko‘mak bergan, sizni sajda qilgan holida eslagan, ya’ni Alloh taologa sizning haqingizda duo qilgan kishidir. Natijada bir farishta “Omiyn, senga ham shuning misli bo‘lsin” deb duo qiladi.
Alloh taolo bizni va sizni solih do‘st bilan rizqlantirsin!
*****
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
ادْعُ إِلِى سَبِيلِ رَبِّكَ بِالْحِكْمَةِ وَالْمَوْعِظَةِ الْحَسَنَةِ وَجَادِلْهُم بِالَّتِي هِيَ أَحْسَنُ إِنَّ رَبَّكَ هُوَ أَعْلَمُ بِمَن ضَلَّ عَن سَبِيلِهِ وَهُوَ أَعْلَمُ بِالْمُهْتَدِينَ
“Robbingning yo‘liga hikmat va yaxshi mav’iza ila da’vat qil. Va ular ila go‘zal uslubda munozara qil. Albatta, Robbing O‘z yo‘lidan adashganlarni o‘ta bilguvchi va hidoyat topguvchilarni ham o‘ta bilguvchidir” (Nahl surasi, 125-oyat)
Qalbingni odamlarga nisbatan hasad, g‘azab qilib, xatolarini qidirishdan, toyilganlarida xursand bo‘lishdan, sirlarini fosh etishdan, pardalarini yirtishdan qutqar! Alloh taoloning O‘zi barchani, shu jumladan ularni ham hisob qiladi. Sen o‘zingni o‘yla! Ibodatlaringni vaqtida ado et! Alloh taolo bilan o‘zingning o‘rtangdagi holatni isloh et!
*****
Agar namoz o‘qilmasa, Qur’on tark etilsa va Alloh taoloning zikridan g‘aflatda qolinsa, g‘am-tashvish, bezovtalikni kutilsin. Chunki Alloh taoloning zikri omonlik, zikrdan g‘aflatda qolish esa xorlikdir. Mana bu haqiqatga e’tibor bering:
أَلاَ بِذِكْرِ اللّهِ تَطْمَئِنُّ الْقُلُوبُ
“Ayo, Allohning zikri ila qalblar orom topmasmi?” (Ra’d surasi, 28-oyat)
وَمَنْ أَعْرَضَ عَن ذِكْرِي فَإِنَّ لَهُ مَعِيشَةً ضَنكاً
“Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, unga torchilik hayoti bo‘lur” (Toha surasi, 124-oyat)
Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni chiroyli qilsin!
Doktor Oiz Qarniy sahifalaridan Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
“Mazhab” so‘zi arabchada “yo‘l”, “yo‘nalish”, shar’iy istilohda esa “diniy masala bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘li” ma’nolarini bildiradi.
Mashhur alloma Ibn Rajab (1335-1393 m.y.): “Ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan”, deb yozgan (“To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” kitobi).
Ulamolar mazhablarga ergashish Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadisiga amal qilishdir, deb ta’kidlaydilar: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Moja, 3950-hadis).
Mazhablardagi bitta masalaga nisbatan turlicha yondashishlik islom shariatida musulmonlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi. Mazhablarda u yoki bu masala islom ahkomlari, muayyan jamiyat, xalq yoki millatning urf-odatlari, qadriyatlari hamda ijtimoiy munosabatlarning mazmunini ham hisobga olgan holda, eng ma’qul shaklda hal qilingan.
Islom ulamolari shar’iy hukmni va uning dalilini bilmaydigan musulmon odam (muqallid)mujtahid olimga taqlid qilishi zarurligini ta’kidlaydilar. Bunga Qur’ondagi ushbu oyatni dalil sifatida keltirish mumkin: “Agar bilmasangiz zikr ahllaridan so‘rang” (Nahl surasi, 43-oyat).
Mazhablarda Qur’on, sunnat, ijmo va qiyosdan dalil sifatida foydalanishning o‘ziga xos qoidalari, usul va tamoyillariga asoslangan muayyan tizim mavjud. Masalalar tizimli ravishda hal bo‘lgan. Mazhabsizlarda esa hech qanday ijtihod usul va qoidalari yo‘q bo‘lib, “Qur’on va Sunnatga murojaat qilamiz” qabilidagi dalilsiz da’vo bilan hukmlar berilmoqda. Maqsadiga, ra’yiga va nafsiga to‘g‘ri kelgan dalillarni olib, qolganlarini tashlash esa yomon oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.
Bemazhablar omma musulmonlar ichida ko‘plab noto‘g‘ri talqin qilingan aqidaviy va fiqhiy masalalarni tarqatmoqdalar. Vaholanki, bu masalalar Ahli sunna olimlari tomonidan allaqachon hal qilingan.
Mazhabsizlar tarafdorlarining ayrim iddaolaridan ularning da’volari asossiz ekaniga ishonch hosil qilish mumkin:
– bemazhablar “Qur’on bitta va Payg‘ambar bitta bo‘lsa, to‘rt mazhab orasida fiqhiy ixtiloflar bor, haq bitta emasmi?” deydilar.
Mazhablar bir manba – Qur’on va sunnatga asoslanadi. Mazhablarning biriga ergashgan kishi Qur’on va sunnatga ergashgan bo‘ladi.
– Mazhabsizlik tarafdorlari “Imom Buxoriy bemazhab bo‘lgan”, deb dalil qiladi. Vaholanki, Imom Buxoriy yashagan davrda u kishiga o‘xshash ilmi ijtihod darajasiga yetgan, o‘zi ijtihod qilganlar ko‘p bo‘lgan. Hamma ulamolar ilmi mujtahidlikka yetgan odam, o‘zi ijtihod qiladi, deganlar. Hozir esa o‘sha davrdagi kabi mujtahidlar yo‘q ekanini hisobga olmaydilar.
Aksincha, Qur’on va sunnatdan har kim o‘zboshimcha yangi hukm chiqarish, fitna qo‘zg‘ash kabi islomda qat’iyan man qilingan xatti-harakatlarga sabab bo‘lmoqda. Shu nuqtayi nazardan, marhum Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy qayd etganidek: “Mazhabsizlik islom shariatiga tahdid soladigan xatarli bid’atdir”.
Ming afsuslar bo‘lsinki, mana shunday yetuk olimlar bir mazhabni mahkam ushlab, to‘g‘riligini e’tirof qilib turgan bir paytda ba’zi yurtdoshlarimiz hali dastlabki ilmiy ko‘nikmalarni hosil qilmagan bo‘lsalarda: “Men Qur’on va hadisdan o‘zim hukm olaman” deb, da’vo qilib, turli ixtiloflarni keltirib chiqarmoqdalar. Ba’zida o‘zlari adashgani yetmagandek, o‘zgalarni ham yo‘ldan urmoqdalar.
Alloh taolo hammamizni O‘z hidoyatida sobit qilsin.
G‘ulomov FATHULLOH,
Al-Hudaybiya jome’ masjidi imom noibi