Iordaniyalik mashhur ilohiyotshunos olim Shayx Sa’id ibn Abdullatif Fuda va taniqli olim Shayx Hamza al-Bakri boshchiligidagi 12 nafar mehmonlar Qashqadaryoga tashrif buyurishdi. Ularga “Hilol nashr” nashriyoti rahbari, Toshkent shahridagi “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” jome masjidi imom-xatibi Ismoiljon Muhammad Sodiq hamrohlik qildi.
Mehmonlar dastlab Qarshi tumani Qovchin qishlog‘ida joylashgan “Abul Muin an-Nasafiy” ziyoratgohida bo‘lib, ulug‘ bobokalonimiz maqbaralarini ziyorat qilishdi. Bu yerda zamonamiz olimlari Abu Muin an-Nasafiyning Islom olamida tutgan o‘rini va darajasi, qoldirgan asarlari va dinimiz sofligini asrash yo‘lidagi ulug‘ xizmatlarini yodga olishdi.
Ma’lumot uchun, Shayx Sa’id ibn Abdullatif Fuda – aqoid (kalom), mantiq va usulul-fiqh ilmlari bo‘yicha zamonamizning yetuk olimlaridan biri. U kishi 1967 yili Falastinning Hayfa shahrida tug‘ilgan, keyinchalik ota-onasi bilan Ammon (Urdun) shahriga ko‘chib o‘tgan.
Shayx Sa’id Fuda zamonamizning ko‘plab yetuk allomalari, jumladan, suriyalik Abdulhodiy Xarsa, Adib Kallas, iroqlik Abdulqodir Oniy (shayx Abdulkarim Mudarrisning shogirdi), Misr muftiysi Ali Juma, Abdulbosit Qattoniy va doktor Umar Komil kabi olimlar bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqdalar.
Shayx Sa’id hazrtlari dunyoviy ilmlardan ham boxabar bo‘lib, ingliz va italyan tillarini yaxshi o‘zlashtirganlar, Urdun fan va texnika universitetining Elektrotexnika fakultetini “elektron aloqa vositalari” ixtisosi bo‘yicha tamomlaganlar. Shayx Sa’id Fuda Ahli sunna val jamoa aqiydaga bag‘ishlangan ko‘plab kitoblar muallifi hisoblanadilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati