Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Abdujalilbob” jome masjidi yangi binosi qurilishi boshlanishi munosabati bilan marosim bo‘lib o‘tdi. Unda viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh domla Turmatov nuroniy otaxonlar bilan birga masjidning yangi binosiga ilk g‘ishtni qo‘yib berdilar.
Tadbirda Xayrulloh domla viloyatdagi jami 52 ta masjidlarda qayta qurish va ta’mirlash ishlari bo‘layotgani, bundan maqsad namozxonlar uchun har tomonlama qulay sharoit yaratish ekani haqida alohida ta’kidladilar. Shuningdek, xayrli ishga jonbozlik ko‘rsatayotgan, sabot va matonat bilan xizmat qilayotganlar ikki dunyoda ulkan ajru savobga ega bo‘lishi ta’kidlandi.
Marosimda Qur’on tilovat qilinib, dinimiz rivoji, yurt taraqqiyoti, xalq farovonligini so‘rab xayrli duolar qilindi, qurilish ishlariga muvaffaqiyat tilandi.
Ma’lumot uchun, 2018 yilning 5 yanvar kuni Yurtboshimiz Toshkent viloyati xalq deputatlari kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyatdagi ta’mirga muhtoj va avariya holatidagi masjidlarni aniqlab, ularni qayta qurish va ta’mirlash choralarini ko‘rish yuzasidan ko‘rsatma bergandilar. Shu munosabat bilan 2018 yil 15 fevralda Vazirlar Mahkamasining “Muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror qabul qilinib, viloyatda 29 ta jome masjidni qayta qurilish belgilangan edi. Zangiota tumanidagi “Abdujalilbob” jome masjidi yangi binosi qurilishi ham yuqoridagi ko‘rsatma va qaror ijrosi sifatida amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
“IQNA” saytining “Maspero” nashriga tayanib xabar berishicha, Misr milliy matbuot tashkiloti rahbari, yozuvchi Ahmad al-Muslimaniy Misrdagi taniqli qorilarining fotosuratlari, qo‘lyozmalari, shartnomalari, yozib olingan qiroatlari va ularga tegishli bo‘lgan ashyolarni o‘z ichiga olgan “Qur’on qorilari muzeyi” tashkil etilishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, muzey Qur’oni karim radio tarmog‘iga aloqador bo‘lib, unga “Maspero” radio va televideniye binosida maxsus joy ajratilgan.
Al-Muslimaniyning so‘zlariga ko‘ra, muzeyga eng ko‘zga ko‘ringan nufuzli Qur’on karim qorilarining oilalari bilan yangi muzey uchun qorilarga tegishli ashyolarni yig‘ish uchun munosabatlar o‘rnatilgan. Muzey taqdim etilgan ashyolar ko‘rgazmaga qo‘yilganidan keyin tartibga keltiriladi va ommaga tashkillashtirilgan tashriflar uchun faoliyatini boshlaydi.
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi