Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Iyul, 2025   |   7 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:10
Quyosh
04:54
Peshin
12:32
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
02 Iyul, 2025, 7 Muharram, 1447

Qur’on ilmlari: QUR’ONI KARIMDAGI ILK VA SO‘NGGI NOZIL BO‘LGAN OYATLAR

06.03.2020   22298   13 min.
Qur’on ilmlari: QUR’ONI KARIMDAGI ILK VA SO‘NGGI  NOZIL BO‘LGAN OYATLAR

 

«Ulumi Qur’on» mutaxassislari Qur’oni Karim oyatlaridan qay biri avval va qay biri oxiri nozil bo‘lgani haqida ham jiddiy izlanishlar olib borganlar. Chunki ko‘p bor takrorlanganidek, Qur’oni Karimga bog‘liq; har bir ma’lumot mo‘min-musulmonlar uchun o‘ta ahamiyatlidir. Shu bilan birga, Qur’oni Karim oyatlaridan qay biri avval va qay biri oxirgi nozil bo‘lganini bilishda bir qancha foydalar ham bor:

  1. Oyatlarning qay biri nosih va qay biri mansuhligini bilib olish.
  2. Islom shariati joriy bo‘lishining tarixini o‘rganish.
  3. Musulmon ummati Qur’oni Karimga qanchalik e’tibor berganini yana bir bor izhor qilish.

Ulamolarimiz Kur’oni Karimning oyatlaridan qay biri avval, qay biri oxiri nozil bo‘lganini aniqlashda tahmin va tafakkurga, xayolga hech qanday yo‘l yo‘qligini alohida ta’kidlaydilar. Bu borada faqat ishonchli rivoyatlar asosidagina izlanish olib borish lozim buladi.

 

ILK NOZIL BO‘LGAN OYATLAR

Ushbu ma’noda kelgan rivoyatlarni jamlab, tahlil qilinganda, to‘rt xil fikr borligi aniq bo‘ladi.

Birinchi qavl: Eng avval Alaq surasining birinchi oyatlari nozil bo‘lgan.

Bu fikrning tasdig‘i o‘laroq, bir necha rivoyatlar kelgan.

Birinchi rivoyat:

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga boshlangan ilk vahiy uyqudagi solih tushdir. U zot biror tush ko‘rsalar, tong yorug‘idek aniq o‘ngidan kelmay qolmas edi. So‘ngra u zotga xoli qolish mahbub qilindi. Hiro g‘orida xoli qolib, ahllari oldiga tushmay bir necha kecha «taxannus», ya’ni ibodat qilar edilar. Buning uchun ozuqa g‘amlab olar edilar. So‘ngra Xadijaning oldiga qaytib, yana o‘shanchaga ozuqa g‘am­lab olar edilar. Nihoyat, Hiro g‘orida ekanlarida u zotga haq keldi. Farishta kelib: «O‘qi!» dedi. «Men o‘qiy olmayman», dedilar. (U zot) aytdilar:

«Shunda meni tutib, qisdi va qiynab ham qo‘ydi. Keyin qo‘yib yuborib, «O‘qi!» dedi. «Men o‘qiy olmayman», dedim. So‘ng meni ikkinchi marta tutib, qisdi va qiynab ham qo‘ydi. Keyin qo‘yib yuborib, «O‘qi!» dedi. «Men o‘qiy olmayman», dedim. So‘ng meni uchinchi marta tutib, qis­di va qiynab ham qo‘ydi. Keyin qo‘yib yuborib, «Yaratgan Robbing nomi bilan o‘qi. U insonni alaqdan yaratdi. O‘qi! Robbing karamlilarning karamlisidir», dedi».

So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qalblari larzaga tushgan holda ular (oyatlar) bilan Xadija bint Xuvaylidning oldiga qaytdilar-da:

«Meni o‘rab qo‘yinglar! Meni o‘rab qo‘yinglar! dedilar. U zotni qo‘rqinchlari ketguncha o‘rab qo‘yishdi. Keyin u zot Xadijaga voqeani aytib berib: - O‘zimdan xavotirlanib qoldim», dedilar. Shunda Xadija:

«Yo‘q, Allohga qasamki, Alloh sizni aslo sharmanda qilmaydi. Chunki siz silai rahm qilasiz, og‘irni yengil qilasiz, yo‘qsillarni qo‘llaysiz, mehmonga myehmonnavozlik ko‘rsatasiz, haq yo‘lda boshga tushgan kulfatlarda yordam berasiz», dedi.

So‘ngra Xadija u zot bilan otlanib, amakivachchasi Varaqa ibn Navfal ibn Asad ibn Abduluzzoning oldi­ga boshlab bordi. U johiliyat davrida nasroniylikni qabul qilgan kishi edi. Ibroniy yozuvida yoza olar, Injildan Alloh xohlaganicha ibroniycha yozardi. U ko‘zi ojiz bo‘lib qolgan katta yoshli qariya edi. Xadija unga:

«Ey amakivachcham! Birodaringizning o‘g‘liga quloq soling!» dedi. Varaqa u zotga:

«Ey birodarimning o‘g‘li, nimani ko‘ryapsan? dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga ko‘rganlarini aytib berdilar. Varaqa u zotga: - Bu Alloh Musoga tushirgan Nomusdir*. Qaniydi qavming seni haydab chiqarganida tirik bo‘lsam! Qaniydi o‘shanda navqiron bo‘lsam!» dedi.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ular meni haydab chiqarishadimi?» dedilar.

«Ha, sen olib kelgan narsani keltirgan kishi borki, unga albatta dushmanlik qilingan. O‘sha kuningga yetsam, senga katta yordam beraman», dedi.

Ko‘p o‘tmay, Varaqa vafot etdi va vahiy bir muddat uzilib qoldi».

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilganlar.

Ikkinchi rivoyat:

Ousha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Qur’ondan ilk nozil bo‘lgan sura «Iqro’ bismi robbika»dir».

Hokum va Bayhaqiy rivoyat qilganlar.

Ulamolar jumhuri ushbu birinchi qavlni qabul qilgan va hammaga tarqalgan.

Ikkinchi qavl: Birinchi Muddassir surasi nozil bo‘l­gan.

Yahyo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Abu Salamadan:

«Qur’onning qaysi joyi dastlab nozil bo‘lgan?» deb so‘radim.

«Ya ayyuhal muddassir!» dedi.

«Iqro’» emasmi?» dedim.

Jobir ibn Abdullohdan:

«Qur’onning nimasi oldin nozil bo‘lgan?» deb so‘­radim.

«Ya ayyuhal muddassir!» dedi u.

«Iqro’» emasmi?» dedim. Jobir:

«Bizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nimani aytib bergan bo‘lsalar, o‘shani aytib beraman. U zot: «Bir oy Hironi jivor tutdim. Jivorimni tugatganimdan keyin pastga tushdim. Vodiyning o‘rtasiga yetganimda, menga nido qilindi. Oldimga, ortimga, o‘ngimga, so‘limga nazar soldim. Hyech kimni ko‘rmadim.

So‘ngra menga yana nido qilindi. Nazar solib, yana hyech kimni ko‘rmadim. So‘ngra menga yana nido qilindi. Boshimni ko‘tarib qarasam, Jabroil havoda, taxtda. Meni qattiq titroq tutdi. Xadijaning oldiga borib:

«Meni burkab qo‘yinglar! Meni burkab qo‘yinglar! Ustimdan suv quyishdi», dedim. Shunda Alloh azza va jalla «Ey burkanib yotgan! Tur! Ogohlantir! Va Robbingni ulug‘la! Va kiyimingni pokla!»ni nozil qildi».

Imom Muslim rivoyati.

Bu keltirilgan ma’lumotlar bir qarashda ixtilofli ko‘rinsa ham, aslida ularning orasida ixtilof yo‘q. Roviylardan har biri o‘zi eshitgan narsani omonatdorlik bilan yetkazgan. O‘zi eshitmagan yoki bilmagan narsaga aralashmagan. Ushbu mavzuni yaxshilab o‘rgangan ulamolarimiz: «Iqro’» nubuvvat bo‘yicha birinchi nozil bo‘lgan, «Ya ayyuhal muddassir» risolat bo‘yicha birinchi nozil bo‘lgan», deydilar.

«Ulumi Qur’on» mutaxassislari: «Iqro’» umuman birinchi nozil bo‘lgan, «Ya ayyuhal muddassir» esa vahiy uzilib qolganidan keyin birinchi nozil bo‘lgan», deydilar.

Muddassir surasining avvali nozil bo‘lishi bilan kishilarni Islomga da’vat qilish ham boshlandi. Shundan Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning risolatlari – Alloh taoloning dinini ummatlariga yetkazish ishi boshlandi. Chunki Alloh, taolo O‘zining oxirgi Payg‘ambariga «Ey burkanib yotgan! Tur! Ogohlantir!» degan nidoni qilgan edi.

Uchinchi qavl: Eng avval Fotiha surasi nozil bo‘lgan.

Bu qavlga Bayhaqiy «Dalailun nubuvva» kitobida keltirgan rivoyat dalil qilingan. Lekin ulamolar bu rivoyat hujjat bo‘lishga yaroqli emasligini ta’kidlaganlar.

To‘rtinchi qavl: Birinchi «Bismillahir rohmanir rohiym» nozil bo‘lgan.

Bu qavlga dalil sifatida Vohidiyning Ikrimadan qil­gan rivoyati keltirilgan. Ammo ulamolar bu rivoyatning ham dalil bo‘lishga yaroqli emasligini ta’kidlaganlar.

 

SO‘NGGI NOZIL BO‘LGAN OYAT

Qur’oni Karimning eng so‘nggi nozil bo‘lgan oyati haqidagi rivoyatlar anchagina bor. Lekin ularning hech birida oxirgi oyat haqidagi so‘z Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetib bormaydi. Shuning uchun ulamolar ularning barchasini ijtihod bilan aytilgan gaplar, deyishadi.

Qur’oni Karimning eng so‘nggi nozil bo‘lgan oyati haqi­dagi qavl va rivoyatlardan ba’zilarini keltiramiz.

  1. Imom Buxoriy Ibn Abbos roziyallohu anhudan, Bayhaqiy Umar roziyallohu anhudan keltirgan rivoyatda Qur’oni Karimning eng so‘nggi nozil bo‘lgan oyati Baqara surasidagi quyidagi oyat ekani aytiladi:

يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ ٱتَّقُواْ ٱللَّهَ وَذَرُواْ مَا بَقِيَ مِنَ ٱلرِّبَوٰٓاْ إِن كُنتُم مُّؤۡمِنِينَ٢٧٨

«Ey iymon keltirganlar! Agar mo‘min bo‘lsangiz, Allohga taqvo qiling va riboning sarqitini ham tashlang» (278-oyat).

Ammo muhaqqiq ulamolar bu oyat Qur’oni Karimning eng so‘nggi nozil bo‘lgan oyati emasligini, balki ribo haqida no­zil bo‘lgan oyatlarning oxirgisi ekanini ta’kidlaydilar.

  1. Sa’id ibn Musayyab va Ibn Shihob rahmatullohi alayhilardan keltirilgan rivoyatlarda: «Qur’oni Karimning eng so‘nggi nozil bo‘lgan oyati «dayn» oyatidir», deyilgan.

Bu oyat Baqara surasidagi oyat bo‘lib, u Qur’oni Karimdagi eng uzun oyat hamdir. Mazkur oyat Alloh taoloning quyidagi qavli ila boshlanadi:

يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓاْ إِذَا تَدَايَنتُم بِدَيۡنٍ إِلَىٰٓ أَجَلٖ مُّسَمّٗى فَٱكۡتُبُوهُۚ

«Ey iymon keltirganlar! Ma’lum muddatga qarz oldi-berdi qilgan vaqtingizda uni yozib qo‘ying» (282-oyat).

Ammo ulamolarning ko‘pchiligi bu qavlni ham qabul qilmaganlar.

  1. Ibn Mardavayh Ummu Salama roziyallohu anhodan keltirgan rivoyatda aytilishicha, Qur’oni karimning eng so‘nggi nozil bo‘lgan oyati Oli Imron surasidagi quyidagi oyatdir:

فَٱسۡتَجَابَ لَهُمۡ رَبُّهُمۡ أَنِّي لَآ أُضِيعُ عَمَلَ عَٰمِلٖ مِّنكُم مِّن ذَكَرٍ أَوۡ أُنثَىٰۖ بَعۡضُكُم مِّنۢ بَعۡضٖۖ فَٱلَّذِينَ هَاجَرُواْ وَأُخۡرِجُواْ مِن دِيَٰرِهِمۡ وَأُوذُواْ فِي سَبِيلِي وَقَٰتَلُواْ وَقُتِلُواْ لَأُكَفِّرَنَّ عَنۡهُمۡ سَيِّ‍َٔاتِهِمۡ وَلَأُدۡخِلَنَّهُمۡ جَنَّٰتٖ تَجۡرِي مِن تَحۡتِهَا ٱلۡأَنۡهَٰرُ ثَوَابٗا مِّنۡ عِندِ ٱللَّهِۚ وَٱللَّهُ عِندَهُۥ حُسۡنُ ٱلثَّوَابِ١٩٥

«Robblari ularga: «Men sizlardan erkagu ayol amal qiluvchining amalini zoye qilmasman. Ba’zingiz ba’zingizdansiz. Hijrat qilgan, diyorlaridan chiqarilgan, Mening yo‘limda aziyat chekkan, jang qilgan va qatl etilganlarning yomonliklarini o‘chirgayman hamda ularni albatta ostlaridan anhorlar oqib turgan jannatlarga kiritgayman, Alloh xuzuridan savob o‘laroq», deya ijobat qildi. Va Alloh huzurida go‘zal savob bo‘lgan Zotdir» (195-oyat).

Bu qavlning raddiyasi uning hujjati o‘laroq keltirilgan rivoyatning o‘zidadir. Unda aytilishicha, ushbu oyat Ummu Salama roziyallohu anhoning Rasululloh sollal­lohu alayhi vasallamga bergan «Ey Allohning Rasuli, Allohning erkaklarni zikr qilib, ayollarni zikr qilmaganini ko‘rmoqdaman?» degan so‘roqlariga javob o‘laroq nozil bo‘lgan uch oyatning so‘nggisidir. Qur’oni Karimning so‘nggi nozil bo‘lgan oyati emas.

  1. Imom Muslim Ibn Abbos roziyallohu anhudan qil­gan rivoyatda aytilishicha, oxirgi nozil bo‘lgan sura Nasr surasidir.

Ammo ulamolar: «Bu oxirgi nozil bo‘lgan suradir, oxirgi nozil bo‘lgan oyat emas. Sura Rasululloh sollallohxu alayhi vasallamning vafotlariga ishora bo‘lib tushgan oyatlarning oxirgisi, umumiy Qur’oni Karim oyatlaridan oxirgi nozil bo‘lgani emas», deydilar.

  1. Noilmiy doiralarda Qur’oni Karimning barcha oyatlari ichida eng so‘nggi nozil bo‘lgani Moida surasining uchinchi oyati bo‘lsa kerak, degan gumon bor. Ular oyatning quyidagi qismidan shu xulosani chiqarganlar:

ٱلۡيَوۡمَ أَكۡمَلۡتُ لَكُمۡ دِينَكُمۡ وَأَتۡمَمۡتُ عَلَيۡكُمۡ نِعۡمَتِي وَرَضِيتُ لَكُمُ ٱلۡإِسۡلَٰمَ دِينٗاۚ

«Bu kun sizga diningizni mukammal qilib berdim. Sizga ne’matimni batamom qildim. Va sizga Islomni din deb rozi bo‘ldim».

Bu oyat Qur’oni Karimning oxirgi tushgan oyatlaridan biri hisoblanadi. Oyati karima Nabiy sollallohu alayhi vasallamning vidolashuv hajlarida nozil bo‘lgan. Ushbu oyati karima nozil bo‘lganda, hamma sahobalar: «Dinimiz mukammal bo‘ldi, Alloh bizga ne’matini batamom qilib berdi, Islomni din deb rozi bo‘ldi», deb cheksiz quvondilar. Ammo xassos qalbli inson, buyuk idrok va aql sohibi Umar ibn Xattob roziyallohu anhu yig‘lay boshladilar. Bu holni ko‘rgan sahobalar tashvishga tushdilar va: «Senga nima bo‘ldi, ey Umar, nechun yig‘lamoqdasan?» deb so‘radilar. Shunda hazrati Umar: «Har bir narsa mukammal bo‘lganidan so‘ng unga nuqson yetish boshlanadi. Men bu oyatni Nabiy sollallohu alayhi vasallamning vafotlarining yaqinlashganiga belgi deb bilmoqdaman», dedilar.

Ushbu zikr qilingan omillarga binoan, Ulumi Qur’on ilmidan bexabar bo‘lgan kimsalar mazkur oyatni Qur’oni Karimning oxirgi nozil bo‘lgan oyatidir, deya tahmin qilishadi. Ammo bu gap to‘g‘ri emas. Chunki ushbu oyat nozil bo‘lganidan keyin yana boshqa oyat nozil bo‘lganini ilmli kishilar yaxshi biladilar.

«Bu kun sizga diningizni mukammal qilib berdim» oyati nozil bo‘lganidan keyin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sakson bir kun yashaganliklari ham ishonchli manbalarda qayd etilgan.

  1. Qur’oni Karimning oxirgi nozil bo‘lgan oyati Baqara surasidagi quyidagi oyatdir:

وَٱتَّقُواْ يَوۡمٗا تُرۡجَعُونَ فِيهِ إِلَى ٱللَّهِۖ ثُمَّ تُوَفَّىٰ كُلُّ نَفۡسٖ مَّا كَسَبَتۡ وَهُمۡ لَا يُظۡلَمُونَ٢٨١

«O‘zingiz Allohga qaytariladigan Kundan qo‘rqing. So‘ngra har bir jon kasb qilgan narsasini to‘liq olur. Ularga zulm qilinmas» (281-oyat).

Qur’on ilmlari bilan shug‘ullangan ulamolar ushbu oyati karima Alloh, nozil qilgan oyatlar ichida eng oxirgi oyat ekanini bayon qilganlar. Ibn Jurayjning aytishlaricha, Nabiy alayhissalom ushbu oyati karima nozil bo‘lgani­dan so‘ng to‘qqiz kun yashaganlar, xolos.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

Qur’oni Karim oyatlarining makkiy va madaniyga taqsimlanishi;

Makkiy va madaniy oyatlarning ta’rifi;

Makkiy va madaniy oyatlarni bilishga eltuvchi yo‘l;

Makkiy va madaniy oyatlarning alomatlari

O‘MI matbuot xizmati



Boshqa maqolalar
Maqolalar

Xudkushlik qahramonlik emas

01.07.2025   8141   2 min.
Xudkushlik qahramonlik emas

Inson zimmasida bir nechta omonatlar borki, bularni qadrlash zarur hisoblanadi. O‘z joniga o‘zi qasd qilish esa ana shu omonatga xiyonat qilishdir. Binobarin, Quroni karim Niso surasi 29-oyatida Haq taolo  xitob qilgan: "Bir-birlaringizni o‘ldirmangiz".

Jundab ibn Abdulloh roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Sizlardan ilgari o‘tganlardan bir kishi jarohatlandi. Besabrlik qilib pichoq oldi-da, qo‘lni kesib tashladi va ko‘p o‘tmay, qon yo‘qotib vafot etdi. Alloh: "Bandam joniga qasd etdi, unga jannatni harom qildim", dedi" (Muttafaqun alayh).

Yana bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kimki tog‘dan o‘zini tashlab, joniga qasd qilsa, u jahannam olovida abadulabad o‘zini pastga tashlaydi. Kimki zahar ichib joniga qasd qilsa, u qo‘lida zaharini tutib, jahannam olovida abadulabad o‘zini zaharlaydi. Kimki o‘zini temir bilan o‘ldirsa, u qo‘lida temirini tutib, jahannam olovida abadulabad u bilan o‘zini uradi" (Imom Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyati).

Mo‘tabar fatvo kitoblarimizdan “Fatavoi Sirojiya”da: “Qachon kema yona boshlasa, undagilarning agar o‘zlarini dengizga tashlashsa, suzish bilan xalos bo‘lib ketishga gumonlari g‘olib bo‘lsa, shunday qilishlari vojib bo‘ladi. Agar o‘zlarini dengizga tashlasalar ham g‘arq bo‘lishlari yoki tashlashmasa, kuyib ketishlari ehtimoli bo‘lsa, u holda kemada qolish va dengizga o‘zlarini otish orasida ixtiyorlidirlar. Kimki o‘zini o‘ldirsa, uning gunohi boshqa birovni qatl qilgandan ko‘ra qattiqroqdir!”

Yuqorida keltirilgan manbalardan ko‘rinib turibdiki dinimiz inson o‘z joniga qasd qilishga emas, balki bu omonatni asrashga qadrlashga chaqiradi. Lekin, jamiyatda ba’zi insonlar borki, o‘z joniga qasd qilishga, xudkushlikka rag‘bat qiladilar. Aslini olganda o‘zini-o‘zi o‘ldirish Alloh bergan ne’matni mutlaqo mensimaslikdir. Shu bilan birga bunday holat o‘sha jamiyatga ham musibat hisoblanadi.

O‘zini-o‘zi o‘ldirishning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq va kattaroq hisoblanadi. Endi, salgina hayot tashvishi deb, ozgina g‘am va alam deb o‘zini o‘ldirayotganlarning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq ekanligini bildik. Biroq, bundan ham eng achinarlisi, birovlarning yolg‘on-yashiq gaplariga uchib, “fatvo”lariga aldanib, begunoh mo‘min-musulmonlarni o‘ldirishga qasd qilib o‘zini o‘ldirishning gunohi bundan necha barobar og‘irroq hisoblanadi. Bu shahidlik emas, bu qahramonlik ham emas, balki xudkushlikdir.

Uychi tumani "Devona bobo" jome masjidi imom-xatibi

Abdufattoh Musaxanov

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA