“Muallimi soniy” kitobining video qo‘llanmasi hamda AlQuranuz nomli mobil ilovasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qur’oni Karim bizgacha yetib kelguncha ne-ne ulamolar, imomlar kechayu kunduz mehnat qilib, zahmat chekib Alloh taoloning Kalomi kelajak avlodlarga yetib kelgunicha harakat qilishgan. Ana shunday zahmatkash, qiroat olimlaridan biri, dunyoga mashhur hofizi Qur’on Shayx Alijon qori Fayzulloh maxdum o‘g‘li tomonidan “Muallimi soniy” kitobining yangicha video qo‘llanmasi hamda AlQuranuz nomli mobil ilova tayyorlandi.
Shu munosabat bilan joriy yilning 4 mart kuni Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf majmuasining masjlislar zalida mazkur qo‘llanmalarning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanga O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, bo‘lim mudirlari, xodimlari, yurtimizning ko‘zga ko‘ringan ulamolari, imom-xatiblari, Qur’on muxlislari tashrif buyurdilar.
Tadbir Qur’oni Karim tilovati bilan boshlandi. Tilovatdan so‘ng duo qilinib, Alloh taolodan tadbirning chiroyli o‘tishi so‘raldi.
O‘zlarining dil izhorlarini bayon etish uchun birinchi bo‘lib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i, uzoq yillardan beri xalqimizga Dinimizni yetkazib kelayotgan ustozlarimizdan Erdon domla Esonovni so‘zga chiqdilar.
Domla o‘z so‘zlarida ushbu tadbirni O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbarligida o‘tkazish tashabbusini muftiy Usmonxon Alimov hazratlari berganlarini, ammo Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan konferensiya sababli tadbirda o‘zlari ishtirok eta olmayotganliklarini aytib, muftiy hazratlarining tabrik va salomlarini anjuman mehmonlariga yetkazdilar.
Shundan so‘ng so‘z navbati Ubay ibn Ka’b jome’ masjidi imom-xatibi Abdulhakim qori Matqulovga berildi. Qori aka Shayx Alijon qorining xizmatlarini e’tirof qilgan holda, o‘zlarining samimiy tilak va dil so‘zlarini bayon qildilar. O‘tayotgan tadbir yurtboshimiz tashabbuslari bilan 2018 yilda yurtimizda o‘tkazilgan Qur’oni Karim musobaqasining samarasi ekanini ta’kidladilar.
Shundan keyin so‘z navbatini Shayx Alijon qori akaning ustozlari va safdoshlari bo‘lgan O‘zbekiston Xalqaro Islom akademiyasi katta o‘qituvchisi Burhoniddin domla Ahmedovga berildi. Domla o‘z so‘zlarida Shayx Alijon qori aka bilan bog‘liq shirin xotiralarini yodga oldilar. Buni tinglagan barcha mehmonlarning ko‘zlari yoshlandi.
Shundan so‘ng so‘z tadbirning asosiy qahramoni, o‘nta qiroat bo‘yicha ijoza sohibi, minglab qorilar ustozi Shayx Alijon qoriga berildi. Qori aka so‘zlarini tadbir tashkilotchilari va ishtirokchilariga tashakkur aytish bilan boshlab, yig‘ilganlarga Qur’oni Karimning turli qiroatlaridan namunalar o‘qib berdilar. So‘zlari davomida “Muallimi soniy” kitobining video qo‘llanmasi 27 yillik mehnatlari mahsuli ekanini ta’kidlab o‘tdilar.
Keyin ko‘plab tolibi ilmlarga Qur’oni Karimdan saboq berayotgan va hofizi Qur’onlar yetishtirish borasida samarali mehnat qilayotgan ustozlardan biri, Shayx Alijon qori akaning yetuk shogirdlaridan bo‘lmish Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutining Tahfizul Qur’on kafedrasi mudiri Jahongir qori Ne’matovga minbarga chiqdilar.
Qori aka ham o‘z so‘zida ustozi Alijon qoriga tashakkurlarini izhor qilish bilan birga video qo‘llanma borasida ayrim mulohazalarini eslatib o‘tdilar.
So‘nggida “Muallimi soniy” video qo‘llanmasi va AlQuranuz nomli mobil ilovadan foydalanish yo‘l-yo‘riqlari, ularning afzallik jihatlari va qulayliklari haqida batafsil so‘zlab berish uchun so‘z navbati ushbu qo‘llanmalar ustida samarali mehnat qilgan, soha mutaxassisi Sanjarbek Nasirbekovga berildi.
Alijon qori aka ushbu taqdimotni Misr jumhuriyatida o‘tkazishlari ham mumkinligi, lekin u kishining o‘z xalqiga, ona vataniga bo‘lgan muhabbati ushbu bebaho qo‘llanmalarni shu yerda taqdim etishga undagani tadbir davomida alohida qayd etildi.
Shundan so‘ng barcha yig‘ilganlarning iltimoslariga binoan Shayx Alijon qori akaning o‘zlari tilovat qilib berdilar va yakuniy duo bilan tadbir o‘z nihoyasiga yetdi.
Barcha mehmonlar ko‘tarinki kayfiyat va o‘zgacha shukuh bilan tarqaldilar.
Alloh taolo yurtimizda mehnat qilayotgan barcha qori ustozlar, ulamolar, ahli ilmlardan, jumladan, Shayx Alijon qori akadan rozi bo‘lsin! Qur’oni Karimni elimiz, xalqimiz orasida keng yoyish, hofizi Qur’onlarni yetishtirish yo‘lidagi xizmatlaringning ajrini ko‘paytirib bersin va mehnatlarining samarasini mo‘l-ko‘l qilsin!
Alloh taolo qilingan duolarni ijobat qilsin! Video qo‘llanmani va mobil ilovani tayyorlashda jonbozlik ko‘rsatgan, birgalikda mehnat qilgan va ushbu tadbirni tashkil etishda hissa qo‘shgan barcha insonlarning ajru savoblarini ko‘paytirib bersin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
#Maqola #Ixtilof #G‘uluv
Islomda "g‘uluv" din ilmini anglashda haddan oshishdir. Alloh taolo bunday ogohlantiradi: "Ayting: "Ey ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!" (Moida surasi, 77-oyat).
Rasululloh alayhissalom "Alloh taolo shariatda ziyoda chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar", deb uch marta aytishlarida, dinda haddan tashqari ziyodalik qilish insonni halok qilish bilan teng ekanligidan ogohlantirmoqdalar.
Dinda g‘uluvga ketish musulmon jamiyatlarida ixtilof va guruhbozlikka, fitnaga va oxir-oqibat aqidaning buzilishiga olib keladi. Islom tarixida xavorij, mo‘tazila va boshqa oqim va toifalarning vujudga kelishi ham, asosan, dinda g‘uluvga ketish natijasida sodir bo‘lgan.
Ayni vaqtda, g‘uluvga berilganlar dinni o‘ta og‘ir va mashaqqatli tushuntirganlari bois odamlar to‘g‘ri yo‘ldan adashib, undan bezib qoladilar. Dinda g‘uluvga ketish haqida so‘z yuritilganda aqidaparast oqimlarning aqidaviy masalalarda g‘uluvga ketganlari va ularning xatolari hamda bu e’tiqodlari sof islomiy ta’limotlarga naqadar zid ekanini eslamasdan iloji yo‘q.
G‘uluvga ketish, sarkashlik, itoatsizlik, manmansirash kabi illatlardan xoli bo‘lgan o‘tmish ajdodlarimiz dinimizni asrab-avaylab, bizgacha yetkazdilar. Shunday ekan, dinning musaffoligini asrash va uni kelajak avlodga asl xolicha yetkazish bizning vazifamizdir.
Abdug‘offor Hakimov, Mingbuloq tumani "Qo‘sh qishloq" jome masjidi imom-xatibi