«Dinni ilm bilan asra».
Abu Mansur Moturidiy
Ma’lumki, 2020 yil 3-5mart kunlari Samarqand shahrida buyuk vatandoshimiz kalom ilmi ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosini chuqur o‘rganish Moturidiylik ta’limotining musulmon ummati hamjihatligini ta’minlashga qo‘shgan hissasini ochib berish hamda O‘zbekistonning Islom sivilizatsiyasi markazi sifatidagi maqomini keng targ‘ib etish maqsadida «Imom Abu Mansur Moturidiy va Moturidiya ta’limotini: o‘tmish va bugun»mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkaziladi. Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro Islom Akademiyasi va Misrning Al-Azhar majmuasi hamkorligida tashkil etiladi.
Anjuman doirasida Movarounnahrda kalom ilmining rivojlanishi Abu Mansur Moturidiy hayot yo‘li va uning asarlarida ko‘tarilgan mavzular tahlili hamda so‘ngi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar keng muhokama qilinadi.
Ushbu konferensiya munosabati bilan 1 mart kuni Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan «Hilol nashr» nashriyot-matbaasiga aqoid (kalom), mantiq va usulul-fiqh ilmlari sohasidagi yetuk olim, shayx Sa’id ibn Abdullatif Fuda tashrif buyurdilar.
Zamonamizning yetuk olimi shayx Sa’id ibn Abdullatif Fuda dastavval «Hilol nashr» savdo do‘koni faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
«Hilol nashr» nashriyot-matbaasi rahbari, «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» jome masjidi imom xatibi Ismoil Muhammad Sodiq shayx Sa’id Abdullatif Fudani kutib oldilar. So‘ngra fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning hayotlari va ilmiy meroslari, ta’lif va tarjima asarlari bilan yaqindan tanishtirdilar.
Savdo do‘konidan so‘ng usulul-fiqhning yetuk olim, shayx Sa’id Abdullatif Fuda hafizahulloh «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» majmuasiga tashrif buyurdilar. Aziz mehmon masjidda asr namozini jamoat bilan ado qildilar. Namozdan keyin yurtimiz mehmoni shayx Fuda ushbu masjid kutubxonasi, majmuaning konferens zali va bu yerdagi qulayliklarni ko‘rib dinimizga bo‘layotgan e’tibordan mamnun bo‘ldilar.
Tashrif yakunida yurtimizning aziz mehmoni xayrli duolar qildilar.
Ma’lumot o‘rnida shuni qayd etish kerakki, shayx Fuda salaf solihlar avlodi, tafsir, usul, balog‘at va sarf ilmlarining bilimdoni, muhaqqiq olim shayx Ibrohim Xalifa bilan ham doimiy aloqada bo‘lib keladilar. Shayx Ibrohim Xalifa bugungi kunda ham shayx Sa’id Fudaning ustozlaridan biri sanaladi. Aynan shu zot shayx Fuda hazratlariga Ahli sunna manhajida toyilgan ahli bid’atlarga raddiya berish borasida ko‘rsatma berganlar. Shayx Ibrohim Xalifa shogirdi shayx Fudaga ko‘p ilmlardan, jumladan, tafsir, hadis, tavhid, usul, mantiq va balog‘at ilmlaridan ijoza berganlar. Ta’kidlash joizki, shayx Ibrohim Xalifa bungacha hech kimga bunday ijozalar bermaganlar.
Qolaversa, Shayx Sa’id Fuda ustozi shayx Anbatoviyning rahbarliklari ostida Varsh qiroati asoslarini ham o‘rganganlar.
Islom.uz portali tahririyati
#kun_hikmati
Sirriy Saqtiy rahmatullohi alayhi bunday deganlar: “To‘rt xislat bandani yuksak darajaga ko‘taradi: ilm, odob, omonatdorlik hamda hayo va iffat”.
#hislat #ilm #odob #iffat
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmat