«Boy kishi o‘z boyligidan nafaqa bersin. Kimning rizqi tang qilingan (kambag‘al) bo‘lsa, u holda, Alloh unga ato etgan narsadan (holiga yarasha) nafaqa bersin! Alloh hech bir jonni O‘zi unga ato etgan (rizq)dan boshqa narsaga taklif qilmas. Alloh tanglik (kambag‘allik)dan keyin yengillik (boylik)ni ham paydo qilur» (Taloq surasi, 7-oyat).
“Boy kishi o‘z boyligidan nafaqa bersin”. Alloh taolo halol qilgan oziq-ovqat, ichimlik, kiyim-kechak, turarjoy va molini har bir haqdorga berishi “infoq” (ya’ni, nafaqa) deyiladi. .
Mufassirlar oyati karimani bunday tafsir qilishadi: «Er ayoli va yosh farzandiga boyligining miqdoriga qarab nafaqa berishi lozim. Agar er boy bo‘lsa, nafaqa qilishda kengchilik qiladi. Kambag‘al bo‘lsa, o‘z holatidan kelib chiqib nafaqa beradi” (Tafsiri Qurtubiy).
Muoviya roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh! Bizda xotinlarimizning qanday haqi bor?” deb so‘raganda, u zot alayhissalom: “Taomlansang, uni ham ovqatlantirasan. Kiyinsang, uni ham kiyintirasan”, (Imom Ahmad rivoyati) deb javob berdilar.
Hanafiy va shofi’iy mazhablarida har olti oyda, ya’ni yilda ikki marta bir sidra yangi kiyim olib berilishi mustahab sanaladi.
“Kimning rizqi tang qilingan (kambag‘al) bo‘lsa”. Kim faqir bo‘lsa, Alloh taolo unga bergan boyligiga yarasha nafaqa bersin. Parvardigor hech bir kishini unga ato etganidan ortig‘iga buyurmaydi.
“Alloh unga ato etgan narsadan (holiga yarasha) nafaqa bersin!” Abu Molik Ash’ariy roziyallohu anhu bunday rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Uch kishi. Ulardan birida o‘n dinor bo‘lib, o‘shandan bir dinorni sadaqa qildi. Ikkinchisida o‘n uqiya (1 uqiya 12 dirhamga teng) pul bor. Undan bir uqiyani sadaqa qildi. Uchinchisida yuz uqiya bo‘lib, undan o‘n uqiyani sadaqa qildi”, deb aytdilar. Keyin: “Ular ajr-savobda tengdirlar. Har biri molidan o‘ndan birini sadaqa qildi. Alloh taolo bunday marhamat qilgan: “Alloh unga ato etgan narsadan (holiga yarasha) nafaqa bersin!” (Ibn Kasir rivoyati), deb ta’lim berdilar».
“Bas, albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir. Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir” (Inshiroh surasi, 5–6-oyatlar). Parvardigorning va’dasi haq. Unga aslo xilof qilmaydi. “Alloh tanglik (kambag‘allik)dan keyin yengillik (boylik)ni ham paydo qilur” (Taloq surasi, 7-oyat).
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Bir kishi ahli oilasi oldiga kirdi va ularning muhtojligini ko‘rib, dashtga chiqib ketdi. U ketgach, ayoli o‘rnidan turib qo‘l tegirmonini oldi va un chiqarishga tayyorladi. Non yopish uchun tandirga olov yoqdi. Keyin: “Yo Alloh, bizni rizqlantir”, deb duo qildi. Mana shu vaqt lagan un bilan limmo-lim bo‘ldi. Tandir non bilan to‘ldi. Shu payt eri uyga kirib keldi va: “Ketganimdan keyin biron narsa keldimi?” deb so‘radi. Ayoli: “Rabbimizdan keldi”, deb aytdi. Er tegirmonni va tandirni ko‘rdi. Keyin er ko‘rgan-bilganlari haqida Nabiy alayhissalomga aytib berdi. U zot alayhissalom: “Agar uni (qo‘l tegirmonining toshini) ko‘tarmaganing-da, qiyomatga qadar (un chiqarib) aylanishdan to‘xtamas edi”, deb marhamat qildilar (Ibn Kasir rivoyati).
“Alloh tanglik (kambag‘allik)dan keyin yengillik (boylik)ni ham paydo qilur”. Alloh taolo bandalaridan o‘zi istaganiga fazli va marhamati bilan qiyinchilikdan keyin yengillik, tanglikdan keyin kenglik, kambag‘allikdan keyin boylik beradi. Parvardigor O‘zi istagan bandasining rizqini mo‘l qiladi. Albatta, u bandalarining holidan xabardor va ko‘rib turuvchidir.
Abu Sinon roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Abu Ubayda ibn Jarroh haqida so‘radi. U zotga: “Abu Ubayda dag‘al kiyim kiyadi, faqirona ovqat yeydi”, deyishdi. Hazrat Umar roziyallohu anhu unga ming dinor yuboraturib, xizmatchiga: “Pulni olgandan keyin nima qilishini kuzat”, deb buyurdi. (Abu Ubayda roziyallohu anhu) pulni olgach, yaxshi kiyim kiydi va taomning ham yaxshisini yedi. Xizmatchi kelib Umar ibn Xattobga shu haqda aytdi. Mo‘minlar amiri: “Boy kishi o‘z boyligidan nafaqa bersin. Kimning rizqi tang qilingan (kambag‘al) bo‘lsa, u holda, Alloh unga ato etgan narsadan (holiga yarasha) nafaqa bersin!” (Taloq surasi, 7) oyatini Abu Ubaydaga tilovat qilib bergin”, deb aytdi».
Tafsir kitoblari asosida Toshkent islom instituti
o‘qituvchisi Soatmurod PRIMOV tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 2020 yil, 2-sonidan
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan yuzasi arab yozuvidagi oyat, hadis va hikmatlar bilan ziynatlangan buyumlar mulyaji ham o‘rin olishi rejalashtirilgan. Jumladan, Markaz ekspozitsiyasidan joy olishi kutilayotgan X asrga oid "Allohdan boshqa iloh yo‘q” yozuvi tushirilgan ko‘za Somoniylar sulolasi davriga mansub artefakt hisoblanadi.
Islom dini Markaziy Osiyoga tarqalgandan keyin xattotlik san’ati shakllanib rivojlandi. Rassomlik o‘rniga xattotlik san’atiga ko‘proq e’tibor berildi. Buyumlar yuzasiga hikmatli so‘zlarni yozish urfga aylandi va arab yozuvi boshqa omillar qatorida Islom sivilizatsiyasi shakllanishiga turtki berdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi
Axborot xizmati