Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Iyul, 2025   |   11 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:13
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
06 Iyul, 2025, 11 Muharram, 1447

Hadya ulashing, o‘zaro inoq bo‘lasiz

28.02.2020   4389   4 min.
Hadya ulashing, o‘zaro inoq bo‘lasiz

Hadya (sovg‘a) ulashish Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) targ‘ib qilgan amallardan biridir. Bu haqda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “O‘zaro hadya ulashinglar, bir-birlaringizga muhabbatli bo‘lasizlar”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Hadya kishilar o‘rtasidagi mehr-oqibatning mustahkamlanishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun har bir musulmon ushbu amalni ado etishga imkon qadar harakat qilishi lozim. Mazkur amalning bir qancha odoblari bor:

Birinchi odob – ezgu niyat qilish. Hadya beruvchi avvalo Alloh taoloning roziligi yo‘lida bir kishining ko‘nglini shod etishni niyat qilishi kerak. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Bir kishi: “Yo Rasululloh, amallarning afzali qaysi?” dedi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Musulmonning qalbiga xursandchilik kiritishing yoki undan qarzini uzishing yoki unga taom berishing”, dedilar  (Imom Tabaroniy rivoyati).

Ikkinchi odob – hadyani qavm-qarindosh va qo‘ni-qo‘shnilardan boshlash. Hadya berishni yaqin kishilardan boshlash lozim. Bu o‘rtadagi aloqalarni yanada mustahkamlashga, jamiyat vakillari orasida o‘zaro mehr-oqibat rishtalarining mahkam bog‘lanishiga xizmat qiladi. Qo‘ni-qo‘shnilar orasidan ham, avvalo, yon qo‘shnilardan boshlash afzaldir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Qo‘shningga yaxshilik qilgin, mo‘min bo‘lasan”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Qo‘shnisiga yaxshi muomala qilgan, unga ko‘makchi bo‘lgan kishi komil imon egasi bo‘ladi. Kishining yaxshi-yomon kunlarida doimo yonida yashaydigan inson ham uning qo‘shnisidir.

Uchinchi odob – hadyani arzimas sanashdan saqlanish. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) biror kichik narsa berib bo‘lsa-da,  musulmonlarni o‘zaro hadya ulashishga targ‘ib qilganlar: “O‘zaro hadya ulashinglar, chunki hadya ko‘ngildagi norozilik tuyg‘usini ketkazadi. Biror ayol ham qo‘shni ayolga qo‘y tuyog‘ining yarmini bo‘lsa ham (hadya qilishni) hargiz arzimas sanamasin” (Imom Temiziy rivoyati).

Hadya beruvchi ham, uni oluvchi ham hadyani aslo arzimas sanamasligi lozim. Shuningdek, hadyani yoki beruvchisini kamsitadigan gaplarni hazillashib gapirishdan ham qat’iy tiyilish kerak. Chunki bunday noo‘rin hazil kishilar orasini buzish uchun shaytonga imkoniyat eshigini ochadi.

To‘rtinchi odob – hadyani qaytarmaslik. Hadyani qabul qilish do‘stlik ramzi va hadya beruvchini hurmatlash belgisidir. Hadyani qabul qilmay  qaytarish esa berilgan hadyani yoqtirmaslik yoki hadya beruvchini kamsitish kabi ma’nolarni ifodalaydi. Bu esa o‘rtada sovuqchilik tushishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Hadyani qaytarmanglar va chaqiruvchining chaqiruvini qabul qilinglar va musulmonlarni urmanglar”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Ammo hadyani qabul qilmaslik joiz bo‘lgan o‘rinlar ham bor. Masalan, hadya pora o‘rnida yoki berilgan hadyadan ko‘prog‘ini “undirish” yoki boshqa biror g‘arazli niyatni amalga oshirish ilinjida berilsa, bunday hadyani qabul qilmaslik talab etiladi.

Beshinchi odob – hadya beruvchini taqdirlash. Hadya olgan kishi hadya beruvchiga tashakkur aytib, uni mukofotlashi ham sunnat amal. Oysha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) hadyani qabul qilar edilar va unga ko‘ra taqdirlar edilar” (Imom Termiziy rivoyati).

Demak, Nabiy sollallohu alayhi va sallam hadya beruvchini bergan hadyasidan afzali bilan yoki o‘shaning mislidek narsa bilan taqdirlaganlar.

Oltinchi odob – hadyani munosib vaqtda berish. Hayit bayramlari singari muborak kunlarda hadya berish undan ko‘zlangan maqsadning  samaralari yanada ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Shunga ko‘ra, ana shunday ulug‘ kunlarda yaqinlarni hadya bilan sevintirish afzal sanaladi. Hadya berishni ota-ona va ustozlardan boshlash ham hadya odobiga kiradi.

Yettinchi odob – munosib hadya tanlash. Munosib hadya tanlab berish ham muhimdir. Shu ma’noda kimgadir kiyim-kechak, kimgadir kitob va boshqa  narsalarni hadya qilinadigan kishining tabiatiga qarab, u yaxshi ko‘radiganini tanlashga harakat qilish lozim.

Sakkizinchi odob – hadyani minnat qilmaslik. Hadya beruvchi hadyasini minnat qilmasligi vojib. Chunki minnat qilish hadyaning savobini yo‘q qiladi. Allohning nazdida qabul qilinmaydi, balki uning savobini ketkazib, azobga duchor etadi.
Alloh taolo sadaqa qiluvchilarga buyuradi: “Ey imon keltirganlar! Molini odamlar ko‘rsin deb beradigan, Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan kimsaga o‘xshab, (bergan) sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo‘qqa chiqarmang!”(Baqara surasi, 264-oyat).

Ushbu buyruq sadaqa qiluvchilarga qarata aytilgan bo‘lsa-da, hech shubhasiz, hadya qiluvchilarga ham taalluqlidir.

Abdulqodir ABDUR RAHIM

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

“Islom nuri” gazetasining 2020 yil 1-sonidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

OAV xodimlari kuni tadbirlarida munosib ishtirok etildi

02.07.2025   5313   1 min.
OAV xodimlari kuni tadbirlarida munosib ishtirok etildi

27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan zamonaviy media-makonda so‘z va axborot erkinligini ta’minlash, davlat organlari faoliyatini yoritib borish ishlarini yanada samarali tashkil etish maqsadida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan bir qator vazirlik hamda idoralar bilan hamkorlikda davlat organlari va tashkilotlari matbuot kotiblari uchun joriy yilning 30 iyun – 2 iyul kunlari Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida "Axborot xizmatlari faoliyati: ochiqlik, tezkorlik va xolislik bosh mezon" mavzusida V milliy konferensiya tashkil etildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot kotibi ham qatnashdi.

Konferensiya doirasida o‘tkazilgan “Media Quiz”da 9 ta jamoa 5 ta raundda turli sohaga oid yo‘nalishlarda bilimlarini sinashdi. Bilim-ring natijalariga ko‘ra uchta jamoa g‘olib deb topildi va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Uch kun mobaynida o‘tkazilgan tadbirlar nihoyasiga yetdi.

***

Shuningdek, Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinida Muslim.uz jamoasi ham munosib ishtirok etdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

OAV xodimlari kuni tadbirlarida munosib ishtirok etildi OAV xodimlari kuni tadbirlarida munosib ishtirok etildi OAV xodimlari kuni tadbirlarida munosib ishtirok etildi OAV xodimlari kuni tadbirlarida munosib ishtirok etildi
O'zbekiston yangiliklari