Hadya (sovg‘a) ulashish Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) targ‘ib qilgan amallardan biridir. Bu haqda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “O‘zaro hadya ulashinglar, bir-birlaringizga muhabbatli bo‘lasizlar”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Hadya kishilar o‘rtasidagi mehr-oqibatning mustahkamlanishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun har bir musulmon ushbu amalni ado etishga imkon qadar harakat qilishi lozim. Mazkur amalning bir qancha odoblari bor:
Birinchi odob – ezgu niyat qilish. Hadya beruvchi avvalo Alloh taoloning roziligi yo‘lida bir kishining ko‘nglini shod etishni niyat qilishi kerak. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Bir kishi: “Yo Rasululloh, amallarning afzali qaysi?” dedi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Musulmonning qalbiga xursandchilik kiritishing yoki undan qarzini uzishing yoki unga taom berishing”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ikkinchi odob – hadyani qavm-qarindosh va qo‘ni-qo‘shnilardan boshlash. Hadya berishni yaqin kishilardan boshlash lozim. Bu o‘rtadagi aloqalarni yanada mustahkamlashga, jamiyat vakillari orasida o‘zaro mehr-oqibat rishtalarining mahkam bog‘lanishiga xizmat qiladi. Qo‘ni-qo‘shnilar orasidan ham, avvalo, yon qo‘shnilardan boshlash afzaldir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Qo‘shningga yaxshilik qilgin, mo‘min bo‘lasan”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Qo‘shnisiga yaxshi muomala qilgan, unga ko‘makchi bo‘lgan kishi komil imon egasi bo‘ladi. Kishining yaxshi-yomon kunlarida doimo yonida yashaydigan inson ham uning qo‘shnisidir.
Uchinchi odob – hadyani arzimas sanashdan saqlanish. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) biror kichik narsa berib bo‘lsa-da, musulmonlarni o‘zaro hadya ulashishga targ‘ib qilganlar: “O‘zaro hadya ulashinglar, chunki hadya ko‘ngildagi norozilik tuyg‘usini ketkazadi. Biror ayol ham qo‘shni ayolga qo‘y tuyog‘ining yarmini bo‘lsa ham (hadya qilishni) hargiz arzimas sanamasin” (Imom Temiziy rivoyati).
Hadya beruvchi ham, uni oluvchi ham hadyani aslo arzimas sanamasligi lozim. Shuningdek, hadyani yoki beruvchisini kamsitadigan gaplarni hazillashib gapirishdan ham qat’iy tiyilish kerak. Chunki bunday noo‘rin hazil kishilar orasini buzish uchun shaytonga imkoniyat eshigini ochadi.
To‘rtinchi odob – hadyani qaytarmaslik. Hadyani qabul qilish do‘stlik ramzi va hadya beruvchini hurmatlash belgisidir. Hadyani qabul qilmay qaytarish esa berilgan hadyani yoqtirmaslik yoki hadya beruvchini kamsitish kabi ma’nolarni ifodalaydi. Bu esa o‘rtada sovuqchilik tushishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Hadyani qaytarmanglar va chaqiruvchining chaqiruvini qabul qilinglar va musulmonlarni urmanglar”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Ammo hadyani qabul qilmaslik joiz bo‘lgan o‘rinlar ham bor. Masalan, hadya pora o‘rnida yoki berilgan hadyadan ko‘prog‘ini “undirish” yoki boshqa biror g‘arazli niyatni amalga oshirish ilinjida berilsa, bunday hadyani qabul qilmaslik talab etiladi.
Beshinchi odob – hadya beruvchini taqdirlash. Hadya olgan kishi hadya beruvchiga tashakkur aytib, uni mukofotlashi ham sunnat amal. Oysha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) hadyani qabul qilar edilar va unga ko‘ra taqdirlar edilar” (Imom Termiziy rivoyati).
Demak, Nabiy sollallohu alayhi va sallam hadya beruvchini bergan hadyasidan afzali bilan yoki o‘shaning mislidek narsa bilan taqdirlaganlar.
Oltinchi odob – hadyani munosib vaqtda berish. Hayit bayramlari singari muborak kunlarda hadya berish undan ko‘zlangan maqsadning samaralari yanada ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Shunga ko‘ra, ana shunday ulug‘ kunlarda yaqinlarni hadya bilan sevintirish afzal sanaladi. Hadya berishni ota-ona va ustozlardan boshlash ham hadya odobiga kiradi.
Yettinchi odob – munosib hadya tanlash. Munosib hadya tanlab berish ham muhimdir. Shu ma’noda kimgadir kiyim-kechak, kimgadir kitob va boshqa narsalarni hadya qilinadigan kishining tabiatiga qarab, u yaxshi ko‘radiganini tanlashga harakat qilish lozim.
Sakkizinchi odob – hadyani minnat qilmaslik. Hadya beruvchi hadyasini minnat qilmasligi vojib. Chunki minnat qilish hadyaning savobini yo‘q qiladi. Allohning nazdida qabul qilinmaydi, balki uning savobini ketkazib, azobga duchor etadi.
Alloh taolo sadaqa qiluvchilarga buyuradi: “Ey imon keltirganlar! Molini odamlar ko‘rsin deb beradigan, Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan kimsaga o‘xshab, (bergan) sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo‘qqa chiqarmang!”(Baqara surasi, 264-oyat).
Ushbu buyruq sadaqa qiluvchilarga qarata aytilgan bo‘lsa-da, hech shubhasiz, hadya qiluvchilarga ham taalluqlidir.
Abdulqodir ABDUR RAHIM
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
“Islom nuri” gazetasining 2020 yil 1-sonidan
O‘zbekiston Din ishlari qo‘mitasi, Musulmonlar idorasi, Imom Buxoriy, Imom Moturudiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi mas’ul xodimlaridan iborat ilmiy guruhning Indoneziyaga tashrifi ushbu mamlakatning yetakchi bosma va elektron nashrlari tomonidan keng yoritildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Jumladan, Indoneziyaning "CNN Indonesia" axborot agentligi "O‘zbekiston delegatsiyasi Indoneziyaga tashrif buyurdi" sarlavhali maqolani e’lon qildi. Unda Sharif Hidoyatulla nomidagi Jakarta davlat islom universitetida "Movarounnahrdan Janubi-Sharqiy Osiyoga: hadis ilmlari va intellektual aloqalar" mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tgani va mazkur anjumanda O‘zbekistondan yetakchi olimlar ishtirok etgani ma’lum qilingan.
"Tadbir ilmiy muloqot shaklida tashkil etilgan bo‘lib, uning doirasida Imom Buxoriy merosini o‘rganish, Mavarounnahr ulamolarining Indoneziya orollarida islom dinini tarqatishda tutgan o‘rni, hadisshunoslik yo‘nalishida hamkorlikni rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilindi", – deb yozgan axborot agentligi.
O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan qator tadbirlar ikki mamlakat o‘rtasida islomiy ma’rifat, ta’lim, diniy bag‘rikenglik va tarixiy merosni asrab-avaylash sohalarida aloqalarni yanada mustahkamlashi ta’kidlangan.
Maqolada xabar qilinishicha O‘zbekiston ilmiy-ma’rifiy doiralari vakillari Indoneziya xalq manfaatlari va huquqlarini himoya qilish vaziri Muxaymin Iskandar, ekologiya vaziri o‘rinbosari Dias Xendrapriono, Ulamolar Kengashi va "Nahdatul ulamo" tashkiloti rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
"Businessreview" veb-sayti "Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Sharif Hidoyatulla nomidagi Jakarta davlat islom universiteti hamkorligi diniy mo‘tadillik va islom ta’limi tizimini mustahkamlaydi" sarlavhali maqolani e’lon qildi.
Nashrda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi va Sharif Hidoyatulla nomidagi Jakarta davlat islom universiteti hamkorligida Indoneziya poytaxtida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etilgani qayd etilgan.
Materialda yozilishicha, anjumanda Mavorounnahr tarixi, Imom Buxoriy merosi, Markaziy Osiyo ulamolarining Indoneziyada islom ta’limotini tarqatishda tutgan o‘rni kabi mavzular muhokama qilindi.
Ushbu mamlakatdagi "Aspirasi Nusantara" elektron nashri Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari "Nahdlatul ulamo" tashkiloti faoliyati bilan tanishgani haqida yozdi. Ma’lum qilinishicha, shu yil 2 iyul kuni O‘zbekiston Din ishlari qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Shahzod Islomov Indoneziyadagi eng yirik tashkilot "Nahdlatul ulamo" rahbariyati bilan uchrashdi.
"Nahdlatul ulamo" tashkiloti qoshidagi Ilmiy markaz rahbari Abshor Abdullo Imom Moturidiy ta’limoti sunniy kalom ilmida mo‘tadil, aql va mantiqqa tayanadigan yo‘nalish ekanini qayd etdi" – deb yozgan elektron nashr.
Tomonlar ta’lim sohasida aloqalarni kengaytirish, talabalar almashuvini amalga oshirish va ziyorat turizmi yo‘nalishida dasturlar ishlab chiqish kabi mavzularda fikr almashdilar.
Indoneziyaning "Jakarta Merdeka" onlayn portali esa "Bogor Botanika bog‘ida do‘stlik daraxti ekildi" sarlavhali maqolani e’lon qilindi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Bogor shahridagi Indoneziya Milliy Botanika bog‘ida daraxt ekish marosimida ishtirok etgani va Indoneziya ekologiya vaziri o‘rinbosari bilan uchrashuv o‘tkazgani ma’lum qilingan.
"Vazir o‘rinbosari Dias Xendrapriono Imom Buxoriy to‘plagan hadislar orasida tabiatni asrashga oid nasihat va tavsiyalar ko‘p ekanini ta’kidladi. Bu esa islom ta’limotida ekologik bilim va ong asosiy o‘rin tutishining yaqqol dalilidir", – deb yozilgan "Jakarta Merdeka" maqolasida.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati