Mavritaniya Islom Respublikasi Afrikaning shimoli-g'arbidagi davlat. Poytaxti – Nuakshot. Hududi – 1031 ming kvadrat kilometr. Ma'muriy-hududiy bo'linishi – 12 viloyat va Nuakshot avtonom viloyatidan iborat. Aholisi – 3,30 mln. kishi. Davlat tili arab tilidir.
Mavritaniya – rivojlanayotgan davlat. Uning “Mavritaniya” deb atalishi tasodifiy emas. Aholi o'zlarini o'rta asrlarda Ispaniya musulmonlari bo'lgan mavrlarga aloqador deb biladi.
AHOLISI
Mavritaniyaliklar Islomga e'tiqod qiladi va ikki guruhga bo'linadi. Mamlakat janubidagi Senegal daryosi qirg'og'i aholisi (volof, tukuler va soninklar) dehqonchilik bilan shug'ullanadi. Ular mamlakat aholisining beshdan bir foizini tashkil qiladi. Qolgan aholi – chorvador va ko'chmanchilar – cho'l va dashtlarning kengliklariga tarqalib ketgan. Etnik kelib chiqishiga ko'ra, ular arab, barbar va g'arbiy afrikalik aralash bo'lgan mavrlar va tuareglarga bog'lanadi. Barbarlar shimoliy va shimoli-g'arbiy Afrikada miloddan avvallari ham yashagan. VII–VIII yuzyilliklarda arablar kirib kelganidan so'ng barbarlarning ba'zi qabilalari arablar bilan chatishib ketgan. Ularning hammasi Islomga kirgan va arab tilida gaplashishni odat qilgan.
SOF ARAB TILI
Mavritaniyaliklarning lingvistik xususiyati shundaki, ular sof adabiy arab tilida gaplashadi. Ularning tilini arab nutqi namunasi deyish mumkin. Ko'plab arab davlatlari aholisi turli shevalarda gaplashadilar. Arablarning og'zaki nutqi adabiy til me'yorlaridan juda uzoqlashib ketgan, lekin bundan mavritanlar mustasno. Ular Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam zamonidan o'zlarigacha etib kelgan nutq uslubini saqlab qolishgan va sof adabiy arab tilida gaplashishadi.
DINI
Mamlakat aholisining 99,6 foizi – musulmon. Islomning kirib kelishi milodiy VIII asrda boshlangan. Aholining 0,1 foizi afrikaliklarning an'anaviy e'tiqodlariga (animalizm, fetishizm, totemizm, tabiat kuchlari va boshqalarga) amal qiladi. Nasroniylik XVI–XVII asrlarda tarqala boshladi.
IKKINChI ENG QADIM MINORA
“Shingetti” jome masjidi XIII–XIV asrlarda Mavritaniyaning Adrar mintaqasi Shingetti shahri asoschilari barpo etishgan. Ushbu qadimiy masjidning minorasi musulmon olamida doimiy foydalaniladigan ikkinchi eng qadimgi minora hisoblanadi. 1970 yillarda masjid YuNYeSKO sa'y-harakatlari bilan qayta tiklangan, ammo shahar va masjidga kuchli cho'llanish jarayoni hamon xavf solib turibdi.
Damin JUMAQUL
tayyorladi.
"Hidoyat" jurnalining 2023 yil 8-sonidan olindi
- Avvalo, ijtimoiy tarmoqlarga kirishdan maqsadingiz shunchaki vaqt o‘tkazish, ermak emas, balki boshqalarga manfaat ulashish, ulardan manfaat olish, ilmni oshirish, yaxshilikka chorlab, yomonlikdan qaytarish;
- Fahsh, harom, boshqalarga tegishli rasm va videolarini tarqatish tiyilish;
- Dinni, ulamolarni, shaxslarni, xalqlarni kamsitadigan, obro‘ to‘kishga qaratilgan maqola, rasm va videolarni post qilib qo‘ymang;
- Foydasiz tortishuvlarga kirishmang;
- Mish-mish aytuvchi, tarqatuvchi bo‘lmang! Ma’lumotlarni tarqatishdan oldin tekshirib, aniqlashtiring;
- Postlaringiz bilan odamlarga ilm-ma’rifat, yaxshilik ulashishga intiling va bu ishlarning barchasini Alloh taoloning roziligi uchun qiling;
- Yozayotgan, yuborayotgan, ulashayotgan har bir so‘zingiz oxiratda sizning zararingizga emas, foydangizga guvohlik beradigan so‘z bo‘lishiga diqqat qiling;
- Ijtimoiy tarmoqlardan me’yorida foydalaning! Ibodatni ado etish, oilaning nafaqasi, silai rahm, qo‘shniga yaxshilik qilish kabi zimmangizdagi mas’uliyatlaringizni unutib qo‘ymang;
- Postlarga “yoqdi” tugmasidan bosishdan oldin bu ish iymoningizga futur yetkazadimi yoki yo‘qmi, aniqlab oling! Gunoh bo‘lgan postlarga “yoqdi” tugmasini bosish iymonga salbiy ta’sir etadi;
- Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaringizni oxiratda Alloh taoloning huzurida, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oldilarida xijolat bo‘lib qolmaydigan tarzda yuriting!
Norin tumani “Abu Iso at-Termiziy” jome masjidi
imom-xatibi Maxmudov Yosinxon.
Manba: @SOFTALIMOTLAR