Kunning mulohazasi
Hozirgina "Munosabat" ko‘rsatuvining navbatdagi soni namoyish qilindi. Nega bolalar, o‘smirlar, yoshlar tarbiyasiz? Nega yangi tug‘ilgan chaqaloqlar o‘ldirilib yoki tiriklay tashlab ketilyapti? Nega ayol jazman erkak jazmanni pichoqlab o‘ldiryapti? Nega kelinlar uy ishlarini qilish, bolasini tarbiyalash o‘rniga seriallardan va telefonidan ko‘z uzmaydi? Nega qariyalarning qadri va o‘rni yo‘qolib boryapti? Nima qilish kerak, nega? degan savollar hurmatli Quddus A’zam tomonidan bir necha marta aytildi?
Haqiqatga yaqinroq javob ko‘rsatuvda ishtirok etgan Jasur domla tomonidan aytildi: Biz farzandlarimizga ilm berishimiz, diyonatni o‘rgatishimiz kerak va Quddus A’zamning o‘zi tez aytib o‘tdi: Islom dini chaqaloqlarni tiriklayin ko‘mishga chek qo‘ygan din bo‘ldi. Shunday qilib, nima qilish kerak? Bolalarimizni kitobga qaytarishimiz kerak, bolalarimiz (va kattalarimiz) albatta Allohdan qo‘rqishlari kerak, ya’ni noma’qul ishlarni qilishdan tiyilishlariga asos, qo‘rquv bo‘lishi kerak. Demak, jamiyat a’zolariga Allohni tanitishimiz zarur. Ikkinchi tomondan, qonunlarni o‘rgatishimiz, tushuntirishimiz kerak. Har ikkala holatda noma’qul ish uchun jazo muqarrarligini inson albatta bilishi, his qilishi kerak.
Shu o‘rinda, har haftada Umra ziyoratiga borib kelayotgan minglab (!) yurtdoshlarimiz hech bo‘lmasa o‘z yaqinlariga ma’naviy ruhiy poklanish nima, birovning haqini yemaslik, sabr, shukur, Allohdan qo‘rqish nima ekanini tushuntirib bersalar a’lo ish bo‘lar edi.
PS: Ayni damda televizorda aerobika to‘g‘risida ko‘rsatuv bo‘lyapti. Ko‘rsatuv bekasi "Men har kuni bir soat (?) milliy raqs va bir soat (?) aerobika harakatlarini bajaraman. Albatta bolalar tarbiyasiga vaqt topmaydi.
Shoazim Minovarov,
Islom sivilizatsiyasi markazi direktori
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV