Zahiriddin Muhammad Bobur g‘oyat murakkab hayot yo‘lini bosib o‘tdi, u o‘n ikki yoshida taxtga o‘tirdi. Ana shu fursatdan boshlab bir qo‘lida qalam, bir qo‘lida qilich ushladi, qalam ila ijod etdi, qilich bilan yurtini qo‘riqladi.
U yashagan davr Movarounnahr ijtimoiy hayoti va tarixiy sharoiti ichki nizolar girdobiga tushib qolgan edi. Sohibqiron Amir Temur barpo etgan davlat endilikda tanazzulga yuz tutgan va temuriy vorislar mamlakatni parokanda holatga keltirib qo‘ygan edi. Bobur shunday bir paytda Andijonda turib, Samarqandga ko‘p bor intildi, uning niyati bobosi Amir Temur saltanati sohibi bo‘lish edi. Bobur ikki bora Samarqandni egalladi, bu voqealar 1498 va 1500-yillarga to‘g‘ri keladi. Bu orada Movarounnahr hududiga Shayboniyxon xurujlari avj oladi, birin-ketin temuriyzodalar qo‘l ostidagi manzillar mahv etila boshlaydi. Bobur ilojsiz, xomush va parishon bir ahvolda ona yurtini tark aylashga majbur bo‘ladi va 1504 yilda avval Hisor va keyin Kobulga yo‘l oladi. U endilikda kelajak taqdirini ayni shu mintaqalardan izlaydi, bu esa oson kechmaydi, Bobur o‘z lashkari bilan tinimsiz izg‘iydi, qo‘nalg‘a topish mushkul edi. Bu hodisalar uning ijodida ham o‘z aksini topdi:
Tole’ yo‘qki, jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi,
Har ishnikim ayladim, xatolig‘ bo‘ldi.
Nihoyat, Bobur Hindiston sari yo‘l oladi. Ushbu yo‘l o‘ta xavfli va xatarli edi:
O‘z yerni qo‘yib hind sori yuzlandim,
Yorab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi.
Hindiston mo‘jizaviy o‘lka, u qadim-qadimdan kishilarni o‘ziga rom etib keladi, bu maftunkor o‘lka Boburni ham ko‘pdan bo‘yon qiziqtirib kelar edi. Bobur 1525 yili Hindistonga lashkar tortdi, uning hududlariga kirib bordi, janglarda g‘olib kelib bu afsonaviy o‘lkaning shimoliy qismlariga egalik qildi. Boburning Hindistondagi davlatini yevropaliklar “Buyuk mo‘g‘ul” imperiyasi deb atay boshladilar va bu atamani qasddan taomilga kiritdilar. Yevropaliklar temuriylarni Chingizxon (1155-1227) avlodi deb hisoblaydi, bu g‘alat talqin, chunki Bobur o‘z asarlarini mo‘g‘ul tilida emas, balki sof turkiy, ya’ni o‘zbek tilida yaratgan. Ana shu nuqtaning o‘zi yevropaliklarning da’vosi mutlaqo xato va noo‘rin ekanligini isbotlovchi katta dalildir. Bobur va boburiylar Hindiston xo‘jaligi rivojida hamda madaniyati ravnaqida ulkan ishlarni amalga oshirdilar. Boburiylar davrida Hindistonda turkiy tilli adabiyot vujudga keldi, uning namoyandalari ijodi o‘z tadqiqotchilariga muntazir.
Bobur yirik davlat arbobi, yetuk sarkarda bo‘lish barobarida ulkan adib, hassos shoir, buyuk olimdir. U yaratgan badiiy meros o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi, uning she’riyati mazmunan ravon, anglash oson, uning nasri musiqa ohangi kabi yoqimlidir. Boburdan o‘zbek tilida yaratilgan bir she’riy devon, “Boburnoma” (asli nomi “Vaqoye” – “Voqealar”), Xoja Ahrori Vali (1404-1490)dan qilingan “Volidiya” she’riy tarjimasi, aruz nazariyasiga doir “Mufassal”, Islom ruknlari haqida “Mubayyin”, “Musiqiy ilmi”, “Harb ishi”, “Xatti Boburiy” asarlari yetib kelgan. Uning “Musiqiy ilmi”, “Harb ishi” asarlari yetib kelmagan va “Xatti Boburiy” alifbosi hayotda tatbiq etilmagan. Bobur she’rlarida aksar uning o‘z hayoti lavhalariga va lahzalariga ishoralar sezilarli darajada bayon etiladi:
Ko‘ngli tilagan murodg‘a yetsa kishi,
Yo barcha murodlarni tark etsa kishi.
* * *
Charxning men ko‘rmagan javru jafosi qoldimu?
Xasta ko‘nglim chekmagan dardu balosi qoldimu?
Boburning boshidan kechirgan voqealar tizimi aks ettirilgan “Boburnoma” asari o‘zbek nasrining bebaho badiiy obidasidir. Shoir “Boburnoma” mazmuni nimalardan iborat ekanini bir ruboiysida eslatib o‘tadi:
Bu olamaro ajab alamlar ko‘rdim,
Olam elidin turfa sitamlar ko‘rdim.
Har kim bu “Vaqoye”ni o‘qur,bilgaykim,
Ne ranju ne mehnatu ne g‘amlar ko‘rdim.
“Boburnoma”da, asosan, Bobur ko‘rgan-kechirganlarini yozadi, bilganlarini bayon etadi, natijada o‘sha davr tabiati, nabototi, hayvonoti, kishilar taqdiri haqida to‘kis tasavvur beradi. Bobur voqealarni xolisona yoritadi, tarixiy shaxsga munosabatda, ular tasvirida bu yaqqol ko‘zga tashlanadi. “Boburnoma”da voqealar tasviri jarayonida xalq maqollariga, ta’birlariga murojaat qilishlar tez-tez uchrab turadi. Bobur bu bilan o‘zbek tilining boyligini ko‘rsatib, o‘zbek tilining donishmandi va ishtiyoqmandi ekanini namoyon etadi.
Bobur ezgulik va yaxshilik g‘oyalarini o‘z asarlarida bayon etdi, inson hayoti davomida yaxshilikka intiladi, bu unga bolalikdan o‘rgatiladi. Inson ezgulik qilish uchun dunyoga keladi, umri davomida yaxshilik qidiradi, boshqalarga ham xuddi shuni ravo ko‘radi. Boburning qariyb madhiyaga aylanib ketgan bir ruboiysida bu holat o‘zining chinakam tajassumini topgan:
Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidir,
Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidir.
Yaxshi kishi ko‘rmagay yomonlig‘ hargiz,
Har kimki yomon bo‘lsa, jazo topqusidir.
Bobur vasiyatiga binoan uning xoki Agradan Kobulga ko‘chiriladi, boisi Boburning onasi Qutlug‘ Nigorxonim 1505 yili Kobulda vafot etib, shu yerda dafn etilgan edi. Bobur o‘zini onasining yonida dafn etilishini istaydi va shunga ko‘ra uning xoki olti oydan so‘ng Kobulga olib kelib dafn etiladi. Bobur dafn etilgan joy hozirda Kobulda “Bog‘i Bobur” deb yuritiladi va shahar aholisi Navro‘z saylini ayni shu bog‘dan boshlaydi. Bu afg‘on xalqining Mirzo Boburga bo‘lgan e’tibori, e’zozi va ehtiromi ramzidir. Qolaversa, Kobul Boburning Afg‘onistondagi davlatining poytaxti edi. Afg‘oniston o‘zbek xalqi uchun ham muqaddas zamin. Zero, o‘zbek xalqining buyuk farzandlari Abu Rayhon Beruniy (973-1048), Atoiy, Lutfiy, Alisher Navoiy (1441-1501) hamda Husayn Boyqaro (1438-1506) xoki G‘azna, Balx va Hirotdadir. Ayni zamonda, bu ulug‘ allomalarning qabrlari afg‘on xalqi uchun muqaddas ziyoratgoh hisoblanadi.
Bobonazar MURTAZOYEV,
filologiya fanlari nomzodi, dots.nt,
Anvar OMONTURDIYEV,
filologiya fanlari doktori,
Termiz DU professori
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan yuzasi arab yozuvidagi oyat, hadis va hikmatlar bilan ziynatlangan buyumlar mulyaji ham o‘rin olishi rejalashtirilgan. Jumladan, Markaz ekspozitsiyasidan joy olishi kutilayotgan X asrga oid "Allohdan boshqa iloh yo‘q” yozuvi tushirilgan ko‘za Somoniylar sulolasi davriga mansub artefakt hisoblanadi.
Islom dini Markaziy Osiyoga tarqalgandan keyin xattotlik san’ati shakllanib rivojlandi. Rassomlik o‘rniga xattotlik san’atiga ko‘proq e’tibor berildi. Buyumlar yuzasiga hikmatli so‘zlarni yozish urfga aylandi va arab yozuvi boshqa omillar qatorida Islom sivilizatsiyasi shakllanishiga turtki berdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi
Axborot xizmati