Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Aprel, 2025   |   24 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:07
Quyosh
05:33
Peshin
12:27
Asr
17:11
Shom
19:14
Xufton
20:34
Bismillah
22 Aprel, 2025, 24 Shavvol, 1446

“Kun.uz” tahririyatining Umra safari bo‘yicha murojaatiga javoblar

11.02.2020   3066   19 min.
“Kun.uz” tahririyatining Umra safari bo‘yicha murojaatiga javoblar

1-savol: Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 martdagi 154-F-sonli farmoyishida Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etishda bozor mexanizmlarini joriy etish. Ko‘rsatiladigan xizmatlar narxini arzonlashtirish kerakligi alohida qayd etilgan. Hujjatning 2-ilovasi, 1-bandida umra tadbirining turistik firmalar tomonidan tashkil etilishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish vazifa etib belgilangan. Biroq o‘tgan vaqt davomida nima sababdan xususiy sektorning ushbu faoliyat bilan shug‘ullanishi, ya’ni viza olishi va Toshkent-Jidda yo‘nalishidagi aviaqatnovlardan foydalanishiga yo‘l bermayapti? Bu borada monopoliya bekor qilinmayotgani nima bilan izohlanadi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 martdagi 154-F-sonli Farmoyishida belgilangan topshiriqlar ijrosi bajarilgan. Xususan:

2019 yil Haj va Umra mavsumlarida ko‘rsatiladigan xizmatlar narxlari sezilarli darajada arzonlashtirildi va bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning rasmiy saytida e’lon qilindi.

Umra tadbirini turistik firmalar tomonidan tashkil etilishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda Saudiya Arabistonida faoliyat olib borayotgan firmalarni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari A.Abduhakimov boshchiligida ishchi guruhi tuzildi hamda 2019 yilning 8-15 mart kunlari mazkur guruhning Saudiya Arabistoniga xizmat safari amalga oshirildi.

Ishchi guruhi tomonidan Saudiya Arabistonida faoliyat yurituvchi shirkatlar imkoniyatlari o‘rganildi va belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ma’lumot kiritildi.

Ishchi guruhi xulosasiga ko‘ra, Haj va Umra tadbirlari sof diniy amallar bo‘lganligi sababli, ushbu ziyoratlarni mazkur yo‘nalishga respublikada mas’ul bo‘lgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshirilishi maqsadga muvofiq, deb topildi.

Toshkent-Jidda yo‘nalishidagi aviaqatnovlarga chipta sotish masalasi “Uzbekistan Airways” AJ faoliyatiga kirishini e’tiborga olib, masala yuzasidan mazkur tashkilotga murojaat qilish tavsiya etiladi.

2-savol: Vazirlar Mahkamasining 154-F-sonli farmoyishida 2020 yildan boshlab 2000 dan ortiq ziyoratchilarga umra safarini tashkil etgan turizm faoliyati subyektlariga Haj tadbirlarini tashkil etish huquqini berish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan edi. Bu vazifaning ijrosi ta’minlandimi? Tashqi turizm sohasidagi xususiy sektor vakillariga Umra va Haj ziyoratini tashkillashtirish huquqi beriladimi?

Javob: Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 martdagi

154-F-sonli farmoyishiga asosan tuzilgan ishchi guruhi xulosasiga asosan Umra va Haj tadbirlarini O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshirilishi maqsadga muvofiq deb topilgan. Unda turistik firmalarga Umra va Haj kabi ibodat tadbirlarini tashkil etish huquqini berish masalasi kiritilmagan.

3-savol: Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 martdagi

154-F-sonli farmoyishida Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish mexanizmlarini va bozorlarini o‘rganish vazifa etib belgilangan. Qaysi bozorlar o‘rganildi? O‘rganish xulosalari bo‘yicha nima ishlar qilindi?      

Javob: Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etishda Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya, Turkiya va Malayziya tajribalari o‘rganildi.

Rossiya Federatsiyasida musulmonlar idoralari (ya’ni, muftiyatlar soni hududlarga ko‘ra bir nechta bo‘lib, Haj va Umra tadbirlari har bir muftiyat tomonidan tashkil etilishi belgilangan. Bu tartibga ko‘ra, Muftiyat qoshida yagona tashkilot Haj va Umra ibodatlarini tashkil etadi.

Turkiya Respublikasida Prezident huzuridagi Din ishlari boshqarmasi (Diyonat) Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha yagona mas’ul davlat tashkiloti.

Malayziya davlatida “Tabung Xaji” davlat korporatsiyasi Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha yagona mas’ul davlat tashkilotidir.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda tashkil etilayotgan umra tadbiri ibodat, xavfsizlik, tibbiy, ma’naviy va iqtisodiy jihatlardan afzal ekanligi hamda Haj va Umra tadbirlarini uzoq yillik tajribaga tayangan holda yurtimiz musulmon aholisi uchun yagona ijrochi organ O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etilishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining

2017 yil 7 iyundagi 364-sonli Qaroriga asosan maqsadga muvofiq deb topildi.

Mustaqillikning ilk davrlaridanoq xaj va umra tabirlariga davlat miqyosida katta e’tibor berib kelingan. Ushbu e’tiborni natijasi o‘laroq, har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus Farmoni asosida yurtimiz fuqarolarining xaj va umra ziyoratlarini mutasaddi tashkilotlarga (O‘zbekiston musulmonlar idorasi) manfaatdor davlat vazirliklari va idoralari bilan hamkorlikda tashkillashtirish vazifasi yuklatilgan. 2006 yildan e’tiboran, ushbu tadbirlar O‘zbekiston Respublikasining 28.08.2006 yildagi UP-3793 sonli “Har yilgi “Xaj” va “Umra” tadbirlarini tashkil qilio‘ va o‘tkazish bo‘yicha Jamoatchilik kengashini tashkil etish” Qarori ijrosi doirasida o‘tkazib kelinmoqda.

O‘tgan davr mobaynida, ushbu mexanizm o‘zini to‘laqonli oqladi. Xususan, shu vaqtga qadar, Xaj va Umra amallarini bajarish uchun safar qilgan har bir fuqaromiz uchun ijtimoiy adolat mezonlaridan kelib chiqib bir xil darajadagi xizmatlar turi taqdim qilingan. Undan tashqari, tegishli vazirliklar va davlat idoralari tomonidan ziyoratchilarni safari bilan bog‘liq ishlarda yaqindan ko‘mak berib kelinyapti.

4-savol: Yuqoridagi farmoyishda Saudiya Arabistoni Podshohligida Haj ziyoratini tashkil etuvchi mahalliy turizm kompaniyalarining xizmat ko‘rsatish bo‘yicha eng maqbul takliflarini tanlash, bunda xizmatlarning sifati va taklif etilayotgan qo‘shimcha shart-sharoitlarga alohida e’tibor qaratish vazifa etib belgilangan. Ayni paytda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Haj va Umra ziyoratini tashkil etish bo‘yicha Saudiyadagi rasmiy hamkori – “Al-Hidaya Hajj, Umrah & Tourism Co” shirkati qaysi shartlar asosida tanlangan? Uning takliflari boshqalarnikidan yaxshiroq bo‘lganmi? Rasman tender o‘tkazilganmi? Tender o‘tkazilgan bo‘lsa, ochiq o‘tganmi, bu haqda rasman e’lon qilinganmi? Unda kimlar qatnashgan va qanday takliflar berilgan? O‘zbekistonda 12 yildan beri Haj va Umra ziyorati ushbu shirkat orqali amalga oshirilishi qonuniymi?

Javob: Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning taklifiga binoan, O‘zbekiston Respublikasining Jidda shahridagi Bosh konsulxonasidan yurtimiz ziyoratchilariga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lgan, Saudiya Arabistonida Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 10 (o‘n) ta shirkatdan muqobil takliflar olingan va ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi ishchi guruhi Saudiya Arabistoniga qilgan tashrifi davomida mazkur firmalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, ularning Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etishdagi imkoniyatlarini o‘rganib chiqdi.

O‘rganish davrida shirkatlar Haj va Umra mavsumlarida o‘zbekistonliklarga xizmat ko‘rsatish huquqini olish uchun turli yo‘llardan foydalanishi ma’lum bo‘ldi. Shirkatlarning ba’zilari ziyoratlarni tashkil etishda barcha imkoniyatlarga ega ekanligini bildirgan bo‘lsada, joyida borib o‘rganilganda afsuski, hech qanday kuchga ega emasliklari, 5-6 ta shirkat tomonidan “bizga tegishli” deb Makka shahridagi 1 ta mehmonxona ko‘rsatgani, ba’zilari faqat transport xizmati ko‘rsata olishi ma’lum bo‘ldi. Vaholanki, shirkatlar hujjat topshirganda barcha xizmatlarni amalga oshirishini ma’lum qilgan. Shuningdek, Haj mavsumida aviareyslarni mahalliy shirkatlar tomonidan Madina aeroportiga qo‘ndirish imkoniyatlari masalasi ham o‘rganilgan bo‘lib faqat “al-Hidoya” xalqaro shirkatida ushbu imkoniyat mavjudligi aniqlangan.

Ishchi guruhining yuqoridagi masalalarni o‘rganishi natijasida uzoq yillar davomida o‘zbekistonlik hojilarga namunali xizmat qilib kelayotgan “al-Hidoya” xalqaro shirkati munosib deb topildi. Mazkur shirkat faoliyati o‘rganilgan barcha firmalardan O‘zbek xalqi urf-odati, tabiati, madaniyati va servis xizmati mosligi jihatidan har tomondan ustun ekanligiga ishonch hosil qilindi.

5-savol: Haj va Umra ziyoratlarini tashkil qilish orqali Din ishlari bo‘yicha qo‘mita daromad ko‘rayaptimi? Agar daromad olayotgan bo‘lsa, davlat organ bo‘lgan muassasaning tijoriy faoliyati bilan shug‘ullanishi va daromad olishi qonunchilikka zid emasmi?

Javob: Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish orqali hech qanday daromad ko‘rmaydi. Respublikada diniy sohaga mas’ul davlat tashkiloti sifatida Haj va Umra tadbirlarini tashkil etishni muvofiqlashtirib boradi. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 noyabrdagi 946-son qaroriga muvofiq vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq Din ishlari bo‘yicha qo‘mita sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi. Qo‘mitani moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

6-savol: Qonunda taqiqlanmagan bo‘la turib, amalda turfirmalarning ushbu faoliyat bilan shug‘ullanishiga imkon bermasligiga asosiy sabab nimada?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining

2017 yil 7 iyundagi 364-sonli Qaroriga ilova qilingan “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida NIZOMning 2-bandida ““Haj” tadbiri O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj vazirligi o‘rtasida har yili imzolanadigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

“Umra” tadbiri O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning Saudiya Arabistonidagi hamkor tashkiloti o‘rtasida har yili imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi” deb belgilangan.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita amaldagi qonun va qoidalarga binoan faoliyat olib boradi. Turistik firmalarning mazkur tadbirlarni amalga oshirishini belgilash qo‘mita faoliyatiga kirmaydi.

7-savol: Qo‘shni davlatlar – Qozog‘iston va Qirg‘iziston umra uchun belgilangan narxlarning O‘zbekistondagidan ikki barobar arzonligi, Qozog‘istonda hatto 550 dollarga ham umra uchun turpaket topish mumkinligining sabablari o‘rganildimi? O‘zbekistondayam narxlar qo‘shni respublikalardagi kabi arzon bo‘lishi mumkinmi?

Javob: Qo‘shni davlatlar ziyoratchilari o‘zbekistonliklar kabi Madina va Makka shaharlarida 4-5 yulduzli mehmonxonalar,

24 soatlik tibbiy xizmat, 3 mahal issiq ovqat, 24 soat issiq choy hamda doimiy hamrohlik qiluvchi guruh rahbarlari va ishchi guruhi xizmatlaridan foydalanmaydilar. Qo‘shni davlatlar kabi sodda sharoit yaratib, O‘zbekistonda ham ushbu narxga umra safarini tashkil qilsa bo‘ladi. Ammo, biz avvalambor fuqarolarimizning manfaatlarini o‘ylab ish tashkil qilamiz hamda Haj va Umra tadbirlarini yuksak saviyada, namunali va tartibli holda o‘tkazish choralarini ko‘ramiz.

8-savol: Fuqarolarga bu borada tanlash imkoniyati taqdim etiladimi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga asosan tashkil etilgan “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tarkibiga kiritilgan vazirlik va idoralar rahbarlari O‘zbekistonda mazkur tadbirlarni hamma uchun bir xil tarzda, ammo yuqori darajada tashkil qilish uchun harakat qiladilar. Hozirgi kunda fuqarolarimiz bu borada yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlardan mamnun ekanligini bildirmoqdalar.

9-savol: Rasmiy ma’lumotlarda O‘zbekiston haj va umra ziyoratini ado etish bo‘yicha yuqori beshlikka kirishi aytib kelinadi, bu nima degani? Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj vazirligi O‘zbekistonga ana shunday maqom taqdim etganmi yoki O‘MI yoki DIQni maxsus taqdirlaganmi? O‘zbekistonning yuqori beshlikda bo‘lishi fuqarolar, ya’ni ziyoratchilar uchun qanday imtiyoz va yengilliklar beradi?

Javob: Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Haj va Umra tadbirlarini tashkil etishda eng yuqori beshlikka kirishi Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vaziri Solih Benten tomonidan har yili rasmiy uchrashuvlarda e’tirof etiladi.

Misol tariqasida ushbu ma’lumotni keltirish mumkin.

2020 yil yil 19-22 yanvar kunlari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi A.Axmedov boshchiligidagi O‘zbekiston Haj delegatsiyasi Saudiya Arabistoni bo‘lib qaytdi.

Delegatsiya Podshohlik Haj va umra vaziri Solih Benten tomonidan alohida e’tibor va yuqori darajada qabul qilindi. Vazir janoblari O‘zbekistonda haj tadbiri davlat e’tibori va hukumat darajasida yuksak saviyada tashkil qilinishi, haj ishchi guruhi faoliyati va hojilarning xatti-harakatlari boshqa davlatlar uchun namuna ekanini mamnuniyat bilan qayd etdi. O‘zbekiston hukumatining bu boradagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. 

Bunday e’tirof, O‘zbekiston Respublikasi Rahbariyatining din sohasida olib borayotgan oqilona siyosatiga berilgan yuksak baho hamda Haj va Umra tadbirlarini tashkil etuvchi davlatlar orasida O‘zbekistonning alohida o‘ringa ega ekanligiga dalildir.

Bu daraja ziyoratchilarimizni Saudiya Arabistonida kutib olishdan boshlab, mamlakatimizga qaytgunlariga qadar hurmat va ehtirom ko‘rsatilishi bilan izohlanadi.

10-savol: Hukumatning haj va umrani tashkillashtirishni soddalashtirish va sohaga bozor mexanizmlarini joriy qilish haqidagi farmoyishidan keyin xususiy turfirmalarga qanday imkoniyat berildi?

Javob: Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 martdagi 154-F-sonli Farmoyishi bilan tasdiqlangan ishchi guruhining Saudiya Arabistoniga tashrifidan kelib chiqqan xulosasiga ko‘ra, Haj va Umra tadbirlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil qilinishiga qaror qilingan.

Turistik firmalarning mazkur tadbirlarni tashkil etishi masalasida hech qanday ma’lumot mavjud emas.

11-savol: O‘zbekistondagi xususiy turfirmalar umra ziyoratini tashkillashtirish uchun qonuniy viza olisholmayotgani, konsullikka borishsa, buning uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ruxsati talab qilinayotgani, ushbu tashkilotlarga qilingan murojaatlar esa asoslari ko‘rsatilmasdan turib rad etilayotganini aytishmoqda. Murojaat qanoatlantirilishi uchun turfirmalar qanday talablarga javob berishi kerak? Aniq talablar mavjudmi? Shu paytgacha nechta xususiy turfirmaning Haj va Umra ziyorati uchun viza olishiga ruxsat berilgan?

Javob: Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga rasmiy yuborilgan har qanday arizaga O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga binoan asoslangan javob qaytariladi.

Turfirmalarning Haj va Umra tadbirlarini tashkil qilish masalasi 6-savolda ko‘rsatib o‘tildi.

Haj va Umra tadbirlarini tashkil qilish faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat berish Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakolatiga kirmaydi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 364-sonli Qarorida turfirmalarning ushbu sohada faoliyat yuritishlari belgilanmagan.

12-savol: Aytishlaricha, Saudiya Arabistoni Podshohligida Haj va Umra uchun joriy etilgan va butun dunyodagi musulmonlar bemalol foydalanadigan onlayn viza tizimidan o‘zbekistonliklar va sayyohlik firmalari vakillari foydalana olishmaydi. Bunga qanday izoh berish mumkin?

Javob: Hozirgi kunda Siz aytayotgan Saudiya Arabistoni Podshohligining Haj va Umra uchun joriy etgan onlayn viza tizimidan O‘zbekistondan umra safariga borayotgan ziyoratchilar to‘liq foydalanmoqda.

Turfirmalarning ushbu onlayn tizimdan qanday foydalanishlari mumkinligiga aniqlik kiritish uchun Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vazirligiga murojaat qilishlarini tavsiya qilamiz.

13-savol: Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi 364-son Qaroriga ko‘ra O‘zbekistonda ham onlayn tizim yo‘lga qo‘yilishi va navbat doimiy ravishda yangilanib borilishi ko‘rsatilgan edi. Ushbu vazifa ijrosi bo‘yicha qanday ishlar bajarilgan?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining

2017 yil 7 iyundagi 364-sonli Qaroriga asosan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy veb-saytida Umra safariga boradigan ziyoratchilarning yagona onlayn navbat tizimi loyihasi ishlab chiqildi.

Mazkur loyiha “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi yig‘ilishida ko‘rib chiqildi hamda Kengash qaroriga asosan hozirgi kunda sinov tariqasida ishga tushirildi. Sinov natijalariga ko‘ra 2020 yil

3-choragida yagona onlayn navbat tizimining to‘liq faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

14-savol: Nima uchun Toshkent-Jidda yo‘nalishida qatnovchi samolyotlar xizmatidan xususiy turfirmalar orqali ketayotgan ziyoratchilar foydalana olishmaydi? Nega bu yo‘nalishdagi chiptalar ochiq savdoda yo‘q? O‘zbekiston havo yo‘llari MAKning ma’lum qilishicha, ushbu yo‘nalishdagi aviachiptalar to‘laligicha O‘MI tomonidan sotib olingan ekan, shu rostmi?

Javob: Toshkent-Jidda yo‘nalishida aviachiptalarni sotish masalasi “Uzbekistan Airways” AJ vakolatiga kirishini e’tiborga olib, mazkur tashkilotga murojaat qilishingiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi umra safariga borish istagida bo‘lgan fuqarolarimizning talablaridan kelib chiqib oldindan joy band qiladi va kerakli miqdordagi aviachiptalarni sotib oladi.

16-savol: Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 martdagi 154-F-sonli farmoyishining 2-ilovasida xorijiy aviakompaniyalarni jalb etgan holda Haj va Umra ziyoratlarini amalga oshirish uchun qo‘shimcha aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish vazifasi belgilangan va bunga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda Transport vazirligi mas’ul etib tayinlangan. Farmoyishning mazkur bandi bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirildi?

Javob: 2019 yilda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda “Uzbekistan Airways” AJ bilan hamkorlikda Haj mavsumida kuniga 3 tadan aviaqatnov amalga oshirildi. 2019 yil 14 noyabr kunidan e’tiboran kuniga 1 tadan, haftasiga 7 ta, 10 dekabrdan boshlab kuniga 2 tadan, haftasiga 14 ta reys amalga oshirilmoqda.

Saudiya Arabistoni Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi talabiga ko‘ra, Umra mavsumida ikki mamlakat o‘rtasida faqat ushbu davlatlarning aviakompaniyalari parvozlarni amalga oshirishi belgilangan. Haj mavsumida esa ikki davlat samolyotlari teng sheriklik asosida 50/50 parvozlarni amalga oshirishi belgilangan.

“Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi qaroriga asosan 2020 yilning 10 mart kunidan e’tiboran kuniga 3 tadan reys amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Yana bir yangilik, ziyoratchilarimizga yanada qulay sharoit yaratish maqsadida joriy yilning 2 fevral kunidan e’tiboran Toshkent-Madina yo‘nalishida aviaqatnov yo‘lga qo‘yildi.

17-savol: Haj va Umra ziyorati uchun beriladigan vizalar narxining tarkibiga tibbiy sug‘urta to‘lovining qiymati ham kiritilgan. 2020 yil 1 yanvardan boshlab sug‘urta sababli vizalar narxi oshgan. Bu endilikda Haj va Umra ziyoratiga borgan o‘zbekistonliklar tobi bo‘lmay qolganda bepul tibbiy yordam olishi va buning uchun xarajat qilmasligini anglatadimi? Yoki tibbiy sug‘urta mavjud holatdayam tibbiy yordam o‘zimizning mutaxassislar tomonidan ko‘rsatiladimi.

Javob: Haqiqatdan, 2019 yilning 31 dekabr kuni Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligining mijozlarga ko‘rsatiladigan davlat interaktiv xizmati - “Umra yo‘li” portali orqali 2020 yilning 1 yanvar kunidan boshlab barcha “B2B” va “B2C” turdagi viza olayotgan umra ziyoratchilari uchun majburiy tibbiy sug‘urta joriy etildi.

Tibbiy sug‘urta Saudiya Arabistonini kompleks rivojlantirish davlat dasturi (“2030-ko‘rinish”) ijrosi doirasida ziyoratchilar uchun keng qamrovli tez va shoshilinch tibbiy xizmat taqdim etish maqsadida ishlab chiqilgan.

O‘zbekistonlik ziyoratchilarga Saudiyada ko‘rsatiladigan har qanday tibbiy xizmatlari SAP davlat shifoxonalarida bepul amalga oshiriladi.

 

 Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Farzandingiz sizdan avval jannatga ketdi

21.04.2025   1306   9 min.
Farzandingiz sizdan avval jannatga ketdi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


«Jannat ahlidan bo‘lgan kishiga qarash kimni quvontirsa, Urva ibn Zubayrga qarasin»

Abdulmalik ibn Marvon.

Urva ibn Zubayr hazrati Umar roziyallohu anhuning xalifaliklaridan bir yil qolganida, musulmon oilalar orasida eng hurmatli va oliy maqom xonadonda tavallud topdi. Otalari Zubayr ibn Avvom (Alloh u kishidan rozi bo‘lsin) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning fidoiy sahobalaridan, jannat bashorati berilgan o‘nta sahobaning biri edi. Onalari esa Asmo binti Abu Bakr «zun nitoqayn - ikki belbog‘ sohibasi» (Hijrat kuni belbog‘ini ikkiga bo‘lib, biri bilan Rasululloh sollallohu vasalamning yegulik idishlarini, boshqasi bilan suv idishlarini bog‘lagani uchun shunday sharafga erishgan) edi.

Ona tarafdan bobolari Abu Bakr Siddiq (Alloh u kishidan rozi bo‘lsin) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xalifalari va g‘ordagi hamrohlari bo‘lgan edi. Ota tarafdan momolari Sofiya binti Abdulmuttalib  Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ammalari va mo‘minlarning onasi Oisha roziyallohu anho u kishining xolasidir. Oisha onamiz (Alloh u kishidan rozi bo‘lsin) vafot etganlarida Urva ibn Zubayr o‘zlari  qabrga tushib, lahadga qo‘ygan. Iymon sharafi va Islom izzatidan boshqa, mana shunday nasabdan ko‘ra oliy nasab va shunday sharafdan ko‘ra buyuk sharaf bormikin?

Ka’bai Muazzama oldida akalari va hamrohlari bilan yaxshi orzuga erishishni tanlash xayol qilinganda, Urva ibn Zubayr men Rabbimdan amal qiluvchi olim bo‘lishni orzu qilaman. Mendan odamlar Allohning Kitobini, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini va Islom dini ahkomlarini o‘rgansalar, dedi. Shu qilgan orzusini ro‘yobga chiqarish uchun Urva ibn Zubayr ilm tahsiliga bel bog‘lab, qattiq kirishdi.

Hayot bo‘lgan sahobalarni g‘animat bilib, ularning uylariga qatnab, orqalarida toat-ibodat qilib, ilm majlislarida doimiy ishtirok etdi. U Ali ibn Abu Tolib, Abdurrahmon ibn Avf, Zayd ibn Sobit, Abu Ayyub Ansoriy, Usoma ibn Zayd, Sa’id ibn Zayd, Abu Hurayra, Abdulloh ibn Abbos va No‘mon ibn Bashir (Alloh u kishilardan rozi bo‘lsin) dan hadislar rivoyat qildi. Aksar ilmini xolasi Oisha roziyallohu anhodan oldi va odamlar ularga din ishlarida suyanadigan, solih hokimlar esa o‘zlari mas’ul bo‘lgan xalqlar va shaharlar masalasida ulardan yordam istaydigan, Madinaning o‘sha davrda ko‘zga ko‘ringan faqihlaridan biri bo‘lib yetishdi.

Buning dalili o‘laroq, Umar ibn Abdulaziz Valid ibn Abdulmalik tarafidan Madinaga voliy etib tayinlanganida, odamlar qutlash uchun uning huzuriga keldilar. Peshin namozini o‘qib bo‘lgach, Madina ulamolaridan o‘n kishini taklif qildi. Taklif qilingan olimlarning peshqadami esa Urva ibn Zubayr edi.

Umar ibn Abdulaziz ulamolarni yaxshi kutib olib, ularga izzat-ikrom ko‘rsatgach, Allohga hamdu sano aytib shunday dedi: «Menga haq ustida yordamchi bo‘ladigan va ajr-savobga ham ega bo‘lib qoladigan bir ish uchun sizlarni taklif qildim. Men har bir ishni sizlarning fikringiz va maslahatingiz bilangina qilmoqchiman. Sizlardan iltimosim shuki, agar biron kimsani boshqa birovga zulm qilayotganini ko‘rsangiz yoki mening xodimlarim haddan oshib, zulmga qo‘l urgani sizlarga yetsa, shuni menga xabar bersangiz!». Bu gaplarni eshitgach, Urva ibn Zubayr uning haqqiga duoi xayrlar qilib, Allohdan unga haqda sobit turishi va rushdi hidoyat tilab qoldi.

Urva ibn Zubayr ilm bilan amalni jamlagan edi. U issiq kunlarda ro‘zador, uzun tunlarda bedor, tili esa doim Allohning zikri  bilan mashg‘ul edi. Bunga qo‘shimcha, u Allohning Kitobiga hamroh bo‘lib olgan, Qur’on o‘qishga shunday berilgan ediki, kunduzlari Qur’onning to‘rtdan birini mus'hafga qarab, tunlari shuncha qismini yoddan tilovat qilar, e’tiborli jihati shuki, imkon qadar mana shu odatini u yoshligidan boshlab to vafot topgunga qadar tark qilmagan, faqat bir marta boshiga tushgan musibat sababigina qoldirgan edi.

Urva ibn Zubayr saxovatda ham peshqadam bo‘lib, bag‘rikeng va nihoyatda qo‘li ochiq inson edi. Saxiyligi haqidagi rivoyatlardan biri shuki: «Uning Madinadagi eng katta bog‘lardan hisoblangan bir bog‘i bor edi. Bog‘ning ichi salqin, suvi shirin, xurmo daraxtlari baland va mevalari serhosil edi.

Hayvonlar va yosh bolalar kirib daraxtlarga shikast yetkazmasligi uchun yil davomida bog‘ning atrofini devor bilan o‘rab himoya qilar, qachonki xurmolar ishtahani ochadigan tarzda g‘arq pishganda odamlar bemalol kirib to‘ygunlaricha yeb va xohlaganlaricha olib ketishlari uchun, bog‘ning bir necha tarafidan darcha ochib qo‘yardi. Qachon bog‘iga kirsa Alloh taoloning ushbu so‘zini qayta-qayta o‘qir edi: «Sen bog‘ingga kirganingda: «Alloh xohlagan narsagina (bo‘lur), bor kuch-quvvat yolg‘iz Alloh bilandir», deganingda edi! ...» (Kahf surasi, 39-oyat).

Valid ibn Abdulmalikning xalifalik davrida Alloh taolo Urva ibn Zubayrni iymon va ishonch bilan sug‘orilgan qalb egalarigina chiday oladigan imtihon bilan sinashni hohladi.

Musulmonlar xalifasi Urva ibn Zubayrni Damashqqa kelib, mehmon bo‘lib ketishga taklif qildi. Taklifni qabul qilgan Urva ibn Zubayrga katta o‘g‘li hamroh bo‘ldi. Damashqqa yetib kelishganda xalifa ularni chiroyli kutib oldi, ularga izzat-ikrom ko‘rsatib, hurmatlarini joyiga qo‘ydi. So‘ng ko‘ngillar istamaydigan bir ish bo‘lishini Alloh taolo iroda qildi. Avval Urva ibn Zubayrning o‘g‘li xalifaning zotli otlarini ko‘rish uchun  otxonaga kirganida, otlardan birining to‘satdan tepib yuborishi natijasida o‘sha yerda vafot etdi.

Musibatzada ota o‘g‘lini tuproqqa qo‘yishi ketidan, o‘zi ham qorason kasali bilan og‘rib qoldi. Boldiri shishib, og‘riq ham kundan-kun kuchaya bordi. Xalifa har taraflardan tabiblar chaqirib, aziz mehmonini davolashi uchun, turli vositalar bilan ularni rag‘batlantirdi. Lekin barcha tabiblar: «Kasallik jasadning hammasiga tarqab, halokatga olib bormasidan avval, oyoqni kesish kerak», degan yakdil xulosa bildirdilar. Bunga ko‘nishdan boshqa chora yo‘q edi.

Jarroh kelib oyoqni kesish uchun anjomlarini hozirlab, oyoqni kesguniga qadar Urva ibn Zubayr takbir va tahlil aytishdan to‘xtamadi va nihoyat oyoq jasaddan ajraldi. Qonni to‘xtatish va gazak olmay yara tez bitishi uchun qizdirib turilgan yog‘ga botirilganda Urva hushidan ketib, uzoq vaqt behush bo‘lib yotdi. Ana shundagina yuqorida aytganimiz, Qur’oni Karimdan o‘qiydigan kundalik odatini o‘qiy olmadi. Yoshligidan boshlagan bu xayrli odatini, mana shunda bir martagina tark qildi.

Urva ibn Zubayr Madinaga qaytib, oilasi huzuriga kirganida ularga: «Ey ahlim qayg‘urmanglar, Alloh taolo bizga to‘rt farzand bergan edi, bittasini olib, uchtasini o‘zimizda qoldirdi. Allohga hamd bo‘lsin. Menga ikki qo‘l va ikki oyoq bergan edi, bittasini olib uchtasini o‘zimda qoldirdi. Allohga hamd bo‘lsin. Alloh mendan ozini olib, ko‘pini o‘zimda qoldirdi. Bir marta balolagan bo‘lsa, ko‘p marta ofiyat berdi», deb ularga tasalli berdi.

Madina ahli o‘z imomlari va olimlari Urva ibn Zubayrning qaytganlarini bilgach, u zotga ta’ziya bildirish va hol-ahvol so‘rash uchun  har tarafdan kela boshladilar. Ta’ziya bildirganlar ichida eng chiroyli va ta’sirli so‘z Ibrohim ibn Muhammad ibn Talhaning so‘zi bo‘ldi: «Xursand bo‘ling, ey Abu Abdulloh, a’zolaringiz va farzandlaringizdan biri, sizdan avval jannatga ketdi. Alloh xohlasa barchangiz bir-birlaringizga ergashasiz. Alloh taolo bizlarga biz muhtoj bo‘lgan, sizning ilmingiz va fikringizni qoldirdi. Alloh taolo ilmingizni sizga ham bizga ham manfaatli qilsin. Alloh ajru-savob beruvchi va go‘zal hisob qiluvchi Zotdir».

Urva ibn Zubayr butun hayoti mobaynida musulmonlar uchun hidoyat nuri, najotga yo‘llaguvchi va yaxshiliklarga chorlovchi bo‘lib qoldi. Eng katta ahamiyatni bolalarga, xususan, o‘zining farzandlari, shu bilan birga boshqa musulmonlarning farzandlari tarbiyasiga qaratib, hech bir fursatni qo‘ymay, ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llab, nasihatlar qilib turardi.

Urva ibn Zubayr yetmish bir yil yaxshilik va ezguliklarga to‘la, taqvo bilan burkangan umr kechirdi.

 

Maqolalar