Oila insonning dunyodagi saodatini ta’minlovchi qo‘rg‘ondir. Dinimizda er-xotin o‘rtasida o‘ziga xos qonun-qoidalari joriy qilingan. Agar mazkur qoidalarga er-xotin amal qilib oldidagi burch va majburiyatlarini to‘la-to‘kis ado etishsa, bunday oila baxtli bo‘ladi. Oila halol-pok, tinch bo‘lsa, jamiyat mustahkam va turmush farovon bo‘ladi.
Oilada erkak kishining ma’suliyati alohida qayd etilgan. Ayoliga nisbatan Alloh taolo erkakning jismoniy va ruhiy jihatlari bilan oilada rahbar bo‘lishga mos qilib yaratgan. Alloh taolo erkak kishiga oiladek muqaddas dargohga rahbar bo‘lish vazifasini yuklab Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
“Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularni ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir” (Niso surasi, 34-oyat).
“Erning ayoli oldidagi vazifasi yeganida uni ham yedirishi, kiyinganida kiyintirmog‘i, yuziga urmaslik, qabih so‘zlar bilan haqorat qilmaslik, arazlashganda uydan chiqmagan holda faqat o‘rnini boshqa qilib yotmoqlik”, deyilgan hadisi sharifda.
Erkak kishining eng katta burchi o‘z qaramog‘idagilarning o‘zgalarga qaram bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Darxaqiqat, erkakning zimmasiga ahli ayol nafaqasi farzdir.
Ming afsuslar bo‘lsinki, hozirgi kunda ba’zi bir oila boshliqlari ayni shu masalada o‘z vazifalarini unutib qo‘ymoqdalar, ba’zi erkaklar o‘z jufti halollariga ayollar sha’niga mos kelmaydigan yo‘llar bilan pul topib kelish uchun ko‘cha-kuyga chiqarib, hatto madikorlikga borishlikka majbur qilayotganligi sezilib qolmoqdi. Bu esa er o‘z vazifasini ado etolmaganidan bo‘lib, oqibatda oilani buzilishiga sabab bo‘lmoqda
Bir kuni Hazrati Umar roziyallohu anhu huzurlariga bir ayol erini yetaklab kelib erini ko‘rsatib: “Ey amirul-mo‘miniyn! Bu kishi mening erim bo‘ladi, turmush qurganimizga uch oy bo‘ldi, man harchang totuv yashashga ko‘p harakat qildim, lekin erimni rag‘bati bo‘lmadi, vazifalarini bajarmayapti, men bu er bilan ajrashaman” - dedi.
Hazrati Umar eridan so‘radilar: “Sen nima deysan?” Er: “Meni hech qanday shikoyatim yo‘q, lekin ajrashmayman”, - dedi. Hazrati Umar roziyallohu anhu erning kiyim–boshi, rangu ro‘yiga qarab sababini tushindilar va ayolga: “Sen hozir uyingga ketgin va bir ozdan keyin kelgin, ungacha biz ering bilan suhbatlashib olamiz”, - dedilar.
Ayol ketgandan keyin Hazrati Umar roziyallohu anhu bu odamni hammomga olib borib yuvintirish, toza kiyimlarni kiygizishni buyurdilar. Erni yuvintirishib, toza ko‘ylaklarni kiyintirib qo‘yishdi. Bu orada ayol kirib keldi, erining pokizaligini va toza liboslarni ustida ko‘rib ajrashish ahdini ham unitib, erini olib uyga ketdi. Shunda Hazrati Umar roziyallohu anhu odamlarga: “Ayolingiz sizlarni chiroyli kutib olishni sevganingiz kabi ayollaringiz ham sizlarni toza va pokiza yurishingizni hohlaydi”, - dedilar.
Darhaqiqat, Islom dini ayoliga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lgan erkaklarni eng yaxshi insonlar qatoriga qo‘shadi. Bu haqda Rasulluloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:
“Sizlarning ichingizdagi eng yaxshingiz o‘z ahli ayoliga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lganidir. Men esa o‘z ahlimga sizlardan ko‘ra yaxshiroq munosabatdaman” (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo yurtimizni obod qilib, oilalarimizni mustahkam va aziz farzandlarimizni ota-onasiga rahmat keltiradigan, elu yurtga manfaatli insonlar bo‘lishlarini nasib aylasin!
Behzod YUNUSOV,
Qo‘shtepa tumani “Hazrati Mavlono Lutfullo” masjidi imom-xatibi
1. Allohga taqvo qilishni tijorat deb bil, shunda u senga molsiz foyda keltiradi.
2. O‘zingni senga muhtoj bo‘lmagan, lekin sen unga muhtoj bo‘lgan kishining o‘rniga qo‘y.
3. Xarsang toshlarni joyidan ko‘chirish, ongsiz odamga anglatishdan osonroqdir.
4. Jannatni talab qilishda oliy himmatli bo‘l.
5. Allohdan shunday umid qilki, u bilan Uning makridan omonda bo‘lma va Allohdan shunday qo‘rqki, u bilan Uning rahmatidan umidsiz bo‘lma.
6. Men hech qachon sukutdan afsuslanmadim. Agar gap kumush bo‘lsa, sukut — oltin.
7. Hikmat kambag‘allarni podsholarning majlislarida o‘tkazgan.
8. “Yo Robbim, meni mag‘firat qil” — deb ko‘p takrorla, zero Allohning bir soati borki, u vaqtda so‘rovchi rad etilmaydi.
9. Kim yolg‘on gapirsa, yuzining suvini (obro‘yi) ketadi, kimning xulqi yomon bo‘lsa, g‘am-tashvishi ko‘payadi.
10. Allohdan qo‘rq, lekin qalbing fojir bo‘laturib, odamlar seni hurmat qilishlari uchun o‘zingni ularga Allohdan qo‘rqadigan qilib ko‘rsatma.
11. Amal faqat yaqiniy ishonch (e’tiqod) bilangina mukammal bo‘ladi, kimning e’tiqodi zaif bo‘lsa, amali ham zaif bo‘ladi.
12. Yolg‘on gapirishdan ehtiyot bo‘l, zero u pishirilgan chumchuq go‘shti kabi ishtahalidir, lekin ko‘p o‘tmay egasini ichini yondiradi.
13. Majlisni ko‘zing bilan ko‘rib tanla, agar Alloh zikr qilinadigan majlis bo‘lsa, u yerda o‘tir. Agar olim bo‘lsang, ilming naf beradi, agar johil bo‘lsang, senga o‘rgatishadi, agar Alloh u majlisga rahmatini nozil qilsa, sen ham shu rahmatdan bahramand bo‘lasan.
14. Qarzdorlikdan ehtiyot bo‘l, chunki u kunduzi xorlik va tunda g‘amdir.
15. To‘qlik ustiga ovqat yemagin — chunki unday taomni yegandan ko‘ra itga tashlagan yaxshiroq.
16. Agar shayton senga shubha va gumon orqali kelsa, uni yaqiniy ishonch va nasihat bilan yeng, agar u tanballik va zerikish tomonidan kelsa, qabr va qiyomatni eslab yeng, agar u xohish va qo‘rquv tomonidan kelsa, unga dunyo tark etiladigan va qoldiriladigan narsadir, deb ayt.
17. Tilingdan chiqqan gaplarga ehtiyot bo‘l, sukut qilgan kishi omonda bo‘ladi, faqat foydasi bor gaplarni gapir.
18. Yuzingni niqoblashdan (ya’ni shubhali qiyofadan) saqlan — chunki, u kechasi odamlarni qo‘rqitadi, kunduzi esa xo‘rlik keltiradi.
19. Men tosh, temir va og‘ir yuklarni ko‘tardim, ammo yomon qo‘shnidan og‘irroq narsani ko‘rmadim.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV