7 fevral kuni Nur-Sulton shahrida bo‘lib o‘tgan Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining navbatdan tashqari ІX qurultoyida Qozog‘istonning Bosh muftiysi saylandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Qozog‘istonning yangi bosh muftiysi Navro‘zbay hoji Tag‘an o‘g‘lini sharafli vazifa bilan qutlab, quyidagi tabrikni yo‘lladilar:
Hurmatli, Qozog‘iston musulmonlar diniy boshqarmasi raisi, Bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘an o‘g‘li hazratlari!
Sizni Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy etib tayinlanganingiz bilan chin qalbdan, samimiy muborakbod etaman. Ushbu sharafli vazifani ado etishingizda, Alloh taolodan Sizga kuch-quvvat va ulkan zafarlar tilayman.
Ma’lumki, xalqlarimiz azaldan bir zaminda yashab, bir daryodan suv ichgan. Og‘ir damlarda bir-biriga yordam qo‘lini cho‘zgan, hol-ahvol so‘ragan. Muhtaram Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda: “O‘zbek va qozoq bir-biriga yelkadosh bo‘lib, ahl-inoq yashab kelgan ildizi bir xalqdir”. Buning yorqin misoli, Siz hurmatli Navro‘zbay hoji Tag‘an o‘g‘li hazratlarining bizning zaminda o‘qib, tahsil olganingizdir.
Yaratganga shukrki, so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqib, jadal rivojlanib bormoqda. Ikki davlat prezidentlarining bu yo‘ldagi sa’y-harakatlari tahsinga loyiq.
Shu o‘rinda, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borayotgani bizni yanada quvontirmoqda.
Biz din peshvolari xalqlarimiz orasidagi yaqin qo‘shnichilik va do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirishga hamda Islom dini ma’rifatini keng yoyishga bor kuchimizni safarbar etishimiz lozim, - deyiladi tabrik matnida.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Shu yil 3-4 yanvar kunlari Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarining o‘quv ishlari bo‘yicha rahbar o‘rinbosarlari, o‘quv-uslubiy va yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat-ma’rifat bo‘limlari boshliqlari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kursi tashkil etildi.
O‘quv-mashg‘ulotlarini Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Imom Moturudiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Ichki ishlar vazirligi mutaxassislari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent islom institutidan jalb qilingan professor-o‘qituvchilar zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol usullardan foydalangan holda olib bordi.
Mazkur malaka oshirish kursidan ko‘zlangan maqsad diniy ta’lim muassasalarining o‘quv-uslubiy, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishidagi mas’ul xodimlarning ilmiy salohiyatini oshirish, zamonaviy pedagogik usullarni joriy qilish va ta’lim sifatini yaxshilash sanaladi.
Yakunda tinglovchilarga mazkur malaka oshirish kursi yakunlagani to‘g‘risidagi sertifikatlar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati