Sayyidul istig‘for
Rivoyat qilinishicha, istig‘forlarning eng afzali ushbudir: «Allohumma anta Robbi. La ilaha illa anta. Xolaqtani va ana ’abduka va ana ’ala ’ahdika va va’dika mastato’tu, a’uzu bika min sharri ma sona’tu va abu’u laka bini’matika ’allayya va a’tarifu bi zunubi, fag‘firli zunubi innahu la yag‘firuz-zunuba illa ant».
Yo Alloh! Sen mening Rabbimsan! Sendan o‘zga iloh yo‘q. Meni Sen yaratding. Men Sening qulingman. Men kuchim yettuncha Senga bergan ahd va va’damda sobitman. Qilgan ishlarim yomonligidan asrashingni so‘rayman, bergan ne’matlaringni e’tirof qildim. Gunohlarimni tan olaman. Meni kechirgin, Yo Alloh! Sendan o‘zga kechirguvchi yo‘qdir (Imom Termiziy. «Da’vat», 3393-hadis).
Yana bir istig‘for duosi
«Astag‘firulloh, astag‘firulloh, astag‘firulloh al-’aziym al-Kariym, allaziy la ilaha illa hu, al-Hayyul- Qoyyo‘m va natubu ilayh va nas’aluhut-tavbata val-mag‘firota val-hidayata lana innahu huvat-tavvabur-rohiym. Tavbata ’abdin zolimin linafsihi la yamliku linafsihi mavtan vala hayatan vala nushuro».
Ma’nosi: Allohdan mag‘firat so‘rayman! Azim va Karim, Undan boshqa hech iloh bo‘lmagan, Hayy va Qayyum Allohdan mag‘firat so‘rayman. Unga qaytamiz. Tavbamizni qabul etib, mag‘firat va hidoyat nasib qilishini tilaymiz, chunki U tavbalarni qabul qilguvchi, rahmli, mehribondir. Nafsiga zulm qilgan, o‘ldirish va qayta tiriltirishga ojiz bo‘lgan bandaning tavbasi kabi tavba qilamiz.
O‘MI matbuot xizmati
Sayyor yig‘ilish
Ikki hoji suhbatidan:
– Assalomu alaykum, salomatmisiz?
– Vaalaykum assalom, rahmat, alhamdullilah.
– Yo‘l bo‘lsin!
– Bugun «Hilol» masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazilarkan. Zayniddin domla kelarkanlar.
– Shoshmang, men bexabar qolibman.
– Yuravering....
* * *
Bugun Olmaliq shahridagi «Hilol» jome masjidida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiliklarida sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov, shahar bosh imom-xatibi, imomlar, otinoyilar, «Haj 2025» hojilari, mahalla faollari ishtirok etdi.
Tadbirdan so‘ng shahardagi mahallalarga chiqilib, oilalar o‘rganildi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Shahardagi masjidlar imom-xatiblari ham tadbirda faol qatnashdilar.
Shundan so‘ng yana «Hilol» masjidiga qaytilib, amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqilib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish nihoyasiga yetdi.
* * *
– Yig‘ilish juda samarali bo‘ldi. Ko‘plab oilalarga kirilib, hol so‘ralgani ko‘ngildagidek ish bo‘ldi-da.
– Shunday xayrli ishlar boshida turgan aziz insonlar baraka topishsin...
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati