Xorijga ishlashga ketayotgan mehnat migrantlarining hayoti va salomatligi sug‘urtalash bepul,deydi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i Baxtiyor Tursunov.
“Odamlarimizning sug‘urta tizimiga u qadar ham ishonmagani uchun ham xorijga ishga ketishni mo‘ljallayotgan mehnat migrantlarining hayoti va salomatligini sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta mukofotini qoplash uchun subsidiyalar berilmoqda. Bu nima uchun qilinmoqda? Xudo ko‘rsatmasin har xil holatlar bor. Shunaqa holatlarga tushganingizda kim pul berarkan, davolanishga qayerdan pul topaman degan savollar tug‘ilmaydi, hayotingiz va salomatligingizni sug‘urta qildirgan bo‘lsangiz, sug‘urta kompaniyasi barcha xarajatlaringizni qoplab beradi”, deydi agentlik boshlig‘i.
Sug‘urtaning narxi haqida to‘xtalgan Baxtiyor Tursunovning ta’kidlashicha, “Bir yillik sug‘urta 100 yoki 200 ming so‘m turadi. Bu mehnat migrantiga yoki uning oilasiga qancha narsada yordam berishi mumkin. Buning uchun mehnat migranti O‘zbekistonga kelishiyam shartmas. Qarindoshlari istalgan sug‘urta kompaniyasiga borib, uning hayoti va salomatligini sug‘urta qildirib qo‘ysa bo‘ladi”.
Manba: https://azon.uz
Saudiya Arabistonining Swift News internet nashri haj mavsumida ziyoratchilarimizga ko‘rsatilayotgan e’tiborni keng yoritdi. Maqola avvalida mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar rivojlanayotgani, ikki davlat rahbarlarining do‘stona munosabatlari, o‘zaro tashriflari va samimiy muloqotlar haqida so‘z yuritilgan.
Nashrda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda haj kvotasi 3 barobar oshirilib, har yili 15 ming nafar fuqaro hojilik baxtiga musharraf bo‘layotgani, umra ziyoratchilari soni bir necha yuz mingni tashkil etishi yuqori baholangan.
Joriy mavsumda Madina shahriga yetib kelgan bo‘lajak hojilarimiz katta ehtirom ila kutib olinayotgani, ziyoratchilar respublikamizning 9 ta xalqaro aeroporti orqali munavvar shaharga kuzatilayotgani qayd etilgan. Shuningdek, muborak safar mobaynida har bir tadbir aniq reja asosida, yuksak saviyada amalga oshirilayotgani, tashkiliy-hujjat ishlari, toatu ibodatlar, istiqomat, oziq-ovqat, tibbiyot va transport xizmatlari yuqori sifat va darajada yo‘lga qo‘yilganiga urg‘u qaratilgan.
Qisqacha aytganda, arab nashrida chop etilgan maqolada mamlakatimizda haj va umra tadbirlariga katta e’tibor berilib, mo‘min-musulmonlarning ulug‘ amallarini mukammal ado etishlari uchun barcha imkoniyatlar hozirlangani, bundan nafaqat yurtimiz ahli, balki saudiyalik mutasaddilar ham mamnun ekani bayon etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati