Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Aprel, 2025   |   1 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:55
Quyosh
05:23
Peshin
12:25
Asr
17:15
Shom
19:21
Xufton
20:44
Bismillah
29 Aprel, 2025, 1 Zulqa`da, 1446

Xalq rozi – xaq rozi!

28.01.2020   1754   3 min.
Xalq rozi – xaq rozi!

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasini tinglar ekanmiz, ko‘z o‘ngimizda yaqin besh yillikda e’tibor qaratilishi va amalga oshirilishi zurur bo‘lgan islohotlar, ustuvor yo‘nalishlar va vazifalar ko‘lami namoyon bo‘ldi va ich-ichimizdan  mamlakatimiz taraqqiyotida yangi davr boshlanayotganini his etdik.

Ushbu Murojaatnomada davlatimiz rahbari yuritayotgan siyosat, eng avvalo, xalq manfaatiga, yurtdoshlarimiz hayotini yuksaltirishga qaratilgani yana bir karra o‘z isbotini topdi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bundan keyin ham xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash bo‘yicha olib borayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy islohotlar davom ettiriladi, birinchi navbatda, aholi farovonligini oshirish va uning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish – biz uchun bosh vazifalardan bo‘lib qolaveradi.

Albatta, bunday tarixiy yuksalishlar jarayonida vatan ravnaqi, xalq farovonligi uchun xizmat qilish, biz – imom-xatiblar, ilm ahli, din xizmatchilarining ham burchidir. Chunki, dunyoda ko‘plab mamlakatlarga soya solayotgan jaholat ko‘lankasi bor ekan, bizning xotirjamlikka berilishga aslo haqqimiz yo‘q. Zotan, oldimizga qo‘ygan yuksak maqsadlarimizga faqatgina tinch, ozod va obod yurtdagina erishish mumkin. Vatanimiz tinchligini bardavomligi jamiyatda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, farzandlarimizni ilmu ma’rifat sohibi qilib tarbiyalash bilan bo‘ladi.

Qolaversa, xalqimiz necha asrlardan beri e’tiqod qilib kelayotgan  islom ham ilm va ma’rifat dinidir. Dunyoda islomchalik ilm-ma’rifat o‘rganish va o‘rgatishga katta ahamiyat bergan din yo‘q. Islom dinining muqaddasi kitobi – “Qur’oni karim” ham “O‘qi” amri bilan nozil bo‘la boshlagan. “Mus'hafi sharif”da ilm to‘g‘risida 811 joyda zikr qilingan. Payg‘ambarimiz ham “Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir”, deb marhamat qilganlar.

Mamlakatimizda bundan buyon ham “jaholatga qarshi – ma’rifat” g‘oyasi asosida islom dinining insonparvarlik mohiyatini, tinchlik va do‘stlik kabi olijanob xususiyatlarini targ‘ib qiluvchi ezgu harakatlar davom ettiriladi. Xususan, islom dini ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan  hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy, kalom ilmi asoschisi Abu Mansur Moturidiy va uning davomchisi Abu Muin Nasafiyning hayoti, ilmiy merosiga bag‘ishlangan hamda diniy bag‘rikenglik mavzularida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, yuqori darajadagi tadbirlar tashkil etiladi. Shuningdek, Imom Buxoriyning Samarqanddagi yodgorlik majmuasini bu mo‘tabar zotning musulmon dunyosidagi ulug‘ maqomiga mos ravishda mutlaqo yangi loyiha asosida qayta barpo etish, buyuk alloma Bahovuddin Naqshbandning 700 yillik tavallud ayyomini yuqori saviyada o‘tkazish rejalashtirilgan.

Albatta, Prezidentimizning ulug‘ ulamolarimizga ko‘rsatayotgan ehtiromini, ularning ilmiy meroslarini chuqur o‘rganish uchun yaratayotgan sharoitu imkoniyatlarini biz, din xizmatchilari o‘zimiz uchun yuksak e’tibor va ishonch, deb qabul qilamiz. Bunga javoban, biz ham vatanimiz va xalqimiz uchun bel bog‘lab, xizmat qilish, bor bilim, imkoniyatu salohiyatimizni safarbar etishga tayyormiz. Zero, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, xalqimiz bizdan rozi bo‘lsa, Haq ham rozi bo‘ladi.

 

Azimjon ALIMJONOV,

Toshkent shahri

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi

“Mulla Qosim” jome masjidi

imom-xatibi.

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Imom Moturidiyga qanday unvonlar berilgan?

28.04.2025   3765   1 min.
Imom Moturidiyga qanday unvonlar berilgan?

Ilgari musulmonlar ayrim ulamolarni ulug‘lab, “Shayxul Islom” (Islom dini shayxi), “Faxrul Islom” (Islom dini faxri), “Hujjatul Islom” (Islom dini hujjati), “Najmul ulamo” (Ulamolar yulduzi), “Muftiy saqolayn” (Insu-jin muftiysi), “Lisonul mutakallimiyn” (Mutakallimlarning so‘zlovchi tili) kabi unvonlar bilan ataganlar. Bunday atash aslo mubolag‘a bo‘lmagan. Balki u muhtaram ulamolar haqiqatdan ushbu unvonlarga loyiq bo‘lganlar. Masalan, “Shamsul aimma” (Imomlar quyoshi) unvoni berilgan Saraxsiy rahmatullohi alayh o‘n ikki ming risolani yod olgani naql qilingan.

Abu Mansur Moturidiyni yaqindan tanigan ulamolar va shogirdlari tomonidan u zotning martabalarini namoyon etuvchi ko‘plab unvonlar berilgan:  

–      Imomul hudo (To‘g‘ri yo‘lga boshlovchi);

  • Imomul mutakallimiyn (Kalom ilmi olimlari peshvosi);
  • Musahhihu aqoidil muslimiyn (Musulmonlarning aqidalaridan xatolarni tuzatuvchi);
  • Roisu ahli sunna val jamoa (Ahli sunna val jamoa boshlig‘i);
  • Nosirus sunna va qomi’ul bid’a (Sunnatni himoya qiluvchi va bid’atlarni bostiruvchi);

–  Muvattidu aqoidi ahlis sunna (Ahli sunna aqidalari asoschisi).

Abu Mansur Moturidiyning mazkur unvonlari ham aslo mubolag‘a emas, balki u zot haqiqatan shu martabaga loyiq zot bo‘lganlar.

Ulamolar aytadilarki, Hujjatul Islom (Islom dini hujjati) deyilganda faqat Imom G‘azoliy tushunilganidek, Imomul hudo (to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi) deyilganda ham faqat Imom Moturidiy tushuniladi.   

Abdulqodir Abdur Rahim,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti
katta o‘qituvchisi.