Shonli tariximizdan ma’lumki, Movarounnahrdan nafaqat islom sivilizatsiyasi, balki jahon ilm-fani taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan ko‘plab buyuk mutafakkir va allomalar yetishib chiqqan. Istibdod davrida ulardan ko‘pining nomini tilga olish ham mumkin emasdi. Ayniqsa, musulmon dunyosida barchaga ma’lum va mashhur zotlarni ularni yetishtirgan ona xalqining o‘zi – o‘zbeklar tanimasligi juda ayanchli holat edi. Shukrki, Istiqlol yillarida milliy qadriyat, urf-odat va an’nalarimizni tiklash, ulug‘ allomalar merosini o‘rganish ishlari davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi – muqaddas qadamjolar ta’mirlanib, obodonlantirilmoqda, yangi ilmiy-tadqiqot muassasalari ochilib, eng so‘nggi texnika va texnologiyalar bilan jihozlanmoqda.
Xususan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham yangidan bunyod etilgan yosh ilmiy-tadqiqot muassasasidir.
Unga Prezident Shavkat Mirziyoyev qanchalik ahamiyat qaratishini oddiy bir dalil bilan izohlash mumkin – davlatimiz rahbari turli xalqaro tashkilotlarning yuksak minbarlaridan turib, dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash, ma’rifat va madaniyatlarni boyitish masalalari bo‘yicha tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yishda ushbu Markaz samarali platforma bo‘lib xizmat qilishini ta’kidlab kelmoqda. Nufuzli xorijiy mehmonlarning O‘zbekistonga tashrifi dasturiga, albatta, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi ziyorati bilan birga Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati bilan tanishuv tadbiri ham kiritilmoqda.
“G‘arbda – Rim, Sharqda – Samarqand”, degan naql “Ro‘yi zamin sayqali” bo‘lgan bu shahar faqat ko‘plab yirik davlatlar poytaxti bo‘lganinigina anglatmaydi. Bu ta’rif Samarqand ko‘plab hukmdorlar orzusidagi poytaxt, shu bilan birga, ulug‘ alloma va mutafakkirlarni yetishtirgan, ularning xoki poyi uchun muqim makonga aylangan zamin bo‘lganini ham ifoda etadi. Samarqand chin ma’noda yer yuzining bezagi, ko‘rkidir.
Joriy yil o‘tkaziladigan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzuidagi xalqaro anjumanga mezbon etib aynan Samarqand belgilanganida ham ushbu shaharning jahon ilmi va tarixida o‘zining mumtoz o‘rniga egaligi va musulmon madaniyati durdonalaridan biri ekaniga, qadimda uning ahli va mehmonlari qoldirgan merosning beqiyosligiga ishorat namoyon bo‘ladi. Samarqandning tanlanishi Imom Moturidiyning tabarruk maqbarasi joylashgan bu shaharda eng noyob va betakror ma’naviy-ruhiy muhit mavjudligi bilan ham asoslanadi.
Konferensiya moturidiylik ta’limotining tub mazmun-mohiyatini ochib berish, Imom Moturidiy merosini o‘rganish va uning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini xalqaro miqyosda targ‘ib etish kabi ishlar qamrovini yanada kengaytirish maqsadida tashkil etilmoqda.
Bugungi kunda yurtimizdagi turli ilmiy-tadqiqot markazlari, qo‘lyozma fondlari, muzey va kutubxonalarda 100 mingdan ortiq nodir qo‘lyozma va toshbosma asar saqlanmoqda. Ular asosan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Muin Nasafiy kabi allomalarning asarlaridir.
Ularni sifatli saqlash va keng tadqiq etish kerak. Bundan tashqari, O‘zbekiston va xorijiy tadqiqot markazlari fondlarida qanday asarlar saqlanayotganini o‘rganishni zamonning o‘zi taqozo etmoqda.
Bugungi kunda barcha qo‘lyozma fondlar o‘zidagi manbalarni kataloglashtirmoqda. Qaysi fond va markazda qanday qo‘lyozmalar mavjudligi to‘g‘risida aniq ma’lumotga ega bo‘lish maqsadga muvofiq.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalariga navbatdagi Murojaatnomasidagi tashabbuslar boshqa sohalar qatorida ilm ahli uchun ham ayni muddao bo‘ldi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Davlatimiz rahbarining O‘zbekistonda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma’naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlagan ishlarimizni jadal davom ettirish va yangi, zamonaviy bosqichga ko‘tarish maqsadida yurtimizda 2020 yilga “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nom berish to‘g‘risidagi taklifi olqishlar bilan qarshi olingani bejiz emas.
Zero, O‘zbekistonni rivojlangan mamlakatga aylantirishdek ulug‘ maqsadga faqat jadal islohotlar qatorida, ilm-ma’rifat va innovatsiya bilan erishish mumkin. Buning uchun esa tashabbuskor islohotchi bo‘lib maydonga chiqadigan, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tarbiyalash zarur.
Shu o‘rinda Shavkat Mirziyoyev Murojaatnomada alohida ta’kidlagan so‘zlarni keltirib o‘tish joiz:
“Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm,
Eng katta meros – bu yaxshi tarbiya,
Eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!”
Davlatimiz rahbari zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, chinakam ma’rifat va yuksak madaniyat egasi bo‘lish barcha uchun uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerakligini dona-dona qilib aytganining sababi ham shunda.
Shavkat Mirziyoyev shu ezgu maqsadlardan kelib chiqqan holda, oqil, dolzarb, xalqchil tashabbuslarni ilgari surdi.
Xususan, bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini joriy yilda 60 foizga yetkaziladi va buning uchun budjetdan qariyb 2 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi. Ya’ni 2020 yildan boshlab, O‘zbekiston tarixida ilk bor 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimi joriy qilinadi.
Shuningdek, 2020 yilda budjetdan ajratiladigan 1,7 trillion so‘m mablag‘ hisobidan 36 ta yangi maktab qurilib, 216 tasi kapital ta’mirlanadi. 55 ta xususiy maktab tashkil etilib, mamlakat bo‘yicha ularning umumiy soni 141 taga yetkaziladi. 2021 yilgi xalqaro baholash jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish uchun 348 ta tayanch maktabi belgilanib, 6 mingdan ortiq o‘qituvchining malakasi oshiriladi.
Kadrlar malakasini xalqaro mehnat bozori talablariga moslashtirish maqsadida Milliy malaka tizimi ishlab chiqilishi ham o‘ziga xos odimlash bo‘lishi shubhasiz. Ushbu tizim 9 mingga yaqin kasb bo‘yicha kadrlar tayyorlash imkonini beradi.
Maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 2020 yilda kamida 25 foiz va kelgusida 50-60 foizga yetkazish ham eng ilg‘or tashabbuslardan biri bo‘ldi. Bu boradagi yana bir muhim jihat shuki, oliy ta’lim qamrovini oshirish to‘lov kontraktiga bog‘liq bo‘lib qolmasligi uchun talabalar qabul qilish davlat grantlari 2 barobar ko‘paytiriladi.
Hech bir davlat ilm-fanning barcha sohalarini parallel ravishda rivojlantira olmaydi. Davlatimiz rahbari shuni inobatga olib, har yili ilm-fanning bir necha ustuvor yo‘nalishini belgilab olish tashabbusini ilgari surdi. Jumladan, joriy yilda matematika, kimyo-biologiya, geologiya kabi yo‘nalishlarda fundamental va amaliy tadqiqotlar faollashtirilib, olimlarga barcha shart-sharoitlar yaratib beriladi.
Har bir oliy ta’lim muassasasi va ilmiy-tadqiqot maskani nufuzli chet el universitetlari va ilmiy markazlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi taraqqiyotning muhim shartlaridan biridir. Shavkat Mirziyoyev shu maqsadda joriy yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan 700 dan ziyod olim va professor-o‘qituvchi chet elga ilmiy izlanish va malaka oshirish uchun yuborilishini ma’lum qildi.
Bevosita ajdodlar ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib etish, islomshunoslik, qo‘lyozmalar bilan ishlash masalalariga keladigan bo‘lsak, davlatimiz rahbari “jaholatga qarshi – ma’rifat” degan ezgu g‘oya asosida islom dinining insonparvarlik mohiyatini, tinchlik va do‘stlik kabi olijanob maqsadlarga xizmat qilishini targ‘ib etish mamlakatimizda dolzarblik jihatidan doimiylik kasb etgan masalalardan biri bo‘lib qolaverishini ma’lum qildi.
Joriy yilda kalom ilmining buyuk namoyandasi Imom Moturidiy bilan birga, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy va boshqa allomalarning ilmiy merosiga bag‘ishlangan anjumalar, diniy bag‘rikenglik mavzularida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar va boshqa tadbirlar tashkil etiladi. Bahouddin Naqshband bobomiz tavalludining 700 yilligi yuqori saviyada nishonlanadi.
Bularning barchasi Shavkat Mirziyoyev har bir sohaga yangi innovatsion g‘oyalarni olib kirish va tatbiq etishni dolzarb vazifa etib belgilar ekan, ajdodlar xotirasini tiklash, merosini o‘rganish va targ‘ib etishga ham alohida e’tibor qaratayotganidan dalolat beradi.
Samarqandda o‘tadigan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzuidagi xalqaro anjumanda islom olamining yetuk olimlari, taniqli ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda. Bu konfrensiya Movarounnahrdan yetishib chiqqan alloma va mutafakkirlarning merosini o‘rganish va targ‘ib qilish, nodir qo‘lyozma va toshbosma asarlarni tadqiq etishda xalqaro hamkorlikni yana bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarishi shubhasizdir.
Shovosil ZIYODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-
tadqiqot markazi direktori
“Mazhab” so‘zi arabchada “yo‘l”, “yo‘nalish”, shar’iy istilohda esa “diniy masala bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘li” ma’nolarini bildiradi.
Mashhur alloma Ibn Rajab (1335-1393 m.y.): “Ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan”, deb yozgan (“To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” kitobi).
Ulamolar mazhablarga ergashish Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadisiga amal qilishdir, deb ta’kidlaydilar: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Moja, 3950-hadis).
Mazhablardagi bitta masalaga nisbatan turlicha yondashishlik islom shariatida musulmonlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi. Mazhablarda u yoki bu masala islom ahkomlari, muayyan jamiyat, xalq yoki millatning urf-odatlari, qadriyatlari hamda ijtimoiy munosabatlarning mazmunini ham hisobga olgan holda, eng ma’qul shaklda hal qilingan.
Islom ulamolari shar’iy hukmni va uning dalilini bilmaydigan musulmon odam (muqallid)mujtahid olimga taqlid qilishi zarurligini ta’kidlaydilar. Bunga Qur’ondagi ushbu oyatni dalil sifatida keltirish mumkin: “Agar bilmasangiz zikr ahllaridan so‘rang” (Nahl surasi, 43-oyat).
Mazhablarda Qur’on, sunnat, ijmo va qiyosdan dalil sifatida foydalanishning o‘ziga xos qoidalari, usul va tamoyillariga asoslangan muayyan tizim mavjud. Masalalar tizimli ravishda hal bo‘lgan. Mazhabsizlarda esa hech qanday ijtihod usul va qoidalari yo‘q bo‘lib, “Qur’on va Sunnatga murojaat qilamiz” qabilidagi dalilsiz da’vo bilan hukmlar berilmoqda. Maqsadiga, ra’yiga va nafsiga to‘g‘ri kelgan dalillarni olib, qolganlarini tashlash esa yomon oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.
Bemazhablar omma musulmonlar ichida ko‘plab noto‘g‘ri talqin qilingan aqidaviy va fiqhiy masalalarni tarqatmoqdalar. Vaholanki, bu masalalar Ahli sunna olimlari tomonidan allaqachon hal qilingan.
Mazhabsizlar tarafdorlarining ayrim iddaolaridan ularning da’volari asossiz ekaniga ishonch hosil qilish mumkin:
– bemazhablar “Qur’on bitta va Payg‘ambar bitta bo‘lsa, to‘rt mazhab orasida fiqhiy ixtiloflar bor, haq bitta emasmi?” deydilar.
Mazhablar bir manba – Qur’on va sunnatga asoslanadi. Mazhablarning biriga ergashgan kishi Qur’on va sunnatga ergashgan bo‘ladi.
– Mazhabsizlik tarafdorlari “Imom Buxoriy bemazhab bo‘lgan”, deb dalil qiladi. Vaholanki, Imom Buxoriy yashagan davrda u kishiga o‘xshash ilmi ijtihod darajasiga yetgan, o‘zi ijtihod qilganlar ko‘p bo‘lgan. Hamma ulamolar ilmi mujtahidlikka yetgan odam, o‘zi ijtihod qiladi, deganlar. Hozir esa o‘sha davrdagi kabi mujtahidlar yo‘q ekanini hisobga olmaydilar.
Aksincha, Qur’on va sunnatdan har kim o‘zboshimcha yangi hukm chiqarish, fitna qo‘zg‘ash kabi islomda qat’iyan man qilingan xatti-harakatlarga sabab bo‘lmoqda. Shu nuqtayi nazardan, marhum Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy qayd etganidek: “Mazhabsizlik islom shariatiga tahdid soladigan xatarli bid’atdir”.
Ming afsuslar bo‘lsinki, mana shunday yetuk olimlar bir mazhabni mahkam ushlab, to‘g‘riligini e’tirof qilib turgan bir paytda ba’zi yurtdoshlarimiz hali dastlabki ilmiy ko‘nikmalarni hosil qilmagan bo‘lsalarda: “Men Qur’on va hadisdan o‘zim hukm olaman” deb, da’vo qilib, turli ixtiloflarni keltirib chiqarmoqdalar. Ba’zida o‘zlari adashgani yetmagandek, o‘zgalarni ham yo‘ldan urmoqdalar.
Alloh taolo hammamizni O‘z hidoyatida sobit qilsin.
G‘ulomov FATHULLOH,
Al-Hudaybiya jome’ masjidi imom noibi